Qo‘shiq – kurashning so‘z bosqichi. Ozarboyjonlik professor Yo‘ldosh Eshbek she’riyati haqida


Saqlash
12:10 / 20.10.2022 1091 0

Sog‘inch – ko‘ngilning erka va to‘ng‘ich tuyg‘ularidan. Sog‘inch sevgidan oldin tug‘ilgan. Insonning hamisha ezgulik va go‘zallik sari yuzlangan Muhabbatday ulug‘ tuyg‘usi ham ilk bor sog‘inishdan boshlanmaganmikan?! Sog‘inch juda serqirra, tugallanmagan, oraliq bir kechinma. U insonni, taqdir taqozosi bilan goho omadyor, goho dilxun kunlarga eltadi.

 

O‘zbek she’riyatiga 80-yillarning birinchi yarmida kirib kelgan o‘ziga xos shoirlar yangi she’r tamoyilining istiqboliga umid uyg‘otdi.

 

Yo‘ldosh Eshbekning aksar she’rlari, ayniqsa, “Sog‘inib yashayman” turkumi bugungi badiiy izlanishlarga jo‘r bo‘la oladi. She’rdan she’rga o‘zgarib turlanadigan sog‘inch silsilasi bu lirik olamda tuyg‘ulararo robitaning asosiy halqalari sifatida ro‘yobga chiqadi. Lirik “men” tarjimai holi boyib borgan sayin uning kechinmalari ham yetuklashadi, serma’nolik va ranginlik sari o‘sadi. Poetik yoshlik uchun an’anaviy bolalik xotiralari, tug‘ilgan qishloq, ona bag‘ri sog‘inchlarida hali bir beg‘uborlik va soddadillik bor. Bir umrga yo‘qotilgan, endi qo‘l yetmas narsalarning firog‘i yosh qalbni hali o‘rtamaydi. Uning kechinmalarida g‘am-anduh izlari sezilmaydi. Ruhiy iztiroblarning malhami bor hali, sog‘inch armonga aylanmagan, balki “yorug‘ bir hasratday” tuyuladi. Mana shu “yorug‘ hasrat” bilan visol-diydor orasidagi masofa xuddi bir chaqirimday: “Ko‘ksimni bo‘shatsam ul yoqqa borib, Sog‘inchli yoshlarim o‘psa chechaklar. Shunday quvnab qaytsam yo‘llarda horib, Tog‘lardan eshitib unsiz ertaklar”.

 

“Men” hozircha o‘z qalbini dunyolarga ochmagan. Uning dunyosi qishloq haqidagi romantik tasavvurlar bilan chegaralangan. Dunyo bu – qishloq. “Men” boshqa dunyolarga hali begonadir. Shuning uchun “goho tor keladi shu ulkan shahar”. U qishloqning “mitti kengliklari”ni qo‘msaydi. “Qishloqqa qaytish” lirik qahramon uchun o‘zligiga, o‘z dunyosiga qaytish demakdir. Bu dunyoning dunyolarga daxli yo‘q. Shu bosqichda lirik “men” kechinmalarining mohiyatida individual – biografik taassurotlar yotadi. Va she’riy kayfiyat, asosan, “Qishloqqa qaytish” va “Qishloqdan qaytish” singari ramziy poetik safarlarning aks-sadosi bo‘lib tug‘iladi. Yo‘ldoshning ilk mashqlarida Qishloq barcha tuyg‘u va kechinmalarning tutash nuqtasidir. Umuminsoniy va dunyoviy dardlar uning ruhiyatiga hali to‘la singib ulgurmagani uchun bu entikish va orziqishlarda billurlik yarqiraydi, shu o‘smir sog‘inchlar zangori-romantik ranglarda suratlanadi.

 

Dunyo bilan tanishuvning shu pog‘onasida “men”ga sog‘inch va iztiroblardan qutulishning yo‘llari berkday:

 

Endi sira ko‘ngil to‘lmaydi,

Ul omadyor kunlarim tushday...

 

Endi Sog‘inch – “yorug‘ bir hasrat”day tuyulmaydi. U zangori, moviy emas, g‘am rangidadir:

 

Yo‘q, yo‘q, bundoq yashab bo‘lmaydi,

Bu shovqinli dunyoda beun.

G‘amginlikka juda o‘xshaydi

Faqat o‘ylab yashamoq, tushun.

 

Lirik qahramon “bu shovqinli dunyoda beun” yashamaslik uchun o‘ziga bir hamdard, qalbiga munis bir hamroh izlaydi. “Men”ning olamiga “sen” kirib keladi. O‘ksik va mehrga zor qalb bu muborak uchrashuvdan behad sevinadi. Bu – benihoya samimiy bir sevinch – baxshiyona bir sevinch: “Ey, Siz farishtaday pokiza siymo, Tushimda ko‘rdimmi, yo‘qotdimmi tong. Tumanlar bag‘riga singdingizmi yo, Yo meni aldadi tuman – Yosuman”. Endi “men”ning barcha sog‘inchlarining yagona nishongohi – “Sen”.

 

Men Sizni izlayman hanuz betoqat,

Ruhimda bir yo‘l bor, yana bir juft iz.

 

Uni klassik oshiqlarning taqdiri kutmoqda. Dunyoning hamma sevgi fidoyilari “taqdiri azal”ga tan bergan. Barcha oshiqlarning peshonasiga shunday tole bitilgan. Chunki chinakam oshiqlik – “marhamat farzandi” bo‘lmoq demakdir. “Sen” esa marhamatsizlik ramzidir. “Sen”ning butun zamonlar uchun o‘zgarmas – sobit estetik mohiyati, “men” va “sen” o‘rtasidagi azal-abad poetik konfiliktning “qonuniyligi” shu bilan izohlanadi. “Sog‘inib yashayman”da ham visol ilinjida yurgan lirik “men”ni hijron – abadiy sog‘inch o‘z og‘ushiga oladi... An’anaviy iztirob va azob original metaforik ifodada badiiylashadi:

 

Yo‘lingga qarab ko‘zim

Qirmiz qo‘shiqqa to‘ldi...

 

Bu – Sog‘inchning Yo‘ldosh kashf etgan rangidir – “qirmiz qo‘shiq” rangi! Bu rang qaysidir nuqtada qadimiy ishq shahidlarining diydasidagi hijron rangiga – “ko‘zimdan qonli oqar suv” (Muhammad Fuzuliy) – ohangdoshday tuyuladi. Lekin “qirmiz qo‘shiq” iborasi qaysidir klassik metaforalarga o‘xshashligi bilan emas, balki yangi lirik sifati, emotsional shiddati bilan yodda qoladi. Darhaqiqat, “qonli suv” va “qirmiz qo‘shiq” bir-biridan farqli holat va rang-tuslarni ifodalaydi. Aniqrog‘i, bu sharqiy-turkiy istioralarda hijronning, ayriliq azobining turli bosqichlari suratlangan.

 

Haqiqiy she’riyat hamisha hayotsevardir. Chinakam poeziya uchun “dard – istiqbol doyasi” (Muhtarama Ulug‘ova). Hamma iztirob chekadi, lekin shoirgina o‘z iztirobi bilan yuzma-yuz turadi, o‘z dardi bilan olishib yashaydi va nihoyat, uni yengib chiqadi. Oqibat – dard qo‘shiqqa aylanadi, yangi she’r tug‘iladi. Bu ma’noda shoirlik – har qanday shaxsiy-ichki tuyg‘u va hissiyotdan, kayfiyat va kechinmadan baland tura olmoq san’atidir. “Agar shoir o‘z kadarini she’rga aylantira olgan bo‘lsa, demak, endi kadar yo‘q, she’r bor” (Romiz Ravshan).

 

Yolg‘onchi kuyunchaklik, huda-behuda zorlanishlar bilan she’riyatning buyuk dardi o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Shunday ekan, haqiqiy she’rdagi dard va hasratni tushkunlik deb tushunish va shu yo‘sinda talqin qilish aslida bilib-bilmay she’rni tushunishdan bosh tortish emasmi?!

 

Qalbining intizor-iztirobiga bas kelolmaydigan odam o‘z Sog‘inchiga “Aytsam ohdir, aytmasam Sarg‘aytirib sil qilar” deya og‘rinib turib, qay ma’naviy qudrat bilan o‘zining mungli-mangu Armoniga quvnoq bir ohang, nekbin bir naqorat tanlay oladi?! Bu – shoir ko‘nglining, o‘jar ruhning mo‘jizasidir. Bo‘lmasa zada, g‘amgusor qalb shunday deyishga qanday botinadi: “Qayg‘ularga chek qo‘yib, bir zum Ruhimda tirilar ul qo‘shiq”:

 

Biz baxtiyor bo‘lgaymiz xo‘b,

Bizni zafar quchajak!

Teppamizda charx urishib,

Qaldirg‘ochlar uchajak!

 

Dardning qo‘shiqqa aylanishi osonmi sizga?!

 

Yo‘ldosh Eshbekning qator she’rlarida, ayniqsa, 80-yillar o‘zbek lirikasining sara namunalaridan bo‘lgan “Qo‘sh hayda...” qo‘shiq-rekviyemida shunday ajoyib holatga duch kelamiz... Zalvorli, vazmin mung yengil vazniy muhitda nafas oladi. Armonday og‘ir, hijrondek uzun kadar visolday qisqa, shoshqin ohanglar bag‘rida yashaydi. Ayni bu go‘zal tazodlar taratgan nur misra va so‘z yo‘llarini yoritib turadi. Oddiy, an’anaviy g‘amni – rekviyem taassurotini o‘zgartirib, yorug‘ hasrat, tug‘yonli qo‘shiq kayfiyatini vujudga keltiradi. Mundarija va shaklaro qarama-qarshilik, xilma-xil badiiy qutblarning noodatiy, “noqulay” poetik munosabatga kirishuvi esa original estetik assotsiatsiyalar tug‘dirishi tabiiydir...

 

               Qo‘sh hayda-yu qo‘sh hayda,

Haydamasang non qayda.

Irodangni qattiq qil,

Lekin yerni bo‘sh hayda.

 

Yaqin o‘tmishimizning tragik manzaralari yorqin emotsional bo‘yoqlarda ko‘zimiz oldida gavdalanadi. Masrur bir marsiyadek, og‘ir bir sururday sovugan qonlarni junbushga keltiradi. Tosh qotgan qalblarda hamdardlik alangasini yoqadi. Bu og‘riq to‘la tetik, harakatchan misralar muzlagan shuurlarga hayotbaxsh harorat ulashadi. “O‘lik” jonlarni tirilishga, mag‘lub va mazlum ruhlarni qayta uyg‘onishga chorlaydi. Zotan, bu kun miskin kechmishlarning, istiqbol esa serg‘alva-sertashvish bu kunning takrori bo‘lmasligi kerak.

 

Ilmni xor etdilar

Bu jallodlar, kazzoblar.

Ilmga zor etdilar

Bolalarni azoblab.

 

Tengsizlikka qarshi g‘azab va ijtimoiy adolat orzusi, go‘zal hayot, ezgulik sog‘inchi yettilikning qisqa, kuychan to‘lqinlarida o‘ynoqi jaranglaydi. Isyon, g‘am-alam qo‘shiq qanotlarida parvozga chog‘lanadi. Zaminiy armon poeziyaning zangori osmonida kamalakday tovlanadi... Baribir hayratimni yashirgim kelmaydi: shoir qanday qilib Repinning “Burlaklar” kartinasiga aynan uyqash bir dahshatli manzarani qadimiy qo‘shiq ohangiga sig‘dira olgan ekan?!

 

Alqissa, dardchillik – she’riyatda xalqchillikning asosiy, tabiiy ko‘rinishlaridan biri sifatida namoyon bo‘ladi. Yo‘ldosh Eshbekning she’rlarida esa xalqchillik poetik mazmunning o‘zidagina emas, balki shakl va ohanglarida ham bo‘rtib ko‘rinadi. Bu narsa uning o‘ziga xos ijodiy dastxatini belgilaydigan jihatlardan biridir.

 

Quyidagi misralar esa menga aslo iltijo, ilojsizlik bo‘lib tuyulmaydi. Chunki ilojsizlik qo‘shiqqa aylanmaydi. Ilojsizlikka suyanib bo‘lmaydi. Chunki qo‘shiq o‘zi eng buyuk imkondir. Tuganmas ilojdir. Axir, qo‘shiq – kurashning so‘z bosqichi emasmi?! Barcha buyuk kurashlar ayni shunday suyanchiq-kurashchan qo‘shiqlardan tug‘ilmaganmi?!

 

Kimga ham yetar edi

Iltijo unlarimiz.

Shu qo‘shiqqa suyanib

O‘tmoqda kunlarimiz...

 

Qo‘shiqqa suyanib o‘tish osonmi sizga?!

 

Yo‘ldosh Eshbekning “Qadimgi qo‘shiqlar”, Baxtiyorning qo‘shig‘i”, “Sening qo‘shig‘ing”, “Ijara haqida qo‘shiq”, “Boychibor”, “Qadimgi ohanglarda” singari she’rlaridagi jozib va serqirra poetik kayfiyat ham bevosita yoki bilvosita yuqorida eslatganimiz og‘zaki va yozma milliy adabiy an’anaga ulanadi. Ayniqsa, “Baxtiyorning qo‘shig‘i” umuman She’rning, So‘zning sir-sinoatiga yetish ma’nosida betakror namunadir.

 

O‘rkach-o‘rkach to‘lqinlarning bag‘rida,

Yolg‘iz sandiq qalqib-qalqib keladi.

O‘rkach-o‘rkach anduhlarning qa’rida,

Oygulginam mening oqib keladi.

 

Bu g‘amgin sevgi qissasi nega shunchalar quvnoq va o‘ynoqi jaranglaydi?! “O‘rkach-o‘rkach anduhlarning qa’rida” oqayotgan hasrat nega ko‘nglimizga malol cho‘ktirmay – ruhimizni ko‘taradi, parvozga chorlaydi?! Axir, omadsiz bir oshiq o‘z alamini yonib-kuyib kuylayotir-ku!

 

               Sarg‘ayib va so‘lib borar, oh, gulim,

Na suvlarga, na ko‘klarga boqadi.

Zolim zamon zug‘umidan Oygulim

Qonlar yutib, ohlar urib oqadi.

 

Ushbu misralar osmonini kadar-g‘ussa bulutlari ayovsiz qoplaganga o‘xshaydi. Na bir tuynuk, na bir umid, ilinj tirqishi borday. Lekin xuddi shu misralar bag‘rida cho‘g‘day yiltillayotgan nima u? Bu hayotbaxsh harorat ularga qanday va qaydan oralagan? Va nihoyat, qanday qilib “Sarg‘ayib va so‘lib borayotgan” Sog‘inchning, g‘amning yuziga qizillik – hayot va umid rangi yugurishi mumkin?!

 

Endi oppoq manzillarga borarmiz,

Tabassum qil, tabassum qil, qayg‘ulim.

Bulutlarni yulduzlarday yorarmiz,

Qultarlonlar omon bo‘lsin, Oygulim!

