Xorijda tahsil olib, endigina vatani – Buxoroi sharifga qaytgan Fitrat “Oyina” jurnalining yangi sonini ko‘rib chehrasi yorishib ketdi. Bu sonda Behbudiyning “A’molimiz va murodimiz” degan maqolasi bosilgan edi. U ustozning majalla nashr eta boshlaganidan xabar topib, Samarqand shahri yana Sharqning ma’rifat o‘choqlaridan biriga aylanishi va katta dovruq qozonishiga umid bog‘lagan edi. Maqola umidiga umid qo‘shgandek bo‘ldi. Behbudiy o‘tkinchi to‘y-u ma’raka, hoy-u havaslarga sarflanayotgan jaraq-jaraq pullarning bir hovuchi, atigi bir hovuchi hisobiga bolalarni Sharqu G‘arb mamlakatlariga o‘qishga yuborish lozimligini yozgan edi. 1910-yillar Samarqandda “bismillo” deb kalishini yechib, poyezdga chiqqan, so‘ng Kogondan uyiga mahsichan ketishga majbur bo‘lgan omi yurtdoshlarini ko‘rganda Fitratning xayolidan ham shunday fikr o‘tgan edi. Qani endi, buxorolik, samarqandlik, toshkandlik yoshlar nafaqat Misr va Turkiya, balki Olmoniya, Fransiya, Angliya singari mamlakatlardagi mashhur dorilfununlarda bilim olib, ma’rifatli, madaniyatli kishilar bo‘lib kelsa!.. O‘zbek xalqidan ham fan va texnikaning turfa sohalari bo‘yicha oliy ma’lumotli yoshlar yetishib chiqsa!.. Qani endi, ularning sa’y-harakati bilan bu diyor Yer yuzidagi ilg‘or mamlakatlar safiga qo‘shilsa!..
Fitrat Buxoro xalq respublikasi ta’sis etilib, o‘zi yangi hukumat raisi o‘rinbosari va maorif xalq komissari etib tasdiqlangan kunlarda Behbudiyning o‘sha maqolasini esladi. U egallagan lavozimlar xayoliy orzuning hayotga ko‘chishiga imkon beribgina qolmay, undan shu ezgu ishga rahbarlik qilishni ham talab etayotgandek edi. U hukumat raisi Fayzulla Xo‘jayevga shu masalaning uchini chiqarganida rahbar uni qo‘llab-quvvatladi. Buning uchun amirlik xazinasidagi o‘g‘irlanmay qolgan tilladan foydalanish mumkinligini aytdi.
– O‘zing yaxshi bilasan, – dedi u odati bo‘yicha Fitratni sensirab, – otam Ubaydullaxo‘janing ham, nomi yetti iqlimga ketgan buxorolik boshqa boylarning ham Angliya, Olmoniya va Fransiyada do‘konlari bo‘lgan. Ular Ovrupodagi mutaraqqiy yurtlar tajribasini o‘rganish muhim ekanini yaxshi bilar edi. Alalxusus, otam rahmatlining birdan-bir orzusi meni Olmoniyada o‘qitish edi. Taqdir ekan, orzusi ushalmadi. Endi, nokamtarlik bo‘lsa ham aytay, sen bilan men – buxorolik yoshlarning otasi bo‘lamiz. Bu bolalarning aksar ota-bobolaridek omi bo‘lib qolishiga ham, Ibn Sino, Beruniydek ulug‘ allomalar bo‘lib ulg‘ayishiga ham Yaratganning oldida biz javobgarmiz. Bugundan boshlab mening ham orzum, sening ham orzung yoshlarimizni Ovruponing eng ilg‘or mamlakatlarida o‘qitish bo‘lsin.
– Fransiya bilan Angliyani bilmadim-u, ammo Olmoniya shu kecha-kunduzda ilm-u fani ila boshqa davlatlardan o‘zib ketgan, – deya suhbat ulog‘ini olishga urindi Fitrat. – Zamon birinchi galda tibbiyot, sanoat va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha zo‘r mutaxassislar yetishtirishni taqozo etayotir. Qutlug‘ ishni paysalga solmay, shu yildan buxorolik yoshlarni Olmoniyaga o‘qishga yuborsak, ayni muddao bo‘lur edi.
– Bu – og‘ir masala, – dedi Fayzulla Xo‘jayev nechundir uzoq o‘ylanib. – Ming bir murakkab tomoni bor-da. Mayli, men tashkiliy ishlarni bo‘ynimga olay. Sen esa buxorolik qobiliyatli, zehnli-uquvli yoshlarning ro‘yxatini tuz.
Fayzulla Xo‘jayev gap tamom degandek qo‘lidagi qizil qalamni stolga “taq” etib urdi-da, o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Ammo Fitrat masalaning yana bir muhim jihati borligini aytib, uni o‘tirishga majbur qildi:
– Fayzulloxon, – dedi u salmoqlanib, – toshkandlik ziyolilarning “Ko‘mak” degan jamiyati bor. Bilishimcha, O‘zbek bilim hay’ati ham shu masala bilan shug‘ullanishni mo‘ljallab turibdi. Agar shu idoralar bilan aloqa bog‘lab, Ovrupoga faqat buxorolik bolalarimizni emas, barcha turkistonlik yoshlarni yuborsak, uzoqni ko‘zlab ish tutgan bo‘lardik...
Fayzulla Xo‘jayev ma’qul degan ma’noda bosh irg‘adi.
– O‘rta Osiyo aholisining katta qismi o‘zbeklardir, – deya so‘zida davom etdi Fitrat. – Bu ulug‘ millat bugun bo‘lmasa ertaga alohida jumhuriyat bo‘lib Rusiya tarkibidan ajralib chiqishi tayin. Binobarin, turkistonlik va xorazmlik yoshlar orasidan ham bo‘lajak allomalarni topib, Ovrupoga o‘qishga yuborsak, shahar-u qishloq, tog‘-u dashtlarda sochilib yashayotgan xalqning boshini qovushtirish imkoni tug‘ilar edi...
– To‘g‘ri aytasan, Buxoroning Aflotuni! – dedi Fayzulla Xo‘jayev nimtabassum bilan. Qo‘lidagi qalamni barmoqlari orasida aylantira turib, davom etdi: – Darhaqiqat, bu xayrli ishni biz boshlamasak, kim boshlaydi?! Mustamlakachilar mudom xalqlarni bo‘lib tashlashga uringan. Birini o‘zbek, birini qozoq, birini sunniy, birini shia deb. Keyin ularni bir-biriga qarshi gijgijlagan. Tarix bizning zimmamizga ulug‘ vazifa yukladi. Endi biz bir bobokalondan dunyoga kelgan, ammo qilich ila bo‘lib tashlangan elatlarni birlashtirishimiz, ular o‘rtasidagi qondoshlik rishtalarini tiklashimiz darkor. Bir mushtga do‘nib, ilm-fan, madaniyat va texnika cho‘qqilarini egallabgina yurtni ilg‘orlar qatoriga olib chiqish mumkin, axir!
– Borakallo, Fayzulloxon! Buxoroning baxtiga, mening baxtimga, omon bo‘l-e!.. Senga qasd qilganlar past bo‘lsin!
– Xayrixohliging uchun tashakkur. Ammo bilib qo‘y, senga bir oy muhlat. Bir oydan keyin Ovrupoga o‘qishga boruvchilar ro‘yxati qo‘limda bo‘lsin. Ro‘yxat qancha katta bo‘lsa, shuncha yaxshi! Bilding-a, Aflotunim!
Shu suhbatdan so‘ng Fitrat Toshkentga qo‘ng‘iroq qilib, Turkiston maorif xalq komissarligi bilan bog‘landi. Komissarlik ro‘yxat tayyorlashni O‘zbek bilim hay’atiga topshirdi.
Fitrat Buxoro madrasalarini bitirgan hamshaharlarini yig‘ib, kengash o‘tkazdi, Ovrupoda tahsil olish xususida so‘zladi. Zarur hollarda juma yo shanba demay, ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy yurib, Buxoro jumhuriyati ziyrak qorako‘zlarni o‘qitmoqchi ekanini ota-onalarga tushuntirdi...
Nihoyat, zo‘r mashaqqatlardan so‘ng, bir oy emas, ikki oy deganda ro‘yxat tayyor bo‘ldi.
Endi Maskovning roziligini olish qolgan edi...
...1922-yil yozida Fayzulla Xo‘jayevni “burga tepdi”. Shifokorlar unga Olmoniyada davolanmoqni maslahat berdi. Hukumat raisi olis safar oldidan Maskovga borib, muhim masalalar, jumladan, yoshlarni xorijda o‘qitish yuzasidan muzokara o‘tkazdi. O‘sha yilning 6-sentabrida Maskovdan – Fayzulla Xo‘jayevdan Buxoro xalq sho‘ro jumhuriyati Nozirlar kengashiga telegramma keldi. Nomada bunday deyilgan edi: “Bugun Abduqodir Muhiddinov va savdo bo‘limining dokladini eshitdim. Jami bo‘lib oltin hisobida bir million so‘mlik mol sotilgan, uch yuz ming so‘mlik gazlama, temir, qand, yog‘och, rezina sotib olinib, Buxoroga jo‘natilgan. Qolgan pulga savdo-sanoat nozirligi topshirig‘iga binoan mol xarid qilish, bundan tashqari, 200 o‘rinli shifoxona uchun Olmoniyadan to‘la jihoz va dori-darmon sotib olish... haqida buyruq berdim...”
Fayzulla Xo‘jayev yoshlarning chet elda tahsili xususida quyidagilarni ma’lum qilgan edi: “Kecha Tashqi ishlar xalq komissari o‘rinbosari Karaxan bilan uchrashib gaplashdim. Buxorolik bolalarning Olmoniyaga o‘qishga borishiga rozilik oldim. Olmoniya, shuningdek, Maskovda o‘qishi kerak bo‘lgan bolalarning yetib kelishini kutayotirmiz...”
Bu orada Fitrat turkistonlik talabalarning bir guruhini Samarqandga olib borgan edi.
Musulmon odatiga ko‘ra, har bir farzand olis yo‘lga chiqishdan avval ota-onasining duosini oladi, agar ular vafot etgan bo‘lsa, qabrlarini ziyorat qiladi. Fitrat nazarida, Amir Temur bu yoshlarning bobokaloni edi. Turkistonlik yoshlar uning istagi bilan Samarqandga borib, Go‘ri Mirni ziyorat qildilar. Jahongirning sag‘anasi xarob ahvolda edi. Fitrat yoshlarga Amir Temurning millat tarixidagi ulug‘ xizmatlari to‘g‘risida shunday jo‘shib-toshib so‘zlab berdiki, ular xayolida, Sohibqironning uyg‘oq ruhi o‘sha daqiqalarda sag‘ana atrofida kezib yurgandek edi. Qur’on tilovatidan so‘ng Fitrat yoshlarga qasam so‘zlarini aytib turdi. Bo‘lajak talabalar bu so‘zlarni ixlos va hayajon ila takrorladilar.
Shu kuni turkistonlik yoshlar Gyote va Betxoven vatanida “a’lo” baholarga o‘qib, tanlagan sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib kelishga, ona Vatan hurligi va obodligi yo‘lida fidoyilarcha xizmat qilishga ont ichdilar. Bu oddiy qasam emas, balki Amir Temurning barhayot ruhi oldida, Ollohning guvohligida ichilgan va har bir kalimasi yuraklarga o‘yilgan qasam edi...
Yoshlar ziyoratdan so‘ng ham ustoz atrofida girdikapalak bo‘ldilar. Fitrat talabalarga Mir Arab madrasasini tugatib Turkiyaga o‘qishga borgani-yu u yerda ko‘rgan-kechirganlaridan bir-ikki shingilini hikoya qilib berdi. Yoshlardan biri:
– Ustoz, turkiyalik tengqurlaringiz bilan uchrashuv sizda qanday taassurot qoldirdi? Ulardan birortasi bilan do‘stlashganmisiz? – deb Fitratning xayoliga ham kelmagan savolni berib qoldi.
Fitrat andak o‘ylanib, bunday dedi:
– O‘sha yillari Turkiyada ham bilimga chanqoq yoshlar ko‘p edi. Ularning bir qismi, eshitishimcha, hozir Ovrupodagi dorilfununlar, kutubxonalar, sanoat korxonalarida xizmat qilmoqda. Ammo xayolim kecha-yu kunduz o‘qish va yangi asarlar yozishda bo‘lgani bois birov bilan do‘stlashmaganman. Oshno tutingan kishi do‘sti bilan tez-tez diydorlashib turmog‘i lozim-da. Mening esa bunga fursatim yo‘q edi. Yurtga bilim olibgina emas, tengdoshlarimning ma’naviy uyg‘onishiga ko‘mak beradigan asarlar ham yozib kelishim zarur edi. Turkiyada bitgan “Munozara”, “Hind sayyohi”, “Sayha” kabi asarlarim yosh vatandoshlarimning mudroq ko‘zlarini ochganidan hali-hanuz g‘ururlanib yuraman...
– Ustoz, nahotki, turk yoshlaridan birortasi aql-zakovati va madaniyati bilan qalbingizda havas yo hasad uyg‘otmagan bo‘lsa? – deb so‘radi bir qiz.
– Hasad emas, havas uyg‘otgan, – deya darhol javob berdi Fitrat. – Turk emas, yapon yigiti. Hozir ham kechagidek esimda... Bir yapon yigiti Yer yuzini “shaytonarava”da aylanib chiqishga bel bog‘laydi. O‘sha yillarda bu singari jahongashtalik endigina urf bo‘layotgan edi. Yigitcha Xitoy, Hindiston, Eron va Afg‘onistonni ikki g‘ildirakli “arava”sida kezib, nihoyat, Istanbulga yetib keladi. Bu – 1912 yoki 1913-yilning gapi. U davrda yolg‘iz odamning dunyo bo‘ylab bunday ajabtovur safarga chiqishi noyob hodisa edi. Shu bois ham yapon yigitining Istanbulga “shaytonarava”da yetib kelishi rosa shov-shuv bo‘ldi. Men ham uning jur’at-u jasoratiga qoyil qoldim. Mamlakatma-mamlakat kezgan odam – g‘ildirakning buzilishi, markabning ishdan chiqishi, o‘zining xasta bo‘lib, aqchasiz qolishi bor – yo esipast, yo o‘z oldiga katta maqsadni qo‘ygan metin irodali kishi bo‘ladi. Menda sayyoh yigit bilan albatta tanishib, suhbatlashish istagi tug‘ildi. Uning “Istanbul” mehmonxonasiga qo‘nganini eshitgan edim. Bir do‘stim bilan uni axtarib bordim. Ismi No Kamo ekan. Balki boshqacharoqdir, ammo u bizga o‘zini shunday deb tanishtirgan. 26 yoshlardagi sayyoh kursida o‘tirib, kimgadir xat yozayotgan ekan. Xonada, uning yonida, ikki g‘ildirakli “shaytonarava”si turardi. U uch yil asnosida shu aravada talay mamlakatlarni aylanib chiqqan va endi Farangistonga ketishga shaylanayotgan ekan. U bizni xushhol qarshiladi. O‘tirdik. Sharq mamlakatlarida ko‘rgan-eshitgan ajoyibotlarini so‘zlab berdi. Suhbat chog‘i qiziqib so‘radim: “Birodar, bepul, beaslaha, yolg‘iz shu ikki charxli aravang bilan Arabistonning jonni kuydiruvchi cho‘llaridan qanday o‘tding? Faraz qildikki, o‘zingga taom topib yeding, yotarjoy ham, lekin chumchuqni ham sog‘ qo‘ymaydigan sahroi arab changalidan qanday xalos bo‘lding?” Shu yerda aytib qo‘yay, uning “shaytonarava”siga Yapon davlatining kafolati bo‘lgan bayroqcha ilingan edi. Yigit menga qarab kuldi-da, o‘sha bayroqchani ko‘rsatib:
– Shu bayroqcha meni siz aytayotgan xavf-xatardan, mushkulotlardan muhofaza qildi! – dedi.
Yigitning o‘ziga ishonchi va qat’iyatidan titrab ketdim. Bir lahza sukut saqladim, lekin uning javobi negadir menga og‘ir botdi. Qalbimda bir intiqom tuyib, yigitni gapning zo‘ri bilan mag‘lub qilish niyatida dedim:
– Birodar, ahli islom tabiatan mehmondo‘st va musofirparvar bo‘ladi. Seni hurmat qilgani boisi – shu. Lekin bu gal Farangistonga otlanibsan. U yerda holing mushkul kechmasa edi. Zero, ovrupoliklar musofirning boshini silab o‘tirmaydi.
– Millatimning sharafli nomi, – dedi No Kamo xotirjam alfozda, – butun Yer yuziga taralgan. Yapon davlati vakillari dunyoning biror nuqtasida mushkulotga duchor bo‘lmaydi. Men shunday qavm orasida bo‘ldimki, ular yapon millatidan o‘zga ajnabiy millatni eshitmagan. Yana ayrim ellar bizni arablardanda ko‘proq hurmat qiladi.
Men “shaytonarava”siga o‘z davlatining bayrog‘ini ilib, unga dog‘ tushirmagan, yapon millati vakili ekanidan ayricha g‘urur tuygan yigitga havas-la boqdim...
Sizlar ham, aziz farzandlarim, o‘qib, ishlab, kamol topib, o‘zbek millatining shon-shavkatini olamga yoying, toki kelajakda dunyoga keladigan farzandlaringiz shu millatga mansub ekanidan yapon yigiti kabi g‘ururlanib yashasin.
Oq yo‘l sizlarga, aziz jigarlarim!..
Jigarbandlariga oq fotiha berarkan, Fitratning ko‘zlari namlandi. Olis safarga otlangan yigit-qizlar ham allanechuk mahzun bo‘lib qoldilar...
Afsuski, Fitratning bu ulug‘ orzusi ro‘yobga chiqmadi. Mustabid saltanat 1924-yildayoq Olmoniyadagi talabalardan SSSRga qaytishni talab qildi. Vatanga qaytganlarning aksari keyinroq – 1937-yilda “josus” sifatida otib tashlandi. Shunday qismat kutayotganini sezgan bir qism yoshlar esa Turkiya va Ovrupo mamlakatlaridan panoh topishga majbur bo‘ldi...
Naim KARIMOV
“Tafakkur” jurnali, 2016-yil 2-son.
“Qasamyod” maqolasi
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Sanjar
22:07 / 09.07.2023
Esiz, shuncha ziyoli oʻzbegim... Mustabid tuzumning iflosliklari