Suv Olloh zikrini eshitsa...


Saqlash
10:09 / 15.09.2021 3423 0

O‘z mohiyatidan chekinmagan har qanday ilm, shubhasiz, Ollohga olib boradi. Bunday ilmlarga nisbatan “diniy” yoki “dunyoviy” istilohlarini qo‘llash o‘rinsiz ko‘rinadi. Negaki, mohiyatiga munosib ilm bunday chegaralarni bilmaydi. Va aynan, mohiyatiga mosligi bilan muayyan tuzum, jamiyat, millatga emas, umuminsoniyatga xizmat qiladi. Bundan bir necha yil muqaddam yapon olimi Masaru Yemoto tomonidan amalga oshirilgan kashfiyot XXI asrga qadam qo‘ymish bashariyat kelajagi uchun o‘ta muhim fenomenal kashfiyot bo‘ldi desak, haqqoniy fikrni ifodalagan bo‘lamiz.

Masaru Yemoto tadqiqotlari har soniya, har daqiqa foydalanayotganimiz, biz uchun oddiygina ichimlik tushunchasini anglatadigan suv va uning mohiyatida yashirin siru sinoatlarni ochishga qaratilgan. Yapon olimining uzoq yillik izlanishlari natijasida suvning borliq harakati va inson hayoti uchun o‘ta muhim ahamiyat kasb etishi, ichimlik, yog‘in, yer osti zahirasi bo‘lish singari zohiriy funksiyalaridan tashqari, ko‘plab o‘ta nozik botiniy funksiyalarga ham ega ekani ma’lum bo‘ldi. Bunday tajribalar Yer sharining turli burchaklaridan olingan suv namunalari ustida o‘tkazilgan. Bir tomchi suv 100 ta idishga bo‘linib, ikki soat mobaynida muzlatilgan. So‘ngra ularni maxsus muzlatgich kamerali idishlarga joylashtirilgan. Mikrokristall shaklini olgan suv molekulasi mikroskopik fotoapparatlar yordamida suratga olinganda g‘ayrioddiy moʻjizalar namoyon bo‘la boshlagan.

200 dan 500 martagacha kattalashtirilib nashr etilgan mikrokristallarning shakli-shamoyili, darhaqiqat, kishini hayratga soladi. Yaponiyaning Fujivara to‘g‘onidan olingan mikrokristall shakli yirtqich bir maxluqqa o‘xshaydi: rangi qora, ko‘zlari o‘t sochib turgan qorong‘i o‘rani eslatadi. Shahardan yiroq pokiza tog‘  jilg‘alaridan olingan mikrokristall namunasi esa nafis gullar bilan bezatilgan oltiburchak shaklida.

Yemoto tajribalaridan kelib chiqadigan xulosaga ko‘ra, suv tashqaridan bo‘ladigan har qanday ta’sirga o‘z munosabatini bildiradi. Aniqroq aytganda, suv “gapiradi”, “eshitadi”, “ko‘radi”. Turli xas-xashaklar, chiqindi-axlatlar, kimyoviy zaharlardan suvning zohiri ifloslansa, odamlarning yomon fikrlari, shaytoniy his-tuyg‘ulari, dilozor so‘zlaridan uning tarkibi (qalbi) buzilib, rutubat tusini oladi. Oqibatda bunday suvni iste’mol qilgan insonlar fe’l-atvori, axloqi, kayfiyati, bir so‘z bilan ruhiyatida tubanlashuv yuz beradi. Sayyoramizning Megopolis maqomidagi shaharlarida mavjud ichimlik zahiralari turli zaharli energiyalar bilan “to‘yingan” bo‘ladi. Uni iste’mol qilgan shahar ahli bilan suv manbalari aro buzg‘unchi zaryadlarning zanjirli reaksiyasi ro‘y beradi. Jo‘n qilib aytganda, odamlar o‘zlarining asabiy turmush tarzlari, tuban axloqlari, zahar so‘zlari bois suv tarkibini buzishlari oqibatida suvdan ham munosb “javob” olishadi. Turli kasalliklar, ma’naviy tanazzullar, ruhiy g‘alayonlar shundan kelib chiqadi.

Bugun zaharli mikroblardan saqlanishning yagona yo‘li deb taqdim qilinayotgan “ajoyib”, “yaltiroq” idishlardagi gazlangan suvlarga ruju qo‘yish rusumga kirmoqda. Holbuki, avstryalik tabiatshunos olim Alois Guberning “suvni tiriltirish” tizimi xulosalariga ko‘ra “Gazlangan suv, bu – o‘lik mavjudot demakdir, uni biron usul bilan tiriltirish mumkin emas”.

Yapon olimi M.Yemoto, avstryalik olim A.Guber, rus olimi S.Zenin xulosalarini umumlashtiradigan bo‘lsak, suv odam va olam munosabatining muhim vositasi ekan. Yer va koinot aro munosabatlar suv (yomg‘ir, qor, bug‘) orqali amalga oshganidek, odam tanasida aniq hayotiy vazifani o‘taydigan yurak, miya, o‘pka, jigar, buyrak va hokazolar o‘rtasidagi aloqa yerdagi dengiz-u daryolar misol joylashmish qon tomirlari vositasida amalga oshadi. Tadqiqotchilarning aniqlashlaricha, inson tanasini hayot energiyasi bilan ta’minlaydigan a’zolarning aksariyat qismi aynan suvdan iborat. Masalan, insonning miyasi 90%, qoni 81%, muskullari 75%, terisi va jigari 70%, suyaklari 20% suvdan tashkil topgan ekan. Kamolga yetgan odam tanasining 70 foizi, bir yarim oylik chaqaloq tanasining 97,8 foizi suv bo‘larkan. Shuningdek, chaqaloq tanasidagi hujayralarning yashovchanligi, kurashuvchanligi kattalarnikiga nisbatan bir necha barobar kuchliroq bo‘larkan. Tadqiqotchilar buning sababini ham suv miqdorining nisbatan ko‘pligi bilan izohlashadi. Inson uchun hayot manbayi bo‘lgan qon 15 kunda bir marta, odamning butun tanasi esa muayyan davrlarda 70% gacha yangilanarkan. Va qizig‘i shundaki, bunday yangilanishlar suv vositasida amalga osharkan.

Ushbu ilmiy dalillarga asosan xulosa qilishga urinib ko‘raylik. Mohiyatan “jonli suv” bo‘lgan odam tanasining 70 foizi aynan suv shaklida yangilanib turar ekan, tanani tark etayotgan “eski” suv o‘rinini, borliq (koinot)da mavjud “yangi” suv to‘ldiradi. Demakki, aynan suv vositasida inson umr bo‘yi borliq bilan serkulyar munosabatda yashaydi. O‘zining bir qismini borliqqa berganidek, borliqdan ham kerakli ulushini olib turadi. Natijada har qanday individ borliqdagi barcha mavjudot ta’siridan xoli bo‘la olmaydi. Bunda diqqat qaratish lozim bo‘lgan nuqta so‘z yuritilgan serkulyar munosabatning ijobiy yoki salbiy mohiyat kasb etishidadir. Suv ustida jiddiy tajribalar olib borayotgan yapon olimi Yemoto, rus olimi Zenin tajribalari ayni muammoni ilmiy asoslash imkonini beradi.

Ma’lumki, suv molekulasi (H2O) 2 ta vodorod, 1 ta kislorod atomidan tashkil topgan. Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, shu ikki kimyoviy unsur reaksiyaga kirishganda ikkita ijobiy zaryadli (+), ikkita salbiy zaryadli (-) bo‘sh “qo‘l”lar ortib qoladi. Xuddi shu bo‘sh “qo‘llar” vositasida suv boshqa zaryadlar bilan munosabatga kirishadi. Bunda, albatta, har qaysi bo‘sh zaryad o‘ziga zid bo‘lgan, ya’ni ikkita musbat, ikkita manfiy zaryad bilan bog‘lanib, yangi mohiyatni yuzaga keltiradi. Birgina suv molekulasinining o‘zida, rus olimi Zenin hisob-kitobiga ko‘ra, 44000 axborot qutichalari mavjud bo‘ladi. Olimlar bu qutichalarni o‘ziga xos “biokompyuter” deya izohlashadi. Shu 44000 qutichadan birortasi tashqaridan xoh salbiy, xoh ijobiy axborotni qabul qilib olsa, undan nusxa ko‘chirib, lahza o‘tmay boshqa qutichalarga yetkazadi. Buning natijasida suvning molekulyar tizimi, holati o‘zgaradi. Yuqorida aytganimizdek, bu axborot nafaqat axlat, chirindi, kimyoviy zaharlar shaklida, balki aynan so‘z, fikr, his-tuyg‘ular shaklida bo‘ladi.

M.Yemotaning mikroskopik tasvirga asoslangan tajribalari shuni ko‘rsatadiki, ezgu so‘z, ezgu tuyg‘u, ezgu fikrni “eshitgan”, “ko‘rgan” suvning kristallangan (muzlatilgan) shakli o‘ta go‘zal ko‘rinish va rangga ega bo‘ladi. Aksincha bo‘lganda qorayib, xaotik shaklga kiradi. Yemotaning “Suvning aytganlari” (“Послания воды” – “The Masseges of Water”) kitobida muayyan axborotlar natijasi o‘laroq yuzaga kelgan kristall shakllarning 200 dan 500 martagacha kattalashtirilgan fototasvirlari chop etilgan. Undan ma’lum bo‘lishicha, “farishta” so‘zini “eshitgan” suv kristali gulchambar shaklini, “shayton” so‘zini “eshitgan” suv kristali qorong‘i o‘ra shaklini, “muhabbat” so‘zini “eshitgan” suv kristali oltiburchakli gul shaklini, “jonimga tegding” so‘zini “eshitgan” suv kristali qaqroq cho‘lda qochib borayotgan odam shaklini namoyish qilgan. Bir idishdagi suvga ham ezgu (“rahmat”), ham yomon (“karmisan!”) so‘zlari eshittirilganda suvning asosi faqat yaxshi tomonga o‘zgargan. Ya’ni, Yaratganning buyuk ne’mati bo‘lgan suv ezgulikning yovuzlik ustidan hamisha g‘olib ekanini o‘ziga xos tarzda isbotlagan. M.Yemoto aytadiki: “Agar chuqur tadqiq etilsa, eng og‘ir jinoyatlar og‘zi shaloq odamlar yashaydigan joylarda sodir etilishi ma’lum bo‘ladi”. Tadqiqotlar natijasida suvni eng go‘zal shaklga keltiradigan so‘zlar “muhabbat” va “minnatdorchilik”, eng hunuklashtiradigan so‘zlar esa “nafrat” va “loqaydlik” so‘zlari ekani aniqlangan. Demak, 70% idan ko‘prog‘ini suv tashkil etgan odam o‘ziga nisbatan ko‘rsatilgan mehr-muhabbat bois yayrab-yashnaydi. Faoliyatidan minnatdor bo‘lsalar qalbi quvonchga to‘ladi, yasharadi, sog‘ligi yaxshilanadi, ruhi ko‘tariladi. Bundan kelib chiqadiki, inson nafaqat ruhiy-ma’anviy jihatdan, balki kimyoviy tuzilishi nuqtayi nazaridan ham ezgulikka, ezgu niyatga moyil qilib yaratilgan. U qanchalar yovuz odam bo‘lmasin yovuzlik uni qaritadi, quritadi, ezgulik esa yashnatadi. Bir qarashda o‘zgalarning yomonliklaridan jabrdiyda inson, ayni paytda jafokor ham. Demakki, insoniyat tanazzuli ham, kamoloti ha ma’lum darajada suv vositasida amalga oshadi. Aniq aytganda, suvga Yaratgan tomonidan shunday vazifa yuklangan.

Yemato va boshqa olimlar tajribasida suvning nainki “eshitishi”, balki “ko‘rish” va “his qilish” qobiliyatiga ham ega ekani ma’lum bo‘lgan. “Suvning aytganlari” kitobida faqat ovoz vositasida emas, yozuv, fikr, tuyg‘u vositasida muayyan shaklni olgan suv kristallari xususida so‘z yuritiladi. Masalan, dunyodagi to‘rtta dinni ifodalovchi so‘zlar qog‘ozga yozilib, tajriba probirkasiga yopishtirilganda suv molekulasi u so‘zlarni “o‘qigan” va darhol ularga munosabat bildirgan. Ayniqsa “islom” so‘zini “ko‘rgan” suv ajoyib kristall shaklini olgan.

Olimlarning qayd eshitishlariga ko‘ra, suvning voqelikka munosabati uning suyuq, bug‘ yoki qaynayotgan holatlarida bir xilda davom etaveradi. Faqat muzlagandagina suv bunday faoliyatdan to‘xtaydi, muayyan so‘z, fikr, tuyg‘u shakldagi axborotni muz parchalariga muhrlaydi. Tadqiqotchilar rasmga tushirgan va muayyan axborotning shakli deya taqdim etgan muz kristallari qor parchalariga o‘xshaydi. Ingliz tadqiqotchisi Genri Koanda trillionlab qor uchqunlari bir-biriga shaklan o‘xshamasligini isbotlab dunyoni hayratga solgan edi. Ushbu yangi kashfiyotlardan keyin o‘ylab qolasan, qish mavsumlarida boshimiz uzra charx urib tushayotgan qor parchalari yil bo‘yi so‘zlagan so‘zlarimiz, his-tuyg‘ularimiz, orzu-armonlarimiz, qilmish-qidirmishlarimiz ifodasi emasmikan?!!

Fransuz Uyg‘onish adabiyotining asoschisi Fransua Rablening xalq eposi asosida yozilgan “Gargantyua va Pantagryuel” asarida qiziq bir epizod keladi. O‘zining muhim hayotiy muammosiga javob izlab safarga chiqqan Pantagryuel do‘stlari bilan dengizda suzib ketishar ekan, bir joyda muzlab qolgan so‘zlarni ko‘rishadi. Inchinun, bu so‘zlarning aksariyati so‘kinish, iztirob va qiynoqni ifodalar edi... Bu o‘rinda Rablening ushbu epizodini keltirishdan qanday maqsad ko‘zlangani uchinchi darajaga tushadi. Hozir biz uchun eng muhimi “muzlagan so‘z” tushunchasining bugungi ilmiy kashfiyotlarga mos kelishi, ikkinchidan, xalq eposlarining ilohiy axborotlarni tashuvchi epizodlarga ega ekanidir. Negaki, ko‘p asrlar o‘tib ilmiy isbotini topgan bunday dalillar faqat ilohiy asosga ega bo‘lishi mumkinki, ayni holatlarni “Gilgamesh”, “Ramayana”, “Mahabharata”, “Iliada”, “Odisseya” kabi umumjahon miqyosidagi eposlarda ham kuzatishimiz mumkin.

Xalq ijodiyotida suv bilan bog‘liq o‘ta qiziq axborot kodlari yashiringan bo‘ladi. O‘zbek xalqida “Yaxshilik qil daryoga tashla, baliq bilar, baliq bilmasa Xoliq bilar”, “Tushingni suvga ayt” singari maqollar ko‘plab uchraydi. “Alpomish” dostonining bir variantida ezgu maqsad bilan safarga chiqqan Alpomishning yo‘lida daryo ko‘ndalang bo‘ladi. Daryodan o‘tishga jisman imkoniyat topa olmagan qahramon o‘z orzu-armonlari, ezgu niyatlaridan suvga arz qiladi. Natijada daryo pishqirishdan to‘xtab, ikki tomonga chekinadi. Qahramon bu “yo‘ldan” eson-omon o‘tib oladi, maqsadiga yetadi. Ushbu motivga Qur’oni karim va boshqa diniy kitoblarda keladigan Muso alayhissalom bilan bog‘liq qissa asos bo‘lgani ma’lum. Bunday misollarni xalq eposlaridan istagancha topish mumkin. Ayni misollarning mavzuyimizga aloqador jihati shundaki, Yaratganni tanigan xalq suvga hech qachon o‘lik mavjudod sifatida qaramagan. Shaxsan o‘zim, bolalik paytlarimda suvga tupurib otamdan tarsaki yeganimni yaxshi eslayman.

Men eslagan tupuk, garchi bolaning tupugi bo‘lsa-da, suvga nisbatan hurmatsizlikni ifodalagan edi. Tarsakida esa faqat otamning emas, balki suvni ilohiy moʻjiza deb bilgan komil ajdodlarimning ham qo‘llari bor edi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan vorid bo‘lmish hodisalarda Ollohning Arshi suv ustida ekani aytiladi. U zotning (s.a.v.) o‘zlari mudom sahobalariga suvni isrof qilmaslik, suvni qadrlashdan saboq berganlar. Suv bilan bog‘liq bir necha moʻjizalar ko‘rsatganlari xususida sahih hadislar bor. Xususan, isitma va jahlni bosishda suv eng yaxshi vosita ekanini ko‘p bor ta’kidlaganlar. Suv bilan har kuni besh marta ehtirom ila munosabatda bo‘lish, mehribon va rahmli Olloh nomi bilan tahorat olish islomda farz sanaladi. Yovuzlik va vayronagarchilik keltiruvchi kuchlar, aksincha, suv bilan imkon qadar kamroq muloqotda bo‘lishga uringanlari xususida tarixiy dalillar guvohlik beradi. Qizig‘i shundaki, bunday kuchlar o‘z gumrohliklarini shaytoniy naqllar bilan dalillashga ham uringanlar. Masalan, Chingizxon qo‘shinida “Badaniga suv tekkizgan askar kirga qo‘shib baxt-omadini ham boy beradi”, degan naql yurgan.

Ko‘rinadiki, ezgulik ham, yovuzlik ham, u qaysi shaklda bo‘lmasin, suvning “nigohi”dan qochib qutula olmaydi. Suv esa faqat bunday axborotni anglash, xotirasida saqlab qolish bilangina cheklanmaydi. U barcha axborotlarni odamning o‘ziga, koinotga va shubhasiz, Xoliqqa uzatadi. Ko‘p hollarda suvning o‘zi ham mukofot, ham jazo vazifasini o‘taydi. Dengizaro yo‘l ochib Muso alayhissalom qavmini saodat sari yo‘llaganidek, yovuz Fir’avn qo‘shinlari uchun ajal qiyofasida dahshat soladi. Nuh alayhissalom kemasini “boshi”ga ko‘tarsa, “zolim kimsalar”ni “oyog‘i” ostida yanchadi. Xullas, suv kechmishi bilan bog‘liq tarixdan guvohlik beruvchi oyat-dalillar Ollohning kalomi Qur’oni karimda ham, xalq doston va hikoyatlarida ham, o‘z o‘tmishimizda ham ko‘plab uchraydi. Ushbu dalillardan ezgu xulosa chiqarish esa insonga havola.

Yuqorida tilga olganimiz tadqiqotchilarning barchasi suvning holatini yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin, deb hisoblaydilar. Buning birgina sharti ezgu faoliyat, yaxshi so‘z, komil axloq, pok to‘yg‘u, bir so‘z bilan aytganda, iymon-e’tiqod ekan. Tajribalarda ma’lum bo‘lishicha, suv strukturasini yaxshi tomonga o‘zgartirgan eng muhim vosita Yaratganga qilingan ibodatlar, duo-iltijolar bo‘lgan. U qaysi tilda o‘qilmasin yoki yozma namoyish etilmasin suv molekulalarida go‘zal iz qoldirgan. Bugun, hatto, bunday tajribani amaliyotga tatbiq etishning butun boshli tizimlari ishlab chiqilgan.

Oltoy politexnika instituti professori Pavel Goskov laboratoriyasida qiziq bir tajriba o‘tkazilgan: 60 litr vodoprovod suviga 10 millilitr duo va yaxshi so‘zlar bilan “poklangan” suv aralashtirilganda natija o‘ta ijobiy bo‘lib chiqqan. 10 millilitr “pokiza” suv ta’sirida 60 litr suv to‘la poklangan.

Avstriyalik tabiatshunos olim Alois Guberning EWO tozalash sistemasi quyidagi tamoyilga asoslanadi: “Tabiat qo‘ynida toshdan toshga sakrab, erkin yurgan suv EWO spiraliga yig‘ilib, yanada ijobiy axborotlar bilan boyitiladi. So‘ngra megopolis aholisini ta’minlaydigan vodoprovod suviga yetarli miqdorda aralashtiriladi. Natijada o‘lish darajasiga kelgan vodoprovod suvi ezgu zaryadlar bilan to‘yingan holda o‘z yo‘lida davom etadi. Asablari tarang, sivilizatsiyadan charchagan shahar aholisiga ezgulik energiyasini olib boradi”. Tadqiqotchilar e’tirofiga ko‘ra, tom ma’noda “poklangan” yoki “pokiza” suv ko‘plab jiddiy kasalliklarga shifo bo‘ladi. Bunday suv ta’sirida oshqozon-ichak faoliyati yaxshilanadi, hujayralar turli zaharli unsurlardan tozalanib, keksayish jarayoni sekinlashadi; immunitet kuchayadi; uyquda xotirjamlik paydo bo‘ladi; teri va soch tarkibi yaxshilanadi; bosh og‘rig‘i ketadi; qon bosimi moʻtadillashadi; qand kasali bilan og‘riganlarda qand miqdori o‘rniga tushadi; mehnat faoliyati yaxshilanadi; ekinlarga “pokiza suv” qo‘yilsa, yashnab o‘sa boshlaydi.

