“Fidoyilik oila talablariga mos kelmayapti!”


Saqlash
16:52 / 27.09.2022 1300 0

Keyingi yillarda maktab taʼlimida bir qator oʻzgarishlar yuz berdi, maoshlar oshirildi, yuritilishi kerak boʻlgan hujjatlar soni kamaytirildi, pensioner oʻqituvchilar nafaqa va ish haqlarini toʻliq oladigan boʻldi. Bu kabi yengilliklar erkak oʻqituvchilarning maktabga qaytishiga turtki boʻldi.

 

Xalq taʼlimi vazirligining uzedu.uz saytida berilgan maʼlumotga koʻra, 2018-2019-yildan boshlab erkak oʻqituvchilar soni ilgarigi yillarga nisbatan ortganini koʻrish mumkin. 2018-2019 oʻquv yilida 442 404 nafar oʻqituvchidan 131 253 (31 foiz) nafarini erkak oʻqituvchilar tashkil etgan boʻlsa, 2019-2020-yillarda 481 604 nafar oʻqituvchining 148 695 (32 foiz) nafarini erkaklar tashkil etgan. 2020-yildan bugunga qadar maktablardagi oʻqituvchilarning 32 foizini erkak oʻqituvchilar tashkil etmoqda.

 

Ammo bu foizlar miqdori yetarli emasdek, nazarimizda. Salobatli, qatʼiyatli, kuchli bilim va mahoratga ega erkak oʻqituvchilar koʻp boʻlgan maktablarda taʼlim sifati, maʼnaviy-axloqiy muhit ham yaxshi boʻladi. Bu oʻgʻil bolalar taʼlim-tarbiyasida ham oʻz ijobiy aksini topadi. Oxirgi yillarda maktablarda tez-tez uchrayotgan oʻquvchilar tomonidan oʻqituvchini mensimaslik, hurmat qilmaslik yoki mutlaqo bir-birini tushunmaslik kabi holatlar ham kamaygan boʻlardi, ehtimol.

 

–Pedagogik jamoada erkak oʻqituvchilarning oʻrni katta, – deydi Kosonsoy tumanidagi 2-maktab oʻqituvchisi Charos Vahobova. – Aksariyat otalar bugungi kunda roʻzgʻor tebratish, pul topish bilan band. Ayniqsa, biznikiga oʻxshash chekka hududlarda oila boshliqlari qoʻshni davlatlarga yoki poytaxtga borib ishlashga majbur. Shu sababli koʻplab oʻquvchilar otasidan yiroqda yashaydi va ularning tarbiyasida otaning oʻrni yetishmayotgani yaqqol koʻrinadi. Natijada maktablarda erkak oʻqituvchilarga talab yanada oshmoqda. Maktablarda oʻgʻil bolalarning tarbiyasida boshboshdoqlik, soʻkinish, darslarga, ayol oʻqituvchilarga nisbatan bepisandlik kuzatilayotganining sababi bitta. U ham boʻlsa, taʼlimda erkak oʻqituvchilarning kamligi. Buni hatto baʼzida qizlarda ham uchratish mumkin, Bir ishorasidan, qarashidan oʻquvchilarni jim qila oladigan salobatli erkak oʻqituvchilar maktabda koʻpayishi kerak. Ming afsuski, bolalarning otalari ish izlab oʻzga yurtlarga ketayotgani yetmaganday, erkak oʻqituvchilar ham shu yoʻlni tutishyapti. Oʻtgan yili maktabimizdan 3 nafar oʻqituvchi ishdan boʻshab, Rossiyaga ishlashga ketdi. Ularning biri oliy toifali oʻqituvchi edi. Bankdan olgan kreditini oʻz vaqtida toʻlolmay, qarzga botganidan soʻng, boshqa chorasi qolmadi.

 

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik “Jinoyatning uzun yoʻli” asarida shunday yozadi: “Mutaxassislarning kuzatishicha, oʻgʻil bolalarning his-tuygʻularida, feʼl-atvorlarida (xarakterida) ilmiy tilda “feminizatsiya” holati kuzatilyapti. Lotincha, “femina” — “ayol” maʼnosini bildiradi. Ushbu ilmiy atama oʻgʻil bolalarda qatʼiyatsizlik kuchayib borayotganini anglatadi. Kengroq maʼnoda sharhlasak, bugungi oʻgʻil bolalar jiddiy bir qarorga kelishda sustkashlik qiladilar, masʼuliyatni zimmaga olishda qoʻrquv hissi mavjud. Boshqarishdan boʻyin tovlash, mustaqil qarorga kelishdan qochishga urinish, irodasizlik va oʻta taʼsirchanlik sezilyapti. Bular erkaklarga xos boʻlmagan xususiyat ekanini taʼkidlamasak ham boʻlar. Olimlar buni oʻrta maktab oʻqituvchilarining asosan ayollardan iborat ekani bilan izohlashadi. Maktab oʻqituvchilarining 80-90 foizi ayol ekani va buning muhim ijtimoiy muammo ekani dunyodagi koʻp mamlakatlarga xosdir”.

 

Bugun odamlarning vaqti tigʻiz, oila boshliqlari ishdan kech qaytadi. Oʻrni kelganda aytish kerak, oʻz bolasiga vaqt ajrata olmayotganlar talaygina. Ayrim oilalarda boʻlsa, farzandlar yolgʻiz ona qaramogʻida ulgʻaymoqda. Bolalar tarbiyasida erkak oʻqituvchilarning oʻrnini hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi. Xoʻsh erkak oʻqituvchilarni maktabga qaytish jarayoni bugun qay darajada? Oʻqituvchilarning bu boradagi fikrlarini soʻraganimizda kimdir, “soʻnggi yillarda maktabimizda erkak oʻqituvchilar soni ortdi”, yana kimdir “hali ham erkak oʻqituvchilar soni ortmadi”, kimdir esa “koʻpaygan edi, ozgina ishlab yana ketib qolishyapti”, “koʻp ishlamay boshqa sohalarga oʻtib ketishyapti” degan javoblarni berishdi

 

–Maktablarda erkak oʻqituvchilar 2016-yilga nisbatan biroz koʻpaygan, – deydi Andijon tumanidagi 38-umumiy oʻrta taʼlim maktabi ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Muzaffar Ismoilov. – Oyliklarning maʼlum darajada ortgani bunga sabab boʻldi. Ammo oʻzimizning maktabga keladigan boʻlsak, boshqa sohadan qaytib kelgan tasviriy sanʼat va chizmachilik oʻqituvchilari va xoʻjalik ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari ozgina ishlab, yana qaytib ketishdi. Hozir kirakashlik qilishyapti. Ular maktabdan koʻra koʻproq pul topayotganini, javobgarlik yoʻqligini aytishdi. Yoshlar yetakchisi boʻlgan yigit ham tezda boshqa ishni tanladi. Maosh oz, talab esa yuqori. Bunday holatlar ancha yillar avval boshlangan. Oʻshanda bizni oʻqitgan oʻqituvchilarimizdan baʼzilari kasbini oʻzgartira boshlashgandi. Ona tili oʻqituvchimiz kolxoz, sovxozda ishlab, keyinchalik fermer boʻldi. Matematika oʻqituvchimiz guruchfurushlik qildi. Aravakashlik qiladigan oʻqituvchini ham eshitganman. Rus tili oʻqituvchisi militsiyaga ishga oʻtib ketgan edi. 90 yillarda erkaklarning koʻpi maktabdan ketdi. Keyinchalik ayrimlari ishga qaytdi. Ogʻir vaziyatda ketib, ahvol yaxshilanganda oʻqituvchilikni davom ettiradiganlarni oqlamayman. Ammo hozir ham maktablarda erkak oʻqituvchilar yetarli emas. Eʼtibor bersangiz, aksariyat ayol muallimlarning toifasi yuqori. Erkak oʻqituvchilar koʻproq roʻzgʻor tashvishi bilan yuradi. Tan olish kerak, bir oilaga 2-3 million soʻm oylik yetmaydi. Oilaga kuniga oʻrtacha 150 000 – 200 000 soʻm atrofida pul ketadi. Kontrakt, kredit toʻlovlari boʻlsa, yanada koʻproq xarajat talab qiladi. Maosh 2 baravar oshirilgan taqdirda vaziyat biroz yaxshilanishi mumkin.

 

Oʻqituvchi fidoyi boʻlishi kerak, deymiz. Ha, ayol oʻqituvchilar ozgina maoshga ham qanoat qilib, fidoyilik koʻrsatishi mumkindir, chunki asosiy masʼuliyat erkak zimmasida. Ammo erkaklar-chi? Ular bunday fidoyilik qilish evaziga oʻz oilasining talab va ehtiyojlarini taʼminlay olmayapti.

 

Denov tumanidagi 27 maktab direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari, huquq fani oʻqituvchisi Oybek Urunov oʻzining bir oylik daromadi va xarjlari haqida bizga maʼlumot berdi:

 

– Bir oyda 3 400 000 soʻm maosh chiqadi. Qoʻlimga tegadigani 3 000 000 soʻm. Oilaliman, bir nafar farzandim bor. Bir oylik sarf-xarajatlarim taxminan 4 000 0000 soʻm atrofida. Oʻqituvchilikdan tashqari dehqonchilik qilaman. Mavsumda (dekabr-mart oylarida) gul koʻchatlari sotaman.

 

Erkak kishi hayotdan nolimasligi kerak, hamma narsa harakatga bogʻliq deyishadi. Bu toʻgʻri, ammo bugungi kunda erkak pedagoglarning maoshi yetmasligi ayni haqiqat. 2016-yili pedagogika sohasiga kirib kelganman. Ilk maoshim 900 000 soʻm atrofida edi. Uyimizdan 15 chaqirim naridagi maktabda ish boshlaganman. Bir kunda yoʻl haqi va tushlikka oʻrtacha hisobda 10 000 soʻm sarflardim. Oyligim yoʻl kira va tushlikdan ortmasdi. Kiyinishim, qoʻshimcha xarajatlar men uchun eng katta muammo edi. 2018-yili oylik maoshim 1 200 000 ga koʻtarildi. Shunda ham maoshim kunlik xarajatlarimdan ortmas, uyga deyarli pul kirita olmasdim. Roʻzgʻor xarajatlari otamning zimmasida edi.

 

2020-yil oila qurdim, oylik maoshim hisobiga emas, bankdan olgan 12 000 000 soʻm kredit hisobiga. 2021-yili farzandli boʻldim. Otam vafot etdi. Oʻqituvchiligimdan tashqari yarim shtat birlikda oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari boʻldim. 2021-yilda kreditimdan butunlay qutuldim. Hammasi endi yaxshi boʻladi deganimda, aksincha boʻldi. Oylik maoshim kundalik roʻzgʻordan ortmaydi, onam, qizim va turmush oʻrtogʻim betob boʻlib qolganda harajatlar uchun qarz olishga majbur boʻlaman. Bugungi kunda 3 000 000 soʻm maosh olaman, ertalabdan kechgacha maktabdaman (Maktabga tuman xalq taʼlimi boʻlimidan keladigan topshiriqlar tugamaydi). Onam betob boʻlgani uchun yanvar oyidan buyon kredit masalasida murojaat qilmagan bankim qolmadi. Hammasida bitta javob: siz salbiy kredit tarixiga egasiz. Bunaqa vaziyatda tushkunlikka tushib, oʻqituvchilikni tashlab, Rossiyaga ketsammikan, deb ham qoʻyaman. Yaqinda ikkinchi farzandim tugʻiladi. Kelajakda ularni oʻqitishga imkoniyatim yetarmikan. Farzandini kontrakt asosida oʻqitayotgan ota-onalarni tasavvur qilib koʻravering. 2022-yil 1-iyundan oylik maoshimiz 12 foizga oshdiku-ya, ammo bozordagi narx-navo 30 foizga koʻtarilgan.

 

Yana bir oʻqituvchi Baxtiyor Urinov mana 35 yildirki, taʼlim-tarbiya bilan shugʻullanib keladi. Hozirda u Prezidentning olis hududdagi maktablarda taʼlim sifatini oshirish maqsadida qabul qilingan qaroriga koʻra Andijon viloyatidan Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi 100-maktabiga borib, rus tili va adabiyoti fanidan dars bermoqda.

 

– Aksariyat erkak oʻqituvchilar oilaviy sharoitidan kelib chiqib (farzandlari koʻp boʻlsa, qiz chiqarmoqchi yoki uy qurmoqchi boʻlsa) maktabdagi ishidan tashqari qoʻshimcha daromad topish uchun mehnat kiladi, deydi B.Urinov. – Kimdir yer olib dehqonchilik qiladi, kimdir chorva bilan shugʻullanadi, kimdir taksichilik, savdogarlik qiladi. Vaholanki, bunday vaziyatda uning maqsadi oʻquvchilarga sifatli taʼlim berish emas, faqat oilasi ehtiyoji uchun pul topish boʻlib qoladi. Maktab esa oylik toʻlovchi ishxona vazifasini oʻtaydi, xolos. Oilada 3 kishimiz. Men, ayolim, nabiram. Andijon viloyatida, yaʼni oʻz hududimda ishlaganimda mutaxassis toifasi boʻyicha 1 900 000 soʻm ish haqi qoʻlimga tegardi, S1 sertifikatim uchun 950 000, nafaqam 643 000 soʻm, jami 3 500 000 daromad topar edim. Bunga turmush oʻrtogʻimning 1 100 000 soʻm nafaqasini ham qoʻshsak, oilamiz budjetiga har oyda 4 600 000 soʻm pul tushar edi.

 

Bunda uchalamizning kiyim-kechagimiz, mehmondorchiliklar va boshqa narsalarni koʻzda tutmaganda oylik roʻzgʻor va yoʻl kira, tushlikka ketadigan taxminiy xarajatlarimiz 4 280 000 soʻm boʻladi. (Xarajatlarni bozordagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oshmasdan hisoblaganimda). 1-iyundan byudjet tashkiloti xodimlari oylik maoshi 12 foizga oshirilishi munosabati bilan, oziq-ovqat mahsulotlari narxi ham shiddat bilan oshib boryapti. Oylik xarajatlarimizni tejash asosida yetkazayotgan bir vaqtda olis hududga borib dars berishga qaror qildim. Mamlakatimizda taʼlim sifatining oshishi pedagoglarning oylik maoshi shu kungi bozor narxlariga javob bera oladigan darajada, boringki, hech boʻlmasa 5 000 000 soʻm boʻlmogʻi kerak. Shunda erkak oʻqituvchilar oilasidan xijolat boʻlmay oʻz sohasiga butun kuchini sarflaydi. Darsdan keyin dalaga chiqib kartoshka kovlay, ozroq bozorga olib chiqay, demaydi. Shundagina u bolasiga qanday qilib kontrakt puli topib berishni emas, sinfdagi eng aʼlochi oʻquvchisi nega dars qoldirayotgani haqida oʻylay olishi mumkin.

 

Maʼlumotlarga koʻra, Turkiyada boshlangʻich sinf oʻquvchilariga deyarli erkak oʻqituvchilar dars berar ekan. Bunga sabab boshlangʻich sinfda tahsil olayotgan bolalar otaning mehriga unchalik ham toʻymas ekan, chunki bu yoshdagi bolalarning otalari koʻproq vaqtini ishda, oila boqishga, karyera qilishga sarflasharkan. Erkak oʻqituvchi esa aynan shu mehrning oʻrnini toʻldirib borar ekan va bu ijobiy natija berar ekan. Bizda-chi, bizning maktablarda boshlangʻich sinflarda erkak oʻqituvchilar juda-juda kam, hatto soʻnggi yillarda ona tili va adabiyot, aniq va tabiiy fanlardan ham oʻqituvchilar soni kamayib bormoqda. Baʼzi maktablarda oʻgʻil bolalar uchun texnologiyadan ayol oʻqituvchi dars oʻtayotganini ham eshitganmiz.

 

Maqolamiz soʻngida savol bilan murojaat qilmoqni lozim topdik: siz ishlayotgan maktabda nechta erkak oʻqituvchi bor?

 

Zilola MADATOVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//