 

Bu sog‘inchli dunyo qahramoni ijtimoiy voqelikni chuqurroq anglab yetgani sayin uning tuyg‘u va kechinmalari doirasi, intilishlari miqyosi ham o‘z hududlarini o‘zgartiradi. Ona qishloq va ilk sevgi sog‘inchlari bilan “Baxt”, “Oybekning so‘zlari”, “Insonga ta’zim”, “Alyoxin”, “Urushdan so‘ng”, “Ijara haqida qo‘shiq”, “Ko‘zlarini yumib xo‘rsinadi ot” kabi she’rlardagi murakkab poetik kayfiyat va kechinmalar, teran va tagdor o‘ylar orasida uzundan-uzoq jiddiy mehnat va izlanishlar yotgani ilk qarashdayoq nazarga tushadi. Bu she’rlarda lirik “men” umuminsoniy miqyoslarda fikrlaydi, mulohaza yuritadi. Uning ma’naviy olami, istak va tashvishlari zaminiy ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar zamirida ochiladi. Lirik kayfiyat turli, bir-biridan farqli zamon va makon taassurotlaridan oziqlanadi. Mana shu esa poetik ruhiyatga ichki-doxiliy bir kenglik, hayotiy rang-baranglik bag‘ishlaydi.

 

Zamonaviy she’riyatdagi bezovta va hayajonli holatlar, ziddiyatli hissiy-ruhiy jarayonlar tasviri zamirida yagona bir maqsad – dunyoni va insonni bundan ham go‘zal va mukammal ko‘rish istagi yotadi. Mana shu olijanob, yuksak niyat turli ijodkorlar asarlarida turlicha botiniy-badiiy kechinmalar, poetik kayfiyat, taassurotlar shaklida ifodalanadi. Bu jihatdan, aytaylik, Erkin Vohidov va Abdulla Oripov poeziyasida mukammal Inson orzusiga monand ulug‘vor bir kadar, Cho‘lpon Ergash va Rauf Parfida chuqur insoniy dard va kurashchan hasrat, Azim Suyun va Usmon Azimda sustkashlik va loqaydlikka, ichki-ma’naviy torlikka, qabohatlarga qaratilgan alangali isyon, Shavkat Rahmon va Xurshid Davronda tabiatni “insoniylashtirish”ga intilish, odamzodni o‘z genetik mohiyatini, ya’ni tabiat bilan hamjinsligini unutmaslikka da’vat, Usmon Qo‘chqor va Matnazar Abdulhakim she’rlarida tirilishga tashna buyuk xotira, Yo‘ldosh Eshbekda esa hamisha ulug‘ insoniy baxt, dunyoviy erk va erkinlik, ezguliklar sari yuzlangan yolqinli Sog‘inch... bular bari ayni bir g‘oyaviy-estetik maqsadga bo‘ysundirilgan poetik hodisalardir.

 

Yo‘ldosh Eshbek she’rlarini ich-ichidan bir shu’la – sog‘inch shu’lasi yoritib turadi. Lirik “men”ning rangin taassurot va sezgilari sog‘inch yog‘dulari yorug‘ligida oydinlashadi. Sog‘inch o‘ta emotsional bir kechinma sifatida bu she’rlarda lirik “o‘zni ifoda” shakli, yo‘sini singari moddiylashadi. Shu ma’naviy-poetik unsur Sog‘inchli olam sarhadlarini muayyanlashtiradi. Sog‘inch, ta’bir joiz bo‘lsa, lirik qahramon dunyosining og‘irlik markazidir. Turfa tuyg‘ular va hissiyotlar oqimining tutash nuqtasidir. O‘tmish bilan istiqbol, xotira va orzular xuddi mana shu nuqtada yuzma-yuz keladi...

 

        Yashar QOSIM,

Ozarboyjon Fanlar akademiyasining bosh ilmiy xodimi,

filologiya fanlari doktori, professor,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

 

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi,

2022-yil 14-oktabr 37-son.

Ezgulikka yuzlangan sog‘inch” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 129
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19162
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15958
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi