“Kundan-kun, yildan-yil o‘tgan sari tilimiz oqmay qolg‘an suvdek muzlamoqqa boshladi” – bir asr oldingi og‘riq


Saqlash
19:31 / 13.10.2022 2420 0

Til – millat mavjudligi va davlat mustaqilligining asosiy belgilaridan biri hisoblanadi. Barcha davrlarda ziyolilar, ma’rifatparvarlar millatga o‘zligini anglatishda ona tilini asosiy vosita deb bilgan. XX asr boshlarida Abdurauf Fitrat, Shokirjon Rahimiy, Ashurali Zohiriy, Qayum Ramazon, Elbek, G‘ozi Olim Yunusov kabi Turkiston jadidlari milliy tilni asrash, uni rivojlantirish uchun kurashlar olib borgan. Bular orasida Ashurali Zohiriy o‘zbek tilining imlo qoidalarini ishlab chiqish borasida qilgan xizmatlari bilan ajralib turadi. U “Sadoyi Farg‘ona” gazetasida chop etilgan “Ona tili” maqolasida: “Qachonki, o‘z tilimizni yaxshilab bilmadikmi, boshqa tilni albatta durust bilmaymiz”, deb yozadi.

 

Ashurali Zohiriy mohir tilshunos, lug‘atshunos, adabiyotshunos olim bo‘lish bilan birga  mashhur pedagog, jurnalist va tarjimon ham edi. U 1885-yili Qo‘qon shahri yaqinidagi Oyim qishlog‘ida tug‘ilgan. Boshlang‘ich ta’limni eski maktabda olgan Ashurali 1897–1914-yillarda Qo‘qon shahridagi Muhammad Alixon (Madalixon) madrasasida o‘qiydi. Madrasada o‘qish barobarida 1907-yildan Qo‘qon shahridagi 2-rus-tuzem maktabida o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi sifatida faoliyat boshlab, 1917-yilga qadar shu maktabda ishlaydi. Ashurali Zohiriy o‘qish va ishdan bo‘sh vaqtlarida arab, fors, turk, ozarboyjon, tatar va rus tillarini mukammal o‘rgangan. 1912-1913-yillarda Qozonda yashab, tatarlar foydalanayotgan ta’lim jarayonidagi innovatsion yo‘llarni o‘rganib kelgan. Qo‘qonga qaytgach, “G‘ayrat” kutubxonasini ochgan va jadid maktablarida o‘qituvchilik qilgan.

 

“Oyina” jurnalining 1914-yil 12-sonida e’lon qilingan “Ho‘qandda usuli savtiya muallimlari” maqolasida Qo‘qon jadid maktablarida dars berayotgan 22 nafar ziyoli nomi ko‘rsatilgan bo‘lib, ro‘yxat boshida Ashurali ibn Muhammadzohirning turgani, u nafaqat rus-tuzem maktabida, balki yangi usul maktabida ham muallimlik qilganligini isbotlaydi.

 

Ashurali Zohiriy 1917-yil sentabrda Qo‘qon shahrida ochilgan Turkistondagi birinchi dorulmuallimin – o‘qituvchilar tayyorlash kursi  tashkilotchilaridan biri bo‘lgan. Keyinchalik dorulmuallimin negizida tashkil etilgan Farg‘ona viloyati ta’lim-tarbiya texnikumida 1921–1926-yillarda o‘zbek tili va adabiyoti fanidan dars bergan.

 

1917-yil fevralda Rossiyada bo‘lgan burjua inqilobi Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga ham ta’sir ko‘rsatadi. Turkiston jadidlari milliy davlat qurish g‘oyalarini amalga oshirish yo‘lida kurashga bel bog‘laydilar. Ashurali Zohiriy ham bu harakatning bevosita ishtirokchisiga aylanadi. U 1917-yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan “O‘lka musulmonlarining birinchi qurultoyi”da Turkistonning demokratik Rossiya  tarkibidagi Muxtor jumhuriyat tuzish haqidagi qarorini yoqlab chiqqan va Turkiston o‘lka musulmonlar sho‘rosining Farg‘ona viloyati tashkiloti faoliyatini yo‘lga qo‘yishga boshchilik qiladi.

 

Shuningdek, 1917-yilning 1-iyunidan Qo‘qonda o‘z muharrirligi ostida “Yurt” jurnalini chiqara boshlaydi. Jurnal sahifalarida ozodlik, mustaqillik buyuk ne’mat ekanligini e’tirof etuvchi hamda Turkiston xalqlarini birlashuvga chorlovchi maqolalarini e’lon qilib borgan. Uning  100 yil oldin aytgan “Maqsadga yetmoq uchun ittifoqlik har nav zulmdan qutulmoqning muqaddimasidur, ammo bunday muhim fursatda g‘aflat ulug‘ bir jinoyatdur”, degan  fikrlari bugungi kunda ham eskirmagan  haqiqatdir. Ashurali Zohiriy 1917-yil noyabrda tashkil topgan Turkiston Muxtoriyatining ishlarini yo‘lga qo‘yishda va milliy hukumatni saqlab qolishda kuch-g‘ayratini ayamagan.

 

Ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisi Ashurali Zohiriy matbuot sohasida ham samarali mehnat qilib, “Sadoyi Farg‘ona” (1914), “Xalq gazeti” (1918-1919), “Mehnat bayrog‘i” (1921), “Farg‘ona”, “Yangi Farg‘ona” (1921–1930) gazetalarida adabiy xodim bo‘lib faoliyat olib borgan.

 

Ashurali Zohiriy o‘qituvchilik, jurnalistlik, muharrirlik va noshirlikdan tashqari maktab o‘quvchilari uchun darsliklar ham yozgan. U 1912-yili maktab o‘quvchilari uchun “Turkiy xrestomatiya yoxud terma kitob” va 1916-yili boshlang‘ich maktablarning to‘rtinchi sinf o‘quvchilari uchun “Imlo” darsliklarini yaratgan. Zohiriy “Imlo” kitobining so‘z boshisida turkiy tilning uzoq davr arab va fors tillari tazyiqi ostida qolib kelganidan, so‘nggi paytda esa uning butunlay arab imlosi tartibida yoziladigan, o‘ndan bir kalimasini ham odamlar anglamaydigan darajaga yetib kelganidan qayg‘urib: “Buning bilan kundan-kun, yildan-yil o‘tgan sari tilimiz oqmay qolg‘an suvdek muzlamoqqa boshladi. Hatto ba’zi kishilarimiz arabiyg‘a xeyli iqtidorli bo‘lsa, o‘z tilimizning eng kerakli qoidalarini ham bilmaydurg‘on bo‘ldilar”, deb ta’kidlagan.

 

“Imlo” darsligi bilan tanishib chiqqan Abdurauf Fitrat o‘zining “Sarf” kitobi so‘zboshisida ona tilini o‘qitish tamoyillari, o‘zbek adabiy tilining qonun-qoidalarini belgilash, tilning taraqqiyot yo‘nalishlarini aniqlash haqida fikr yuritar ekan, Ashurali Zohiriyning xizmatlarini alohida e’tirof etib o‘tgan. Tatar ma’rifatparvari Abdurahmon Sa’diy esa o‘zbek adabiy tilining maydonga kelishi, milliy matbuotning yo‘lga qo‘yilishi, o‘zbek tilida kitoblar chop etilishida jadid ma’rifatparvarlarining hissalarini munosib baholab, “Uyg‘onish davrida bu ishlarni Behbudiy turg‘azib, Hoji Muinlar, Zohiriylar ishlaguchi bo‘ldilar”, deb ta’kidlagan.

 

Ashurali Zohiriyning tilshunoslik merosida “Ruscha-o‘zbekcha mukammal lug‘at”i (1927-1928 y.) salmoqli o‘rin egallaydi. 34 ming so‘zdan iborat ikki jildli ushbu lug‘at milliy tilimizning leksik me’yorlarini belgilashda katta ahamiyatga ega bo‘lgan.

 

Ashurali Zohiriy o‘sha vaqtda yaratilgan o‘zbek tiliga oid har qanday risola, darslik, o‘quv qo‘llanma va kitoblar bilan tanishib, ularni tahlil qilgan hamda taqrizlar yozgan.  Jumladan, Majiy ismli kishi tomonidan rusiyzabon o‘quvchilarga mo‘ljallab tayyorlangan “Самоучитель узбекского языка” kitobini tanqid qilib, undagi o‘zbek tilining alifbo va imlo, tinish belgilari, lug‘at qismidagi xatoliklarni ko‘rsatib bergan hamda “Bu kitob ilmiy, fanniy, ta’lim-tarbiyaviy va mafkuraviy jihatdan aslo yaramaydur”, deb xulosa bergan.

 

Ashurali Zohiriy o‘z davrining taniqli tilshunos olimi sifatida Toshkentda 1921-yili Til-imlo qurultoyida, 1922-yili O‘zbek madaniyat va maorif xodimlarining o‘lka qurultoyida, 1926-yili Bokuda Turkiyot qurultoyida, 1927-yili Samarqandda Lotin alifbosini qabul etishga bag‘ishlangan O‘rta Osiyo ilmiy anjumanlarida faol ishtirok etgan.

 

1921-yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan Til-imlo qurultoyi jadidlarning “Chig‘atoy gurungi” tashkiloti tashabbusi bilan tashkil qilingan bo‘lib, unda “Chig‘atoy gurungi” imlo asoslari qabul qilingan. Ular eski alifbo-imlo savod chiqarishga, maktab-maorif rivojiga, madaniy taraqqiyotga to‘sqinlik qilgani uchun shunday qarorga kelganlarini yig‘ilganlarga asoslab berishga harakat qilganlar. “Chig‘atoy gurungi” a’zolari til va yozuv masalasida asosan o‘zbek millati manfaati nuqtayi nazaridan ish ko‘rishgan. Ular yangi o‘zbek milliy adabiyoti va adabiy tilini yaratishni maqsad qilganlar. Uning Navoiy davridagidek mavqeiga, shon-shavkatiga qaytishini, boshqa turkiy tillar uchun ham o‘rnak bo‘lishini istaganlar. Natijada imlo masalasida ziyolilar o‘rtasida fikriy bo‘linish sodir bo‘lgan. Munavvarqori, Muso Begiyev, Ashurali Zohiriylar Turkiston ozodligi uchun kurash ketayotgan bir sharoitda milliy-madaniy jabhada yolg‘iz o‘zbek millati nomi bilan yo‘l tutilsa, kurashning dushman foydasiga hal bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, O‘rta Osiyodagi turkiy xalqlar uchun umumiy bir til, yagona yozuv va adabiyot yaratishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yganlar.

 

1923-yilning oktabrida Buxoroda bo‘lib o‘tgan O‘rta Osiyo o‘zbeklarining Til va imlo o‘lka anjumanida yangi alifboni isloh qilish, imloni ishlab chiqish masalalari muhokama qilingan. Yig‘inda ishtirok etgan Ashurali Zohiriy til, imlo va yozuv bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini taqdim etgan. Ushbu yig‘inda kelgusida alifboni lotinlashtirish fikri ishtirokchilar tomonidan ma’qullangan.  Shu o‘rinda qayd etish kerakki, arab alifbosidan lotin alifbosiga o‘tish g‘oyasi XIX asrning ikkinchi yarmidayoq ozarboyjonlik ma’rifatparvar Mirza Fatali Oxundov tomonidan ilgari surilgan. 1922-yildan boshlab Ozarboyjonda lotin alifbosini joriy etishga doir tadbirlar amalga oshirila boshlangan. Ko‘p o‘tmay bu tashabbus turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlar o‘rtasida ham keng yoyilgan.

 

1926-yil 26-fevral – 3-mart kunlari Bokuda Birinchi Butunittifoq turkologiya qurultoyi o‘tkaziladi. Qurultoyda O‘zbekistondan Abdurauf Fitrat, Rahim In’omov, Ashurali Zohiriy, Shokirjon Rahimiy, Elbek, G‘ozi Yunus va boshqalar vakil bo‘lib boradi. Qurultoyda turkiy xalqlarning lotin alifbosiga o‘tishlari haqida qaror qabul qilingan. Shu yilning o‘zida O‘zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi “Yangi alifbo markaziy qo‘mitasi”ni tuzish to‘g‘risida qaror chiqargan.

 

1929-yil may oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Til va imlo anjumanida lotin alifbosiga o‘tish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Abdurauf Fitrat, Ashurali Zohiriy, Cho‘lpon, G‘ozi Olim, Qayum Ramazon, Elbek, Shokirjon Rahimiy singari jadid namoyandalari lotin yozuvi asosidagi yangi o‘zbek alifbosi va imlosini ishlab chiqish hamda uni joriy etish ishlarida faol ishtirok etgan.

 

Ashurali Zohiriy til sofligini saqlash jonkuyarlaridan biri bo‘lganini uning matbuot sahifalarida chop etilgan qator maqolalari ham tasdiqlaydi.  U 1929-yili “Qizil O‘zbekiston” gazetasidagi “Til va imlo” maqolasida: “Agar ajnabiy so‘zlar olinaversa, tilda soflik bita-bita, sal yilning ichida boshqa so‘zlar u tilni qoplab, tanimasliq holga keltiradi va yutadi”, deb uqtirgan edi. Ashurali Zohiriy til sofligini saqlash va milliy tilni rivojlantirishni targ‘ib qilar ekan, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburning til sohasidagi ilmiy merosini chuqur o‘rganadi. Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” (Ikki til muhokamasi) va “Vaqfiya” asarlari ustida matnshunoslik tadqiqotlari olib borgan. Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” va Zahiriddin Muhammadning “Boburnoma” asarlarini chop ettirgan.

 

Milliy tilimizning tolmas kurashchisi Ashurali Zohiriy sovet hokimiyati olib borayotgan siyosatga qarshi chiqqanlikda va millatchilikda ayblanib 1930-yil 31-dekabrda 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Qamoq jazosi 1934-yili muddatidan oldin bekor qilingach, yurtiga qaytgan Zohiriy o‘z faoliyatini davom ettirgan. Ammo 1937-yilda qaytadan avj oldirilgan qatag‘on siyosati Ashurali Zohiriyni ham chetlab o‘tmaydi. Milliy til jonkuyari 1937-yil 5-sentabrda qamoqqa olingan va shu yilning  dekabr oyida “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan.

 

O‘zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan millatparvar va vatanparvar jadid bobolarimiz faoliyatini chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish boshlandi. Jadidchilik harakatining yirik namoyandalari qatorida Ashurali Zohiriy va uning tilshunoslik merosi  filolog olim To‘lqin Tog‘ayev tomonidan o‘rganildi. Ammo haligacha Ashurali Zohiriyning Turkiston jadidchilik harakatidagi ishtiroki, tarjimonlik, pedagogik va jurnalistik faoliyati chuqur o‘rganilmagan. Uning gazeta va jurnallarda e’lon qilingan istiqlol va ozodlikni targ‘ib qiluvchi, ma’rifatparvarlik, til – imlo masalalariga oid maqolalari to‘liq jamlangan kitobi chop etilmagan.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 28-sentabrda Farg‘ona viloyati saylovchilari bilan bo‘lgan uchrashuvida jadidchilik harakatining yirik namoyandasi Ashurali Zohiriy hayoti va merosini o‘rganish, kengroq targ‘ib qilish, nomini abadiylashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan bo‘lib, bu tilshunos, adabiyotshunos, tarixchi, pedagog olimlar oldiga Ashurali Zohiriy faoliyati, uning ilmiy merosini chuqur o‘rganish vazifasini qo‘yadi.

 

Dilnoza JAMOLOVA,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23614
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//