Ogʻayni va togʻayni, bola va baqra, jiyan va boʻla... – qarindoshlik anglamidagi Siz bilmagan soʻzlar


Saqlash
16:27 / 22.09.2022 2626 0

Turkiy xalqlar hayotida nasl va nasab qadriyat oʻlaroq ahamiyatga ega. Azal-azaldan turkiylar nasabni or-nomus va hayot-mamot masalasi sanab kelgan. Oxirgi ikki ming yil davomida roʻy bergan diniy-madaniy oʻzgarishlar, milliy madaniyatga oʻzga madaniyat elementlarining singishi oqibatida qadriyatlar ham oʻzgarib bordi. Ayniqsa, XIX asrdan boshlab Gʻarb madaniyatining butun dunyoga keng yoyilishi milliy qadriyatlarning tanazzuliga olib keldi. Millatlarning koʻzgusi sanalgan tili, adabiyoti, sanʼati bilan bir qatorda urf-odatlari, anʼanalari va qadriyatlari yemirila boshladi. Hozir ham milliy anglashimdagi kategorial tushunchalar mazmun va mohiyati jihatidan oʻzgarib bormoqda. Ularning oʻrnini esa ajnabiy tillardagi muqobil tushunchalar egallayapti.

 

Birgina misol, soʻnggi yillarda togʻa va jiyan tushunchalari tilimizda mazmuni va qoʻllanishiga koʻra oʻzgarib qolganini koʻrish mumkin. Aslida, asl anglashimda togʻa va jiyan tushunchalari juft soʻz sifatida togʻa-jiyan shaklida qoʻllanadi. Ammo shunday boʻlsa-da, oʻzbeklar orasida oʻz amakisini togʻa deb, ogʻa-inilarining bolalarini jiyan deb atash holati koʻp kuzatilayapti. Bir qarashda bu odamlarning eʼtiborsizligidan kelib chiqqanday tuyuladi. Lekin, afsuski, bu olimlar va tilshunoslarning eʼtiborsizligi, milliy qadriyatlarning mazmuni bilan yaxshi tanish emasligi oqibatida kelib chiqmoqda. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da togʻa va jiyanga berilgan taʼrifga eʼtibor qaratamiz:

 

1. Togʻa – ayolning aka-ukalari (uning bolalariga nisbatan).

2. Jiyan – aka-ukalarning, opa-singillarning bolalari (togʻaga, amakiga, xolaga, ammaga nisbatan).

 

Bu yerdagi birinchi taʼrifda garchi gap shaklan notoʻgʻri tuzilgan va tor mazmunda kelgan boʻlsa-da, mazmunan toʻgʻri. Ammo ikkinchi taʼrifdagi amakiga va ammaga nisbatan degan fikr turkiy xalqlar qarindoshchiligining tamoyillariga va qoliplariga mutlaqo mos emas. Aka-ukalarning farzandini jiyan atash esa ruslarning qolipidan oʻtgan. Endi “Rus tilining izohli lugʻati”ga qaraymiz:

 

1. Dyádya – brat otsa ili materi, a takje muj tyoti. Drugimi slovami, dyadya – mujchina po otnosheniyu k detyam svoyego brata ili sestrы, a takje k detyam brata ili sestrы svoyey jenы.

2. Plemyánnik – malchik/mujchina po otnosheniyu k dyade ili tyote, sыn brata ili sestrы, plemyánnitsa – devochka/jenщina po otnosheniyu k dyade ili tyote, doch brata ili sestrы.

 

Bundan koʻrinadiki, biz ruscha tafakkurda “dyadya” va “plemyannik” shaklida kelgan tushunchadan togʻa va jiyanni unchalik farqlamaganmiz. Ruslarning pochchani ham “dyadya” deyishini inobatga olmaganda deyarli bir xil tushuncha hosil qilganmiz xolos.

 

Aslida-chi?

Aslida turkiy anglashimda qarindoshlik rishtalari va qarindoshlarning nomlanishi qadimdan shakllangan aniq tamoyillar asosida belgilanadi. Bu borada oʻnlab tadqiqotlar ham olib borilgan. Turkiy xalqlarning qarindoshlik rishtalarini ilk marta taniqli turkolog va etnolog Nadejda Direnkova tasniflab bergan. Olim turkiy qarindoshlikning uchta ildizini koʻrsatgan:

1. Qarindosh (ota tomondan).

2. Tai-togʻiy (ona tomondan).

3. Quda yoki ayollarga nisbatan qudagʻay (nikoh orqali bogʻlangan).

 

Keyinchalik Nadejda Tadina “Oltoylar qarindoshchiligining uch yoʻnalishi va avankulat” nomli asarida Nadejda Direnkovaning tasnifiga tayangan holda yangicha tasnifni ishlab chiqadi. Unga koʻra turkiy urugʻchilik asosan uch tizimda shakllanadi.

1. Ota urugʻi – qarыndash (suyak, söök).

2. Ona urugʻi – tagʻi.

3. Nikoh orqali bogʻlangan urugʻ – qain.

 

Qadimda barcha turkiylarda ota urugʻi odam vujudining negizi boʻlgan “suyak”ka nisbat berilgan va bu urugʻning barcha vakillari bir-biriga nisbatan ogʻayni (ogʻa-ini) sanalgan. Bir-birlari bilan ota tomonidan yaqin boʻlgan kishilar oʻzaro yoshi kattasini ogʻa, kichigini ini deb chaqirgan. Ota turkiylar anglamida eng ulugʻ nom sanalgan. “Suyak” (söök, syook) soʻzi esa qadimda familiya tushunchasini bergan.

 

Bolalarning ota oldida masʼuliyati juda katta boʻlgan. Otaga qarshi borgan bolani hech kim hurmat qilmagan. Ota roziligisiz hech kim muhim ishlarni boshlamagan. Odamlar ota tomonidan oʻz suyakdosh-qarindoshlari ori va nomusini oʻz or-nomusi deb bilgan. Shu sababli boʻlsa kerak, ota urugʻdagilar orasida nizolar kam boʻlib, bu ahillik milliy birlikni saqlashda muhim oʻrin tutgan. Ota urugʻi orasida ekzogamiyaga qatʼiy amal qilingan va bir urugʻ vakillari orasidagi nikoh taqiqlangan.

 

Ona urugʻi esa negiz – suyakni badan – etga bogʻlab turadigan togʻayga nisbat berilgan. Togʻay suyak emas, biroq u et va suyakni bir-biroviga mahkam bogʻlab turuvchi toʻqima. Shu tushunchadan kelib chiqib, ona tomondan qarindoshlarning barchasi “togʻayni” deb atalgan. Shuning uchun qadimda ona urugʻining hamma qarindoshlari nomida “tagʻy” oʻzak-leksemasi boʻlgan. Bu hozir ham koʻpchilik turkiylarda, ayniqsa, oltoylarda mukammal saqlanib qolgan. Oltoylar onani “ene” deb atagan holda uning qolgan qarindoshlarini quyidagicha ataydilar:

 

Bobo (onaning otasi) – tagʻayada.

Buvi (onaning onasi) – tagʻayana.

Togʻa (onaning akasi) – taay.

Togʻa (onaning ukasi) – tagʻaini.

Xola (onaning opasi) – tagʻay eje.

Xola (onaning singlisi) – tagʻay siyni.

Togʻaning xotini – tayjenge.

Xolaning eri – tayjezne.

 

Bu qatordagi xolaning nomi “teyze” shaklida turk tilida, “daýza” shaklida esa turkmanlarda ham saqlanib qolgan.

 

Turkiylar qarindoshligining uchinchi yoʻnalishi “qayindoshlik” deb atalgan. Qayin urugʻi erning yoki xotinning qarindoshlari boʻlib, ushbu soʻzning etimologiyasi qayin daraxti nomi bilan bogʻliq. Chunki qadimda turkiy xalqlarda oqqayin nikoh timsoli hisoblangan. A.V.Anoxinning tamsiliga koʻra nikoh orqali bogʻlangan qarindoshlik “qayindash” deb atalgan» (Arxiv MAE. F.11, op. 1, © 104. L. 8.).

 

Shu sababli nikohdan keyin qoʻshilgan yaqinlarning nomlanishida “qayn” oʻzagidan yasalgan nomlar koʻproq uchraydi. Oltoylarda saqlanishiga eʼtibor bering:

Er yo xotinning otasi – qaynada.

Er yo xotinning onasi – qaynene.

Er yo xotinning singlisi – qaynsiyni.

Er yo xotinning opasi – qayneje.

Er yo xotinning akasi – qaynagʻa.

Er yo xotinning ukasi – qayni.

Unashtirilgan yoki nikohdagi erkak va ayol – qaynliq.

Qadimda bobolarimizdan “sen kimsan?” deb soʻrashganda, taxminan shunday javob berishgan:

 

–­ Otam tomondan qarluqman, togʻiylarim qipchoqlar, oʻgʻuzlar, qirgʻizlar, qanglar, minglar va barloslar bilan qayndoshchilik qilganmiz.

Aynan shu javob siz birinchi bor koʻrib turgan odamning kim ekanligi haqida toʻliq maʼlumot bera olgan. Demak, bundan koʻrinadiki, bizkim oʻzbeklar, oʻz naslimiz, nomimiz, shaʼnimiz va tilimizni asrashimiz uchun, turkiy qoliplardan chiqmasligimiz kerak ekan.

Turkiy qadriyatshunoslikdagi togʻa va jiyan haqida mufassal bilib olish uchun bola va baqra soʻzlarining maʼnosini ham chaqib koʻrish kerak boʻladi.

 

Baʼzida keksaroq chollar bir-birlari bilan hol-ahvol soʻrashayotganda “Bola-baqrang bilan tinchmisan?” degan iborani ishlatayotganini koʻrib qolamiz. Beixtiyor savol tugʻiladi: bolani-ku bilamiz, baqra kim?

 

Oltoylarda saqlangan qadriyatlarga koʻra oʻgʻil farzandning bolalari – nevaralar bala deb, qiz farzandning bolalari esa baqra deb ataladi. Shu sabab turkiy xalqlarda nevaralarga nisbatan “bala-baqra” degan ibora ishlatilar ekan.

 

Turkiy xalqlar qadriyatshunosligida avankulat, yaʼni “togʻa” va “jiyan” bilan bogʻliq qadriyatlar eng qiziqarli mavzulardan biri sanaladi. Inchunin, barcha odamlar uchun togʻa otadan keyingi eng ulugʻ zot hisoblangan. Nafaqat togʻa, balki ona urugʻidan boʻlgan har bir kishi, hatto eng kichik bolalar ham togʻa atalgan va hurmat qilingan. Hatto yetmish yashar chol ham ona urugʻining yangi tugʻilgan chaqalogʻini togʻam deb eʼzozlagan va unga “siz” deb murojat qilgan.

 

Togʻa-jiyanchilik marosimlari esa yanada qiziqarli boʻlib, unga koʻra togʻaning jiyan oldidagi masʼuliyati juda katta boʻlgan. Togʻa jiyani dunyoga kelganida suyunchi berishi, beshik toʻyi, soch olar va boshqa toʻyi uchun eʼtiborga molik sovgʻalar qilishi, bir yoshga toʻlganida, birinchi qadam bosishida yonida boʻlishi, qiz jiyanlarining turmushga chiqishida vakil boʻlib ruxsat berishi shart hisoblangan. Togʻaning jiyaniga beradigan sovgʻasi baqra sovgʻasi deb atalgan. Togʻa hayoti davomida oʻgʻil jiyani uchun “baqra” berishi, baqra esa imkon qadar kattaroq, aniqrogʻi, toychoq yoki hoʻkiz boʻlishi talab etilgan. Bundan tashqari oʻlgan kishining mayyitini qabrga qoʻyish uchun ham eng haqdor odam togʻa hisoblangan.

 

Oʻz oʻrnida jiyanlarning ham togʻa oldidagi masʼuliyati katta boʻlgan. Jiyanlar togʻaning xizmatidan boʻyin tovlamagan. Toʻy-maʼrakalarida “qamishdan bel boylab” xizmatda turgan. Kurashda jiyanlar togʻa urugʻidan hech kimning yoqasidan tutmagan. Koʻpkarida togʻasi tutgan uloqni ushlamagan.

 

Turkiy xalqlar ona tomonidan yaqin qarindoshlardan yana biri xolavachcha boʻladi. “Xolavachcha” arabcha “xola” va forscha “bachcha” soʻzlari birikuvidan hosil qilingan. Sof turkiyda xolavachcha “boʻla” (bölö) deb ataladi va bu ularning qoni bir emas, aksincha boʻlak ekanini bildirgan.

 

Togʻa va jiyan kabi yaqinlar faqat ayollar tomonidan qarindosh sanaladi. Ona, buvi kabi ajdodlarning yaqinlari va butun urugʻi togʻa sanaladi. Jiyan esa opa, amma kabi qarindoshlarning farzandlari hisoblanadi. Togʻa-jiyan turk, ozarbayjon, turkman tillarida dayı-yeğen, oʻzbek va uygʻur tillarida togʻa-jiyan, qozoq, qirgʻiz, oltoy, yoqut tillarida taay-jiyen shaklida talaffuz qilinadi.

 

Mahmud Qoshgʻariyning “Devoni lugʻotit turk” asarida “togʻa” ona tomondan qarindosh ekanligi aniq koʻrsatilgan. Lugʻatning rus tilidagi variantida ham quyidagicha yozilgan: «tagʻay»  «dyadya» so storonы materi», (Maxmud al-Kashgari “Divan Lugat at-Turk”. Almatы. “Dayk-Press” 2005. Str. 921).

 

Mirzo Bobur “Boburnoma”da chingiziy xonlarni togʻam deb aytadi: “Agar viloyatni bersalar, men ham qoʻlga tushmay, togʻalarim Olachaxon yoki Sulton Mahmudxon yoniga boraman degan oʻy kechibdi”. Temuriylarni esa amaki ataydi: “Mening ulugʻ amakim Ulugʻbek mirzo zamonida mirzoning bekotasi Vaysbek bu togʻning etagida bir ariq chiqargʻan”.

 

Bu misollarni keltirishimizga sabab shuki, to XX asr boshlariga qadar “togʻa” va “jiyan” tushunchalari sof turkiy anglamda tushunilgan. Ammo keyinchalik rus tiliga koʻr-koʻrona ergashish natijasida otaning ogʻa-inisini “togʻa”, akaning oʻgʻlini “jiyan” atash shahar joylarda ommalashib borgan.

 

Ilgari boshqa hududlarga nisbatan qadimiy qadriyatlarni nisbatan yaxshiroq saqlab qolgan Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm, Jizzax va Toshkent viloyatlarida bunaqa holat yoʻq edi. Biroq rus tiliga yoki shaharliklar leksikasiga koʻr-koʻrona ergashish oqibatida bu yerlarga ham mazkur xatolik yetib boribdi. Yaqinda Surxondaryoda bir yigit akasining oʻgʻlini yetaklab yurgan ekan. “Bu kim?” deb soʻrasam, “Akamning oʻgʻli –jiyanim” deydi. Unga bu bolakay senga jiyan boʻlmaydi, u sening ukang boʻladi deb tushuntirdim. U tushundi. Ammo bir kishiga tushuntirganing bilan nima oʻzgarar edi?!. Shuning uchun oʻsha yigitga aytgan va tushuntirgan gaplarim, tushunchalarimni ommabop tarzda hukmingizga havola qildim.

 

Xulosa qilib aytganda aka yo ukaning oʻgʻli yo qizi jiyan boʻlmaydi. Oʻgʻillari ogʻa yoki ini, qizlari opa yoki singil boʻladi. Opaning, ammaning yoki oʻz urugʻingizdan boʻlgan xohlagan ayolning bolasi, nevarasi, chevarasi, umuman hammasi sizga jiyan boʻladi!

 

Onangiz, buvingiz (momongiz), buvingizning buvisi, umuman ayol ajdodlaringizning hamma qarindoshlari sizga togʻa boʻladi!

 

Aka, uka, ota, bobo, boboning bobosi, umuman erkak qarindoshlardan tarqaganlar hammasi sizga ogʻa yoki ini, yaʼni ogʻayni boʻladi.

 

Turkiy xalqlarda azaldan har bir inson oʻzining urugʻi nomini, yetti ajdodini yoddan bilishi talab etilgan. Shu bilan birga ona tomondan kimlar bilan qarindoshligini, ularning urugʻlarini bilishlari ham talab etilgan. Inchunin, har kim oʻz ajdodlari tarixini bilishi oʻzlikni anglashning asosiy omili sanaladi.

Anvar BOʻRON

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2022-yil 1-son

“Togʻa kim, jiyan-chi?” maqolasi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23614
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//