Odamlar dindor, namozxon, taqvodor insonlarni yaxshi, insofli odam deb umid qilishadi. Ulardan chiroyli xulq va ibrat bo‘ladigan “odamgarchilik” kutishadi. Ammo muomala qilishganidan keyin esa ko‘plarining hafsalalari pir bo‘ladi. Bu real hayotda uchrab turadigan ayni haqiqatdir.
Hayotda din boshqa, insoniy muomila boshqa. Aslida, din barcha chiroyli axloqlarga buyuradi, ammo bu degani hamma dindorlar ham yaxshi xulqli degani emas. Din insonning o‘zi bilan Robbisi orasidagi narsa. Odam hayotda dini bilan emas, xarakteri bilan yashaydi. Gohida inson juda taqvodor, Qur’oni karimni to‘liq yodlagan qori bo‘lishi, ammo oilasida, yaqinlari orasida, odamlar bilan muomalada juda insofsiz, ziqna yoki teskarisi, – umuman dinsiz bo‘lib, odamlarga muomalasi go‘zal, mard inson bo‘lishi ham mumkin.
Endi gapimning isbotiga bir nechta misollar keltiraman:
1. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Toifdan qaytayotganlarida Mut’im ibn Adiy ismli bir mushrikning himoyasi ostida Makkaga kirganlar. Payg‘ambarimiz o‘z hayotlarini o‘sha mushrik odamga ishonib topshirganlar va u o‘z o‘g‘illari bilan kelib Rosulullohni Makkaga olib kirib: Ey Quraysh, men Muhammadni himoyamga oldim, kim unga tajovvuz qilsa qarshisida meni ko‘radi, degan edi;
2. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga hijrat qilib ketayotganlarida ham o‘zlariga Abdulloh ibn Urayqit Laysiy ismli bir mushrik kishini yo‘lboshlovchi qilib olgan edilar. Vaholanki, Makka mushriklari kim Rosulullohni tutib kelsa yuzta tuya mukofot belgilagan edilar. Ammo o‘sha mushrik odam Rosulullohni sotmadi, balki va’dasiga vafo qilib eson-omon Madinaga yetkazib qo‘ydi;
3. Ibrohim alayhissalom ayollari Bibi Hojarni go‘dagi bilan cho‘lga tashlab kelganlaridan keyin u yerdan Zamzam suvi chiqadi. Ona-bola yolg‘iz yashay boshlaydilar. Oradan bir oz vaqt o‘tgach u yerdan yamanlik jurxun qabilasi katta karvon bilan o‘tib qoladi. Qarasalar yolg‘iz ona-bola, boshqa hech kim yo‘q. Suv bor, yaxshi hayot kechirish uchun hamma imkonlar mavjud. Shunda karvon boshliqlari Hojar onamizning oldilariga kelib shu yerda yashab qolish va suvdan foydalanish uchun izn so‘raydilar. Onamiz ularga izn beradilar.
Qarang, bular ham o‘zlari mushrik, haq e’tiqodda emas: ular uchun ona-bolani haydab yuborish yoki o‘ldirib tashlash qiyin emas. Ammo butparast bo‘lsalar ham mardlik, odamgarchilik qilib shu ojiza bir ayoldan izn so‘radilar...
Bu kabi misollar bisyor. Bu holning teskarisiga esa tarixdan dalillar topish juda qiyin. Chunki ajdodlarimiz dinda mustahkam bo‘lgan sari, birovning haqidan qo‘rqadigan, insof-adolatli bo‘lib boraverishgan. Ammo hozirgi davrda...
1. Bir akamiz qizini uzatdi. Bo‘lajak kuyov Qur’onni to‘liq yodlagan qori ekan, deb xursand bo‘lib yurdi. Afsuski, turmushlari bir yilga ham bormadi. Oilaning ichiga kirmayman-u, ammo qiz qaytib kelganida otasining ahvoli ancha ayanchli edi... Endi shu akamiz qori desa xo‘sh deydigan bo‘ldi...
2. Bir birodar xristian ustadan mening guvohligimda ming AQSh dollari miqdorida qarz oldi – men o‘rtaga tushmaganman, o‘zlari gaplashishgan. Ammo pulni olib, u birodarga men jo‘natib yuborganman. Birodar pulni oldi-yu, izini ko‘rsatmay ketdi. Bir kuni shu xristian usta bilan ko‘rishib qoldik.
– Men sizlarning Alloh, Alloh deganlaringga umuman ishonmayman, sizlarda din yo‘q, dedi u...
3. Bir tanishim bir ayolning rasmini ko‘rsatdi. Rasmni ko‘rib qo‘rqib ketdim. Kaltaklangan, tekkan kaltak zarbidan yuzlari shishib ketgan. Itni ham bunday urmaydilar. Kim bu, desam, dugonam, Makkada yashaydigan bir birodarga ikkinchi xotin bo‘lib turmushga chiqib ketgandi. Mana ahvoli, dedi...
Ko‘ryapmizki, yaxshi-yomon, insofli-noinsof, ishonchli-ishonchsiz odamlar dindorlar ichida ham, dinsizlar ichida ham bor. Dindor odam ham qo‘pol, ziqna, baxil, badxulq... bo‘lishi mumkin. Har kimning dini o‘zi bilan Robbisi orasida bunyod bo‘ladi. Insonlarning dini emas odamiyligi muhim.
Shuning uchun ham Umar roziyallohu anhuning oldida bir kishi maqtalganida, “Sen o‘sha odam bilan oldi-bergi qilganmisan, yoki safarda birga bo‘lganmisan, yoki qo‘shni bo‘lganmisan?”, deb maqtalgan odamning insoniy muomalaga oid sifatlarini so‘raganlar. Dinini yoki taqvosini surishtirmaganlar...
Hasan TEMIROV
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q