Lotin alifbosiga asoslangan hozirgi yozuvimiz 1993-yil 2-sentabrda tasdiqlangan. O‘tgan chorak asr davomida yangi alifbo borasida turli fikrlar bildirildi. Bugun ham ushbu mavzudagi muhokamalar ommaviy axborot vositalari, xususan, internetda bir ko‘tarilib, bir pasayib turibdi. Biz bu borada matematik yondashuvga asoslangan mulohazalarimizni bayon qilishga jazm etdik. Zotan, xalq deydiki, maslahatli to‘y tarqamas.
Bir zamonlar ajdodlarimiz o‘z alifbolariga ega bo‘lib, olis o‘tmishga oid yozuv namunalari ancha-muncha saqlanib qolgan. Qadimgi turkiy alifbo qachon ixtiro qilingani – hozircha noma’lum. Arxeologlar uni “O‘rxun-Yenisey yozuvi” deb ham ataydilar. Uning yaratilish davri esa 500-yillar atrofi deb belgilanadi. Undan ham qadimiyroq davrlarda xorazmiylar va so‘g‘dlar (ular ham o‘zbeklarning ajdodi) o‘z yozuviga ega bo‘lgan.
O‘rta Osiyoda islom dini tarqalgach, arab alifbosi joriy bo‘ldi va IX-X asrlarga kelib, u barcha mahalliy yozuvlar o‘rnini deyarli egalladi.
Tabiiyki, arab alifbosi arab tili fonetikasiga asoslangan va arab tili grammatikasi bilan muvofiqlashgan. Chunonchi, bu alifboda o‘zbek tilida “z” deb o‘qiladigan to‘rtta, “s” deb o‘qiladigan uchta, “t” va “h” deb o‘qiladigan ikkitadan harf bor. Bu o‘zbek tili uchun ortiqcha bo‘lsa, ayni choqda, tilimizga xos bo‘lgan bir necha tovush uchun arab alifbosida maxsus harflar mavjud emas.
Demak, arab alifbosi o‘zbek tiliga muvofiq emas. Shunga qaramasdan, salkam bir yarim ming yil (!) davomida ota-bobolarimiz bu alifbodan bemalol foydalanib kelgan, hujjatlar, yozishmalar bitilgan. Alisher Navoiy aynan shu alifboda o‘zbek tilining butun boyligi va nafosatini dunyoga ko‘z-ko‘z qilgan.
Qiziq holat: arab alifbosi o‘zbek tili fonetikasiga mos bo‘lmasa ham, to XIX asrgacha biror yozarman uning noqisligidan shikoyat qilmagan. Bu bejiz emas. Jahon tajribasi kuzatilsa, alifboning tilga nomuvofiqligi keng tarqalgan hodisa ekaniga guvoh bo‘lamiz. Ayniqsa, lotin alifbosida atigi 26 ta harf bo‘lib, u bugun shu yozuvni qo‘llayotgan dunyodagi biror xalq tiliga to‘la mos emas. Misol uchun, ingliz tilida rasman 44 ta, olmon tilida 43 ta, fransuz tilida 50 dan ziyod tovush bor va ularni atigi 26 ta lotin harfi vositasida ifodalashga to‘g‘ri keladi (24 ta desa ham bo‘ladi: “x” va “s” ortiqcha harflardir). Hatto lotin tilining vorisi bo‘lgan italyan tili alifbosi ham lotincha bilan ustma-ust tushmaydi.
Xulosa: alifbo tilga qay darajada muvofiq yo nomuvofiqligi undan voz kechish yoki qo‘shimcha harf qo‘shish, ortiqchalari bo‘lsa, chiqarish, ya’ni alifboni albatta isloh qilish kerak, degan hukmga asos bo‘la olmaydi.
Agar biz VIII asrdan buyon ajdodlarimiz qo‘llab kelgan arab alifbosiga asoslangan yozuvni saqlaganimizda, savodxonlik darajasiga ta’sir qilmas edi. Arab alifbosida o‘qib-yozishni o‘rgangan kishi uchun xorijiy tilni o‘rganish maqsadida lotin va kirill alifbolarini o‘zlashtirish mashaqqat tug‘dirmas ham edi.
Ushbu mulohazalar mushtariyda “Arab alifbosiga qaytishni targ‘ib qilmoqchimisiz? Bu alifboning lotin yoki kirillga nisbatan noqulayligi ochiq-oydin fakt emasmi?” qabilida e’tiroz uyg‘otishi mumkin. Yo‘q, maqsadimiz arab yozuviga targ‘ib emas, balki alifbo masalasida atroflicha mulohaza yuritish. Aslida “arab alifbosi – qiyin, noqulay” degan iddao to‘g‘ri emas. Hozirgacha nafaqat arab mamlakatlari, balki Pokiston, Eron, Afg‘oniston, XXRning Sinszyan-Uyg‘ur avtonom rayoni va qisman Hindistonda arab alifbosidan foydalanib kelinmoqda.
So‘zsiz, arab yozuvi milliy alifbomiz nuqtai nazaridan bugun o‘z dolzarbligini yo‘qotgan. Hali arab alifbosida savodxonlik keng tarqalgan bir davrdaki lotinchaga o‘tilgan ekan, bugun endi bu haqda so‘z yuritishning ma’nosi yo‘q.
Sirasi, XX asr o‘zbek alifbosi uchun islohotlar asriga aylandi – bir asr davomida alifbomiz uch marta almashtirildi, undan ham ko‘proq marta “tuzatildi”! Mana, o‘sha islohotlar:
I. O‘zbek tilida gazeta va jurnallar bosila boshlashi bilan arab alifbosini isloh qilishga kirishildi. Ma’rifatparvarlardan biri Elbek alifbodan arab tiliga xos bo‘lgan 9 harfni chiqarib, 24 harfli alifbodan foydalanishni taklif etgan (qolaversa, arab alifbosida yo‘q, ammo Navoiy davrida qo‘llangan “ch”, “p”, “g” qatorida “ng” uchun alohida harf qo‘shilgan (q.: Jamolxonov H., Umarov A. O‘zbek yozuvining XX asr tarixi. Toshkent, Alisher Navoiy nomidagi O‘zMK nashriyoti, 2017. 29-bet. Bundan keyingi o‘rinlarda shu manbadan olingan havolalarning faqat sahifasi ko‘rsatiladi).
Shundan so‘ng matbuotda alifbo va imlo masalasida jangi jadalni eslatadigan qizg‘in muhokama boshlangan. 1920-yili alifbo va imlo islohotini amalga oshirish uchun maxsus kengash tuzilgan. Kengash 1921-yil 5-yanvarda 6 ta unli va 23 ta undoshdan iborat alifboga o‘tish to‘g‘risida qaror qabul qiladi (68-bet). O‘zbek alifbosidan “f” harfi chiqarib tashlanadi.
II. Ammo alifbo ustidagi bahs to‘xtamagan. Shu bois 1921-yil yanvarda maxsus qurultoy chaqirilgan. Mashvarat ahli Fitrat taklifini yoqlab, “o‘zbek tilida 23 undosh va 6 unli bor” degan to‘xtamga kelgan. Bu alifboda endi “f” va “ng” tovushlari alohida harflar bilan aks etgan (100-101-betlar). Ayni islohotning sababi ikkita edi: birinchisi – maktablarda alifboni o‘rganish muddatini qisqartirish, savod chiqarishni yengillashtirish; ikkinchisi – bosma yozuvni osonlashtirish, ya’ni matbaada litografiyadan tipografiyaga o‘tish. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani aynan shu alifboda bosilgan edi. Qurultoy qaroridan so‘ng bahslar birmuncha susaygan, ammo baribir to‘xtamagan.
III. Turkiy xalqlar tili va adabiyoti, jumladan, alifbo masalasi 1926-yil aprelda Bokuda chaqirilgan turkologiya qurultoyining kun tartibiga “Turk millatlari alifbosining islohoti” mavzusi bilan kiritilgan. Bu davrga kelib arab alifbosidan lotin alifbosiga o‘tish tarafdorlari to‘liq ustunlikka erishgan edi. Shuning uchun bahs alifbo qanday harflardan tashkil topishi masalasi ustida borgan. Qurultoyda barcha turkiy xalqlar uchun yagona alifbo tavsiya etilgan. Unda singarmonizm to‘liq aks etgan, jumladan, keng (yo‘g‘on, tiloldi, oldingi qator) va tor (ingichka, tilorqa, keyingi qator) “u” va “o‘” tovushlari uchun alohida harflar ko‘zda tutilgan. Tavsiya 1926-yil may oyida Samarqandda o‘tkazilgan maxsus konferensiyada ma’qullangan.
Nafsilamrini aytganda, bu konferensiyada qabul qilingan o‘zbek alifbosi ancha mukammal edi, jumladan, unda barcha turkiy xalqlar lisonida mavjud va o‘zbek tiliga ham xos bo‘lgan singarmonizm inobatga olingan. Agar uning amaliyotga tatbiqi davom etganda, o‘zbek tili imlosi va uni o‘qitish butunlay izga tushib ketgan, alifbo ustidagi keyingi bahslarga o‘rin qolmagan bo‘lar edi.
IV. Ammo tarix hukmi o‘zgacha bo‘ldi. Alifbo ustida bahs davom etdi – endi u “o‘zbek tilida singarmonizm bormi yoki yo‘qmi?” degan mavzuga ko‘chadi. Elbek yetakchilik qilgan bir taraf “singarmonizm o‘zbek tilining tub sifati, uning birdan-bir bezagi, demak, u yuz foiz saqlanishi kerak” degan pozitsiyada turadi (210-bet). Elbek hatto unlilar sonini 12 taga yetkazishni ham taklif qiladi. Boshqa bir guruh bunga qarshi edi. Shoir Botu “o‘zbek tiliga singarmonizm xos emas” degan fikrni yoqlaydi. Ayniqsa, o‘zbek tili alifbosi, imlosi va grammatikasini imkon qadar jo‘nlashtirish tarafdori bo‘lgan tilshunos Yevgeniy Polivanov bu yo‘nalishda qaltis iddaolar bilan yo‘g‘rilgan chiqish qiladi (“Pravda Vostoka”, 1928-yil 22-oktabr). Natijada bahs siyosiy tus olib, singarmonizm taqdiri qarshi tomon foydasiga hal bo‘ladi.
1929-yil mayda Samarqandda alifboga bag‘ishlangan plenum o‘tkazilib, to‘qqiz unlilikdan olti unlili yozuvga o‘tildi, “ng” tovushi uchun kiritilgan maxsus harf olib tashlandi. Shu davrdan singarmonizm o‘zbek alifbosiga begonalashdi. Xususan, o‘zbek tilida bittadan “u” va “o‘” tovushi bor, degan tezis ustuvor bo‘lib kelmoqda. Vaholanki, un (bug‘doy uni) va un (unib-o‘s), bo‘l (ehtiyot bo‘l) va bo‘l (ikkiga bo‘l) so‘zlarida unlilar aynan bir xil emas. Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida o‘zbek tiliga unlilar xilma-xilligi xos ekanligini qayd etgan edi: “Va turkiy alfozda bu ma’ruf, majhul harakat (ya’ni yozuvda aks etishi ham, etmasligi ham mumkin bo‘lgan unlilar) to‘rt nav’ topilur: ham “voviy”si, ham “yoyiy”si (“vov” va “yo” harflari bilan yoziladigan, ammo turlicha talaffuz qilinadigan tovushlar to‘rt xildan)... to‘rki domdur, yana to‘rki, andin daqiqroqdurki, qush o‘lturur yig‘ochdir (ya’ni, Navoiy davrida qush tutadigan to‘r keng “o‘” bilan, uchayotgan qushni urib tushiradigan uchi sershox tayoq o‘rtacha kenglikdagi “o‘” bilan aytilgan) va to‘rki, andin daqiqroqdur: uyning to‘ridur va to‘rki, barchadin ariqdur (eng ingichkadir): to‘rlugni yo eshikni to‘rmak uydur”.
Demak, Alisher Navoiy o‘zbek tilida to‘rttadan “o‘” va “i” tovushi bor deb hisoblagan. U o‘z ona tilidagi bunday ko‘punlilikni iftixor bilan zikr etgan.
Ha, hazrat ta’kidlaganidek, tovushlarning xilma-xilligi – til boyligidir.
Dunyoning barcha tillarida talaffuzi bir-biriga yaqin tovushlar mavjud bo‘lib, bu hol ana shu til fonetikasida qayd etiladi. Alifbo va imloning vazifasi – tovushlarni yozuvda aks ettirishdan iborat. Arab yozuvida bu prinsip amaliyoti yuqorida “z”ga o‘xshash tovushlar misolida qayd etildi. Rus tilida har bir undosh ikki xil – qattiq va yumshoq talaffuz etilishi mumkin. Holbuki, shu omil sababli ma’nosi farqlanadigan so‘zlar (угол – уголь kabi) ko‘p emas. Boshqa hollarda yumshoqni qattiq aytish chalkashlik tug‘dirmaydi: большойни болшой, тень emas тен deyilsa yanglish tushunilmaydi. Shunga qaramay, rus alifbosiga yumshoqlikni ko‘rsatuvchi maxsus belgi kiritilgan.
Bular nisbatan soddaroq misollar. Venger alifbosi 44 ta belgili, jumladan “o‘” ga yaqin tovushlar uchun “o”, “ó”, “ö”, “ő” harflari qabul qilingan. Tay alifbosi esa 44 ta undosh va 28 ta (!) unlidan iborat, unlilarning tonini (ohangini) farqlash uchun 4 ta diakritik belgidan ham foydalaniladi.
Bizda alifbo tarkibi masalasida aks yondashuv hukmron bo‘lib kelmoqda: keng va tor unlilar har xil fonema emas, portlovchi va sirg‘aluvchi “j” uchun ikkita harf shart emas, “ng” tovushi uchun alohida harfga hojat yo‘q, “’”, “ng‘” degan tovushlar yo‘q va hokazo. Porso Shamsiyev va Sobirjon Ibrohimovning “Navoiy asarlari lug‘ati”da, “o‘t” so‘zining uch xil talaffuzini bildirish uchun transkripsiyaga murojaat etishga majbur bo‘lishgan. Haqiqatan, mumtoz adabiyotda qo‘llangan, ammo hozir istifodadan chiqqan so‘zni bugungi o‘quvchi qanday talaffuz qilishni nimaga qarab aniqlaydi? Xorijlik odam o‘zbek tilini hozirgi alifbo bo‘yicha o‘rgansa, keng va tor “o‘” tovushlarini to‘g‘ri talaffuz qilishni qanday o‘rganadi? Axir, til o‘rganishda yozuvning ahamiyati kattaligi ayon-ku.
Alhol, 1929-yili amalga oshirilgan islohot sof mafkuraviy maqsadga – o‘zbek yozuvini kambag‘allashtirish hamda o‘zbek tilini boshqa turkiy xalqlar yozuvi va tilidan ham, mumtoz adabiyot tilidan ham uzoqlashtirishga qaratilgan edi.
Xulosa: alifbo qanday bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zbek tilining tovushlar tizimi fonetikada to‘liq aks etishi lozim.
V. 1940-yili o‘zbek alifbosini to‘mtoqlashtirish yo‘lida yana bir qadam qo‘yildi – kirill alifbosiga asoslangan yozuv joriy etildi. Bir tomondan, unga o‘zbek tiliga mutlaqo yot bo‘lgan “ts” harfi, “ь” belgisi, o‘zbek tili nuqtayi nazaridan ortiqcha “yo”, “ya”, “yu” harflari, qo‘llanishi sun’iy bo‘lgan “ye” harfi kiritildi, ikkinchi tomondan esa, eski o‘zbek yozuvi uchun zarur ‘ (apostrof) qo‘shildi.
VI. 1956-yili kirilldagi alifboga “tuzatish” kiritildi – apostrof o‘zbek tilini ancha milliylashtirayotgandek tuyulgan bo‘lsa kerak, uning o‘rniga “ъ” harfi kiritildi. Bu-ku, mayli. Ammo bu harf so‘z oxirida kelsa, yozilmaydigan bo‘ldi. Misol uchun, manba’ o‘rniga manba’ emas, manba. Buning oqibatida o‘zbek yozuvi mumtoz o‘zbek adabiyotidan yanada uzoqlashdi. Misol tariqasida “Lison ut-tayr” dostonidan quyidagi baytlarni olaylik:
To fuzuli o‘rgatib ul jam’ni,
Ko‘zungizdin yoshurub ul sham’ni...
Kimsaga avvalg‘i ham mamnu’dur,
Odamiydin so‘nggi g‘am matmu’dur.
Doston aruz vaznining 11 hijoli ramali musaddasi mahzuf vaznida yozilgan (qolipi: foilotun foilotun foilun). So‘z oxirida “’” yozilmasa, har bir misra 10 hijoli bo‘lib qoladi, “’” tovushini (ayn) talaffuz qilmay, baytlarni vaznga solib o‘qib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘zbek mumtoz adabiyoti vakillari asarlarining nashrlarida so‘z oxirida “’” harfi yozilmoqda. Bu hol imloga zid, ammo to‘g‘ri. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: imlo tuzganlar nohaqmi yo noshirlar?
Boshqa hollarda “’”ni qo‘llash cheklangan. Bugun endi taassuf bilan aytishga majburmiz: xalqimizni mumtoz adabiyotdan uzoqlashtirishga intilgan islohotchilar deyarli niyatiga yetdi.
VII. 1993-yili yana lotin yozuviga qaytildi. U qisman 1929-yilgi alifboga yaqin edi. Xususan, “ng” tovushi uchun “ñ”, hatto sirg‘aluvchi “j” uchun “ɉ”, “s” uchun “s” harflari hamda diakritik belgi (‘) joriy etilgan. Shu bilan birga keng va tor “o‘” tovushlari “o” va “õ” harflari bilan farqlangani holda, keng va tor “u” tovushlari uchun bir harf olingan.
VIII. Oradan hech qancha o‘tmay yangi alifboni ham tuzatishga majbur bo‘ldik – “q” tovushi uchun harflar “Q”, “Q” shaklida bo‘lib qolgan ekan, Q, q tarzida to‘g‘rilandi. (Alifboni gazetada e’lon qilishda bosmaxona xodimlari kichik Q harfini qayerdan topgani ajablanarli – hatto eng zamonaviy kompyuterning mingdan ziyod harf shakllari zaxirasida bunday harf yo‘q.)
IX. 1995-yili lotin alifbosi keskin o‘zgartirildi: “s”, “ɉ” va “õ” harflari olib tashlanib, “ҫ”, “ş”, “ñ” harflari “ch”, “sh”, “ng” juftliklari (digraflar) bilan almashtirildi. Bu alifboning birgina afzallik tomoni – u kompyuter klaviaturasiga to‘liq moslashtirilgan edi. Bugungi gajetlar (qo‘l telefoni, planshet va hokazo) zamonida bu afzallikning ahamiyati yanada kuchaydi (“ҫ”, “ş” belgilariga qaytishni taklif qilayotganlar bu jihatni o‘ylab ham ko‘rmayotgan bo‘lsa kerak).
Achchiq, ammo inkor qilib bo‘lmas xulosa: XX asrdagi alifbo islohotlarining hammasi puxta va atroflicha o‘ylanmasdan, ayrim hollarda hatto shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan.
Yana bir noxushroq xulosa: barcha talablarga javob beradigan benuqson alifbo bo‘lishi mumkin emas.
Shuning uchun, “alifboni unday qilish kerak, bunday qilish kerak” deya taklif tashlayverish durust emas. Bizningcha, joriy alifboni yangisiga almashtirish, keskin o‘zgartirish mutlaqo yaramaydi, yarashmaydi ham.
Bugun ommaviy axborot vositalari va turli davralarda yana alifbo xususida bahslar yuzaga chiqa boshladi. Buning bir sababi – yangi alifboga o‘tish davri cho‘zilib ketgani bo‘lsa, ikkinchisi – bu alifboga hamon bir qator kamchiliklar xos bo‘lib qolayotganidir. Ulardan bir nechasini zikr etaylik.
Yangi alifboga ham ’ (apostrof – tutuq belgisi), ham ‘ (diakritik belgi) kiritilgani chalkashlik keltirib chiqarmoqda. Kompyuterda har ikki belgi ko‘pincha ˊ yoki ˋ tarzida yoziladiki, bu imlo buzilishini odat tusiga aylantiradi. Boshqa tomondan, apostrofning ikki xil shakli kompyuterdagi ayrim shriftlardagina mavjud bo‘lib, imloga qat’iy amal qilish lozim hollarda boshqa shriftdan topib qo‘yishga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, bu belgilar bir so‘zni bir necha bo‘lakka bo‘lib qo‘yishi ham matn ko‘rinishini buzadi. Misol uchun qo‘rg‘on so‘zi “qoˋrgˋon” tarzida yozilishi – odatiy hol. Agar bunday so‘z qo‘shtirnoqqa olingan jumlaning oxirida kelsa, tirnoqlar qatorlashadi: “Bu tizmaning nomi “Qoratogˊ”.
Sof turkiy “ᶇ” tovushining ham “baxti ochilmayapti”. Uni “ng” va “ng” tarzida yozish oqibatida hamda rus va tojik tillari ta’sirida si-ngil, ko‘-ngil, kitobi-ngiz, o‘tiri-ngiz kabi so‘zlar sin-gil, ko‘n-gil, kitobin-giz, o‘tirin-giz tarzida xato talaffuz etilmoqda. Holatni quyidagi bayt bilan qiyoslaylik:
Meni shaydo qiladurg‘on bu ko‘nguldur, bu ko‘ngul,
Xor-u rasvo qiladurg‘on bu ko‘nguldur, bu ko‘ngul.
Ushbu misralarni o‘qiganda ko‘n-gil-dir, ko‘n-gil deb talaffuz qilish Mavlono Lutfiy kabi ajdodlarimiz ruhini chirqiratishiga shubha yo‘q.
Xulosa: agar alifbo yana isloh qilinadigan bo‘lsa, bu safar juda-juda puxta o‘ylanishi kerak; yetarlicha mukammal variant topilmaguncha izlanish va bahslarni davom ettirish lozim.
Xususan, “Alifbo qanday harflardan tarkib topishi kerak?” degan masaladan avval “Milliy alifbomiz qanday prinsiplar asosiga qurilgani ma’qul?” degan savolni qo‘yish kerak. Afsuski, hozirgacha qilingan islohotlarda masalaning bu tomoniga jiddiy e’tibor berilmagan. Holbuki, prinsiplar turlicha bo‘lishi mumkin.
Prinsiplardan biri – alifboni imkon qadar soddalashtirish. Biz uni minimalizm deb ataymiz. Bunda imlo ham shu qadar soddalashadi. Aynan shu prinsipga muvofiq keng “u”, “o‘” unlilari ham, ularning tor variantlari ham bir harf bilan yozilmoqda, “ng” tovushiga alohida harfni qizg‘anish tagida ham aslida shu prinsip yotadi. Minimalizmning yana bir oqibati – portlovchi “j” (jajji, jo‘ja so‘zlaridagi) va sirg‘aluvchi “j” (ajdar, jurnal so‘zlaridagi) tovushlarining, talaffuzida yer bilan osmoncha farq bo‘lishiga qaramay, bitta harf bilan belgilanishi.
Minimalizm tarafdorlari “x” va “h” tovushlari uchun bir harf kifoya, deb hisoblaydi.
Bunda bu ikki harf imlosi qiyin ekani ro‘kach qilinadi. Holbuki, kirill alifbosiga o‘tilganda bu ikki tovush uchun o‘xshash harf tanlangani oqibatida ularni chalkashtirish holati vujudga kelgan. Bugungi alifboda “x” va “h” shakllari qabul qilingani buning oldini olishiga shubha yo‘q.
Agar minimalizm prinsipi asos qilib olinsa, alifbomiz uchun 20 tacha harf ham kifoya qilar edi. Arab alifbosi qo‘llangan davrda shunday bo‘lgan – unlilar atigi uch harf bilan, “k” va “g”, “j” va “ch”, “b” va “p” tovush juftliklari bittadan harf bilan yozilgan. Shunga qaramay, ota-bobolarimiz matnni o‘qiganda chalkashtirmagan, chunki savodli odam matnni harfma-harf o‘qimaydi, kontekstga qarab to‘g‘ri o‘qib ketaveradi.
“Minimalizmda ham me’yor lozim-da”, deyishingiz mumkin. To‘g‘ri, ammo qayerda o‘sha me’yor? Nima uchun bir holda minimalizm me’yorga muvofiq bo‘ladi-yu, shunga o‘xshash boshqa holda me’yorga sig‘maydi?
Me’yorni ham topdik, deylik. Ammo baribir minimalizm alifboga to‘g‘ri yondashuv emas. Bundan ikki yilcha muqaddam do‘stlarimdan biri xitoylik mehmonlar bilan uchrashuvga taklif qilib qoldi. Ularga bir o‘zbek yigiti tarjimon sifatida hamrohlik qilayotgan ekan – u xitoy tilida ravon so‘zlashar edi. Men o‘zimcha uni sinamoqchi bo‘lib “Nechta iyeroglif o‘zlashtirdingiz?” deb so‘radim. Uning javobi hayratomuz bo‘ldi: “Sakkiz mingtaga boradi”. Axir, oliy ma’lumotli xitoylik kundalik amaliyotida 5000 tacha iyeroglif qo‘llaydi, xolos-da. Jami iyerogliflar soni esa 80 000 tadan ziyod. Bu holat minimalizm prinsipini butunlay inkor qiladi – savod chiqarish uchun xitoyliklar kamida mingta iyeroglifni o‘rganishi shart. Yaponlarda ham shunday. Fransuzlar lotin alifbosini 10 ta qo‘shimcha harf bilan kengaytirganlar, masalan, “ye” dan tashqari è, é, ê harflari, œ kabi belgi ham ishlatiladi, yana 20 tacha “sn”, “um”, “sch” kabi bir necha harfli birikma ham alohida harf vazifasini o‘taydi.
Minimalizm tarafdorlari “talaffuzi bir-biriga yaqin tovushlarni alohida harf yoki harf birikmalari bilan yozish imloni murakkablashtiradi” deya iddao qiladi.
Minimalizm prinsipi tarafdorlarining katta qismi ingliz tilini yaxshi biladi, bilmaganlari ham ma’lum darajada xabardor. Axir, bugungi kunda u millatlararo so‘zlashuv tiliga aylangan. Holbuki, ingliz tilida rasman 44 ta tovush farqlanadi. Ular orasida o‘zbek tilidagi “a”, “o” tovushlariga yaqin 5 ta tovush bor. 44 tovushning 26 ta lotin harfi vositasida yozilishi ingliz tilini o‘rganishni nihoyatda murakkablashtiradi. Ammo shunga qaramay bugun butun dunyo ingliz tilini o‘rganmoqda, inglizcha so‘zlamoqda. Aniq va tabiiy fanlarda-ku ilmiy maqola yozish 90 foiz ushbu tilga o‘tib bo‘lgan. Ayni vaqtda xalqaro miqyosda katta-kichik biznes bilan shug‘ullanayotgan kishilar ham inglizchani o‘rganib, shartnomalar tuzmoqda. Alifbo sababidan imlosi va orfoepiyasi o‘ta murakkab bo‘lganiga qaramay, ingliz tili millatlararo so‘zlashuv vositasiga aylangan va aynan shu maqsadda ixtiro qilingan esperanto tilini yerga ko‘mib bo‘ldi. Holbuki, esperanto o‘ta sodda alifbo, undan ham soddaroq imlo va grammatika bilan yasalgan edi...