Bularning barisi bir qarashda afsona bo‘lib tuyuladi. Ammo bugun suvga mensimay qaraydigan biz o‘zbeklarning ajdodlari suvning moʻjizakor qudratiga komil e’tiqod-la ishonganlar, uning tana va ruh uchun shifo ekanini, tom ma’noda, haqiqat deb qabul qilganlar. Bunday inonchlarning ko‘pi shafqatsiz tarix va ijtimoiy taloto‘plar g‘ubori ostida qolib ketgan bo‘lsa-da, ayrimlari bugungacha yetib kelgan. Masalan, bobolarimiz, momolarimizda saqlanib qolgan oltin, kumush, mis asosli suv idishlariga e’tibor qilsak, ular albatta Qur’oni karimdan biror oyat (ko‘pincha “Yasin” yoki “Ixlos” suralaridan), payg‘ambarlarimizdan biror hadis yoki “Olloh”, “Muhammad” lafzlari bilan “bezatilgan” bo‘ladi. Ba’zi idishlarda hikmatli so‘z, she’r, loaqal biror naqsh zarb etilganini kuzatamiz. Sharq podsholari saroylaridagi hovuzlar ham bunday “bezaklar”dan xoli bo‘lmagan.

Voqean, aytganlarimiz faqatgina bezak vazifasini o‘taganmikan? Yo‘q, shubhasiz, ular suvni har xil manfiy unsurlardan poklashga xizmat qilgan.

Naqshbandiylik tariqatida “zikri xojagon” degan marosim bor. Bunda soliklar doira shaklida o‘tirib, Ollohni zikr etishadi. Qur’ondan sura va oyatlarni muayyan sanoq miqdorida o‘qishadi. Ushbu doira markazida esa, albatta, bir toza idishda suv turadi.

O‘zbekning nikoh marosimlarida kelin-kuyov o‘rtasiga, nafis bezakli idishda suv qo‘yiladi. Nikohda ikki qalb Olloh nomi bilan bog‘langach, ushbu ahdga guvoh bo‘lgan suv ularga ichiriladi. Nikoh suvi shu paytgacha bir-biriga begona ikki yoshni yaktan, birjon qiladi.

Islom olamida, xususan, o‘zbeklarda Qur’on oyatlarini o‘qib suvga dam solish, shu suvni hojatmandga ichirish an’anasi bor. Bundan tashqari keng chinni laganlarning ichkari tomoniga za’farondan tayyorlangan siyoh bilan “Fotiha”, “Yosin”, “Ixlos”, “Mulk” kabi suralarni yozish, yozuv qurigach shu idishga suv qo‘yib, bir, uch, yetti yoki qirq kun o‘tkazib bemorga ichirish orqali muolaja usullari hozir ham uchraydi. Menimcha, bularning barchasi suvga shifobaxsh, ijobiy zaryadlarni singdirib, bemor tanalarni, tuban axloqni, beorom ruhni davolashdan boshqa hech narsa emas. Faqat biz so‘z yuritgan poklash va davolash usullarining birinchisi tajriba bilan, ikkinchisi esa iymon bilan anglangan ilm ekanini qayd etish joiz.

Menga qolsa, inson kelajagining saodatli bo‘lishi uchun barcha suv zahiralariga Olloh va Payg‘ambar alayhissalom so‘zlarini, komil odamlarning insonga qaratilgan ezgu tilaklarini oltin harflar bilan bitib qo‘ymoq kerak, derdim. Suv inshootlari doimo Olloh zikrini “eshitib” tursa, bunday suvdan ichgan jamiyatdan axloqiy, ruhiy-ma’naviy muammolar nari bo‘lishiga ishonaman.

Matbuot sahifalarida bir farangi ayolning zam-zam suvini ichib, bedavo dard – saratondan xalos bo‘lganini quvonch va hayajon bilan yozganini o‘qiganim bor. Zero, zam-zam qudug‘i Makkai mukarramada, ushbu xayrbaxsh quduq esa o‘z ibtidosidan beri Olloh zikrini tinglaydi. Dunyo va oxiratda Olloh zikridan go‘zalroq so‘z bormi o‘zi?!!

Uzoq JO‘RAQULOV,

filologiya fanlari nomzodi, prоfessor

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19276
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16342
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi