Filologiya fanlari doktori, professor Haydarali Uzoqov Elbekni “Erk yo‘lida erksiz ketgan fidoyi”, deb ta’riflagan edi. Darhaqiqat, shunday. Elbek erk so‘zining ma’nisini anglagandan buyon erksiz va yo‘qsul xalqining taqdiri uchun jon koyitdi. Millatining ruhini ko‘tarish, tilining sofligini saqlash, madaniyatini yuksaltirish, o‘zligini anglatish yo‘lida tinimsiz mehnat qildi. Uning bu jonfidoligi ijodida ham to‘la aks etadi. O‘sha davrda adabiyotdagi yangilanishlarni boshlab bergan Fitrat, Cho‘lpon, Botular qatori zamonaviy o‘zbek she’riyatining tamal toshini qo‘ygan shoirlardan biri Elbek edi.
Asl ismi Mashriq Yunusov bo‘lgan Elbek 1898-yil Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Xumson qishlog‘ida tug‘ilgan. 1905–1909-yillarda o‘sha yerda eski maktabda saboq olib, ma’lum vaqt dehqonchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgach, 1911-yil oiladagi iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli Toshkent shahriga kelib, kun kechira boshlagan. Abdulla Avloniy, Munavvar Qori kabi ma’rifatparvarlar tomonidan tashkil etilgan “usuli jadid” maktabi ko‘pgina bolalar qatori Mashriqni ham o‘z quchog‘iga oladi. Yoshligidan el adabiyotiga havasmand Mashriq xalq og‘zaki ijodi namunalaridan parchalarni yod bilar, she’r yozishni mashq qilar, iqtidori va qobiliyati bilan o‘z tengdoshlaridan ajralib turardi. Shoir keyinchalik bu haqda eslab, shunday deydi: “1905-yili qishloq eski maktabiga kirib o‘qidim. Bu maktabda 4 yil o‘qib, o‘quv-yozuvni o‘rgandim. Otamning mendan boshqa ham bolalari bo‘lgani uchun bizni boqa olmasdi. Men yoshlikdan dehqonchilik ishlariga berildim. 1910-1911-yillarda juda qiyinchilik va shuning natijasida boshqa aka-ukalar kabi men ham uyni tashlashga majbur bo‘ldim.
Toshkentga 1911-yilda birinchi marotaba keldim, bunda bir kishiga qarol bo‘lib ishladim. Shu yilda Eski shahar Devonbegi mahallasidagi “Xoniy” maktabiga o‘qishga kirdim. O‘qishga kirish meni sevintirdi, lekin moddiy yoqdan ko‘p siqilganlik ancha xafa qilardi. Hatto, qish kunlari oyoqyalang qoldim. Yotar yer yo‘q. Ba’zan o‘rtoqlarim uyida, ko‘pincha maktab hujrasida eski namat orasida o‘ralib yotib, qish o‘tkazardim”. Shu qiyinchiliklarga qaramay, Elbek 1914-yili shahardagi “Namuna” maktabiga kirib o‘qiydi va muallimlik ham qiladi, keyinchalik 1917-yil Toshkentda o‘qituvchilar tayyorlov kurslarida tahsil oladi.
1918-yilda adabiy xizmatlari bilan tanilgan Fitratning Toshkentga tashrifi o‘qituvchilik kasbini tanlagan Mashriq hayotida katta o‘zgarishlar yasadi. Xalqni savodsizlikdan qutqarish uchun harf va imloni isloh qilish, o‘zbek tilining qat’iy qonun-qoidalarini ishlab chiqish, o‘zbek adabiy tilini rivojlantirish kabi oliy maqsadlarni amalga oshirish niyatida Fitrat tomonidan tashkil etilgan “Chig‘atoy gurungi” to‘garagida Mashriq o‘zining ilmiy faoliyatini boshlab yubordi. “Armug‘on” (1921), “Ko‘zgu”, “Yolqinlar” (1925), “Bahor” (1929) she’riy to‘plamlarini, “Oyxon” (1920), “Qo‘shchi Turg‘un” (1925) hikoyalar to‘plamlarini nashr ettirdi.
O‘quv kitoblari va til qo‘llanmalari muallifi sifatida “O‘rnak” (1924), “Go‘zal yozg‘ichlar” (1925), “Bilim” (1927), “Boshlang‘ich maktabda ona tili”, “Lug‘at va atamalar” (1924) kitoblarini yaratdi, o‘zbek folklori asarlarini to‘plab, nashr ettirdi (“Laparlar”, “Ashulalar to‘plami”, “Bolalik qo‘shiqlari” (1934, 1935) va boshqalar).
Elbek rus klassik adabiyoti targ‘iboti bilan ham qizg‘in shug‘ullanib, A.S.Pushkinning “Baliqchi va baliq haqida ertak”, “Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak” (1937), I.Krilov masallari, N.Nekrasov she’rlarini o‘zbekchalashtirdi. “Pushkin ijodida xalq adabiyoti va o‘zbekcha tarjima” (1937) kabi maqolalari bilan tarjimachilik ishlariga munosib hissa qo‘shdi.
XX asr boshlarida, adabiyotga, she’riyatga munosabat o‘zgardi. Shoirlikning maqomi, she’rlarning mazmun-mundarijasi yangilandi. Shoir nafaqat tuyg‘ularini nozik iboralar ila qog‘ozga soladigan san’atkor, balki jamiyatning eng faol shaxsi, davr muammolarini, achchiq haqiqatlarini dadil ayta oladigan qo‘rqmas tanqidchi, zolim tuzumga qarshi tura olidigan muxolif, boshiga qilich kelsa ham rost so‘zlaydigan va bu rostlikni amalda ham ko‘rsata oladigan mard qahramon bo‘lishi kerak degan tasavvurlar paydo bo‘la boshladi. Tatar shoiri Abdulla To‘qay “Fikr” gazetasining 1907-yil 22-aprel sonida bosilib chiqqan “She’rlarimiz” nomli maqolasida “17-oktabrga qadar nima uchun tatarda hech bir she’r bo‘lmagan?” degan savolni qo‘yishining asl sababi ham mana shu edi.
Elbek ham ijodining dastlabki yillaridanoq erk va erksizlik haqida baralla kuylagan. 20 yoshida yozgan “Tutqun qushcha” she’rini olaylik. Bir qarashda qafasdagi qushchaning dardini his etib, unga achinish ma’nosida bitilgan satrlar. Ammo she’r so‘ngida “Kuch to‘pla, kuch bilan qafasing buzg‘il, Qulliqning oltinli bug‘ovin uzg‘il”, deya ta’kidlashi erk yo‘lida nola qilayotgan, biror amaliy harakat boshlamay, nolishlardangina iborat bo‘lib qolayotgan norozilik kayfiyatining ish bermasligini anglatish, dadil va samarali harakat uchun undov edi. Yoki 21 yoshida bitgan “Qarg‘a” she’rida ham turli ramzlar orqali yurtimizga bostirib kelgan bosqinchilarni qora qarg‘alarga qiyoslab, ularning mustamlaka qilgan yerlaridagi go‘zallikni ko‘ra olmasligi, faqat yomonlik olib kelishini ramziy vositalar orqali ifoda etadi.
Qunt qilsangiz, tanirsizlar ularni,
Yoz istamas go‘zal qanotlarini.
Ular bilmas bulbul kabi o‘qishni,
Bari bilar ko‘rganlarin cho‘qishni.
Elbek ijodining yana bir eng muhim xususiyati, bu uning ijtimoiy mavzularga keng o‘rin bergani, ta’limiy, tarbiyaviy ahamiyatga ega asarlar bitganida edi. Bu davrdagi ijodkorlarning deyarli barchasiga tegishli bo‘lgan mazkur jihat Mashriq ijodida yanada bo‘rtib ko‘rinadi. O‘sha davr matbuotida bu haqda ochiqcha maqolalar ham chop etilgan. Xususan, “Yosh leninchi” gazetasining 1937-yil 20-avgust sonida J.Sha’rifiyning “Elbekning ijodi haqida” maqolasida shunday yoziladi: “Fitratning eng sodiq shogirdi Elbek aksilinqilobchilarning qonli lagerida turib, partiyaga va sovetlarga qarshi zaharli she’r, masal, maqolalar yozdi. Aksilinqilobchilarning gazeta, jurnallari ko‘pincha Elbekning she’risiz chiqmas edi. Elbek o‘zining istar o‘tmishda, istar hozirgi ijodi bilan sovetlarga qarshi dushman tegirmoniga aktiv ravishda suv quyib keldi”. O‘zligini anglagan, tarixiy ildizlarini chuqur bilgan ijodkorning shunday yo‘l tutishi tabiiy edi. Elbekning “Tutqun qushcha”, “Ko‘z yoshlarim”, “Qarg‘a”, “Til”, “Parda”, “Yana aldading”, “Bir so‘rog‘”, “Qurolga”, “O‘zbek yigitiga” kabi o‘nlab bitiklari Cho‘lpon, Fitrat, Botularning ijtimoiy lirikasi bilan hamohangdir.
Elbekning bolalarga bag‘ishlangan qator she’rlarida maktab, maorif haqida ko‘plab mulohazalar, maktab o‘quvchilarining yoshiga mos o‘xshatish va undovlar bisyor. “O‘tmishim” dostonida:
Nega kerak qayg‘urish,
Qayg‘udan chiqmas bir ish!
O‘qush, yozish, o‘rganish,
Bu hollardan qutilish!
– deya jadid maktabini topganini yozgan bo‘lsa, xalq qo‘shiqlaridan birida:
Oy chiqadir daladin,
Qamchim sopi loladin,
Yaxshi-yaxshi bolalar
Chiqar maktabxonadin”,
– degan satrlari bilan bolalarni maktabga borishga rag‘batlantiradi. Yoki “Nechun” sarlavhali she’rida “Qo‘lingg‘a ol, u bilim va ma’rifat tayanchig‘ini”, deya xitob qilsa, “Ey xotun, tingla” she’rida “Haq, haqiqatni yaxshi bilmak uchun G‘amni tashlab, bilim sari ketmak”, “Erk nima” she’rida “Yo‘qsul elga bilim bermak, Mashaqqatga ko‘krak kermak!” kabi satrlar bilan ilm-u ma’rifatning taraqqiyot uchun qanchalik zarurligini anglatmoqchi bo‘ladi.
Millat va milliyat birligi g‘oyalari Elbek she’riyatida ham asosiy o‘rin tutadi. Garchi uning aksariyat ijod namunalari bolalar uchun yozilgan bo‘lsa-da, sodda va oddiy til bilan ona Turkiston birligini, milliy o‘zligimiz, qadim ildizlarimiz qayerlarga borib taqalishini tushuntiradi. Goh masal, goh kichik parchalar ko‘rinishida o‘z g‘oyalarini o‘quvchiga anglatishga urinadi. Shoir til haqidagi maqolasida Turkistondagi turklar o‘z tilidan ayrilayozg‘onini aytib, uni shunday izohlaydi: “Bizning Turon o‘lkasida yetishgan turk bolalari esa o‘zlarining nuqul turk ekanlarin esdan chiqordilar ham har bir turk yozuvchilari o‘zga tilda yozib, o‘zga tilni maqtab onga yaxshilik eta boshladilar”. O‘zbek tili jonkuyari bo‘lgan Mashriq millatning birligi til bilan ekanini yaxshi anglaydi va uni boyitish yo‘lida bor kuch-g‘ayratini ayamaydi.
Elbekning “Turkiston” masali millatlar birligi va ularning bo‘linish oqibatlarini o‘zida aks ettiradi. Unda “Turkiston bobo”ning bolalarini yoniga chorlashi va ularga nasihat qilishi voqeaviy tarzda ko‘rsatiladi. Bobo Turkiston o‘lmoqda. O‘zbek, qozoq, turkman, qirg‘iz kabi bolalari esa o‘rtada mol talashmoqda. Bobo ularga murojaat qilib, talashmaslikni, hammasiga o‘z ulushini, enchisini berganini aytadi.
Biroq qaysi bolasi
Bu enchiga ko‘nmagan,
Bir-biri-la tortishib,
Otasig‘o yig‘lag‘on.
Otasi Turkiston esa ularga qarab achchiq kuladi. “Har kim tirishchoq bo‘lsa, O‘zi topar molini; Yalqov o‘g‘illarimning Kimlar tinglar zorini?”, deb afsus chekadi va o‘zini bir chetga otib, jim bo‘ladi. Bu masal bilan Elbek 1924-yildagi hududiy bo‘linishning oqibatlari va qaysi davlat tirishib, harakat qilsa, rivojlanish sari ketishi, yalqovlik qilib, boyishning oson yo‘llarini axtarsa, halokat sari qulashini aytayotgandek bo‘ladi.
Yaqinda “O‘zbekiston tarixi” telekanalida “Elbek – erk shoiri” nomli hujjatli film namoyish etildi. Unda filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov Elbekning turli yo‘nalishlarda ijod qilgani haqida to‘xtalib, Elbek o‘zbek bolalar adabiyotinig boshlovchisi bo‘lganini ta’kidlaydi. “Shuningdek, Elbek xalq orasida yurib, xalq qo‘shiqlarini, topishmoqlarini, xalq og‘zaki ijodiga tegishli bo‘lgan turli janrdagi ijod namunalarini yig‘gan, jamlab, to‘plagan, deydi u. – Bu uning kitoblarida o‘z ifodasini topgan... “Chig‘atoy gurungi” tashkiloti a’zolari xalqning orasiga kirib borgandan so‘ng ularning o‘ziga xos so‘zlarini jamlagan. Topishmoq shaklida, maqol shaklida, qo‘shiq shaklida ko‘chirilgan. Dunyo adabiyotida mavjud bo‘lgan folklorshunoslik degan sohaning tamal toshi ham o‘sha davrda jadidlar tomonidan qo‘yilgan. Bu jarayonda esa Elbekning alohida o‘rni bor”.
Darhaqiqat, Elbekning keyingi yozgan she’rlarida xalq og‘zaki ijodi, folklor elementlari ta’siri seziladi. Bu bejiz emas. U o‘zbek tili va folklori sohasida ham bir qator tadqiqotlar olib borgan. Professor G‘ozi Olim Yunusov, Xodi Zaripov, Buyuk Karimov kabi tilshunos, folklorshunos olimlar qatorida xalq og‘zaki ijodi namunalarini yig‘ish, dialektlarga oid so‘zlarni to‘plash, o‘zbek folklori atamalari lug‘atini tuzish ishlarida faol ishtirok etgan. Bu izlanishlar o‘z-o‘zidan shoir ijodida aks etgan. Jumladan, “Cho‘pon”, “Ikki boshoq”, “Kuz”, “Mujdalar”, “Ko‘k qizi”, “Tog‘da bahor” kabi bitiklarida xalqona ohanglar yaqqol namoyon bo‘ladi.
Bahor bir kelinchakdir,
Ismi uning chechakdir.
Qo‘shig‘idir “yor-yor”,
Soylar oshiq – uh tortar.
Tog‘da mo‘ysafid yotar,
Kelinchakka so‘z otar.
Uning dili juda tor,
Laqabi muz, ismi qor.
(“Tog‘da bahor” she’ridan)
E’tibor qiladigan bo‘lsak, bahorni kelinchakka qiyoslash, bahor ayyomida “Yor-yor” aytilishi, qor qoplagan tog‘ni ulug‘vor mo‘ysafid sifati bilan tasvirlash xalq og‘zaki ijodida keng qo‘llanadi. Elbekning ushbu yo‘nalishdagi barcha she’rlarida ayni shunday o‘ynoqi ohang, o‘ziga xos qofiya va ritm uyg‘unligi aks etadi. Necha ming yillardan beri xalqimiz tilida, xotirasida yashab kelayotgan bunday she’r qurilishi XX asr boshlarida yozma adabiyotda yangilik sifatida yaxshi kutib olindi. Bu ohang xalqning o‘z milliy ohangi bo‘lgani uchun ham tez qabul qilindi va yurak-yuragiga singiy oldi.
Elbek to‘rt misralik yoki ikki bandlik she’rlariga “Parcha” deb sarlavha qo‘yadi va ularning mazmunan tugal, o‘ziga xos shakl va qofiyaga ega bo‘lishini ta’minlaydi. Ba’zan bunday parchalar so‘z o‘yiniga quriladi.
Ko‘klamda ko‘karsa ko‘k ko‘katlar,
Ko‘klarga ko‘milsa katta-kattalar.
Ko‘m-ko‘k ko‘karib ko‘milsa ko‘llar,
Ko‘ngilni ko‘tarsa ko‘rkli gullar.
Alliteratsiya, ishtiqoq, tajnis kabi qator san’atlar vositasida ifoda etilgan bitik aynan tilimizning boy imkoniyatlarini o‘zida namoyon etishi bilan ham e’tiborlidir.
Jadid davri she’riyatida qofiya masalasiga emas, asosan mazmun va ma’no uyg‘unligi, tanlangan mavzuning to‘la ochilishiga ahamiyat berilgan. Fitrat ta’biri bilan aytganda, “Vazn bilan qofiyaning she’rg‘a ta’siri yo‘qdur. Vazn bilan qofiyasi bo‘lmag‘an ko‘p she’rlar bo‘lg‘ani kabi she’r bo‘la olmag‘an vaznli, qofiyali so‘zlar ham ko‘pdur”. Balki ana shunday qarashlar tufayli Elbek she’rlarining ayrimlari qofiyasi och yoki qofiyasiz bitilgan.
Tabiatning kuchli qo‘li orqali
Yer ostidan qaynab chiqqan buloqning
Qarshisiga turli kuchlar keltirib
Qo‘ygan bilan hech to‘xtatib bo‘lurmi?
Yerning yuzin qoplab olg‘an dengizning
To‘lqinlanib turg‘an tubsiz suvlari
Buloq suvin to‘xtatmoq-la aytguvchi
To‘lqinlanmay o‘tun qurub keturmi?
Muayyan qofiyaga solinmagan bu satrlar o‘ziga xos tuzilish uslubi, o‘ynoqi ritmi bilan she’r talablariga javob beradi. O‘sha davr nuqtayi nazaridan o‘rganadigan bo‘lsak, buloq, dengiz, yer yuzi, to‘lqin kabi istioralar orqali ijtimoiy muammolarga ham ishora qilingan.
Butun umr millat hurligi va tilimiz sofligi yo‘lida kurashgan Elbek hayoti fojiali yakun topdi. U ham millatimiz oydinlari qatori 1937-yilda “xalq dushmani” sifatida qamoqqa olindi va Magadandagi lagerlarning birida 1939-yil 11-fevralda vafot etdi.
Bugun Elbek singari jadid allomalarimizning boy merosini o‘rganish va tadqiq etishga keng e’tibor va imkoniyat berilmoqda. Davlatimiz rahbari 2021-yil 16-avgust kuni chop etilgan “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovning savollariga javob berar ekan, jumladan shunday degan edi: “Jadidlar tomonidan tashkil etilgan yangi usuldagi maktablar, teatr, kutubxona va muzeylar, gazeta va jurnallar, Turkiston farzandlarini chet ellarga o‘qishga yuborish maqsadida tuzilgan xayriya jamiyatlari xalqimizni necha asrlik g‘aflat uyqusidan uyg‘otdi, milliy ozodlik harakati uchun beqiyos kuch berdi. Afsuski, yurtimizda bolsheviklar diktaturasi o‘rnatilgani, chor mustamlakachilik siyosati yangicha shaklda davom ettirilgani ma’rifatparvar bobolarimizga o‘z maqsad-muddaolarini to‘liq amalga oshirish imkonini bermadi. Lekin ularning ezgu orzu-niyatlari xalqimizning qon-qonida, tarixiy xotirasida saqlanib qoldi va hanuz yashamoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz”. Darhaqiqat, shunday. Bugungi keng islohotlar aynan jadid adiblari orzu qilgan kuchli demokratik davlat sari tashlanayotgan dadil qadamlardan biri emasmi?
Bir so‘z bilan aytganda, o‘zbek jadid she’riyati yangicha shakli, janr va vazn turfaliklari, ma’no-mazmun o‘zgarishlari, ijtimoiylikning kuchayishi bilan adabiyotimiz tarixida alohida bosqich sifatida shakllandi. Bunda esa Fitrat, Cho‘lpon, Botular qatorida Elbekning ham alohida o‘rni bor.
Bekzod IBRAGIMOV,
tadqiqotchi
“Adabiyot ziyosi” gazetasi, 2022-yil 1-sentabr, 33-son.
“Elbek – erk shoiri” maqolasi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q