Ranglar garmoniyasi


Saqlash
11:09 / 16.09.2021 1696 0

Tasviriy san’atlahzani turfa ranglarda his etish baxti. Uzoq tikilib qarasangiz, rassom tuyg‘uning ranglarini haqiqatning inja ko‘rinishini mahorat bilan tasvirlayotganining guvohi bo‘lasiz. Mashhur amerikalik yozuvchi, dramaturg Irving Stoun o‘zining “Hayotga tashnalik” asarida rassomlar haqida “Barcha tasviriy san’at ustalari – telbalar. Bu ulardagi eng ko‘zga ko‘ringan jihat. Men buni qadrlayman. Ba’zan mening ham aqldan ozgim keladi. “Hech bir ehtiyotkor  Qalb telbalik ulushidan mahrum emas”, buni kim aytganini bilasizmi? Aristotel!” degan fikrlarni bildirgan. Chindan ham, rassomning mo‘yqalami ko‘ngilning eng chuqur qatlamlariga kirib bora oladi va borliqni yaxlit tasavvur qilishga imkon beradi. Ba’zi rassomlar mo‘yqalami bilan, ba’zilari esa Qalbidagi harorat bilan suratlarni harakatlantiradi. Tasviriy san’atda rassomning qarashlari u tasvirlagan individlarida, simvolizmga qorishgan kompozitsion, ritmik va ranglar  mutanosibligi (garmoniya)da o‘z ifodasini topadi. O‘z ijodiy ishlarida gumanistik qarashlarini, obrazlarida shafqatsiz realizm va sentimentallikning qorishuvini aks ettirgan o‘ziga xos rassom qoraqalpog‘istonlik Baxtiyor Serekeyevdir. Uning suratlarida ekspressionistik ruh, ekspressionistik kayfiyat yetakchilik qiladi. Deyarli barcha suratlarida tasvir usulining noan’anaviy, noodatiy usulidan foydalangan. Uning suratlarini bir so‘z bilan “Abstrakt san’at” deb atash mumkin. Masalan, uning “Арал – моя боль, моя надежда” kartinasini olaylik. Unda sintetik (qorishiq) syujet, ya’ni xilma-xil tasvir usullariga suyangan. Ijodkorning Ichkarisi (Qalbi)da kechayotgan tug‘yonlar tasviri, og‘riqlari moybo‘yoqda kompozitsion muvozanatidan chiqqan holatda, voqelik nomukammalligi bilan mukammal tasvirlangan.

 

 

 

Tasviriy san’atda ekspressionizm tamoyillari ko‘proq golland rassomi Vinsent Van Gog, norvegiyalik mashhur rassom Munk asarlarida o‘zini to‘liq namoyon qilgan. Baxtiyor Serekeyev uslubini bir qarashda Munk ijodiga qiyoslash mumkin. Biroq Serekeyevda nisbatan ratsionallikdan qochish, o‘ta hayajonli, isyonga to‘la yoki o‘ta sokin obrazlar to‘qnashuvi kesishgan. Munkning mashhur “Qichqiriq” kartinasida odamzotning qo‘rquv iskanjasida qolib ketishi mahorat bilan tasvirlangan. Baxtiyor Serekeyevning “8 mirokkino” nomli kartinasida qizning iztirobli yuzi, boshi-oxiri yo‘q chigal o‘y-xayollari, ruhiy jarohatlarini nihoyatda keskinlik bilan ifodalagan. Asarlarining nomlanishi ham e’tiborimni tortdi. Tengdosh hamkasbi Yigitali Sattorov bir suratini  "Allambalo" deb nomlaganidan, rassom ruhiyatining o‘tkir sarkazmga boyligi seziladi. Baxtiyor Serekeyevdagi dramatik ifoda asarlarining nomlanishida ham o‘z aksini topgan.

Yigitali Sattorov asarlarida nigilizm, postmodernistik ruh ko‘proq oq-qora tasvirda, shaklning noan’anaviy yo‘sinda berilishi bilan  ahamiyatli. Serekeyevda esa bari ekspressionistik ruhda.

 

 

 

Modern poeziya asoschilaridan biri Tomas Eliot “San’at asarini yaratish – muallif shaxsiyati qahramonlari shaxsiyatiga singishi demakdir” deydi. Baxtiyor Serekeyev suratlarida ijodkorning subyektiv tasavvur manzaralarining eng ichkin burchaklarigacha kirib borish mumkin.

“Новая жизнь” kartinasida qishloq, ayollar va asosiy rakursda beldan tepa qismi yalang‘och holatdagi o‘ychan yigit tasviri. Yigitning “dunyoni unutgan” nigohlarida “xaos”, “absurdlik”ni ko‘rish mumkin. Ranglar uyg‘unligi (garmoniya) tasvirga yanada joziba bag‘ishlay olgan. Yigitning botiniy noroziligi yuzada ko‘rinib turganligining guvohi bo‘lamiz.

 

 

 

Baxtiyor Serekeyev – an’anaviy axloqiy me’yorlardan voz kechgan “ozod” rassom. Uning suratlaridan ta’sirlanish kuzatuvchi (tomoshabin)ni ruhiy muvozanatidan chiqaradi. Baxtiyor Serekeyev asarlarini shunchaki madaniy hordiq olish uchun yoki zavqlanish uchun ko‘rish mumkin emas, faqatgina  hissiy belgisi yuqori bo‘lgan, elitar san’at shinavandalarigina uning asarlarini sevib kuzatishi, his qilishi  mumkin. Bu mening Baxtiyor Serekeyev ijodiy faoliyatiga oid yozgan ilk hayratlarim, ilk nigohim. O‘ylaymanki, bu hayratlar cheksizlikka qadar davom etadi.

                                  

Gulhayo URALOVA

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:03 / 28.03.2024 0 263
Ideali hurriyat bo‘lgan Shaxs

Tarix

16:03 / 28.03.2024 0 138
Frederik Starr: Yevropani uygʻotgan olimlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15390
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi