“Millat ahil boʻlsa, bolasi koʻchada qolmaydi!” – universitet ostonasida tunayotgan talaba, ota-onalar va yechimini kutayotgan eski muammo


Saqlash
17:09 / 09.09.2022 1029 0

Kuz kelishi bilan poytaxt talabalar bilan toʻlib-toshadi. Kimdir koʻrpa-toʻshagi, kimdir kiyim-kechagi tugilgan tugunni koʻtarib, boshqa birov qoʻlida dasta-dasta hujjatlar bilan universitet rektoratiyu yotoqxona oʻrtasida qatnab kun oʻtkazadi. Necha yillarki, talabalarni turarjoy bilan taʼminlash muammosi mavsumiy koʻtariladi, yechimlar taklif qilinadi. Garchi vaziyat hukumat darajasida ham muhokama etilib, zaruriy choralar koʻrish topshirigʻi berilgan boʻlsa-da, oliy taʼlim muassasalariga kvota oshirilgani sayin masala yanada dolzarblashib, sarson talablaru ota-onalar soni ortib boryapti.

 

 

2021-yil iyun oyida oliy taʼlim tizimidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan selektorda Prezident Shavkat Mirziyoyev talabalarning yotoqxona muammosiga toʻxtalgan, qoʻshimcha 149 mingta turarjoyga ehtiyoj borligi va masalani tadbirkorlar bilan xususiy sheriklik orqali tezda hal qilish mumkinligini aytgandi.

 

Shundan soʻng, 2021-yil sentyabrida qabul qilingan hukumat qarori bilan, respublika boʻyicha davlat-xususiy sherikchiligi (DXSH) asosida har biri oʻrtacha 400 oʻrinli, 228 ta talabalar turarjoyi barpo etilishi belgilangandi. 2022-yili esa hududlarda 47 ta yotoqxona qurilishi kerak edi.

 

 

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining xabar berishicha, bugungi kunda respublikada 60 ta 30 890 oʻrinli talabalar turarjoyi qurilmoqda. Davlat-xususiy sherikligidan tashqari yana 10 090 oʻrinli 21 ta yotoqxona barpo qilinyapti... Ammo shu kunlarda koʻchada tunab qolayotgan, yotoqxonaga joylasha olmayotgan tolibi ilmlarning hanuz koʻpligini koʻrarkanmiz, moʻljaldagi yotoqxonalar qurib bitkazilmagani ayonlashadi.

 

 

Natijada bu yil ham ijtimoiy tarmoq faollari odatdagidek muammoga turli yechimlar taklif qilishga kirishib ketdi. Jumladan, Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxoʻja Feysbukdagi shaxsiy sahifasida masala yuzasidan poytaxt aholisiga murojaat bilan chiqdi:

 

 

“Yil sayin OTM koʻpaymoqda, kvotalar oshmoqda, talabalar turarjoylari, tabiyiki, qurilishi bunga ulgurmayapti. Ilgari 77 OTM boʻlgan boʻlsa, soʻnggi 6 yilda 177 boʻldi, talabalar 231 000 dan qariyb 800 000 nafarga oshdi. Talabalarimizga uy-joy yetishmayapti, bor talabalar turarjoyi deyarli toʻldi. Mabodo sizda, qarindoshingiz, tanishingiz hovlisida, xonadonida joy boʻlsa, ijaraga bering, savob boʻladi, ilmi tolibga bersangiz. Soliq toʻlamaysiz, uyingizga baraka kiradi! Millat jipslashadi, qadriyatlar tiklanadi! Millat ahil boʻlsa, bolasi koʻchada qolmaydi!”

 

Taniqli jurnalist Abror Zohidov ham oʻz sahifasida xuddi shunday taklif bilan chiqdi. Biroq har ikki murojaat posti ostida oʻnlab tashabbusni maʼqullagan, mualliflarni olqishlagan izohlar orasida atigi 11 nafar foydalanuvchigina talabalarga turarjoy taklif etgan. Balki boshqalar qilgan yaxshiliklarini yozishdan oʻzini tiygandir, degan yaxshi gumondamiz.

 

 

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi esa masalaning yechimi uchun qoʻldan kelgunicha qoʻshimcha choralar koʻrdi. Xususan, vazirlik huzuridagi markaz masʼullari Toshkent shahrida 50 ga yaqin talabani ijara uylariga joylashtirgan. Biroq bu yechim minglab turarjoysiz talabalar uchun urvoq ham boʻlmaydi, afsuski.

 

Oyina.uz muxbiri asl vaziyatni oʻrganish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universitetida boʻlib, talabalar va ota-onalar bilan suhbatlashdi.

 

Feruza Musulmonova:

– Farzandim “grant”ga oʻqishga kirganidan xursand boʻldik, ammo turarjoyga qiynalyapmiz. Faqat nizom talablariga mos tushsa, yotoqxonadan oʻrin beriladi, deyishgan edi. Boquvchisini yoʻqotgan toifasiga kiramiz, komissiyadan oʻtishimizni kutyapmiz.

 

Sabina Usmonova:

– Kechki taʼlimga oʻqishga kirdim, afsuski, “kechki”larga yotoqxona berilmas ekan. Shuning uchun koʻchada qolmaylik, deb kursdosh qizlar bilan ijaraga kvartira topdik. Toʻlov odam boshiga oyiga 600 ming. Bu biz uchun qimmatlik qiladi. Kamiga, bir xonada olti qiz turibmiz. Kunduzi ishlab, harajatlarimizni qoplaymiz, degandik, lekin ish ham topolmayapmiz.

 

 

Shuhrat Qurbonnazarov:

– Qizim shartnoma asosida oʻqishga kirdi. Kelgan kunimiz ishimiz bitmadi, koʻchada tunashimizga toʻgʻri keldi. Poytaxtda biror tanish yoki qarindoshimiz yoʻq. Yotoqxona olish uchun komissiyaga hujjatlarni topshirganmiz. Ammo hal boʻlishiga koʻzim yetmayapti. Agar joy ololmasak, qizimni olib uyga qaytaman, deb turibman. Chunki oʻzim ham Xoʻjand davlat universitetida shartnoma asosida oʻqiyman. Toshkentda ijara narxi oʻrtacha 100 dollar ekan, bunga bizning qurbimiz yetmaydi. Oʻzim ham, xotinim ham hech qayerda ishlamasak, qanday toʻlaymiz bu pulni. Ota-bola boshimiz qotib oʻtiribmiz.

Afsuski, masalaning yechimi faqatgina universitetlar bilan ham bogʻliq emas. Ular ham talabalar turarjoyidagi mavjud xonalargagina, maxsus mezonlar asosida talabalarini joylashtira olishadi. Roʻyxatga mos kelmaganlar esa boshpanasini oʻzlari topishlariga toʻgʻri keladi.

 

 

Orifjon Olimjonov,

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti yetakchisi:

– Universitetimiz yotoqxonaci 672 oʻringa moʻljallangan. Avvalo, eng ogʻir sharoitdagi oʻquvchilarimizni joy bilan taʼminlashga harakat qilamiz. Xonalar birinchi galda chin yetimlar, boquvchisini yoʻqotgan, imkoniyati cheklangan, “Temir daftar”da turuvchi, oilasida ikki va undan ortiq shartnomada oʻqiydigan boʻlgan talabalarga beriladi. Bu mezonlarga mos tushmaydigan, lekin sharoiti chindan ogʻir boʻlganlarga joy topib berish tyutorlarga yuklangan. Ular qoʻlimizda bazasi shakllantirilgan ijara uylarning egalari bilan shartnoma tuzib, yigit-qizlarni joylashtiryapti. Prezident qaroriga koʻra, sharoiti ogʻir talabalarga davlat byudjetidan ijara pulining 50 foizi, 300 ming soʻmdan oshmagan miqdorda toʻlab berilyapti.

 

Shu kabi yechimlar, harakatlar bilan bir necha kunlardan soʻng taʼlim dargohlarida hammasi oʻz iziga tushib, hayot davom etadi. Omadi chopganlar yotoqxonaga, qolganlar ijara uylarga joylashadi, kimlardir viloyatga qaytib ketadi hatto. Lekin har yil sentyabrda bu mavzu qayta boʻy koʻrsataveradi. Boisi, poytaxtga oʻqishga keluvchilar soni yildan yilga oshib bormoqda, turarjoy esa yetarli emas, transportlardagi tiqilinchliklar-ku yana bir muammo.

 

 

Viloyatlarda universitetlar yetarli boʻlib, taʼlim sifati ham oshirilsa, abituriyentlar imkon qadar uyiga yaqin maskanlarda oʻqishni istagan boʻlardi. Xususiy universitetlarni faqatgina poytaxtda emas, hududlarda ham ochish muammo yechimiga maʼlum darajada yordam beradi. Farzandi bilan Toshkentga keluvchi ota-onalar uchun esa hamyonbop xostellar, mehmon uylari taklif etilsa, koʻchadagi sarsongarchiliklarga chek qoʻyilardi, balki. Albatta, aytishga oson, ammo sifatli taʼlim, bilimli kadr, yorqin kelajak istar ekanmiz, ilm talabidagi yoshlarni koʻchada qoldirmasligimiz kerak.

Nodira IBROHIMOVA

Oyina.uz

Foto: Xolida MUSULMONOVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19267
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16260
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi