Aravakash yulduz turkumi, “o‘lim tegirmoni” – “Xudo yo‘ldan urmasin” iborasi ortidagi qarashlar


Saqlash
11:28 / 10.10.2022 1903 0

Tong. Hovlimizda tarvaqaylab o‘sgan daraxt qora qalam bilan chizilganday xira ko‘rinadi. Undan narida hayot alomati sezilmaydi. Qishloqda hukm surayotgan sukunatni ayvon chirog‘i yorug‘ida muk tushib yelim idishga tovuq tuxumini joylayotgan onamning nasihati buzadi. Onam oq idishga tuxumlarni bittalab terib chiqar ekan, menga gap uqtiradi: “Uzoq yo‘lga yakka ketma, mol haydagan odamlarga qo‘shilib ol, katta yo‘ldan chiqma, ariq tomondan yur, dala chetiga kul-pul to‘kilgan bo‘lsa... tongda farishtalar yuradi deyishadi, baribir ehtiyot bo‘l”.

 

Onamning gaplarini toqatsizlik bilan tinglab, tasdiq ma’nosida bosh irg‘ab, xo‘p-xo‘p degancha ko‘cha tomon yo‘l olaman. Salqin havodan etim junjikadi. O‘ng qo‘limni qo‘ltiqqa urib, chap qo‘limda idishni ko‘tarib yo‘lga chiqaman. Zum o‘tmay barmoqlarim sovuqdan hech narsa sezmay qoladi. Idishni o‘ng qo‘limga olib, yo‘l yoqasidagi katta ariq – tutqator tomonga o‘taman. Oldinda ham tutlar qorayib ko‘rinadi. Mol-qo‘y haydagan bozorchilarning chuh-chuhlagan ovozi va tuyoq tovushlari adog‘i ko‘rinmas yo‘lda yolg‘iz emasligimdan dalolat, taskin beradi. Ayni dam olisdan azon eshitiladi. Odatda azon boshlanishi bilan cho‘kkalab, uning tugashini kutar, keyin qo‘limni fotihaga ochib, pichirlab duo o‘qirdim. Hozir... bir daqiqa bo‘lsa ham bozorga oldinroq borish, tuxumlarni olibsotar xotinlarga pullab, ro‘zg‘orlik qilib, uyga tez qaytish ilinjida kattaroq odimlayman. Shu tariqa yo‘l yarmiga yetganimda tong yorishadi. Endi chizg‘ich bilan chizilgandek to‘g‘ri yo‘lning adog‘i torayib tutqator va dala bir-biriga qo‘shilib ketganday ko‘rina boshlaydi. Go‘yo sen yurganing sari u kengayib, bag‘rini ochayotganday...

 

Hayot, umrning qiymati haqida o‘ylasam, negadir shu manzara ko‘z oldimga keladi. O‘zimni hamon o‘sha yo‘lda – onam joylab bergan tuxumlarni sindirib qo‘ymaslik uchun yelim idishni mahkam tutib ketayotgandek tasavvur qilaman. Aslida ham umrimiz ana shu yo‘lga o‘xshaydi. Biz esa almisoqdan beri mangu yo‘lovchilarmiz. Ehtimol shu bois yo‘lga xuddi insonlardek munosabatda bo‘lib, ta’bir joiz bo‘lsa, uni mehrob kabi aziz sanaymiz.

 

Islom dinida ham yo‘lda yotgan ozor yetkazuvchi narsani olib tashlash savob amal ekani aytiladi. Xalqimiz yo‘l elning haqqi, unga xiyonat – tomorqaga qo‘shib olishni uyat, gunoh deb hisoblagan. Shu bois yaqin-yaqingacha ma’lum hududda yashovchi odamlarga yo‘lining ravonligi, keng yoki torligiga qarab ham baho berishgan. “Fe’li kengning yo‘li keng” degan naql ana shunday qarash hosilasi o‘laroq yaralgan. “Yo‘li keng”lik esa baxt-saodatga ishora. “Ko‘ngliga yo‘l topdi”, “yo‘ldan urdi”, “xudo to‘g‘ri yo‘lga soldi” kabi iboralar inson umri ham adog‘i ko‘rinmas, ammo yurilgan sari kengayib boraveradigan yo‘lga o‘xshashidan dalolat beradi.

 

Umr yo‘li esa dovga tikilgan. Uning adog‘ida sizni nima kutishini, manzilga yetib borguncha qanday yo‘llarda sarson-u sargardon bo‘lishingizni bilmaysiz. Bu xuddi biz – otamning ukasi Hakimxon akam va yana o‘n-o‘n besh chog‘li qishloqdoshlar Bobotoqqa qilgan safarimizga o‘xshaydi. Manzil – tog‘ olisdan ko‘rinib turibdi, ammo uning etagidagi katta-kichik tepaliklar oralab toqqa eng yaqin va ravon yo‘lni topish doim ham nasib etavermaydi...

 

O‘shanda Hazrat Sulton ziyoratiga yo‘l olgan edik. Navro‘zdan keyin qirlarning yashilligi ko‘zni olar, ot-u eshakli biz yo‘lovchilar bu go‘zallikdan bahra olishdan ko‘ra manzilga tezroq borish ilinjida ulovimizni niqtar edik. Ayniqsa, akamning mendan bir yosh kichik o‘g‘li Zayniddin (yo‘ldoshlar orasida eng kichigi biz edik) ikkovimiz Bobotoqqa tezroq yetishni o‘ylardik. Ammo yo‘limiz unmas, Zayniddin ikkimiz o‘zimizcha buning sababini axtarib topgandek edik. Xullas, yo‘lboshlovchimiz Hakimxon akam oldinda yo‘rg‘a otda borar, boshqa yo‘lovchilar mingan eshaklar ham otga yetishib yurayotgan edi. Safning oxirida esa yoshi yetmishdan oshgan, qorachadan kelgan, qotma, oriq va chayir chol – Safar bobo yayov kelardi. Mo‘ysafid kalishini yaktagining ikki bariga qo‘shib belbog‘iga qistirgancha ortimizdan yetishib yuribdi. Akam ancha oldinlab ketgan vaqtlarda ot sovib qolmasin uchun ortga qaytar va Safar boboning yoniga kelib uni gapga solardi. “Hazrat boboga piyoda borsa savobi ko‘p-da, eshonbobo”, deydi chol. “Chin aytasiz, bizlarga ham sizning yoshingizga yetib, mana shunday chaqqon bo‘lib yurish nasib qilsin”, deydi akam. Ularning gurungi qizigani sari Zayniddin ikkimiz jahl qilamiz: “Tezroq yursak bo‘lmasmikan? Boboning hamsoyasining otdan ham tez yo‘rg‘alaydigan eshagi bor, so‘rab tursa yo‘q demasdi...”.

 

Jonimizga ora kirib oldinda ketayotgan Boyqobil bobo xitob qiladi: “Ahay, qaysi tomonga yo‘l tortamiz, eshonbobo!”.

 

“To‘g‘riga qarab ketaberamiz-ayy!”, akam shunday deya otni oyog‘i bilan niqtab bizga yetib oladi.

 

– Qanday, charchab qolmadilaringmi?

 

– Yo‘q, qayerga keldik o‘zi? ...Hali uchinchi fermaning chegarasidan o‘tmadikmi?! – deydi Zayniddin ajablanib. – Biz o‘tgan safar mol haydaganimizda shuncha paytda cho‘ponning uyiga yetgandik.

 

– Boboga qarab sekinroq yurishimiz kerak-da, deyman salmoqlanib.

 

– Tuss, bobo eshitsa xafa bo‘ladi, ko‘p gapirmanglar, –  akam shunday deya bizdan uzoqlaydi. Ammo ketayotib ortiga qayrilib Safar boboga xitob qiladi: “Xudo quvvat bersin, shoshmasdan kelabering!”.

 

Chol hamon o‘sha siniq tabassum bilan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yadi, tezroq yurishi kerakligini anglab ildamlaydi. Ko‘p o‘tmay peshin bahona chordona quramiz. Suvi qochgan nonga parvardani qo‘shib chaynaymiz. Yo‘lboshchimiz maslahat olmoqchi bo‘lganday muddaosini bildiradi: “Kech tushguncha biron qora joyga yetishimiz kerak. Eski yo‘limizdan ketsak cho‘ponlarning haydovidan o‘tamiz, qo‘ton yo‘q. Boboxon ziyoratiga qaytayotganda kirib o‘tsak, hozir yo‘lni qisqartish uchun Sho‘rchining usti bilan ketamiz, ma’qulmi?!”.

 

Buni hamma bir ovozdan ma’qullaydi. Kichik karvonimiz tag‘in yo‘l tortadi.  Darhaqiqat, bu qadim yo‘llar ne bir avliyolarni, qanchadan-qancha oltin-u javohir ortilgan karvonlarni ko‘rmagan deysiz. Gohida yo‘l ularni adashtirgan, ba’zan ularning o‘zi yo‘ldan adashgan. Shonli tarixning guvohlik berishicha, aynan yo‘llar xalqlar va mamlakatlar taraqqiyiga xizmat qilgan. Naql qilishlaricha, qadimgi xalqlarning har jihatdan rivojlanishida savdo, tranzit yo‘llarning ahamiyati katta emish. Biz buni Buyuk ipak yo‘li misolida yaxshi bilamiz. Ammo ungacha bo‘lgan tariximizda ham qadim yo‘llar mavjud edi.

 

Yilnomachilarning ta’kidlashicha, Buyuk ipak yo‘li tashkil topmasdan ancha avval Qadimgi Sharq va O‘rta Osiyo hududlarida o‘zaro almashinuv yo‘llari bo‘lgan. Xususan, miloddan avvalgi III-II ming yilliklar – Bronza davrida Lojuvard yo‘li deb atalgan yo‘l bo‘lgan. Uning bir tarmog‘i Badaxshon, Baqtriya va Marg‘iyona hududlarini Xorazm, So‘g‘d, Markaziy Qozog‘iston va O‘rol bilan bog‘lagan. Yana bir tarmog‘i esa Baqtriya va Marg‘iyonani Mesopotamiya bilan bog‘lagan. Bu yo‘l Pomir tog‘idan boshlanib, Eron, Old Osiyo, Misr orqali o‘tgan. O‘rni kelganda ta’kid etish kerak, aynan o‘sha davrda O‘rta Osiyodagi eng qadimgi shahar tashkil topgan. Jarqo‘tondagi qazishma ishlarida topilgan asotirlar o‘sha ilk shahar-davlatning qanchalik taraqqiy etganidan guvohlik beradi. Ha, Lojuvard yo‘li kabi karvon yo‘llari mamlakatlar taraqqiyotiga sabab bo‘lgan. Ayni paytda rivojlangan o‘lka kishilari katta yo‘llarni kashf etgan!

 

Ana shunday qadim yo‘llardan yana biri – Shohlar yo‘lidir. Eron ahmoniylarining yo‘li bo‘lgan Shohlar yo‘lining bir tarmog‘i miloddan avvalgi VIIV asrlarda Kichik Osiyo shaharlarini hamda O‘rta dengiz bo‘yidagi Efes, Sardi shaharlarini Eronning markazlaridan biri Suza bilan bog‘lagan. Yana bir tarmog‘i esa Eron-Baqtriya orqali So‘g‘diyona, Toshkent vohasi va Qozog‘iston hududidan o‘tib Oltoygacha borgan.

 

Miloddan avvalgi II-I asrlarga kelib Xitoyni O‘rta va G‘arbiy Osiyo bilan bog‘laydigan karvon yo‘li paydo bo‘ladi. Bu biz yaxshi bilgan Buyuk ipak yo‘li edi. Uning umumiy uzunligi 12 000 kilometrdan iborat bo‘lgan va ilk o‘rta asrlarga kelib, Ipak yo‘li yanada rivojlangan. O‘z davrida nihoyatda katta ahamiyatga ega bo‘lgan bu yo‘lning dastlabki tarmog‘i Xitoydagi Sian shahridan boshlanib, Sharqiy Turkiston, O‘rta Osiyo, Eron, Mesopotamiya orqali O‘rta dengizgacha cho‘zilgan.

 

Bu karvon yo‘llarida Safar boboga o‘xshab savob va ilm ilinjidagi kishilar ham, Zayniddin ikkimiz kabi tomoshatalablar ham, tong qorong‘isidan mol-u qo‘yini bozorga haydagan kishilar ham yurgan. Bitta yo‘ldagi turfa niyatli odamlar Sharqdan G‘arbga qarab oqqan daryoday tinim bilmagan. Shu yo‘sinda yo‘llarda madaniyatlar tutashgan, odamlar dunyoni tanigan. Mamlakatlar taraqqiy etgan. Ha, kunduz quyoshga, tunlar yulduzlarga qarab manzilini aniqlagan ajdodlarimiz shu tariqa dunyo ilmini o‘zlashtirgan, bilganini boshqalar bilan baham ko‘rgan. Ular beadoq sahro kezib, goh adashib, adashmay ko‘zlangan manzil kabi insonlar qalbiga ham yo‘l topgan. Buning isboti o‘laroq hech ikkilanmasdan dunyoga o‘zimizni beruniylar, temuriylar, termiziylar, buxoriylar avlodimiz deya tanitayotganimizni aytish kifoya.

 

Shonli o‘tmishimiz yo‘lini charog‘on qilib turgan bu ajdodlarimiz bizni doim o‘ziga rom etgan Somon yo‘li yulduzlariga o‘xshaydi. Fan Somon yo‘lini shunday izohlaydi: “Somon yo‘li galaktikasi o‘zaro tortishish kuchi bilan bog‘langan hamda Quyoshni ham o‘z ichiga olgan 200 milliarddan ortiq yulduzning tartib bilan joylashgan ulkan gravitatsion tizimidir”.

 

Qiziq jihat, Somon yo‘lining tuzilishi juda murakkab. U ba’zi joyda 30 darajagacha kengaysa, ba’zi joyda 4-5 darajagacha torayadi. Somon yo‘lining ravshanligi hamma joyda bir xil emas. Uning katta qismi Aravakash yulduz turkumi atrofida joylashgan.

 

Shunday o‘ylar bilan shahar ko‘chasida ketar ekanman, oldindagi mashina bilmasdan chet eldan keltirilgan allambalo mashinaning yo‘lini to‘sib qo‘yadi. Bir zumda katta ko‘chani mashinalarning bep-bep signali tutadi. So‘ng xorij ulovini boshqarayotgan shovvoz har qadamda boyagi mashinaning yo‘lini to‘sib chiqaveradi. Uning yo‘lini to‘sish barobarida boshqalarga ham xalal beradi. Ammo hech kim unga signal chalib dakki berishni istamaydi. Xayolimdan “Aravakash yulduz turkumi ostida yashayotgan bu aravakashlar nega buncha shoshadi?!” degan o‘y o‘tadi. Ha, biz kimningdir yo‘lini to‘sib bo‘lsa ham manzilga vaqtliroq borishni istaymiz. Yetib boramiz-u g‘irt bekorchining ishi – telefon titkilash, ijtimoiy tarmoqlardagi o‘tkinchi mavzular haqida bahs qilish bilan band bo‘lamiz. Asl manzilga esa insonlar qalbiga yo‘l topish orqali yetish mumkinligi haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Shu jihatdan XXI asr odamlari gohida yo‘lini yo‘qotib, “o‘lim tegirmoni”ga tushib qolgan chumolilar karvoniga ham o‘xshab ketadi ba’zan.

 

Amerkalik sayohatchi Uilyam Bib “Jungli qirg‘og‘i” (“Edge of Jungle”) kitobida 1921-yilda Gayanada chumolilar taxminan 365 metr doira hosil qilib aylanayotganiga guvoh bo‘lganini yozadi. Bu chumolilar to‘dasi ikki kun davomida doira bo‘ylab tinimsiz aylanadi. O‘shanda chumolilarning katta qismi o‘ladi. Tirik qolgan kichik guruh esa doiradan omon chiqadi.

 

Bunday voqealarga boshqa insonlar ham duch kelgani haqida ma’lumot bor. Bunday hodisani o‘rgangan olimlarning ta’kidlashicha, chumoli bir juft uzun mo‘ylabi bilan yer chizib hid olib yuradi. U uyasidan ma’lum masofa uzoqlashgach o‘zi yurgan yo‘lda qolgan hid bo‘ylab manzilini topib keladi. Ayrim vaqtlarda qandaydir sabab tufayli chumoli yo‘lda aylanib o‘zi o‘tgan joyga duch keladi va shu tariqa doira bo‘ylab aylanishni boshlaydi. Bu aylanma harakat baxtli hodisa tufayligina omadli yakunlanishi mumkin. Aks holda ularni muqarrar o‘lim qarshi oladi. Shu bois olimlar bu hodisaga “o‘lim tegirmoni” deb nom bergan. Biz tomonlarda chumolilar karvoni bilan bog‘liq bunday hodisa kuzatilgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Bil’aks, bizdagilar sira adashmay uyini topib boruvchilarni chumoliga o‘xshatadi. Yo‘ldan adashganlarga ularni ibrat qilib ham ko‘rsatishadi. Qur’onda intizom borasida takrorlanmas hisoblanadigan chumolilarning zikri Naml surasida Sulaymon alayhissalom qissasi ichida kelgan. Ha, biz bilgan chumolilar yo‘l harqancha tartibsiz bo‘lsa ham sira adashmay inini eng qisqa yo‘l bilan topib keladi. Buning sirini Berlindagi Humbolt universiteti talabasi Fleur Lebhardt magistrlik darajasi diplom ishida o‘rgangan. U sahroda yashovchi qora chumolilarda tadqiqot o‘tkazgan. Natija esa kutilganidan ham ajoyib: chumolining ko‘zi inson ko‘ra olmaydigan ba’zi nurlarni ko‘ra olar ekan. Uning ko‘zida kompasga o‘xshagan yo‘nalish aniqlaydigan tizim mavjud emish. Shu tizim yordamida chumoli yo‘nalish olib, shimol va janub qaysi tomonda ekanini aniqlay olar va hech qanday qiyinchiliksiz yemish topib, adashmasdan iniga qaytarkan. Chumoliga tortiq etilgan bu imkoniyat bugungi zamonaviy texnologiyalarni ham ortda qoldirishi aytiladi. “O‘lim tegirmoni”ga tushib qolishi mumkin bo‘lgan va biz biladigan boshqa chumolilarni bir-biriga qiyos etib fikr yuritgan kishi “Xudo yo‘ldan urmasin” degan tilakning naqadar teran ma’no kasb etishini anglaydi.

 

* * *

Darvoqe, allaqachon xufton vaqti kirgan, biz esa hamon cho‘ponlar uyiga duch kelmay Bobotog‘ etagidagi kenglikda sargardon kezib yurardik. Nihoyat, olisdan otning kishnagan ovozi eshitildi. Ko‘p o‘tmay cho‘pon itlari hura boshladi. Demak, yaqin-atrofda qo‘ton bor. Biz shu vaqtgacha itlarning hurishidan bunchalik quvonmagan edik chamamda. Adashmagan ekanmiz, navbatdagi tepalik pastidan chiroq yorug‘i ko‘zga tashlandi. Nihoyat qo‘noq joy topildi. Mezbonlarning aytishicha, biz bir joyda aylanib ancha vaqt sarflagan ekanmiz. Ertasi kuni tongda biz aylanib o‘tishni maqsad qilgan Boboxon bobo ziyoratiga yetib bordik. Ziyoratdan nari yo‘l – Hazrat Sulton ziyoratigacha bo‘lgan masofa uncha ko‘p vaqt olmadi va kichik karvonimiz bilan tog‘ cho‘qqisini zabt etdik. Darhaqiqat, bu ko‘hna dunyo necha bir karvonlarni, ne bir yo‘lovchilarni ko‘rmagan deysiz. Ularning hammasi ham yo‘ldoshlarning fikriga quloq tutib, ular bilan bamaslahat ish tutishga, yo‘l topishga jahd qilgan. Lekin ularning aksari Zayniddin va men kabi jigarporalarining inon-ixtiyorini hisobga olib amal bajarar ekan-da. Yo‘l esa Safar bobo kabi nimtabassum bilan bizni kuzatib, jimgina nasihat qilar ekan.

 

* * *

– Nechta tuxum bor? – deydi ukasi yetaklagan buqaning ortidan ketib borayotgan Olim aka qo‘limdagi idishga ishora qilib. U o‘ttizga yaqin tuxumni olib ketayotganimni bilib ajablanadi, nechta tovug‘imiz borligi-yu ularning qanchasi tuxum berishi va necha puldan sotishimni so‘raydi.

 

– Narxini bozor ko‘rsatadi-da, – deyman bunga javoban.

 

– Bir haftalik tuxum bo‘lsa falon so‘mdan beraman, sotasanmi? – deydi Olim aka o‘tgan bozorda sotilgan tuxum narxi ustiga uch so‘m qo‘shib aytib. Beixtiyor yelim idishni chap qo‘lga olib, o‘ng tomonimdagi qishloqdoshimga rad javobini beraman. Keyin o‘zimcha xayol qilamanki, tuxum narxi men bexabar ikki barobar oshib ketgan-u Olim aka shuni bilib qimmat so‘rayapti. Bu o‘y qadamimni tezlatishga rag‘bat beradi.

 

Hamon o‘shandagi holatim va o‘sha yo‘l haqida o‘ylasam yodimga eng qadim shahar-davlatni boshqa mintaqalar bilan bog‘lagan Lojuvard yo‘li esimga tushadi. Inson umri qiymati oldida qadri tuxum kabi omonat bo‘lgan tosh sharafiga atalgan bu yo‘ldan kimlar, ne maqsadlarda yurgan ekan?! Uni kim kashf etgan? Ilk yo‘lovchi karvon nimalar, qay maqsadni ortmoqlab yo‘lga chiqqan? Buni hech kim bilmaydi. Hozirgacha yetib kelgan, oqsoch tarixning bizga ravo ko‘rgan haqiqati shuki, bu yo‘lda eng ko‘p qadrlangan narsa Badaxshon lojuvardi!

 

Zamonlar o‘tishi bilan lojuvard tosh ham, uni to‘tiyo qilgan kishilar ham ilk shahar-davlat bilan birga tuproq ostida qolib ketdi. Toki XX asr olimlari bu joyni topmaguncha insoniyat bu shaharni ham unutib yuborgan edi. Ularning topilishi o‘tkinchi dunyodagi abadiyat yo‘lagidan necha avlod yo‘lovchilar nom-nishonsiz o‘tib ketaverishidan nasihat qiladi. Termiz arxeologiya muzeyida Jarqo‘tondan topilgan qabr va unda yotgan ayol ustixoniga qarab, lojuvard tosh qiymati haqida o‘ylagan edim. Qiziq, o‘sha zamonda odam vafotidan so‘ng yetti kun yo‘l yurib jannat darvozasiga yetadi deb ishonishgan. Shu bois bronza davri kishilari o‘ziga qadrli bo‘lgan buyumlari va yetti kunga yetadigan suv, yemak bilan qo‘shib ko‘milgan. Keyin marhumning davlatiga qarab, uning kaftiga oltin yoki mis tanga solib qo‘yishgan. Emishki, shu tangani posbonlarga berib jannatga kirar ekan.

 

Zamondoshlarimiz bu e’tiqod haqida eshitib jilmayadi, “Eh, o‘tmish kishilari shunchalik sodda bo‘lganmi?!” deydi. Ammo “inomarka”sida bundayroq odamning yo‘lini bemalol to‘sib hunar ko‘rsatish, devorni yarim metr ko‘cha tomondan olib, hovlisini kengaytirish, qo‘lidagi chiqindini katta yo‘lning duch kelgan joyiga uloqtirib ketaverish bronza davri kishilari e’tiqodi, dunyoqarashidan zarracha farq qilmasligini o‘ylab ham ko‘rmaydi...

 

Shu o‘rinda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning “Zov ostida adashuv” hikoyasidan bir parcha keltirsak: “...so‘qmoqlarning biri tog‘ning tepasida joylashgan bir qishloqqa olib borar ekan. U qishloq ahli bir zamonlar yovdan qochib, tog‘ ustiga chiqib ketgan ekan. Shu so‘qmoqdan faqat bir kishi yura olar ekan, yurganda ham yelkasini devordan uzmay yurar ekan deb hikoya qilgan edi otamning oshnasi. Agar ikki kishi bir-biriga ro‘para bo‘lib qolsa-chi? Unda chek tashlar ekan. Qaysi yutsa shu yerda qolar ekan. Yutqazgani o‘zini pastga tashlar ekan…

 

Men o‘shanda bu hikoyani eshitib, ko‘p o‘ylagan edim: odamlar mard bo‘lar ekan-da, a? Masalan, yutqazgan kishi pastga tashlagisi kelmasa yoki u yutgan kishidan kuchliroq bo‘lsa, unda sherigini bir musht bilan jarga qulatib o‘tib ketsa bo‘lmaydimi? Yo‘q, bo‘lmas ekan… Chunki lafz bor ekan ularda. Hozir u qishloqqa olib boradigan so‘qmoq kengaygan deyishadi. O‘sha so‘qmoq devorini teshib, qoziq qoqib chiqibdilar. Qoziqning ustiga shox-shabba bosilgan emish, endi u yo‘ldan eshak ham bemalol o‘tar ekan…”.

 

Darvoqe, hamon yo‘lda ketayapman. Chap yonimda ariq yoqalab ekilgan tutlar, o‘ng tomonda keng dala, yo‘lda esa mol-u qo‘yini bozorga haydagan qishloqdoshlar. Goh-gohida boshqa bozorchilar mingan ulov g‘izillab o‘tib qoladi. Men esa yelim idishdagi tuxumlarni sindirib qo‘ymaslik uchun uni mahkam tutib olganman. Yurganim sari yo‘l kengayib borayotganday ko‘rinsa ham aslida u sira o‘zgarmaydi. Faqat biz goh ildamlab, ba’zan sudralib odimlaymiz. Oldinda esa bozor! Unga yetishim hamono Alpomishni chohga tashlagan Maston kampir kabi bozorchi xotinlar yo‘limni to‘sadi, biri qo‘yib-biri olib qo‘limdagi yelim idishni tortqilaydi, savdo qiladi. Bozorning kimga qanday bo‘lishini va har doim bitta manzilni ko‘zlab uydan chiqqan yo‘lovchilarni yo‘l qayerga boshlashini xudoning o‘zi biladi! Shuning uchun ham bizda azaldan yo‘l aziz sanalgan.

 

Bobo RAVSHAN

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2022-yil 2-son.

“Yo‘l” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 569
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20444
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//