“Yelkamizdan togʻ agʻdarildi goʻyo” – darsliklar ijarasining bepul boʻlishini kim qanday kutib oldi?


Saqlash
16:59 / 07.09.2022 1451 0

Maktab darsliklari ijara narxining ikki baravar oshirilgani haqidagi xabar ota-onalar, ziyolilar va ijtimoiy tarmoq faollari oʻrtasida qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. Koʻp oʻtmay, Prezident Shavkat Mirziyoyev kitoblarni oʻquvchilarga bepul tarqatish toʻgʻrisida topshiriq berdi. Oyina.uz yurtdoshlarimizning mavzu yuzasidan fikrlari bilan qiziqdi.

 

Isroil Tillaboyev,

Respublika taʼlim markazi direktor oʻrinbosari:

 

– Tarixda ilk bora eng katta tirajda – 60 milliondan oshiq darslik chiqarilgan, Buyuk Britaniyadan ingliz tili, Rossiyadan xorijiy davlatlar uchun moʻljallangan rus tili, Germaniyadan xuddi shunday turdagi nemis tili darsliklari olib kelingan yilda kitoblarni bepul ijaraga berish toʻgʻrisidagi qarorni kutmagan edim, rosti. Chunki bu ishlar uchun milliardlab pul sarflanganiga guvohmiz. Men hech boʻlmasa, oʻtgan yilgi narxda qoldirilsa kerak, deb oʻylagan edim. Yoʻq, kitoblar butunlay bepul beriladigan boʻldi oʻquvchilarimizga, xalqimizga! Bu qarorni davlat rahbari xalqni chinakamiga oʻylashining yana bir isboti deb bilaman.

 

Obid Qoʻldosh,

“Maʼnaviyat sarchashmasi” gazetasi bosh muharriri:

 

– Tanishlarimdan biri uch bolali, qoʻli kaltaroq ayolning darsliklar ijarasi keskin oshgani uchun qiynalayotganini aytib qoldi. Sababi, ona jigarbandlariga yangi oʻquv yiliga kiyim-bosh olish uchun roʻzgʻordan tejab jamgʻargan pullarning borini ishlatib boʻlgan ekan. “Hamma ham oʻziga toʻq oilada yashamaydi. Oʻsha ayol va unga oʻxshaganlar ijaraga kitob ololmasa, nima boʻladi? Ularning farzandlari maktabga borishmaydimi endi?” derdi doʻstim kuyunchaklik bilan.

 

Bu savol oʻyga toldiradi kishini. Sifatli taʼlim, tarbiyani taʼminlamasdan turib, yurt kelajagi haqida gapirish oʻngʻaysiz. Ammo shu yoʻlda yoʻq joydan toʻsiq oʻylab topish qanchalik oʻrinli? Bu mavzuda ustozlar, tengdoshlar bilan turli bahs-munozaralarga kirishdik. Ijtimoiy tarmoqda ham xilma-xil fikrlar bildirildi. Nihoyat, intiq kutilgan voqea roʻy berdi: davlat rahbari topshirigʻiga koʻra, maktab darsliklari va mashq daftarlari ijaraga bepul beriladigan boʻldi. Koʻnglimdan xavotir aridi. Borligʻimda zulmatdan yorugʻlikka chiqqan inson qalbidagi singari kechinmalar mavj urdi. Bu yangilikni kimga aytmay, quvondi, kelajagimiz uchun manfaatli qarordan xursand boʻldi.

 

Karima Saidova,

Uchkoʻprik tumanidagi 4-oʻrta taʼlim maktabi direktori:

 

– Maktab darsliklarining ijara narxi eʼlon qilingach, qishloqda ota-onalar bu summani toʻlay olisharmikin, degan oʻy oʻtgandi xayolimdan. Ustiga ustak, oʻqituvchilar ham biroz tashvishli koʻrindi. Oʻtgan yillarda baʼzan sharoiti ogʻirroq boʻlgan biror oʻquvchi ijara pulini toʻlolmasa, oʻqituvchi oʻz yonidan toʻlab qoʻyaverardi. Ammo bu yil shunaqa vaziyatda bunday yoʻl tutish ustozlargayam ogʻirlik qilgan boʻlardi. Aslida, ota-onalarni ham tushunish mumkin, bir necha bolasi maktabga boradi, koʻpchilik onalar uy bekasi, oilada asosan bir kishi ishlaydi...

 

Oʻqituvchilarga ijara pulini ota-onalardan qistamasdan, narx oshishiga qogʻozning qimmatlashuvi va koʻplab darsliklarning yangilangani sabab boʻlganini tushuntiringlar, deb tayinladim. Chindan ham, oʻquvchilar uchun yangi, zamonaviy, rangli kitob-daftarlar tayyorlangan, ular bolajonlarni qiziqtiryapti, oʻqishga ragʻbatini oshiryapti. Onalar ham koʻp marta yangi darsliklar ularga maʼqul boʻlayotganini aytishdi. Lekin baribir ichimda xavotir bor edi.

 

Qarangki, ota-onalar ijara narxi boʻyicha eʼtiroz bildirishga ulgurmay, davlat rahbarining darsliklarni bepul tarqatish boʻyicha topshirigʻi chiqdi. Bundan oʻqituvchilar ham, ota-onalar ham juda xursand. Endi muallimlarimiz bir oy ichida ijara pulini yigʻib berish kerak, degan tashvishdan qutulib, bemalol darsiga eʼtibor qaratadi.

 

Hilola Ibrohimova,

ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi:

 

– Oʻtgan kuni oʻzim ishlaydigan maktabda bir nizoga duch keldim. Darsliklarning ikki barobar oshganidan norozi ona ijara pulini toʻlay olmayman, desa, sinf rahbari men ham oʻz yonimdan berolmayman, deya tortishardi. Shunda ona “Unda biz kitob olmaymiz, bolam sinfdoshinikidan foydalanib turadi, uy vazifalarini suratga olib yuborasiz”, dedi. Ularning suhbatini tinglab mungʻayib turgan bolajonni koʻrib ezildim. Sharoitlari chindan boʻlmasa, shu oʻquvchining darslik ijarasini oʻzim toʻlayman, deb koʻnglimga tugdim.

 

Oʻtgan yillarda ijara narxi arzon boʻlgani bois uncha bilinmasdi. Dafʼatan narx koʻtarilgani moddiy tomondan qiynalgan oilalarni tashvishga solib qoʻydi. Oʻsha kun kechki paytga borib, Prezidentimizning qarori chiqib turibdi. Xalqning koʻnglidagi ish boʻldi bu!

 

Ijodiy toʻgaraklarni kitoblarsiz tasavvur qilish qiyin. Har oyda bitta yangi kitob oʻqiymiz. Mutasaddilardan maktab kutubxonalarini foydali adabiyotlar bilan boyitishlarini soʻrayman. Bolalar darslik ijarasiga qiynalib turgach, qanday qilib falon badiiy kitobni sotib olib oʻqing, derdik. Yaxshiki, darsliklar bepul boʻldi. Endi ota-onalar ijara toʻlovi oʻrniga bolalariga badiiy kitoblar sovgʻa qilishsa nur ustiga nur boʻlardi.

 

Feruza Mamarasulova,

uy bekasi:

 

– Katta hovlida qaynona-qaynotam, qayinukamning oilasi bilan birga turamiz. Mening uchta, ovsinimning ikkita farzandi maktabga boradi. Ijara narxlari oshganini koʻrib, ichimizga tashvish tushdi. Sababi, besh bola uchun 500 mingdan ortiq pul toʻlashimiz kerak edi. Oilada esa ikki kishi ishlaydi, xolos. Oʻzi, maktab forma, oʻquv qurollarini arang eplagandik. Menimcha, oʻrtahol oilalar uchun bu narx qimmatlik qilardi.

 

Davlatimiz rahbari darsliklar ijarasini bepul qilgani esa yelkamizdagi togʻni agʻdardi goʻyo. Biz-ku, shu pulni topib toʻlardik amallab, lekin yon qoʻshnim bor – boquvchisi yoʻq, uyida bemor onasi bor, bir farzandiga xomiylik yoʻli bilan maktab formasi olib berildi, lekin darslik ijarasiga kimdan qarz olsam ekan, deb turgandi. 2022-yil, chindan ham, inson qadri yili boʻldi. Bolalarimizning bepul taʼlim olishi kafolatlangan. Men bir ona sifatida davlatimizdan roziman. Farzandlarim bu gʻamxoʻrlikni oqlab, kelajakda el koriga yaraydigan insonlar boʻlib yetishishiga chin dildan harakat qilaman.

 

Nodira IBROHIMOVA,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//