Bolakay qiyofasidagi Kafka yoxud oʻgʻilning otaga isyoni


Saqlash
21:22 / 09.09.2022 3691 0

“Bir kuni ertalab behalovat uyqudan uygʻongan Gregor Zamza oʻzining ulkan va dahshatli hasharotga aylanib qolganini koʻrdi”. Frans Kafka “Evrilish” novellasini xuddi shunday keskin va hayratlanarli boshlaydi, oʻquvchi esa ushbu ziddiyat eshigidan kirib borarkan, oʻzi hech sezmagan, biroq hech boʻlmaganda oʻsha hayot yoqasida yashagan dunyoga oʻta boshlaydi. Ammo gap faqat “Metamorfoza” haqida emas. Gap Fransning bir kuni tongda behalovat uyqudan turib, dahshatli suvarakka aylanib qolganini koʻrgan Gregor Zamzaga evrilishi haqida ham emas. Gap Kafkaning “Evrilish”i hamda “Otamga xat”i qanday qilib monospektakl sifatida kichikroq, kafkayona xaroba boʻlmada qayta roʻy berishida.

 

Toshkentda oʻzining alohida binosiga ega boʻlmagan bir teatr studiyasi bor. Kichkina jamoa: ichi lovullab turgan aktyorlar, rejissyor, rassom va, albatta, badiiy rahbardan iborat. Oʻtgan yilgi mavsumda “Jaydari Martin” hamda “Bizning, faqat bizning kichkina Shahzoda” sahna asarlari bilan ziyoli qatlam orasida tanilgandi. Bu Qamariddin Ortiqov badiiy rahbarligidagi “Shams-i-Qamar” teatr studiyasidir. Uning yangi 14-mavsumi (shuncha yildan beri faoliyat yuritib kelayotganidan dalolat) Kafkaning “Otamga xat” essesi va “Evrilish” novellasi asosidagi “Kafka va K*” monospektakli progoni (barcha sahnalarning birlashtirilgan ilk namoyishi) bilan boshlandi.

 

Avvalroq eslab oʻtilgan ikki sahna asariniki kabi “Kafka va K*” monospektaklining ham rejissyori Jamshid Valiyev. Frans esa Muxtor Asrorov ijrosida gavdalandi.

 

Nega Kafka? Nega “Otamga xat” va “Evrilish”? Nega monospektakl? Kafka fantast yozuvchi emas, ammo asari qahramonini dafʼatan hasharotga aylantirsa, hech bir shubhalanmay ishonamiz-qoʻyamiz. Bu Kafkaning faylasufligi tufayli; oʻzi oʻrtaga tashlamoqchi boʻlgan masalaning ogʻir va sovuqligi, shu bois oʻz holicha qabul qila olmasligimiz sababli bizni absurd prizmasi orqali qarashga undaydi. Aslida novellaning boshidan-oxirigacha bir martagina hasharotga evrilishdan boʻlak gʻayrioddiy hodisa roʻy bermaydi. Voqealar ham kundalik hayotda qanday boʻlsa, oʻshanday davom etaveradi. Biroq oʻsha evrilish bir odam – Gregor Zamzaning emas, balki barcha yaqinlarining boshqa niqobni kiyishiga asoslanadi. Kafka oila aʼzolarining, ayniqsa, otasining tinimsiz bosimi tufayli oʻzini suvarakdek his qiladi.

 

Otasi oldidagi qoʻrquv va ichki kurash oxir-oqibat 1919-yilgi maktubga sabab boʻldi. Kafka ushbu matn ikki oʻrtadagi munosabatlarni tahlil qiladi va doimiy ziddiyat, jang nihoyasiga yetadi degan xayolda edi. Xatda otalar jamiyatining qonunlari ham elakdan oʻtkaziladi: oila tepasidagi tiran hukmfarmolikni qoʻldan chiqarmaslik uchun oʻz bolalarini – tomirlarida qoni oqayotgan farzandlarini ruhan oʻldirishi va bunda onaning roli ham ochib beriladi.

 

“Shams-i-Qamar” hamisha jamiyatimiz uchun aktual mavzularni tanlaydi. Yana bir tarafi, teatr studiyasi badiiy rahbari Qamariddin Ortiqovning muayyan asar asosida sahna koʻrinishi tayyorlashidir. Buni oldingi “Jaydari Martin”da ham kuzatish mumkin: Jek London asari asosida sahnalashtirilgan spektaklda ikki oʻzbek musofirining orzu-umidlari, intilishlari va haqiqiy, hech boʻrttirilmagan hayoti yoritilgandi. Bu safar ham anʼanaga sodiq qolindi. Ammo jamoada birgina aktyor qolgani bois monospektakl yaratildi.

 

Xullasi kalom, oʻrtacha boʻlma, ikki derazasi bor: biridan quyosh nuri tushib turadi, nisbatan kichikroq ikkinchi deraza qarama-qarshi joylashgan boʻlib, yorugʻlikni qoʻshni xonaga uzatadi. Ushbu oʻrtacha boʻlma – ham sahna, ham tomoshabin oʻrnashgan sahn. Toʻrda venetsian stul, ortidagi devor qonni eslatadigan boʻgʻiq rangda, oʻng tomon esa yorilib-oʻpirilib tushgan, unda taxminan Kafka onasining surati osigʻliq. Mixga doʻppi va chopon ilingan, uning roʻparasida esa ishdan chiqqan osma soat. Koʻrpa. Hushtak. Bunda biror narsa bekor ishlatilmaydi. Har birining spektakl davomida oʻz vazifasi bor.

 

Musiqa yangraydi. Qoʻllarini gʻalati tarzda orqaga qovushtirib olgan Kafka kirib keladi – oq koʻylak, kalta qora shim, oq paypoq, kapalaknusxa boʻyinbogʻ (bola qiyofasini eslatadi). Kuy ritmiga mos ohista yurib borib, stul qarshisiga choʻkkalaydi va boshini unga qoʻyadi. Shunda orqaga qilingan qoʻllar boʻshalib, xuddi ikki suvarak kabi oldinga harakatlana boshlaydi. Tomoshabin beixtiyor “Evrilish”ni eslaydi. Kafka stul suyanchigʻi ortidan – goʻyo otasi qamagan zindon ichidan qaraydi va monologini boshlaydi:

 

“Aziz otajon, Sen yaqinda nega men gapirayotganda seni dahshat bosadi, deya bexosdan soʻrab qolding. Otajon, shunday jang uslubi borki, u nomardlarning jang uslubi – nayza sanchishga ulgurgan raqib bu bilan cheklanmaydi, balki oʻz mavqeini saqlab qolish uchun oʻsal raqibining qonini ham soʻrib ichadi. Aziz otajon, mana shunday battol raqib bu – Sen!”

 

Buyumlar kafkayona ruh beradi kishiga. Boshqa tarafdan, zamonaviy oʻzbek tomoshabini bunday uslub “Shams-i-Qamar”ga xosligini biladi. Narsalar spektakl gʻoyasini ochish, tushuntirish maʼnosida shaklini oʻzgartirib boradi. Masalan, xona chetiga taxlangan koʻrpa avvaliga oʻz vazifasini bajaradi: qahramon unga uzala tushib yotadi, soʻng joynamozga, soʻng qayta taxlanib kitobga aylanadi. Stul – bir qarasang, bola qimir etmay oʻtirishi lozim boʻlgan burchak; bir qarasang, bosh qoʻyilgan yostiq yoki qamoq darchasi. Hatto ota shaxsini ham tamsil etadi. Chopon ham ota obrazini beradi. Buyumlar sahna asarining kompozitsion yaxlitligini taʼminlaydi, bir holatdan ikkinchi holatga oʻtishda koʻmak beradi, turli vaziyatlarni tomoshabinga tushuntirib ketadi. Boshqacha aytganda, qahramon bilan birga soʻzlaydi.

 

“Otamga xat” – oʻgʻilning otaga isyoni. “Evrilish” – oʻsha isyonning ramziy ifodasi. Monospektaklda buning oʻzbek jamiyatiga xos bir necha koʻrinishlari Kafkadan chekinmagan holda aks ettiriladi. Deylik, qahramon uzoq ayriliqdan soʻng padari buzrukvorining bagʻriga shoshiladi (aktyor devorga ilingan choponning bir yengini qoʻliga kiyib, ota obrazini gavdalantiradi). Ammo u oʻgʻlining qulogʻidagi sirgʻani koʻrib achchiqlanadi, boshidagi doʻppini sidirib oladi-da, oʻsha bilan yuziga tushiradi. Soʻng “Hayf senga!” degandek, qalpoqni yerga itqitadi. Bu yerda zirak va doʻppi oʻzaro zidlantiriladi, ikki avlodning qarashlari shu ikki unsur orqali ifodalanadi.

 

Otaning roziligi xudoning roziligiga tenglashtirilgan jamiyatda oʻgʻil uchun birdan-bir namuna, taqlid qilinishi lozim boʻlgan yagona odam – ota. Biroq u oʻzi taqiqlagan ishlarni oʻzi bajarib, oʻz irodasiga oʻzi qarshi borishi farzandda ikkilanish va shubha-gumonlarni tugʻdiradi. Deylik, ota dasturxon atrofida oʻzi istaganidek oʻtirishi, lekin boshqalarga toʻgʻri oʻtirishni tayinlashi; chalpillatib ovqat yeyish, shovqin solib gapirishga ham faqat u haqli ekani.

 

Spektakl taʼsirida savollar tugʻiladi: farzandlarimiz tarbiyasida xato yoʻldan ketmayapmizmi? Ularni oʻzimiz oʻrgangan qoliplar ichida yashaydigan noshudlarga aylantirib qoʻymaganmizmi? Negaki, biz bu haqda hech qachon jiddiy bosh qotirmaymiz-da: deylik, shunday qilishimiz kerakligi uchun oila quramiz. Bolali boʻlishga shoshilamiz. “Qariganimda qaraydi...” degan sayoz oʻy bilan xuddi oʻzimizga oʻxshagan, nima topsa uyga tashiydigan, gapimizni ikki qilmaydigan oʻgʻil-qiz tarbiyalaymiz. Biz ularni fikrlashga oʻrgatmaymiz. Biz ularni shablonlarga oʻrgatamiz. Yaxshi va yomon shablonlarga. Bolada aynan biror vaziyat boʻyicha fikr shakllantirilmaydi, unga qay holatda qaysi harakatni bajarish singdiriladi. Koʻnglida tugʻilgan sarkash savollari esa tambalab tashlanadi.

 

Spektakl monologi bir oqimda boraveradi. Ammo orada Kafka qarsak chalib, “Beqasam toʻnlar kiyib” va “Oq ilon, oppoq ilon”ni ayta ketadi. 4-sinf bolasi kabi burchakka turgʻazib qoʻyilgan qahramonga oʻzbek xalq qoʻshiqlarini kuylatishdan ijodiy jamoa nimanidir koʻzlagani aniq, bunga shubha yoʻq. Biroq monolog va harakatlardagi uzviylik shu oʻrinda buzilgandek. Qolaversa, odatda ayollar ijro etadigan ashullalarni erkak personaj ogʻzidan eshitish tomoshabinni chalgʻitib qoʻyadi. Xayolini har koʻchaga boshlaydi.

 

Monospektakl “Aziz otajon” deya boshlanib, xuddi shu murojaat bilan yakunlanadi. Kafka xonaga qanday kirib kelgan boʻlsa, oʻshanday ohistalik bilan xonani tark etadi. Ammo chiqib ketar ekan, chiroqni yoqadi: kech tushib, koʻchaga qaragan deraza koʻzlaridan endi nur tushmay qolgani bois tomoshabin buni spektakl yakuni sifatida qabul qiladi.

 

“Shams-i-Qamar” teatr studiyasining yangi mavsum uchun tayyorlagan spektakli oʻziga xosligi va ichkinligi bilan lol etishi tayin. Istardikki, ushbu asar katta sahnalarda ham qoʻyilsa, koʻplab yurtdoshlar tomosha qilsa...

 

Alisher FAYZULLA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 86
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 274
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//