Toshkent tirbandliklari, choʻntakkesar jarimalar, daxlsiz “A” yoʻlak – shaxsiy avtomobildan saqlaning!


Saqlash
17:09 / 15.09.2022 946 0

Oy boshida poytaxt koʻchalari boʻylab sodir boʻlgan bir-biriga juda oʻxshash holatlar qariyb esdan chiqayozgan asabbuzarliklarni qayta jonlantirib yubordi: deyarli barcha serqatnov chorrahalar, hatto 8 qatorli shohkoʻchalargacha tirbandlikdan yorilib ketayozdi-yov! Boz ustiga, noiloj ishtirokchilar – haydovchi va yoʻlovchilarning jigʻibiyronligi bosh ogʻriqni battar kuchaytirardi.

 

Sababi esa juda oddiy: yangi oʻquv yili boshlandi! Vo ajab, talabalar ilk darsga qatorlashib, kimoʻzarga karnay-surnay sadolari ostida ota-onalari va ishqibozlari kuzatuvida borishdimi? Yoʻq, ular oddiy va odatiy tarzda oʻqishga otlanishgandi, afsuski, shunday keng va katta shahardagi sonsiz-sanoqsiz yoʻllar talabalarga torlik qilib qoldi. Chunki ularning aksari shaxsiy avtoulovlarida darsga qatnashadi. Qandini ursin! Hamyoni koʻtaribdiki, mashinali boʻlibdi. Aslida, bu taʼminot homiylari – 20-40 yillar ilgari oʻqishga tramvay-trolleybusu avtobuslarda qatnagan “jabrdiyda” ota-onalar ekani hech kimga sir emas: “Roʻzgʻorda har ne qiyinchilik boʻlsayam, koʻzimning oqu qorasi – bolam qiynalmasin!..”.

 

Raqamlarga murojaat qilaylik – masala oʻz-oʻzidan ravshan tortadi: davlat statistika qoʻmitasi tarqatgan maʼlumotnomaga koʻra, 2021/2022-oʻquv yili boshiga Oʻzbekistondagi barcha oliy taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan talabalar soni 808,4 mingni tashkil etgan. Shundan Toshkent shahrida 222 342 nafar tolibi ilm tahsil oladi, basharti, bu raqamni tumanlar miqyosida tahlil qilsak, quyidagi jadval hosil boʻladi:

 

Hech bir istisnosiz aytish mumkinki, shu jadvalning oʻziyoq nima uchun poytaxtning Olmazor, Chilonzor va Yunusobod tumanlarida yoʻllar koʻproq tirband boʻlishini koʻrsatib turibdi. Yaʼni, ushbu hududlardan qatnaydiganlar son jihatidan ancha koʻp.

 

Shaxsiy mashina va jamoat transportining yoʻlovchi sigʻimini solishtirib koʻraylik. Ichida bir yoki ikki kishi ketayotgan 50 ta yengil avtoulov uzunligi 250-300, eniga 100 metr masofadagi yoʻlni band qilishi tayin. Buncha joy – bu yoʻlchiroqdan keyingi yoʻlchiroqqacha boʻlgan yoʻl degani. Mana, muammoning ildizi qayerda! Eng muhimi, shuncha odamni, yaʼni 50-70 nafar yoʻlovchini atigi 8 x 2 metr hajmdagi bitta avtobus manzilga yetkazib qoʻya oladi. Demak, gavjum shahar-kentlarimizda jamoat transportini rivojlantirish kerak. Savol tugʻiladi: xoʻsh, oʻsha avtobuslar ham tirbandlikda qolib ketsa, bundan kimga nima naf?!

 

Yoʻq, buning aniq yechimi bor: xuddi rivojlangan davlatlardagi kabi jamoat transportlari uchun belgilangan “A” yoʻlakka alohida eʼtibor qaratish lozim. Buni davlat ahamiyatiga molik masala sifatida qatʼiy qonun bilan ihotalash shart. Jarima mexanizmi ishga tushib ketsa, qisqa fursatda hammamizning koʻzimiz moshdek ochiladi. Sinalgan usul.

 

Daxlsiz “A” yoʻlak boʻylab erkin harakatlangan avtobus yoki yoʻnalishli taksida manziliga osonroq yetib boriladigan boʻlsa, ortiqcha asabbuzarlikni oʻziga ravo koʻrib, tiqilinch yoʻllarda soatlab kutib, ishga yoki oʻqishga shaxsiy avtoulovda qatnash kimga ham yoqardi. Pirovard natijada shahar aholisi va mehmonlariga sayru sayohat uchun ham, kundalik tirikchiligu bozor-oʻchar uchun ham juda qulay muhit yaratiladi.

 

Bu taklifga Siz nima deysiz, uzangiyoʻldoshlar: har haftada besh-olti kun ertalabdan yoʻl-yoʻlakay soatlab tirbandliklarda qolib ketib, ishga kechikib kelayotgan xodim... va birinchi soat darsga vaqtida yetib borolmayotgan tolibi ilm?

 

Safar OLLOYOR

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19271
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16334
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi