Avlodlar kamoli ham, zavoli ham ona tiliga bo‘lgan munosabatimizga bog‘liq


Saqlash
23:07 / 21.10.2022 1055 0

XXI yuzyillikni axborot va intellektual mulk asri deb g‘ururlanamiz. Bu texnika asri kutilgan yutuqlari qatorida kutilmagan g‘avg‘olari bilan ham banibasharni sarosimaga solib qo‘ydi. Yangicha ko‘rinish hamda nomlar ostida millatlar, mamlakatlar, insoniyat taqdiriga tahdidlar maydonga chiqdi.

 

Masalan, nufuzli millat va mamlakatlar globallashuv, umummadaniyat bahonasida o‘zlariga moslab mafkura yasab oldilar. Mayda va tarqoq tillarni birato‘la iste’moldan chiqarib yuborish orqali jahon hamjamiyatidagi o‘z obro‘-e’tiborlarini yanada oshirish payiga tushdilar.

 

Shukrki, Vaqt sinovidan mardonavor o‘tib kelayotgan milliy qadriyatlarimiz hamda o‘z mustaqil siyosiy irodasiga suyangan Yangi O‘zbekistonni bu “yuho” domiga tortolmadi. Aksincha, xalqimiz har qanday yovuzlik va jaholatga qarshi oqilona ma’rifat bilan javob qaytarib, belgilangan maqsad yo‘lida sabot va matonat bilan olg‘a intildi.

 

Xususan, 2019-yil 21-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tarixiy farmoni qabul qilingani ana shunday olatasir zamonda milliy tilimizning qaddini tik tutishga, hech qanday vasvasalarga uchmay, nufuzi nafaqat mamlakat ichkarisida, xalqaro miqyosda ham oshishiga ishonchli xizmat qilmoqda. Shuningdek, 21-oktabr – “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida nishonlanishi to‘g‘risidagi Qonun qabul qilingani ayni haqiqatni yuridik jihatdan ham qo‘llab-quvvatlaydi.

 

Bugun “Turkiston” san’at saroyida Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning bayram tabrigi o‘qib eshittirilgani jonfido xalqimizning bir vakili sifatida meni ham behad quvontirdi. Chunonchi, Inson uchun kindik qoni tomgan Vatani, dunyoga keltirib voyaga yetkazgan ota-onasi qanchalik aziz va mukarram bo‘lsa, uning o‘zligi va ma’naviy olamini belgilaydigan ona tili ham shunchalik qadrli va mo‘tabardir” degan dilkash va purma’no kalom yaratuvchanlik kayfiyatimiz va yorqin istiqbolga tikilgan orzu-umidlarimizga qanot baxsh etadi.

 

Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda davlat tilining nufuzi va maqomini yuksaltirishga qaratilgan farmon va qarorlar, me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, mazkur yo‘nalishda 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiya va alohida dastur hayotga tatbiq etilayotgani ayni muddaodir. Zero, fidoyi bobokalonimiz – turkiy adabiy til asoschisi Mir Alisher Navoiy hazratlari aytganidek, “Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz”. Binobarin, biz millatimiz va mamlakatimiz obro‘-e’tiborini asrash va oshirish uchun, avvalo, milliy tilimizni toza saqlab, sof ifoda etish har birimiz uchun ham farz, ham qarzdir. Kelgusi avlodlar kamoli ham, zavoli ham ana shu sa’y-harakatlarimizga bevosita va bilvosita bog‘liq bo‘lib qolaveradi.

 

Safar OLLOYOR

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23614
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//