Adabiyot
Yaqindagina, aniqrogʻi 13-18-sentyabr kunlari oʻtkazilgan “Ipak yoʻli durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali “shovqin-suronlari” hali tinmadi. Koʻpchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari festivalga ketgan milliardlarni havoga uchgan pullar deya hisoblab, bunday tadbirlardan hech qanday naf yoʻq degan fikrda.
Maʼlumki, kinofestival davlat rahbarining tashabbusi bilan qayta tiklandi. Oʻz davrida dunyodagi eng nufuzli kino tadbirlardan biri boʻlgan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi xalqaro kinofestivali deb nomlangan Toshkent kinofestivali 1968−1997-yillarda oʻtkazilgan. Toʻxtab qolgan yirik madaniy tadbir uzoq yillik tanaffusdan soʻng qayta tiklandi. Oldinda festival nufuzini qayta tiklash, oʻzbek kinosi ovozini xalqaro maydonga olib chiqish kabi katta maqsadlar turibdi.
Bugun festivalga ketgan pullar atrofidagi bahslardan chekinib, qayta tiklanganiga hali ikki yil boʻlgan tadbirning saviyasi, yutuq va kamchiliklari haqida suhbatlashsak. Oyina.uz mehmoni sanʼatshunos, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Sanʼatshunoslik instituti ilmiy xodimi Shohrux ABDURASULOV.
− “Ipak yoʻli durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali tadbirlarida qatnashdingiz, bu safargi yirik madaniy tadbir yodingizda nimalar bilan qoldi?
− Bu yilgi kinofestival dasturi, mazmun-mohiyati, umumiy manzarasi oʻtgan yilgiga nisbatan yaxshiroq boʻldi. Qiyosiy tahlil qilinganida bu yil tadbirga haqiqatdan ham ancha jiddiy yondashilgan, bu holat tashkiliy ishlarda ham, mehmonlarning professionallik darajasida ham oʻz ifodasini topdi. Festivalning ochilish marosimi yuqori saviyada tashkillashtirildi deb hisoblayman. Festivalda eng eʼtiborimni tortgan jihatlardan biri bu taniqli xorij kino ijodkorlari ishtirokidagi mahorat darslari boʻldi.
− Aynan qaysi jihatlar eʼtiboringizni tortdi?
− Shaxsan oʻzim master-klasslarda ishtirok etdim va kino sanʼatiga doir amaliy, nazariy koʻnikmalarni oʻzlashtirdim. Taniqli fransuz kinorejissyori Lyuk Besson bilan, Moskva Oliy kinematografiya instituti professori Vladimir Xotinenko, yaponiyalik mashhur kinorejissyor Takeshi Kitano mahorat darslarida qatnashdim. Darslar ochiq, samimiy, doʻstona muloqot tarzida oʻtdi. Tadbirlarga rasmiy tus berilmay, ijodkor yoshlar erkin tarzda oʻzlarini qiziqtirgan mehmonlarga murojaat qilishdi, vaqti kelganida bahs-munozaralar boʻldi. Menimcha, master-klasslar festivaldagi eng eʼtiborga loyiq, eng foydali loyiha boʻldi.
Ayniqsa fransuz kino rejissyori Lyuk Bessonning oʻzbek va tojik kinoijodkorlari hamkorligida suratga olinayotgan “Jomiy va Navoiy” badiiy filmiga jalb qilinganligi, rejissyor sifatida loyiha unga ishonib topshirilganligi muhim voqea. Chunki u katta tajribaga ega rejissyor. Lyuk Bessonning tajribasi filmni yuqori darajada suratga olinishiga hissa qoʻshishidan umidvorman.
Mahorat darslarida imkon qadar rejissyorlar, kino nazariyachilarining xulosalari, fikrlarini oʻzim uchun qayd qilib bordim.
Misol uchun, Lyuk Besson yoshlarimizga qarata shunday dedi: “Har qanday sharoitda ham kelajakka, oʻzingizga ishonchni saqlab qoling. Har kuni yozing, oʻxshamasa ham yozib qoʻyavering, bir kun, albatta, yuzaga chiqadi”.
Butunrossiya davlat kinematografiya universitetining Toshkent filiali talabalaridan biri esa undan “Bizning kinoda senzura juda kuchli, hatto yigit qizdan boʻsa olayotgan epizodni koʻrsatishga ruxsat berishmaydi. Nima maslahat berasiz?” deya soʻradi. Bundan hayratlangan farang rejissyori tabassum ila “Yoʻgʻyee, unda boshqa mamlakatga chiqib kino oling”, dedi.
Afsonaviy rejissyor Takeshi Kitano esa yosh hamkasblariga qarata “Hozirda filmlarni tomosha qiladigan vositalar juda koʻp. Lekin filmni kinoteatrda koʻrgandagi taʼsir boshqacha boʻladi. Hozirgi yosh rejissyorlarga rahmim keladi. Ular asosan maishiy mavzular atrofida oʻralashib qolgan. Shu bois men Yaponiyadagi birorta yosh rejissyorning ismini sizga aytolmayman”, deya gapirdi. Undan soʻrashdi sizni eng yaxshi filmingiz qaysi? “Kelajakda yaratadigan filmim”, deya javob berdi Kitano.
Umuman olganda aytishim mumkinki, bu mahorat saboqlari sohaga kirib kelayotgan, taqdirini kino sanʼati bilan bogʻlayotgan yoshlar uchun juda ham foydali, bir umrlik saboq boʻldi.
− Kamchiliklar ham kuzatildimi?
− Albatta, mahorat darslarida ijobiy jihatlar bilan birgalikda ayrim kamchiliklar ham koʻzga tashlandi. Xususan, darslar uchun ajratilgan vaqtlar qisqa boʻldi. Yaʼni aksariyat darslar 40-45 daqiqa atrofida, bir soatga ham yetmasdan yakunlandi. Koʻpchilik yoshlarning savollari ichida qoldi. Nazarimda reglament masalasini oʻylab koʻrish, mahorat darslariga koʻproq vaqt ajratish lozim. Qisqa muddat ichida bunday mashhur kino ijodkorlar bilan katta suhbatlar qilish qiyin.
Qolaversa, yana bir jihat koʻnglimni biroz xira qildi. Bu yoshlarimizning kino sanʼatiga doir bilim darajasi hali yetarli emasligi. Koʻpchilik talabalar asosan juda oddiy va yuzaki savollar bilan ijodkorlarga murojaat qilishdi. Bu xorijlik mehmonlarda tabiiyki biroz ajablanish hissini paydo qildi. Yuzaki, umumiy qolipdagi savollar koʻp berildi. Keyingi kinofestivallarga shularni ham hisobga olish, darslarga nafaqat talabalar, balki shu sohada ilmiy tadqiqot olib borayotgan yoshlar, tajribali kinoshunoslar, kino tanqidchilarni ham koʻproq jalb qilish kerak. Tashkiliy qoʻmita kelasi kinofestivallarda auditoriya masalasini ham oʻylab koʻrishi lozim deb hisoblayman.
− Kinofestival doirasidagi boshqa tadbirlar haqida fikringiz qanday?
− Umuman loyihalarning rang-barang, turli mamlakatlar kino kunlariga guvoh boʻldik, ular orasida kreativ loyihalar ham bor. Bunga misol qilib “Kino 5 kunda” loyihasini aytish mumkin. Besh kun ichida film yaratish aslida juda ham murakkab va kreativ vazifa. Rejissyorlar tasavvurini kengroq shakllantirish, ijodkor sifatidagi individual xususiyatlarini yuzaga chiqarish uchun bu loyiha oʻylab topilgan. Rejissyorning fantaziyasini yuzaga chiqarishda bunday loyihalar muhim oʻrin tutadi. Nazarimda shunday ruhdagi yangicha yondashuvga asoslangan loyihalarni koʻpaytirish kerak.
Yana bir muhim jihat xalqaro miqyosdagi memorandumlar, tomonlar oʻrtasida hamkorlik bitimlari imzolanganligi quvonarli hol. Chunki bu kabi kelishuvlar kino industriyasining rivojlantiradi.
Xalqaro hamkorlik degani oʻz navbatida investitsiya degani. Yaʼni xorijlik kino ijodkorlar Oʻzbekistonga pul kiritishadi va bu qaysidir maʼnoda iqtisodiy samaradorlikka ham xizmat qilishi mumkin.
− Bu safargi kinofestival turli shov-shuvlar bilan ham yodimizda qoldi. Turk kinoijodkorlarining oʻzaro kelishmovchiligi muhokamalar markazida boʻldi. Goʻyo festival faqat shu mojaro bilan insonlar yodida qoladigandek?
− Toʻgʻri, bahs-munozaralarga sabab boʻlgan Burak va Nurgul voqeasi qaysidir maʼnoda kinofestivallardagi qolgan loyihalar, mahorat saboqlari, kelishuvlar, tadbirlarni ikkinchi planga surib qoʻygandek taassurot qoldirdi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari eng koʻp shu voqeani muhokama qildi.
Umuman olganda xalqaro nufuzli kino tadbirlarda bu kabi shov-shuvli holatlar tez-tez boʻlib turadi. “Oskar” mukofotini oladigan boʻlsak dunyo kinomuxlislari va xalqaro OAVda ham qaysidir aktyorni qoʻlidan mukofot haykalchasi tushib ketgani yoki boshqa biri marosimga kech kelgani kabi holatlarni koʻp muhokama qiladi.
Lekin har narsada meʼyor bor. Bunday piarlar, yengil shov-shuvlar kinofestivalning asosiy tadbirlari muhokamasiga soya solmasligi kerak.
− Kinofestival tadbirlari, umuman jarayonlarni ichidan koʻrgan, ishtirok etgan inson sifatida qanday xulosalarga keldingiz?
− Fikr va takliflarim bor, albatta. Festivalda turli yoʻnalishlar qamrab olindi: taʼlim dasturlari, premyeralar, tanlovlar... Lekin har qanday kinofestivalning aniq konsepsiyasi boʻlishi kerak. Yaʼni festival va undagi loyihalar aniq bir maqsadga yoʻnaltirilishi lozim. Toshkent kinofestivalida shu narsani koʻrmadim. Yirik xalqaro tadbirning umumiy konsepsiyasi yoʻq. Koʻplab loyihalar bor, lekin ularni birlashtiruvchi umumiylik yoʻq, barcha loyiha bitta umumiy maqsadga xizmat qilishi kerak. Men mana shu narsani koʻrmadim. Bu mening shaxsiy fikrim, albatta. Toʻgʻri, shior tanlangan. Lekin festivalni har yili aniq konsepsiya asosida oʻtkazish kerak deb hisoblayman. Bir safar taʼlimga chuqurroq eʼtibor berish kerak, boshqasida badiiy filmlarga yoki boʻlmasa xalqaro kino aloqalarni rivojlantirishga... Mana shunda qandaydir natijalarga erishish mumkin. Agar har yili umumiy har xil loyihalar shaklida oʻtkazsak festival oʻtadi-ketadi, lekin aniq bir natija koʻrinmaydi. Nazarimda keyingi festivallarda mahalliy va xorijiy mutaxassislar, kinofestivallar oʻtkazish bilan shugʻullanadigan olimlar, kinoshunoslarni jalb qilgan holda kinofestivalni aniq konsepsiyasini ishlab chiqish kerak.
Ikkinchi masala, koʻpchilik jurnalistlar va mutaxassislar festivalni har yili emas, balki 2 yilda bir marotaba oʻtkazish taklifini bildirmoqda. Bu fikrga qoʻshilaman. Bir yil vaqt bu kabi katta masshtabdagi kinofestivalni oʻtkazish uchun qisqalik qiladi.
Bu nafaqat iqtisodiy balki tashkiliy va ijodiy masalalar uchun ham kam. Ikki yilda bir oʻtkazilsa tabiiyki festivalning darajasi ham oshadi.
Kinofestivalda faqat qisqa metrajli filmlar emas, toʻliq metrajli filmlar ham taqdirlanishi, e'tirof etilishi kerak. Bu ham festival nufuzini oshiradi.
Yana bir gap, festival doirasida taqdim qilingan filmlar eski, ancha avval suratga olingan. Bu kinofestivalga boʻlgan qiziqishni susaytiradi, chunki filmlarni shundoq ham internetga kirib koʻrish mumkin. Festivalda nisbatan oxirgi yillarda suratga olingan, jahondagi bugungi kinotendensiyalarni belgilab berishga oʻz hissasini qoʻshayotgan filmlarni namoyish etish kerak.
Mening umumiy xulosalarim shunday. Taqqoslash uchun aytganda bu yilgi festival oʻtgan yilgidan yuqoriroq darajada tashkil etildi va oʻzining yoʻli, shaklini topib bormoqda. Oldinda esa qilinadigan ishlar koʻp.
Inobat AHATOVA suhbatlashdi,
Oyina.uz
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q