Surxondaryo – har makoni dostonga qiyos


Saqlash
16:09 / 21.09.2022 949 0

 

Yurtimiz boʻylab kezib yurgan Maʼnaviyat karvoni bu safar 200 ga yaqin el suygan yozuvchi-shoirlar, sanʼatkorlar, iqtidorli yosh ijodkorlar bilan Surxondaryo viloyatida boʻlib qaytdi.

 

Mustaqilligimizning 31 yillik bayrami shukuhi, butun dunyoni mahv etgan “Samarqand ruhi” (SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi Samarqand shahrida muvaffaqiyatli oʻtkazilgani nazarda tutilmoqda) kezib yurgan munavvar kunlarda, yangicha qiyofada, keng koʻlamli islohotlar ogʻushida shodmonu magʻrur, saodatli surxondaryoliklarni koʻrib goʻzal his-tuygʻular qurshovida qoldik.

 

“Mana, oʻsha yorugʻ kunlar keldi”

 

Maʼnaviyat karvoni tadbirlari orasida elda qadr koʻrayotgan, uy-joy egasi boʻlayotgan aziz ­insonlar bilan ham uchrashishga vaqt ajratamiz. ­Qoʻshiqlar, sheʼrlar aytiladi. Quvonchli lahzalar suratlarga muhrlanadi, dildan suhbatlar boshlanadi, alaloqibat ular bilan qadrdonga aylanamiz.

 

Termiz shahri Fidokor koʻchasida joylashgan koʻp qavatli uylarning biridagi xonadonga kirib bordik. Uch xonali bu shinam uyda 84 yoshli Maryam ­Muazzamova nogiron qizlari Karomat va Gavhar ­bilan yashaydi.

Maryam momo hikoyasini tinglaymiz:

 

— Yaqin-yaqingacha qaynotamdan qolgan kichkina uyda yashadik. Turmush oʻrtogʻim bilan oʻn farzandning ota-onasi boʻldik. Oʻgʻillarimizni uylantirdik. ­Ketma-ket nabiralar tugʻildi. Hovlida bizdan tashqari qayinukam va qayinakam ham oilasi bilan, jami 20 dan oshiq kishi istiqomat qilardi. Nogironlarning oh-vohi, yetishmovchiliklar... Xullas, muammolar girdobida oʻlib ketsam kerak, deb oʻylovdim.

 

Prezidentimiz sogʻ boʻlsin, biz kabi muhtojlarga gʻamxoʻrlik koʻrsatib, uyli-joyli qildi. Avvalgi hovlimizda toʻlovlarni vaqtida qilolmaganimiz uchun goh chiroq, goh suv oʻchardi. Baʼzan qozon qaynatolmasdik. Karomat ikkalamiz doimiy parvarishga muhtoj­miz. Bizni kimdir koʻtarib yurishi kerak. Hammom otliqqa ham yoʻq, uyning bir burchida suv isitib yuvinishga toʻgʻri kelardi. Koʻpchilik boʻlgandan keyin huzur-halovat yoʻq. Na yeganimiz tatiydi, na ichganimiz. Qishda uyimiz tomidan chakka oʻtadi. Yozda Termizning issigʻidan yurak toʻxtab qolay, deydi. Bu, ayniqsa, tunu kun yotgan odamga juda seziladi. Kechalari yuqori qon bosimidan uxlay olmay chiqamiz deng.

 

Har bir mahallaga, xonadonlarga kirib chiqayotgan hukumat vakillari kelib ahvolimizni koʻrgach, «Birinchilardan boʻlib sizlarga uch xonali uy ajratamiz», dedi. Bizni bosib turgan katta togʻ oʻsha kun yelkamizdan nari surildi. Mana, hozir hayotdan shikoyatim yoʻq. Oʻz vaqtida ovqatlanamiz, oʻz vaqtida yotib uxlaymiz, dorilarimizni ichamiz, televizor orqali yurtimizda boʻlayotgan yangiliklardan boxabarmiz. Sizlarni ham televizorda koʻrganmiz.


Rahmat, kelganingiz uchun, duo qilamiz.

 

Ular bilan xayrlashib, roʻparadagi eshikni qoqamiz. Bizni istarali ayol qarshi oldi. Xonadon chinnidek toza.

 

Bu uyda Oysara Abdullayeva ikki farzandi bilan yashar ekan. Hol-ahvol soʻrashgach, Oysara boshidan kechirganlarini soʻzlaydi:

 

— Turmish oʻrtogʻim Oʻroq Xoʻjamberdiyev 1-guruh nogironi edi. Yaqinda olamdan oʻtdi. Bizga mana shu uy berilganini koʻrib, xotirjam boʻlib, chin ­dun­yoga ketdi. Qizim 9-sinf, oʻgʻlim 8-sinf oʻquvchisi. Farzand­larim maktabda aʼlo baholarga oʻqiydi. Oʻgʻlim qoʻl jangi sporti boʻyicha Oʻzbekiston chempioni. “Temir daftar”da turganimiz bois, tikuv mashinasi sovgʻa qilishdi. Hozir «Surxondon» AJda kasanachiman, yaʼni uyda oʻtirib tikuvchilik qilaman. Matolarni oʻzlari olib kelib beradi, ish tayyor boʻlgach, olib ketadi. Eng muhimi, bolalarimning boshpanasi bor. Mahallamiz ahil-inoq, qoʻshnilar oqibatli. Bu yerda hamma bir-birini taniydi, avaylaydi. Allohga shukr, kamchiligimiz yoʻq.

“Xonadon sohibasi uchun nima kerak boʻlsa, davlatimiz barcha sharoitni yaratib berdi”

 

“Yuringlar, sizlarni mahallamiz shoirasining xonadoniga olib boraman”, deya yoʻl boshladi «Gulis­ton» MFY raisi Ixtiyor Ravshanov. Rais yoʻl-yoʻlakay ayolning boshidan oʻtgan qiyinchiliklarni hikoya qilib berdi:

 

— Borayotgan uyimizda Dilshoda Choriyeva yashaydi. U 2-guruh nogironi boʻlib qolgunga qadar shahrimizdagi oshxonalarning birida oshpaz boʻlib ishlagan. Taqdir boshiga ogʻir sinovlar soldi. Ikki marta infarktni boshdan kechirgan, doim qon bosimi baland, buyrak yetishmovchiligi, jigar xastaligi, xullas, bir dasta kasalliklar tarixiga ega. Shunday boʻlsada, hozir oʻzining kichik biznesini yoʻlga qoʻygan. Quvvati yetguncha somsa pishirib sotadi. U shunday sheʼrlar yozadiki, eshitib koʻring, haqiqiy shoir, deysiz.

 

Gullar bilan oʻralgan yoʻlaklardan yurib, chinnidek yaraqlagan zinalardan ikkinchi qavatga koʻtarildik. Nihoyatda ochiq chehrali ayol kutib oldi. Xonadondan taralayotgan xushboʻy hid ham bekaning oshxonasida baraka borligini anglatadi. Biz shinam xonadagi yumshoq mebellarda qator boʻlib oʻtirdik. Xonadagi tozalik va tartibdan hammamizning yuzimizda mamnuniyat barq uradi.

 

— Mana oldingizga Zulfiya Moʻminovani olib keldik. Marhamat, sheʼrlaringizni koʻrsatishingiz mumkin, — dedi viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Nargiza Rahmatullayeva.

 

— Bir qarashdayoq tanidim, ammo koʻzlarimga ishonmadim. Nahotki, Zulfiyaxon boʻlsa, deb ikkilanib turibman bu hayajondan, — deydi samimiy ­tabassum bilan xonadon sohibasi.

 

Dilshoda bilan maroqli suhbat qurdik. Sheʼrlar oʻqib berdi. Toʻgʻri, uning yozganlari sheʼriyat mezonlariga javob bermasada, nimasi bilandir insonning yurak pardalariga tegib ketadi. Balki bu satrlarni necha marta oʻlim bilan olishgan ayol yozgani uchundir, balki bu sheʼrlarni kechagina dorixonalardan qarzga botib, ijarama-ijara yurgan mushtipar yozgani uchundir?! Yakka-yolgʻizligidan faqat qalam bilan suhbat qurgan bir zaifaning nidolari boʻlgani uchundir?!

 

— Derazamdan musiqa va baxshilar maktablari koʻrinib turadi. Gohida ularning oldiga borib sheʼr­larimdan oʻqib beraman. Maqtanyapti demangu, yosh baxshilar sheʼrlarimni kuyga solib, bayramlarda aytyapti. Mana, qarang, yangi gaz plita, televizor, muzlatkich, yangi gilamlar, darpardalar — barini hokimiyat olib kelib berdi. Hatto konditsionergacha qoʻyib berib ketishdi, — deya mamnuniyat bilan davom etadi Dilshoda Choriyeva.

 

Prezidentimizni duo qilayotgan, sharoitlarini yaxshilab berayotgan viloyat rahbarlariga minnatdorlik bildirayotgan bu ayol bilan mamnun xayrlashdik.

 

Keyingi manzilimiz 1-guruh nogironi Murodjon Qosimov xonadoni boʻldi. Uch xonali uy bilan taʼminlangan Murodjon bizni kulib qarshi oldi. Agarda aravachada oʻtirmaganida, uni hech kim nogiron deb oʻylamaydi. Bizdan oldin patronaj hamshirasi Maqsuda Allamurodova kelib, qon bosimini oʻlchayotgan ekan. Murodjonning egizak bolalari bizning tashrifimizdan xursand boʻlib, yonimizga kelib oʻtirdi. Ayoli Samiyaoy yumush bilan tashqariga chiqqan ekan.

 

Murodjon oʻz ahvolini quyidagicha bayon etdi:

 

— Ayolim bilan turmush qurganimizdan keyin sharoitimiz yanada ogʻirlashdi. Toʻgʻri, ayolim meni oq yuvib, oq taraydi, oʻz vaqtida dorilarimni ichiradi. Ammo uy-joy muammosi yelkamizni ezib turardi. Oradan ikki yil oʻtib, Fotima-Husan egizaklarimiz tugʻildi. Ayolim kasal boʻlib, men tugul, chaqaloqlarga ham qaray olmay qoldi. Uning oʻzi yordamga muhtoj edi. Prezidentimiz biz uchun tushimizga ham kirmagan yaxshilikni qildi. Adolatli mamlakatda yashayotganimizni oʻsha ogʻir kunlarda his etdim. Shifokorlarning koʻrsatmasi bilan chaqaloqlarni Goʻdaklar uyiga vaqtinchalik topshirdik. Biz dastlab u yerda shunday yetuk mutaxassislar borligiga ishonmagan edik... Ayolim ikki yil davomida qatʼiy davolandi. Chaqaloqlarga qaray olmasligimizni hisobga olib, ularni Mehribonlik uyiga oʻtkazishdi. Davlatimiz farzandlarimizga haqiqiy gʻamxoʻrlik qildi, tan olish kerak, bizdan aʼlo qarab, tarbiyalab berdi.

 

Shunday gʻamxoʻr davlat uchun farzandlarimizni munosib qilib tarbiyalash endi bizga bogʻliq. Biror muammo boʻlsa, murojaat qilamiz, masala joyida hal boʻladi, iltimosimiz yerda qolmaydi. Bizga mana shunday toʻkis sharoit yaratib bergan Prezidentimizga, bu ishga bosh qoʻshganlarga ming rahmat.

 

Vatanga muhabbat — inson qalbining eng baquvvat ustuni

 

Viloyatda hikoya qilib berishga arzigulik ishlar bisyor. Islohotlar kirib bormagan soha yoki xonadon yoʻq. Odamlar bilan suhbatlashsangiz, ularning hayotdan roziligidan bir quvonsangiz, hayotga boʻlgan intilishidan, Vatanga daxldorlik hissi bilan toʻlib-toshishidan ruhingiz oʻsadi.

Surxondaryo azaldan orifa, fozila ayollar yurti. Viloyatda ilgʻor fikrli, zamonaviy bilimlarga ega fan doktori, fan nomzodi, yosh tadqiqotchi va magistr qizlarni oʻz ichiga olgan “Ixtirochi ayollar” uyushmasi tashkil etilgan.

 

Iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish, xalq farovonligini rivojlantirish, tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirish borasidagi muhim hujjatlar ham surxondaryoliklar uchun ulkan ragʻbat boʻldi.

 

Keyingi yillarda Surxondaryoda amalga oshirilgan ezgu ishlar, xalqning farovon yashashi uchun yaratilayotgan sharoitlar, “Obod qishloq” dasturi boʻyicha qisqa vaqt ichida ertaklardagidek moʻjizaviy qiyofa kasb etayotgan qishloqlarimizda yashayotgan yurtdoshlarimiz boshiga baxt qushi qoʻnganini koʻrsatib turibdi.

 

“Har bir oila — tadbirkor” dasturi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni koʻrib xalqimiz qoʻllab-quvvatlansa, naqadar qudratli kuchga aylanishiga har kun guvoh boʻlyapmiz.

Surxondaryoliklar tomorqa xoʻjaligi hadisini olgan. Aholining qariyb 70 foizi tomorqadan yuqori hosil olmoqda. Bu mahallalar muhitiga yangi ruh bagʻishlamoqda. Yaratilayotgan yangi ish oʻrinlari
oilalar mustahkamligiga poydevor boʻlyapti.

 

Hamisha ilm va maʼrifat saodat kaliti boʻlgan viloyatda yurtimizdagi nufuzli universitet va ins­titutlarning filiallari ochilishi ham tarixiy voqea boʻldi. Bu ilm dargohlariga kirish oliy maʼlumot olish orzusida yurgan yoshlarimizga qanot boʻldi. Bu yil oliy oʻquv yurtiga kirganlar soni ilgarigi yillarga qaraganda ikki barobar oshdi. Sherobod, Termiz, Jarqoʻrgʻon, Denov, Qiziriqda yangi qurilgan zavodlarda ishlayotganlarning asosiy qismini yoshlar va xotin-qizlar tashkil etadi.

 

Maʼnaviyat karvoni ishtirokchilari taʼlim muassasalarida, shaharu qishloqlarda, ziyoratgohlarda, masjidu madrasalarda, mahallalarda, korxona va tashkilotlarda koʻtarinki ruh bilan diydor bayramlari oʻtkazdi. Har bir kunimizda mehr, har bir qadamimizda azizlik va qadr, shukuh borligiga ishondik.

 

Safarimiz soʻnggida bir xulosa qildik: Vatanga muhabbat inson qalbining eng baquvvat ustunidir. Zero, ona Vatan shu ustunga suyanadi.

Zulfiya MOʻMINOVA,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi. 2022-yil 193-son

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 178
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19171
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15990
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi