Vaqt – ehtiyoj – natija


Saqlash
10:09 / 15.09.2021 1102 1

 

Bundan bir necha yil oldin bo‘lgan ushbu voqea tez-tez yodimga tushib, mulohazaga chorlab turadi. Zero, bu mavzu bir vaqtlar “To‘ylar haqida o‘ylar” kabi urfga kirdi, ko‘p gaplar aytilayapti va o‘shanda bo‘lganidek, samarasi ko‘zga tashlanmayapti. Shunday qilib, uy telefoni jiringlaydi va undan erkak kishi o‘zini tanishtirib, gap boshlaydi:

– Men Navoiy viloyat kutubxonasining direktoriman. Sizning Amir Temur haqida kitobingiz chiqqan ekan, shuni tez topish haqida topshiriq bo‘lgan.

Albatta, viloyatda bunday shoshilinch topshiriqni birinchi rahbar berishi mumkin. Rostdan, o‘shanda viloyat hokimi shunday topshiriq bergan edi.

Ochig‘i, kutilmagan gap bo‘lgandi. Hayajondan boshim aylanib ketdi. Zehnim ochildi: “Hali kitobni izlovchilar bor ekan-da?!”. Atrofimda taxlanib yotgan, qalam haqi hisobidan berilgan va o‘quvchisini kutib sarg‘aygan kitoblarga ko‘zim tushdi. Qaniydi, ularni ham kimdir yo‘qlasa yoki o‘qish istagini bildirsa, tekinga ham tarqatib yuborardim.

– Ha, “go‘zal va farovon turmush tarzi”mizdan kitob, kitobxonlik butunlay urfdan chiqib ulgurdi. Odamlar nuqul pul sanaydigan, “kim o‘zar”ga to‘y ustida kengashadigan, dang‘illama imorat qurish haqida bosh qotiradigan bo‘lib qoldi. Bunday “olamshumul” tashvishlar sirasida kitobxonlik atalgan mashg‘ulotga o‘rin yo‘q. Mabodo axborotga yoki ma’rifatga ehtiyoj sezsa, telefon titkilaydi. Bizning turmush tarzimiz shunday shakllandi.

Lekin bu holatlar o‘tkinchi. Tarixdan ma’lum: jaholat yillarida asrlar davomida odamlar kitobni qo‘liga ushlamagan, xuddi hozirgidek, muhtasham qasrlar qurish, dabdabali tadbirlar o‘tkazish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Oqibati ma’lum – ma’naviy aynishlar haddidan oshib, jamiyat ichdan vayron bo‘lgan. Yurtimizda butunlay boshqacha munosabat: davlat rahbarining o‘zi kitobxonlikni rivojlantirish uchun hamma chorani ko‘rayapti, afsuski, ma’rifat izlovchilik yurtdoshlarimizning turmush tarziga singmayapti. Yaqinda yosh yozuvchilardan biri “Oddiy odamlar emas, yozuvchilarning o‘zi kitob o‘qimay qo‘ydi”, deb suhbat beribdi. Men ham tasdiqlayman: u tamoman haq. Quyidagi mulohazalar shu yo‘nalishda.

Gapning nafsilamrini aytganda, “Zar qadrini zargar biladi”, deganlaridek, kitobning qadrini bilish uchun ham odam kitobxon, ma’rifatli bo‘lishi kerak. (Masalaning yopiq doira ichida aylanishi shundaki, ma’rifatli bo‘lish uchun kitob o‘qish kerak!) Xuddi “Tuxum oldin paydo bo‘lganmi, tovuq?” qabilida aylanma masalaning yechimi uchinchi nuqtada: kim qanday fikrlasa, o‘sha to‘g‘ri. Shunday. Binobarin, “Yer yuzida toki bir nafar ayol bor ekan, zargarga ehtiyoj bo‘ladi” deganlaridek, bir kishi kitob o‘qisa ham kitobga ehtiyoj bo‘laveradi. Endi masala zar bor ekan, zargar bo‘lishda qoldi.

Xo‘sh, qachon yoki nima uchun kitob o‘qiladi yoki o‘qilmaydi? Shu savolni bir maorifchi do‘stimga berdim.

– Hammasini ehtiyoj hal qiladi. Hozir kitob o‘qishga ehtiyoj yo‘q!, dedi u dangal.

Ehtiyoj! Bu “janob” nimadan tug‘iladi yoki nimadan paydo bo‘ladi? “Ehtiyoj” deganda ko‘proq shaxsiy mayllar, biologik talabchanlik ko‘z oldimga keldi. Odam ehtiyoj sezadi va sigaret chekadi. Garchi zarar ekanligi ko‘p bora eslatilgan bo‘lsa-da, buni o‘zi bilsa-da! Yoki oila budjetiga zarar bo‘lishini, o‘zi jamiyatda mavqeyini yo‘qotishini bilsa-da, aroq ichadi, o‘zini tiya olmaydi. Yoki chekuvchi va ichuvchilarning organizmida o‘zgachalik bormikan? Qiziq. Mulohazalarni davom ettirib va teranlashtirib, rang-barang manzaralarga duch kelish mumkin ekan. Ulardan chiqadigan xulosa juda shafqatsiz: kishi qanday muhitda shakllansa, yashasa, shunga mos narsalarga ehtiyoj sezarkan (ya’ni yaxshi – yaxshilikka, yomon – yomonlikka. Xuddi latifada aytilganidek, “Hamma ham qo‘lidan kelganini qiladi-da”)...

Shunday xulosa anchayin to‘g‘riga o‘xshaydi va shu nuqtada insoniyat o‘z tamadduni jarayonida odamlar jamoasini boshqarish uchun qo‘llagan tadbirlari esga tushadi. Odamzotni ma’rifatli qilish, kitobga, ilmga oshno aylash azaldan kuch bilan bo‘lgan. Zero, “Ilm yovvoyidir” degan aqida behuda paydo bo‘lmagan. Hukmdorlar aholini ma’rifatli qilish uchun qonunlar qabul qilganlar, ommaviy tadbirlar uyushtirganlar, gapga yurmaganlarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirganlar. Negaki, ma’lumotli-ma’rifatli xalqni boshqarish oson bo‘lgan, xalqning ma’rifati yuqori bo‘lsa, vaziyatni to‘g‘ri tushungan, davlat boshlig‘ini ulug‘vor ishlarda qo‘llab-quvvatlagan. Ma’naviyati yuksak omma bilan olamshumul islohotlarni amalga oshirish oson kechgan. Tarixning sabog‘i shunday.

Jamiyat ob-havosini belgilab beradigan ijtimoiy manzaralar bo‘ladi. Masalan, “tadbirkorlik muhiti” yoki “innovatsion rivojlanish muhiti” degandek. Xuddi shunday, “kitobxonlik muhiti” degan tushuncha ham bor. Tasavvur qilamizki, tadbirkorlikni rivojalantirish yoki yangi texnik kashfiyotlarni amalda qo‘llash shunchalik kuchayib ketganki, bir kunlik yangilikdan bexabar qolish katta moddiy yo‘qotishga olib kelishi mumkin. Shunday sharoitda o‘z-o‘zidan kitobxonlik avj olib ketadi. Kishilar ma’naviyatida ham ko‘tarilish va yangilanishlar sodir bo‘laversa, safdoshidan, kasbdoshidan, qo‘shnisidan orqada qolmaslik uchun axborot manbalariga murojaat etadi, o‘zining shaxsiy reytingini oshirib boraveradi. Biroq atrofda bir xil manzara: aksariyat molparastlikka ruju qo‘ygan, bir mashinani ikkita qilishga, uch qavatli uyni to‘rttaga yetkazishga safarbar bo‘lsa, bunday sharoitda kitobga, umuman, ma’rifatga o‘rin qolmaydi. Axir bunday odamlar uchun “qo‘l artishga” ham yaramaydigan kitoblar nimaga asqotadi?

Muammo muammoni tug‘diradi: o‘zi, hayotdan qoniqib-miriqib yashashning o‘lchami bormi? Ya’ni, odamning qisqa umri davomida yayrab yashashi uchun qancha boyligi bo‘lishi lozim? Axir “teshik to‘rva” (keksalar dunyoni shunday ta’riflashardi)ni to‘ldiraman deb qancha jon ovora-sarson bo‘lib, og‘zi nonga yetganda bo‘g‘zi qonga to‘lib qolayapti. Me’yorida, go‘zal yashash tartibini, turmush tarzini (bu holni bir so‘z bilan “madaniyatli” deyishadi) ta’minlash uchun ham ma’rifat lozim (yana masalaning yopiq doira ichida aylanishi). Shunday sharoitda “Har kimning o‘z tanlovi ma’qul” tamoyiliga amal qilinsa, mana bunday munosabat qanday baholanadi?

Toshkent viloyat hokimligining mas’ul xodimi Jamshidga kitobimni uzatdim. Loqayd varaqladi-da, qaytarib berdi.

– Yo‘q, olavering. Sizga sovg‘a.

– Nima qilaman? (Kitobga nisbatan bunday savolning o‘zi noqulay)

– O‘qiysiz.

– E, qiziq ekansiz. Kitob o‘qishga vaqt bormi? Farzandlarimni to‘yib ko‘ra olmayman...

– Nima qilasiz kun bo‘yi, yana yarim kechagacha?

– Tadbir o‘tkazamiz. Bugun 21 ta tadbir bor, ertaga 19 ta.

U “tadbir” nimaligini bilmaysiz-da, degandek, boshini ichiga tortib, chuqur so‘lish oldi.

– Ora-sirada vaqt bo‘lib qolar, o‘qiysiz, – kitobni qaytib olmadim. Jamshid og‘rinib oldi va uni bir chetga irg‘itdi. Bilmadim, u bu voqeani eslaydimi-yo‘qmi, hozir qayerlarda umrguzaronlik qilib yuribdi, Jamshid o‘z munosabati bilan meni yana bir marta hayron qoldirgandi. Kitobdan qo‘rqish – So‘zdan qo‘rqish. Kitobdan yiroqlashish – So‘zdan yiroqlashish (“So‘z ayladi judo insonni hayvondin”) va mash’um holatga (nimadan “judo bo‘lgan” ersa, o‘shanga) tushish. So‘z esa, aslida, haqiqatning harflarda naqshlangan jamolidir. Demak, Haqqa yetishning asrori Kitobdadir.

Manzaralar shunaqa. Kitob qachon ehtiyojga, hatto birinchi darajali ehtiyojga aylanadi? Yoki dunyoning manzarasi shu darajada o‘zgarib ketdimi? Islohotlari bilan ko‘p maqtanavermaydigan bir mamlakatda bo‘lib qaytgan taniqli olim gurung beradi:

– Shahardagi to‘rt qavatli “Kitoblar saroyi” xaridorlar bilan eng gavjum joy ekan. Bizda “Qo‘yliq” bozori shunaqa tiqilinch. Bir kitob oluvdim, pulini to‘lash uchun yigirma minut navbatda turdim.

– Qaysi yillarda bo‘lgan bu voqea?

– Olti oy oldin.

Ular hayotdan orqada qolib ketibdimi yoki biz manzilga oldinroq kelib qo‘yibmizmi? Bizning ham odamlarimiz kitobga o‘ch. Hatto kitob “majnun”lari (biomanlar) istagancha topiladi. Qishloqqa borsam, oddiy suvchi bo‘lib ishlagan nafaqaxo‘r Fayzullo holi-jonimga qo‘ymaydi: “Yangi kitoblaringizdan olib kelmadingizmi?”. Keyingi borishimda mamnun bo‘lib, bir xushxabarni aytdi: “Qarshida ikki jildlik kitobingizni 80 ming so‘mdan sotayotgan ekan. To‘rt kishi pul qo‘shib oldik. Navbatma-navbat o‘qiyapmiz. Bolalarimiz, butun oilamiz bilan o‘qiyapmiz”. “O‘sha kitoblardan maktabga sovg‘a qiluvdim, qaramabsiz-da”. “Uyda bo‘lgani yaxshi-da. Bolalarga qoladi, boylik”.

Ha, afsuski, bu qishloqda emas, tumanda bironta kitob magazini yo‘q. Bu yoqda nashriyotlar omborida kitoblar taxlanib yotibdi. Qariyb yigirma yildan beri “O‘zbekiston” nashriyotida 8-9 mlrd, “Sharq” nashriyotida 5-6 mlrd, “G‘afur G‘ulom” nashriyotda 4-5 mlrd so‘mlik kitoblar o‘quvchisini kutib yotibdi (raqamlar aniq emas, biroq shu atrofda). ”Bir nashriyotda 2016-yilda chiqqan kitobim uchun beriladigan qalam haqini ololganim yo‘q. Chunki kitob oxirigacha sotib bo‘linmagan”, deydi yozuvchilardan biri.

Bunday hollar bitta emas. Qalam haqi degan narsalar-ku, butunlay barbod bo‘ldi (kitob yozish bilan tirikchilik o‘tmaydi va hech kim bu yumushni o‘ylamaydi. Demak, yozuvchiga ehtiyoj yo‘q bo‘lib chiqadi), endi yillar davomida zahmat chekib yaratgan kitobingni qalam haqi olmay nashr etish ham mumkin bo‘lmay qoldi. Ikki yuztalab kitobni o‘z mablag‘i hisobidan chop etib yurgan yirik nashriyotlar ham faoliyatini buyurtma kitoblar hisobidan arang davom ettirayapti.

Bolalar nashriyotining nomi bor-u, o‘zi yo‘q: qaysidir nashriyotning bo‘limiga aylanib qolgan. Aslida, maktabgacha ta’limga, umuman, maktabga urg‘u berilayotgan islohotlar pallasida eng so‘nggi talablarga javob beradigan poligrafiya jihozlari bilan ta’minlangan bolalar nashriyoti suv bilan havodek zarur emasmi?

Bosmaxonalar yopilayapti, nodir kasb sohibi hisoblanadigan poligrafchilar boshqa sohalarga o‘tib ketayapti. Zargarona mahorat birdan hosil bo‘lmaydi, 15–20 yilda shu darajaga yetilgan. Ayni paytda yangi ish o‘rinlari yaratish muhtaram Prezidentimiz tomonidan dolzarb qilib qo‘yilayotgani ayni haqiqat. Holbuki, yuqori malakaga ega bo‘lgan o‘nlab, yuzlab zamonaviy ish o‘rinlari qisqarib ketayapti.

Shunday sharoitda kitob savdosi haqida nima deb bo‘ladi? Oxirgi nafasi bilan yashayotgan kitob magazinlari peshtaxtalari mahsulot bilan tirband, ammo xaridor yo‘q – huvillab yotibdi. “Sharq ziyokori” kitob dokonida bir kunda 2-3 million so‘mlik savdo bo‘larkan. Bir eshik naridagi katalakdek oziq-ovqat do‘koni 20–25 million so‘mlik, shu binodagi dorixona 7-8 million so‘mlik savdo qilar ekan. Eng keyingi “siylov” esa, soliq bo‘yicha yangi kodeksning kuchga kirishi bilan 2020-yil 1-apreldan boshlab qo‘shimcha qiymat solig‘i joriy etilishi tufayli barcha bosma mahsulotlarning narxi 15 foiz oshibdi.

Yangi O‘zbekiston o‘zining oldingiga o‘xshamagan taraqqiyot yo‘li bilan dunyo hamjamiyatining e’tiborini tortayapti. Islohotlar jarayonida yetilgan muammolar yangicha yondashuvlar bilan ijobiy hal qilinayapti. Ijtimoiy muhitda TADBIRKORlarning o‘rni va mavqeyi oshib bormoqda. Kitob biznesi ham eng istiqbolli sohalardan hisoblanadi. Yetarlicha mablag‘i bor odam sarmoyasini kitob savdosiga yo‘naltirsa, ham iqtisodiy naf ko‘radi, ham savobga qoladi. Ochig‘i, yaqin vaqtlarda “Falon tadbirkor kitob chop etishga yoki boshqa bir madaniy tadbirga homiylik qildi” degan gapni eshitmadik.

Kitob savdosi bo‘yicha esa g‘ayrimantiqiy ahvol yuzaga kelgan: kitobxonlikni davlat rahbari targ‘ib qilib, rag‘batlantirib turibdi, joylarda odamlar kitobga ehtiyojmand. Faqat oradagi vosita – yetkazib berish, ya’ni kitob savdosi, shu qatorda kitob nashr etishda jiddiy muammolar mavjud. Qiziq, aholini kitobdan mahrum qilish kimga kerak bo‘lib qoldi ekan? O‘ylaymizki, ma’naviyat va ma’rifatni yuksaltirishning hayotiy muhim omillaridan hisoblanmish KITOB haqida ham o‘ylab ko‘riladi va muammolarga barham beriladi. Barcha sohada yorug‘, nurli istiqbollar ko‘zga tashlanib turganda, shamning o‘zi o‘chib yoki xira tortib qolsa, insofdan bo‘lmaydi. Zero, bu yo‘nalishdagi yumushlar bugun emas, kelajakning qiyofasini belgilaydi. Oqko‘ngil xalqimiz ertangi kunga doim umid bilan qarab kelgan.

Hakim SATTORIY

 

1 Izoh

Musofir

06:01 / 01.01.1970

Qanchalik to'g'ri maqoladagi faktlar?

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 502
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19394
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16597
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi