Chingizxon aytgan bayt


Saqlash
17:27 / 14.09.2021 2129 0

 

Avval boshidan ayta qo‘yay, “Sen kimsan-u, Mirzo Ulug‘bek kim, undan nuqson qidirgani?, deb yurmang. Mirzo Ulug‘bekni hech biringizdan oz hurmat qilmayman, bu ulug‘ ajdodimiz nomi bilan ko‘nglim tuyadigan faxr o‘zini uning vorislari sanaydiganlar iftixoridan kam emas. Lekin gurung qadimiy tilimiz obro‘si, so‘zlarimizning tub ma’nosi to‘g‘risida borar ekan, shoir Xorazmiy aytganidek,Bu yo‘lda sabr yo‘q, gar pesha qilsam. Qolaversa, asosiy masala tilimizda yaratilgan so‘z-atamalarning asl mazmunini tiklash orqali chinlikka erishish, ulug‘ bobomiz yozganlaridan o‘tiruk izlash esa yuzinchi masala ham, umuman, maqsad ham emas.

Tilning obro‘si o‘sha til tashuvchilarning har birining obro‘sidan yuqori ekaniga hech kim gumon etmasa kerak. Bu chiqishim bilan men haqman, Mirzo bobomiz yanglishgan, deb uzil-kesil xulosa qilishga da’vom ham yo‘q: mashhur manbadan kerakli ko‘chirma keltiraman va bu boradagi o‘ylarimni aytaman, sizlar esa bularni ong-fahm morlisidan (prototurkiy so‘z; ipakning yupqa xilini morli deganlar, qadimda morlidan juvoz moyini suzib, tinitishda foydalanishgan) o‘tkazib, aql tarozingizda tortib, xolis yakunga kelasizlar. Arastu ayganiday, Aflotundo‘stim, lekin haqiqat ustun”.

Demak, so‘zimiz o‘roli Mirzo Ulug‘bekning To‘rt ulus tarixi (Tarixi arba’ ulus) kitobi, aniqrog‘i, o‘sha asarda keltirilgan turkiy jirning bir satri va muallifning bu misra ma’nosini qanday talqin qilgani haqida. Bu o‘rinda ikki fikrimni qistirma qilib o‘tishim kerak.

Jo‘jining o‘limi haqidagi jir bir necha turkiy xalq-elatlar orasida ozgina o‘zgarishlar bilan hozirgi kunga qadar saqlanib qolgan. To‘rt ulus tarixida bu mashhur jirning birlamchi kabi (turkiy kabshakl, forma)ga yaqin bo‘lgan XV asrdagi ulgusi bitilgan. Mirzo Ulug‘bekning asari turkiy xalqlar, turkiy tillar tarixi uchun, jumladan, Chingizxon to‘g‘risidagi jirning dastlabki yozma matni keltirilgan manba sifatida ham osha qimmatlidir.

Aytmoq bo‘lgan keyingi qistirma fikrim ham ushbu jir bilan bog‘liq. Ayrim tadqiqodchilar orasida Ulug‘bek bu kitobni o‘zi yozmagan, bir necha olimlarning jamoaviy mehnati mahsulidir, degan ko‘zqarash bor. Mening sal keyin bildiradigan o‘y-fikrlarim esa asarni Ulug‘bekning shaxsan o‘zi bitgan degan xulosaga yetaklaydi. Faqat ushbu maqolani o‘qib tugatgandan so‘ng “Buyurtma berib jamoaviy asar yozdiradigan Mirzo Ulug‘bekdek podshohga kerak o‘rnida turkiy tilni (qipchoq lahjasini) teranroq anglaydigan bir yozar topish qiyin ekanmi? degan savol qo‘yish yodingizdan chiqmasin.

To‘rt ulus tarixi (Toshkent: Cho‘lpon nashriyoti, 1994) kitobi 220-221-betlaridan turkiy jirning qo‘sh misrasini va Ulug‘bekning talqini tarjimasini keltiraman. Diqqat qiling:

 

Qulon olg‘on quvlondi, qulunimdan ayrildim,

Ayrilishqon anqudi er ulumdan ayrildim!

 

Ya’ni:Ov qilish uchun ov maydonida quvlanayotgan qulonga o‘xshayman, qulon o‘zi qochadi, ammo bolasi qoladi, men ham xuddi qulon kabi bolamdan judo bo‘ldim! Men bir soddadil odamga o‘xshayman, soddadil kishi do‘st deb fahmlab, dushman o‘rtasida qolib, hamrohlaridan ayriladi, men esa mardona farzandimdan judo bo‘ldim!.

Jirning birinchi satridagi qulunimdan ayrildim iborasining ...bolamdan judo bo‘ldim tarzida talqin qilinganini payqash uchun ortiqcha zo‘riqishga hojat yo‘q, faqat qulon kabi sifatlamasining tegishlilik o‘rnini o‘ylab ko‘rish ehtiyoji bor siyoqli. Xolis bo‘ling, ayting: jirdagi Qulon olg‘on quvlondi iborasini Ov qilish uchun ov maydonida quvlanayotgan qulonga o‘xshayman, qulon o‘zi qochadi, ammo bolasi qoladi, men ham xuddi (qulon kabi)...” qabilida izohlash mumkinmi sira? Nima bo‘lgan o‘zi, nima majburlagan buyuk bobomizni uch og‘iz turkiy so‘zning bunchalik erkin, bunchalik ko‘lamli talqinini keltirishga?! Menimcha, bu holga jir matnidagi quvlondi so‘zining quvalandi, quvildi ma’nosida idrok etilishi sabab bo‘lgan. Endi bu jumlani qulon olg‘on quvlon edi tarzida o‘qib ko‘ring. “Olg‘on” ifodasining ovchilar tilida “otib olmoq”, “ushlamoq”, “tutmoq” singari ma’nolari borligini yodga keltiring. Bu bilan “quvlondi” so‘zini “chopqir edi”, “chaqqon edi”, “tezkor edi”, “qulonlarni quvlab ovlaydigan shiddati bor edi” mazmunida qabul qilishingiz oson kechadi. “Quvlon” so‘zini yuqoridagi ma’nolarda hozirgi tilimizga ham kiritishimizga (tiklashimizga) hech narsa halaqit bermaydi.

Keyingi satrdagi “Ayrilishg‘on anqudi” iborasining “Men bir soddadil odamga o‘xshayman, soddadil kishi do‘st deb fahmlab, dushman o‘rtasida qolib, hamrohlaridan ayriladi...” deya talqin etilishiga, fikrimcha, “anqudi” so‘zini anqov edi (talqindagi soddadil kishi) deb idrok qilish sabab bo‘lgan. Anqu asli ongqu, ya’ni ong(ov)ga solinadigan yirqich qushlarning jamlama oti. Bu turdagi qushlar tuxum ochgan inidan erta ayriladi, to‘dalanmasdan yolg‘iz yashashga, o‘z kunini o‘zi ko‘rishga ko‘nikkan bo‘ladi. Jirda Jo‘jining to‘ng‘ich o‘g‘il ekaniga ishora qilinmoqda. Ongqu degan qadimiy so‘zimizni ham bemalol hozirgi tilimizga ko‘chirib olish mumkin.

Endi ushbu turkiy jirning to‘liq matni bilan tanish bo‘lmaganlarga bir-ikki og‘iz qo‘shimcha so‘zim. Qo‘shiq o‘rtasida Chingizxon Jo‘jining o‘lganini nihoyat anglab yetadi va turkiy odat bo‘yicha yo‘qlov ayta boshlaydi. Yo‘qlovning xususiyati shuki, asosiy e’tibor marhumni ulug‘lashga, uning xislat va iqtidorini oshirib maqtashga qaratiladi, azadorning qiynalayotgani, ruhiy kechinmalari ikkinchi darajali. Chingizxon aytgan marsiya ham kamina talqinida Jo‘jining bu hayotda sayd emas, sayyod bo‘lib yashaganini ta’kidlashga qaratilgan, Chingizxonning iztiroblarini ko‘rsatishga emas. Shunga diqqat ag‘darishingizni tilar edim.

Jirning boshqa joylarida ham biroz izohtalab va imloviy tahrirtalab o‘rinlar bor. Agar qachondir tadqiqodchilarimiz bu ajoyib tarix va til yodgorligimizning to‘liq matnini Mirzo Ulug‘bekning kitobi ulgusi asosida alohida nashr qilmoq niyatiga kelsalar, shu tomonlarini ham e’tiborga olishlarini so‘rayman. Sababi, ulug‘larimiz so‘zlagan til hammamizdan ulug‘!

Orolli O‘ZBEK

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 85
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 272
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//