Xulosa: alifbo imkon qadar sodda bo‘lishi kerak, degan fikr uchun obyektiv asos yo‘q.
Qolaversa, hech bir savodli odam hayoti davomida amaldagi alifboga kirgan katta-kichik 60 tacha harfni o‘rganish bilan cheklana olmaydi: bu harflarning qo‘lda yoziladigan shakllari (turli kishilarda turlicha), tinish belgilari, raqamlar va bir qancha matematik belgilar, yo‘l harakati belgilari, sxema va diagrammalarda qo‘llanadigan belgilar va shu kabi minglab yozuv unsurlaridan foydalanadi.
Shu o‘rinda yana bir muhim mulohaza bor. Soddalikka intilish har doim ham ijobiy hodisa bo‘lavermaydi. Xususan, alifboda minimalizmning ijobiy tomoni bilan bir qatorda salbiy jihati ham yo‘q emas.
Hozirgi zamon psixologiyasi va neyrofiziologiyasida qiyin narsalarni o‘rganishga intilish miyani charxlashi, ayniqsa, bolalarning aqliy qobiliyati va tafakkurini o‘stirish vositasi ekani isbotlangan. Bugungi kunda to‘rt-besh yoshli bolalar bir necha tilda baravar so‘zlash, o‘qish va yozishni bemalol o‘rganayotgani hamda bunday bolalar bitta tilda so‘zlashib voyaga yetayotgan tengdoshlaridan jadalroq rivojlanayotganini kuzatish mumkin.
Odam qancha ko‘p belgidan foydalansa, u o‘z fikrini shu qadar aniqroq, injaroq ifoda etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu, hech shubhasiz, alifbodagi belgilar soniga bevosita taalluqli. Hatto alifbo qancha murakkab bo‘lsa, ta’lim oluvchilarning intellektual salohiyati shuncha oshadi.
Xulosa: “Alifbo imkon qadar sodda va qulay bo‘lishi kerak”, degan prinsip durust emas, hatto zararlidir.
Minimalizmning aksi – alifbo og‘zaki nutqni imkon qadar to‘kis aks ettirmog‘i lozim, degan yondashuv. Biz buni maksimalizm deb ataymiz. Mazkur prinsipning asosiy ijobiy jihatlari: birinchidan, o‘quvchilarni adabiy til me’yorlariga muvofiq so‘zlashga o‘rgatish uchun qulay; ikkinchidan, boshqa tilda so‘zlashuvchilar uchun o‘zbek tilida to‘g‘ri so‘zlashga o‘rganishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Misol uchun, ingliz tilidagi tovushlar 44 ta deb olinmaganida, bu tilda so‘zlashni o‘rganish ancha qiyin bo‘lar edi.
Tabiiyki, maksimalizm imloning murakkablashuvini talab etadi. Biz boya bundan cho‘chimaslik kerak, dedik. Arab, ingliz, fransuz va olmon alifbolari qisman shu prinsip asosida tuzilgan.
Bizda maksimalizm tarafdorlari ko‘p emas, tilshunos olimlarning bir qismigina ushbu prinsipni yoqlaydi. Alifbo islohotida bu toifaga mansub olimlarning fikri albatta tinglanishi kerak. So‘nggi davrda maksimalizm prinsipiga qarshi yana bir omil vujudga keldi – informatsion texnologiyalar asri boshlandi. Endi yoppasiga matnni kompyuterda terish, bosma mahsulotlarni ham kompyuterlashgan poligrafiya uskunalarida chop etishga o‘tildi. Albatta, bugun kompyuterga yuzlab harfli alifbolar, minglab turdagi shriftlar, o‘n minglab iyerogliflar, yuz minglab maxsus belgilar zaxirasi joylangan. Mana, muallif kompyuteridagi “a” harfi modifikatsiyalarining ayrimlari: à, á, â, ã, ä, å, æ, ā, ă, ą, ǡ, ȁ, ȃ, ȧ, ά, ᶏ, ḁ, ẚ, ả. Bu harflar dunyoning qaysidir bir o‘lkasida maksimalizm prinsipi asosida tuzilgan milliy alifbolarda qo‘llanadiki, kompyuterga joylangan. Bir qarashda, maksimalistlar uchun ayni muddao – nutqda istalgancha tovush, hatto tovush tovlanishlari ham alohida harf bilan ifodalanadi.
Muhtaram o‘quvchida “Demak, o‘zbek alifbosini ham maksimalizm prinsipiga muvofiq tuzsa bo‘lar ekan-da? Axir, o‘zbek tilida minimalistlar o‘ylaganidek, tovushlar 30 tacha emas, balki 40 dan ziyod – agar cho‘ziq unlilar qisqa unlilardan farqlansa, yana kamida 6 ta tovush qo‘shiladi”, degan fikr tug‘ilishi mumkin. Shundaylikka-shunday-ku, ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor-da – standart klaviaturaning lotincha rejimi 26 ta harf bilan ishlaydi. Albatta, klaviaturani murakkab alifboga moslashtirish mumkin, buning uchun yo hozirgiga nisbatan tugmalari ko‘proq klaviatura ishlab chiqarish yoki bitta harfni terish uchun ikki-uch tugmani bosish kerak bo‘ladi. Mobil telefonlarda esa bundan ham ko‘proq amal bajarishga to‘g‘ri keladi. Alifboda harf va belgi qancha ko‘p bo‘lsa, matnni terish shuncha ko‘p vaqt talab etadi, tasodifiy xatolarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi, klaviaturada ishlash malakasini hosil qilish muddati sezilarli darajada cho‘ziladi.
Xulosa: maksimalizm prinsipi bilan alifbo tuzish – axborot texnologiyalari tendensiyasiga zid.
Yana bir tabiiy prinsip – minimalizm va maksimalizm o‘rtasidagi mo‘tadil yondashuvdir. XX asrdagi islohotlar ana shu yondashuvga asoslangan edi, deyish mumkin: bir tomondan, o‘zbek tilidagi bir necha tovush uchun alohida harf qabul qilinmagan, ikkinchi tomondan, lotin yoki kirill alifbolari bilan cheklanmay, maxsus harflar kiritilgan.
Bir qarashda, mo‘tadil yondashuv eng muqobil bo‘lib tuyuladi. Ammo avval alifboni qabul qilib, ko‘p o‘tmay uni tuzatishga to‘g‘ri kelgani mo‘tadil yondashuv ham ushbu muammoni hal etolmasligini ko‘rsatadi. Gap shundaki, mo‘tadil yondashuv bilan tuzilgan alifbo maksimalizm va minimalizm prinsiplarining ijobiy tomonlari bilan bir qatorda kamchiliklarini ham o‘zida jamlaydi. Natijada minimalistlar alifboni “imloni qiyinlashtiradi” deya tanqid qilsa, maksimalistlar “nutqni to‘g‘ri aks ettirmaydi” deydi. Bunda har ikki tomonning tanqidi uchun asos mavjud bo‘ladi.
Xulosa: o‘zbek alifbosi masalasida boshqa yondashuvlarga murojaat etish, hatto yangi prinsiplar izlash lozim.
Xo‘sh, alifbo masalasida yana qanaqa prinsip bo‘lishi mumkin?
Qarangki, bo‘lar ekan. Masalan, koreys alifbosi. To XV asrgacha koreyslar xitoy iyerogliflaridan foydalangan. 1446-yilda bir guruh koreys olimlari iyeroglifga o‘xshash, ammo unga qaraganda ancha qulay alifbo ishlab chiqib, e’lon qilishgan. Unda tovushlarni ifodalovchi harflar 2, 3 yoki 4 tadan 2-2 kvadrat kataklarga yozilib, bo‘g‘in tashkil etadi. Bo‘g‘inlar esa chapdan o‘ng tomon yozilib, so‘zlar hosil bo‘ladi.
Bu misol bilan biz, o‘z alifbomizga shunday prinsipni asos qilib olish kerak, demoqchi emasmiz. Qolaversa, o‘zbek tili sintetik tillar guruhiga, koreys (xitoy, vetnam) tili esa analitik tillar guruhiga mansub bo‘lib, biri uchun yaroqli prinsip ikkinchisiga u qadar tushmaydi. Bu misolni keltirishdan maqsad – original yondashuvlar ham bo‘lishi mumkinligini ta’kidlash, xolos.
Izlanganga tole – yor, deydilar-ku, nima qilib bo‘lsa ham, imkon qadar mukammal alifbo yaratishimiz shart.
Shuncha og‘zimiz kuygani yetar, axir!
Bugun dunyoda O‘zbekistonga qiziqish kuchaymoqda, davlatimiz rahbarining sa’y-harakati bilan mamlakatimizning xorijiy aloqalari jadal sur’at bilan o‘smoqda. Bu, tabiiyki, o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishni kuchaytiradi, o‘zbek tilini o‘rganuvchi xorijliklar soni oshadi. Eng muhimi, bu jarayon yillar o‘tgan sayin kuchayib boradi. Biz alifbo islohoti to‘g‘risida o‘ylaganimizda, izlanganimizda, bu omilni ham nazarda tutishimiz lozim. Toki tilimiz bilan tanishgan kishi uning boyligini ko‘rsin, milliy alifbomiz naqadar puxta va mukammal tuzilganiga amin bo‘lsin.
Unutmaylikki, alifboning mukammalligi – millat intellektual salohiyatining ko‘zgusidir.
Bu boradagi izlanishlarga turtki berish maqsadida yana bir prinsipni ilgari surmoqchimiz. Fikrimizcha, aynan shu prinsip eng muqobil alifboga asos bo‘la oladi, chunki u minimalizmning ham, maksimalizmning ham talablariga javob beradi.
Bunda ko‘p sathli alifbo nazarda tutilmoqda. Avval bu xil alifbo namunalari bilan tanishaylik. Bizga juda yaxshi tanish misol – uch sathli arab yozuvidir. Birinchi sath – 28 asosiy alifbo va ﻋ belgisidan iborat. Bu sath alifbosida gazeta va jurnal, yengil badiiy adabiyot chop etiladi, kundalik yozishmalar va ish qog‘ozlari yuritiladi. Unda qisqa unlilar yozilmaydi.
Ikkinchi sathda alifbo qisqa unlilar, tanvinlar, tashdid, hamza belgilari bilan kengaytiriladi. Undan lug‘at, darslik va o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy asarlarda istifoda qilinadi.
Uchinchi sath – Qur’oni karim nashrlarida qo‘llanayotgan alifbodir. Unga oyatlarni to‘g‘ri tilovat qilishga yordam beruvchi yana 10 dan ziyod tajvid belgisi kiritilgan.
Ikkinchi misol – rus alifbosi. Uni ham uch sathli deyish mumkin. Birinchi sathda matn rus alifbosining 32 harfi bilangina ifodalanadi. Unda “yo” harfi o‘rniga “ye” yozilaveradi. Ikkinchi sathda esa “yo” albatta yoziladi va zarur o‘rinlarda urg‘u belgisi qo‘yiladi: врéменное va временнóе, дýхи va духѝ kabi. Bu sath asosan badiiy adabiyot nashrlariga mo‘ljallangan. Uchinchi sathda urg‘u barcha o‘rinlarda qo‘yiladi. Undan darslik, qo‘llanma va lug‘atlarda foydalaniladi. Tilshunoslikka oid ilmiy tadqiqotlarda muallif izohlari birinchi sath alifbosida yozilsa, tahlil qilinadigan misol va iqtiboslar uchinchi sathda keltiriladi.
Alifbosi iyeroglifdan iborat barcha xalqlarda ham alifbo ko‘p sathlidir.
Yozuvi lotinga asoslangan xalqlarning aksari ikki alifbodan foydalanadi. Birinchi sath – sof lotin alifbosidir. Ammo hatto shu til sohiblari ham ayrim so‘zlarni birinchi sathning o‘zida o‘qiy olmaydi – xalqaro transkripsiya belgilari vositasida qanday talaffuz qilinishiga murojaat etishga majbur bo‘ladi. Darslik va lug‘atlarda esa ikkinchi sath alifbosidan istifoda etiladi.
Shunday qilib, ko‘p sathli alifboda keng ommaga mo‘ljallangan matn quyi bosqich alifbosida yoziladi va bu minimalistlar uchun ayni muddao. Ammo nutqni yozuvda to‘g‘ri aks ettirish muhim bo‘lgan matnlarda yuqori sathda ish yuritiladi va bunda maksimalizm prinsipiga istalgancha erk berish mumkin.
Maktabda, ayniqsa, boshlang‘ich sinflarda o‘quvchilar bilan yuqori sath alifbosida ishlanadi va natijada ularda to‘g‘ri talaffuz malakasi shakllanadi. Xususan, farzandlarimiz Lutfiy g‘azalining radifini “bu ko‘-nguldur, bu ko‘-ngul”, Bobur qalamiga mansub satrni “Kim ko‘rubdur, ey ko‘-ngul, ahli jahondin yaxshilig‘” tarzida to‘g‘ri o‘qishga o‘rganishlari lozim. Otabek bilan Kumushning:
– Ko‘ngli-ngiz farishtalar ko‘nglidek.
– Sizning ham ko‘ngli-ngiz... –
degan dialogini “ko‘n-g-lin-giz” tarzida o‘qish roman tiliga ham, ruhiga ham zid ekanini his qilmog‘imiz darkor.
To‘g‘ri talaffuz malakasi hosil bo‘lgach, quyi sath alifbosidagi matn ham shunga muvofiq o‘qiladi, albatta. Bu esa ayni muddaodir.
O‘zbek tilini o‘rganayotgan boshqa millat vakillari “o‘zing o‘qi” va “o‘zing, o‘zavering”; “qalamning uchi” va “ikki emas, uch”; “kiyimni ilib qo‘y” va “havo ilib qoldi” kabi jumlalar turlicha talaffuz qilinishini yuqori sath alifbosi yordamida bilib oladi.
Amaldagi lotin alifbosi juz’iy tuzatishlar bilan birinchi sath uchun yaroqlidir va u minimalizm prinsipiga javob beradi. Ayrim minimalistlarning “h” o‘rniga ham “x” yozishni taklif etayotgani – kirill alifbosida talaffuzi yaqin bu ikki tovush uchun shakli ham yaqin harflar qo‘llanganining oqibatidir. “Mehmonxona” so‘zini maktabda kirill alifbosida o‘qigan avlod vakillarigina “mexmonhona” tarzida yozishi mumkin. Hozirgi lotin alifbosida “x” va “h” harflari tanlangani bu ikki tovushni chalkashtirmaslik uchun kifoya.
Yuqori sath alifbosiga maksimalizm nuqtai nazaridan yondashish har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi. Xususan, u o‘zbek tiliga xos barcha tovushni o‘zida to‘liq aks ettirishi lozim. Bu nuqtai nazardan o‘zbek tilida kamida 40 ta tovush aniq-tiniq farqlanadi: a, o, i, ǝ (tor i), e, ikkitadan u va o‘, b–p, v–f, g–k, d-t, j–ch, z–s, g‘–ch, ‘–h, y, l, m, n, ng, ng‘, r, ’ (qal’a, sur’at, mudofa’a so‘zlari talaffuzidagi tutuq tovushi arab tilidagi hamza tovushiga yaqin) hamda unlilarning cho‘ziq variantlari. (Arab tilida ham, ingliz, roman-german tillarida ham cho‘ziq unlilar alohida tovush hisoblanadi; o‘zbek tilida ham unlining cho‘ziqligi ma’noga ta’sir qiladi: she’r–sher, da’vo–davo, ta’na–tana; hozirgi alifbolarda “ъ” va tutuq tovushi uchun bir xil belgi qo‘llanadi, holbuki, bu ikki tovush asosan arab tilidan o‘zlashgan so‘zlarda uchrab, aslida bir-biridan talaffuzda ham, imloda ham keskin farq qiladi; “ъ” tovushi o‘zbek tilida undoshlik xususiyatini deyarli yo‘qotgan, asosan unlini cho‘zish belgisiga aylangan: e’tibor, e’lon, No‘mon, shu’la, ma’qul. Shu bilan birga, ko‘plab so‘zlarda cho‘ziq unlilar yozuvda aks etmagan: to‘fon–to‘:fon, xoin–xo:’in, mezon–me:zon va hokazo.) Biz har bir tovushni alohida qarab chiqmaymiz, biryo‘la jadval ko‘rinishida keltiramiz (yaqin yillar ichida joriy qilish maqsadida emas, balki uzoq yillar davomida muhokama qilish uchun).
Alifbo sathlari borasida so‘z borar ekan, “faqat ikki sath bilan cheklanish yetarlimi yo o‘rta sath alifbosiga ham zarurat bormi?” degan masalani-da yechib olish kerak. Umuman olganda, o‘rta sathga ehtiyoj mavjud; u, xususan, mumtoz she’riyat nashri uchun zarur. Aruz vaznidagi she’rlarni, hozirgi nashrlardagidek, quyi sath alifbosida chop etishni qabul qilib bo‘lmaydi. Gap faqat “ъ” tovushidagina emas. Navoiy o‘z asarlarida singarmonizm qonuniga qat’iy amal qilgan, jumladan, tor va keng unlilarni alohida ishlatgan:
Yor ila bir xilvat istarmenki, ag‘yor o‘lmag‘ay
(“G‘aroyibus-sig‘ar”, 611-g‘azaldan);
Kelgan ermish ul Masih o‘lganlarin tirguzgali
(11-g‘azaldan).
Birinchi misrada “o‘lmag‘ay” (bo‘lmag‘ay) so‘zidagi uchala unli ham keng (o‘lmog‘oy tarzidagi talaffuzga yaqin), ikkinchi misrada esa barcha unli, shu jumladan “o‘lmak” so‘zida – tor unli. Endi Navoiyning “Munojot” asaridagi mana bu jumlani olaylik:
Har necha balog‘at lofin urgan dam,
urmasa ma’zur bo‘lur.
Bugungi o‘quvchi “urgan” va “urmasa” so‘zlarini urmoq (zarba bermoq) ma’nosida talaffuz qiladi, ya’ni “u” harfini keng (tiloldi) unli tarzida o‘qiydi va shunday tushunadi. Ammo matn bu tarzda o‘qilsa, Navoiy ko‘zda tutgan ma’no chiqmaydi. Har ikki so‘zda ham “u” unlisi – tor, aks holda Navoiy “urg‘on” (yoki “urg‘an”) deb yozgan bo‘lar edi. “Urmak” fe’li tor “u” bilan “hurmoq”, “vovullamoq” ma’nosiga ega bo‘ladi: “Ollohga hamd aytish bobida balog‘at-mukammallik da’vo qilish – hurish bilan barobarki, hurmay o‘tirgan ma’qul”.
Sirasini aytganda, mumtoz she’riyat nashrlarida quyi sath alifbosi yetarli emas. Shu bilan birga, maksimalizm prinsipidagi yuqori sath alifbosi ham ma’qul bo‘lmaydi – ko‘plab qo‘shimcha belgilar bilan matn og‘irlashib ketadi.
Gal kelganda yana bir mulohaza. Bugun mamlakatimizda ko‘plab diniy adabiyotlar chop etilmoqda. Xo‘sh, mazkur nashrlarda imlo qoidalariga amal qilish kerakmi yo shart emasmi? Diniy adabiyotda o‘ziga xos imlo to‘qilayotganiga sabab – oyat va hadislarni talaffuzda imkon qadar arabchasiga yaqinlashtirish. Bu intilish-ku – yaxshi, ammo, birinchidan, buning aslida imkoni yo‘q – boya aytganimizdek, arab tili fonetikasi o‘zbek tili fonetikasidan juda katta farq qiladi; ikkinchidan, bir tilda ikki xil fonetika va ikki xil imlo bo‘lishi ijobiy hodisa emas. Bugun endi diniy adabiyot nashr qilish ommalashgani, mumtoz adabiyotda ham oyat va hadislar ko‘p uchrashini hisobga olib, milliy alifbomizga yana bir – oliy sath kiritish masalasini o‘ylab ko‘rish lozim. Bunda arab tiliga xos tovushlar uchun xalqaro transkripsiya belgilari qo‘llanishi mumkin (qarang: https://ru.wikipedia.org/wiki/ Romanizatsiya_arabskogo_pisma; https://en.wikipedia.org/ wiki/Romanization_of_Arabic).
Uch bosqichli milliy alifbo loyihasi
T.r. |
Tovush |
Misol |
Alifbo sathlari |
Gajetda |
Izoh |
||
quyi |
O‘rta |
yuqori |
|||||
Unlilar |
|||||||
1. |
a keng |
qarag‘at |
a |
a |
a |
a |
hozirgacha ajratilmagan |
2. |
a tor |
kamalak |
ạ |
a, |
|||
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
3. |
a cho‘ziq |
va’da |
ā |
ā |
a: |
mumtoz she’riyatda muhim1 |
|
4. |
o keng |
olomon |
o |
o |
o |
o |
hozirgacha ajratilmagan |
5. |
o tor |
hoy |
ọ |
o, |
|||
6. |
o cho‘ziq |
shohona |
ō |
ō |
o: |
mumtoz she’riyatda muhim |
|
7. |
i keng |
chiniqish |
i |
i |
i |
i |
“havo ilib qoldi”–“kiyimni ilib qo‘y” |
8. |
i tor |
kiyinish |
ї |
I, |
|||
9. |
i cho‘ziq |
iymon |
ī |
ī |
i: |
mumtoz she’riyatda muhim |
|
10. |
э qisqa |
sher; |
e
|
e |
e |
e |
|
11. |
э cho‘ziq |
she’r |
ē |
ē |
e: |
mumtoz she’riyatda muhim |
|
12. |
u keng |
uzun, tur |
u
|
u |
u |
u |
turkiy tillarning deyarli barchasida ajratilgan |
13. |
u tor |
uzum, tur |
ụ |
u, |
|||
14. |
u cho‘ziq |
ko‘zgu, shu’la |
ū |
ū |
u: |
mumtoz she’riyatda muhim |
|
15. |
o‘ keng |
qo‘l, bo‘l |
o’ |
ơ |
ơ |
o’ |
turkiy tillarning deyarli barchasida ajratilgan |
16. |
o‘ tor |
ko‘l, bo‘l |
ӧ |
o” |
|||
17. |
o‘ cho‘ziq |
to‘fon, mo‘tabar |
ō |
ō |
o: |
mumtoz she’riyatda muhim |
|
Undoshlar |
|||||||
18. |
b |
|
b |
b |
b |
b |
|
19. |
p |
|
p |
p |
p |
p |
|
20. |
v |
avval |
v |
v |
v |
v |
lablangan va lablanmagan (hozirgi arab alifbosida farqlanadi: و va ڤ) |
21. |
v |
quvur, tuvak |
ṿ |
v, |
|||
22. |
f |
|
f |
f |
f |
f |
|
23. |
g |
|
g |
g |
g |
g |
|
24. |
k |
|
k |
k |
k |
k |
|
25. |
d |
|
d |
d |
d |
d |
|
26. |
t |
|
t |
t |
t |
t |
|
27. |
j |
jo‘ja |
j |
j |
j |
j |
portlovchi |
28. |
j |
ajdar |
j’ |
j’ |
sirg‘aluvchi |
||
29. |
ch |
|
c |
c |
c |
c |
|
30. |
z |
|
z |
z |
z |
z |
|
31. |
s |
|
s |
s |
s |
s |
|
32. |
sh |
|
w2 |
w |
w |
w |
|
33. |
g‘ |
|
g’ |
ğ |
ğ |
g’ |
|
34. |
x |
|
x |
x |
x |
x |
|
35. |
‘ |
|
‘ |
^ |
^ |
‘ |
arab alifbosida ayn, mumtoz she’riyatda muhim3 |
36. |
h |
|
h |
h |
h |
h |
|
37. |
l |
|
l |
l |
l |
l |
|
38. |
m |
|
m |
m |
m |
m |
|
39. |
n |
|
n |
n |
n |
n |
|
40. |
ng |
si-ngil |
ng |
ŋ |
ŋ |
n, |
til sofligi uchun muhim |
qo‘shimcha tovushlar |
|||||||
41. |
ng‘ |
qo‘-ng‘iz4 |
ng’ |
ng’ |
ɧ |
ng’ |
yuqori sathda farqlanishi kifoya |
42. |
‘ |
ma‘vo |
‘ |
‘ |
‘ |
‘ |
arab alifbosida ”hamza”5 |
43. |
ц |
цex6 |
ts |
ts |
ts |
ts |
|
1Aslida keng va tor unlilarning cho‘ziq variantlari uchun yuqori sathda alohida belgi kiritilishi mantiqan to‘g‘ri bo‘lar edi. Bunda unlilar soni 18 taga yetadi! Ammo bunday maksimalizm me’yordan ziyod hisoblandi.
2Gajetlarda “sh” tovushini ifodalash uchun ko‘pdan buyon “w” harfi qo‘llanmoqda.
3Mumtoz adabiyotda to‘laqonli undosh hatto ikkilanadi: “Navodir ush-shabob” devonidagi “La’licha emas og‘zi qilur vaqti takallum” misrasi bilan boshlanadigan g‘azalda qofiyadoshlar: takallum, tabassum, tazallum, tavahhum, tarannum, tana’’um. Hozir ikki xil funksiya bajaradi: unlidan avval kelsa – ayiruvchi belgi, keyin kelsa – shu unlini cho‘zish belgisi.
4Quyi va o‘rta sathda ajratilishi shart emas, ammo tovushlar tizimida qayd etish maqsadga muvofiq.
5Ma’vo va da’vo so‘zlaridagi “’” (ъ) tovushi aslan boshqa-boshqa – birinchisida portlovchi (ma‘mur – buyurilgan so‘zidagi kabi; o‘zbek tilida unli bilan boshlanuvchi barcha so‘z boshida shu tovush talaffuz etiladi), ikkinchisida sirg‘aluvchi – “x” tovushining jaranglisi (ma’mur – obod so‘zidagi kabi). Hozirgi o‘zbek tili fonetikasida bu ikki harf funksiyasi chatishib ketgan. Shuning uchun quyi sathda farqlanishi shart emas deb hisoblaymiz.
6Bu tovush 1993-yilgi alifboga kiritilgan, 1995-yili chiqarilgan. O‘zbek tiliga xos emas, ammo baynalmilal so‘zlarda qo‘llanadi. Alifboning yuqori sathiga kiritilishi maqsadga muvofiq, zotan, “f” va “h” tovushlari ham boshqa tillardan o‘zlashgan.
Abdulla A’ZAM
“Tafakkur” jurnali, 2019-yil 1-son.
“Milliy alifbo: tafsil va tahlil” maqolasi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q