Kaftga qarab fol ochuvchi Tabriziy, qulogʻiga sirgʻa taqqan Rumiy, xiyonatga undov – Elif Shafaqning “Ishqqa oid 40 qoida”si nimalarni targʻib qilgan?


Saqlash
16:41 / 29.08.2022 2131 0

Biror kitob koʻp maqtalayotgan boʻlsa va muallif haqida avval eshitmagan esam, mutolaaga kirishishdan oldin hadik turadi koʻngilda: oʻqib foyda topamanmi, vaqtim behuda sarf boʻlmaydimi?

Xullas, bir muddat avval kitob peshtaxtalarida Amerikada yashaydigan turk yozuvchisi Elif Shafaqning “Ishqqa oid 40 qoida” kitobi paydo boʻldi. Ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarga koʻzim tushgan, 40 tilda 800 ming nusxada chop etilganini bilgan va hafsala topsam oʻqirman, degan xayolda edim. Toʻgʻrisi, bu kitobni darhol xarid qilmaganimga dastlabki sabab uning narxi edi: moʻjaz kitobga 35 ming soʻm balandlik qilardi. Ammo boshqa bir shoxobchada ayni shu kitobni 20 mingga soʻmga sotib oldim va sotuvchilarimizning insofiga “tahsin oʻqiganim” ham bor gap. Demak, asl bahosi 20 dan ham past, ehtimol, 10-15 ming miyonasida. Shov-shuvlar shamoli bilan narx osmonga sapchiyvergan...

Buku mayli, xoʻsh, kitobning oʻzi qanday ekan, dersiz?

“Ishqqa oid 40 qoida”. Nomini eshitib, dastavval kitobda haligindaqa, chimildiq ortidagi gaplar yozilgan boʻlsa kerak, degan fikr tugʻiladi, toʻgʻrisi. Bunga muqovadagi 18+ belgisi yana bir ulush boʻlib qoʻshiladi.

Qisqacha syujet shunday: asar qahramoni Ella Rubinshteyn Amerikada, Massachusets shtatida yashaydi. Eri tish doʻxtiri, topish-tutishi yaxshi, oʻziga yetar darajada hashamga ega, Bostonda, Rodos orolida uylari bor. Oilada uch farzand tarbiya topadi, katta qizning boʻyi yetib qolgan. Ella, bizdagi ibora bilan aytganda, chinakam uy bekasi, oshxonadan beri kelmaydi. Erining xiyonatlariga esa koʻz yumadi. Baʼzan bundan turmush oʻrtogʻining vijdoni qiynalib, mehri tovlab ham turadi.

Vaqt oʻtib, eri unga mijozlari yoki maʼshuqalaridan biri koʻmagida adabiyot agentligidan ish topib beradi. Agentlikdan esa dastlabki yumush sifatida nomaʼlum muallif asarini oʻqib chiqib, taqriz yozish vazifasi topshiriladi.

Ayni shu joyda roman “asar ichida asar” koʻrinishini oladi. Gap shundaki, taqriz yozilishi kerak boʻlgan kitob Amsterdamda yashaydigan Aziz Zaxara degan muallifning “Shirin shakkoklik” romani boʻlib, Jaloliddin Rumiy va Shams Tabriziy bilan bogʻliq voqealar qalamga olingandi.

Ellaning eʼtiborini kitobdagi dastlabki jumla oʻziga tortadi: “Baʼzilarning fikrlari aksi oʻlaroq, ishq kutilmaganda keladigan va tez ketadigan tuygʻu emas”. Chunki u mutolaaga kirishishdan oldin bir yigit bilan turmush qurmoqchi boʻlgan qiziga dakki bergan, sevgi yoʻqligi haqida oʻzi bilganicha tushuntirgandi.

Shunday qilib, Ella bilan birga kitobxon ham “Shirin shakkoklik”ni oʻqishga kirishadi. Xoʻsh, Zaxaraning kitobi nega bunday nom olgan? Bu haqda rivoyat keltiriladiki, bir choʻpon Xudoga yolvorib, “Qayerdasan, dastyoring boʻlay, sut-qaymoq bilan qorningni toʻydiray”, deb yurganini eshitgan ulugʻ inson “Ey, gumroh, nega Xudoni oʻzingga oʻxshatasan?” deb koyiydi. Muallif buni “Toʻgʻri, choʻpon shakkoklik qildi, biroq bu shirin shakkoklik edi, u Xudoni oʻz darajasicha tushunardi, his qilardi”, deya talqin etadi.

Endi “Ishqqa oid 40 qoida” nomi haqida toʻxtalsak. Bu Shams Tabriziyning Haqqa eltuvchi qoidalari boʻlib, turli vaziyat va holatlardan kelib chiqib, ularning mohiyati bayon qilib boriladi.

Darvishlik maqomidagi Shams tegrasida oʻzini tushunadigan, dildan suhbat quradigan odam yoʻqligi bois Bagʻdodga borsa, Ko'nyada oʻzi istagan kishi bilan uchrashishi mumkinligini aytishadi. Vaqt oʻtib, ikki buyuk inson, ikki buyuk ummon uchrashadi, fikrlar birlashadi.

Massachusetsda esa asarni oʻqiyotgan Ellada oʻzgarishlar boʻlib, muallifga xatlar yoza boshlaydi va ikkisi bir-birini sevib qoladi. Yakunda esa bir umr boshi oshxonadan chiqmagan, eri bilan aqalli nomiga boʻlsada, ziddiyatga kirishmagan Ella oilasini tashlab, Zaxaraning yoniga ketib qoladi. Keyin bilsa, Aziz ogʻir dardga chalingan, ozgina umri qolgan ekan. “Shirin shakkoklik” toʻlaligicha ishq mavzusidan soʻz ochmaydimi, tabiiyki, Ella oilasini qoʻyib, boshqa odam bilan hayotini bogʻlashga qaror qiladi. Oradan bir yil oʻtib esa Aziz vafot etadi...

“Bu qirqinchi qoida. Ishqning xos nomi yoʻq. U qanday bor boʻlsa, shundayicha bor – oddiy va sof tuygʻu”, degan xulosaga kelinadi yakunda.

Bunday olib qaraganda, kitobda koʻp yaxshi gaplar aytilganday. Rumiy va Shams haqida asar boʻladiyu, yomon deb boʻladimi axir?

Ammo mutolaa jarayonida ayrim mulohazalar tugʻiladiki, misol uchun, Ellaning umr boʻyi roʻzgʻor tashvishlaridan boshi chiqmabdi, xoʻsh, buning uchun uni ayblash kerakmi? Xotin, xonadon egasi sifatida vazifasini bajaribdida. Nima endi, eri bilan sevishmay turmush qurganlar ishq izlab oilasini tashlab ketishi kerakmi? Kitobda muallif shuni istaydiganday tasavvur uygʻonadi, Ellaning eri xiyonatkor ekani goʻyo chiqib ketishga sababday. Bundan ham yomoni, Ella erini oʻziga qaratish, mehr-muhabbatini qozonish haqida oʻylab ham koʻrmaydi. Avvaldan koʻngli boʻlmay turmushga chiqqan, tamom-vassalom. Uning oilani saqlab qolishi, eriga yoqishga urinishini aslida muallif istamaydi, qanday boʻlmasin, uydan chiqarib yuborish harakatini qiladi.

Buni gʻarbcha qarash mahsuliga yoʻyish mumkindir, ammo ayrim lavhalar borki, mutlaqo toqat qilib boʻlmaydi. Masalan, Shamz Tabriziy yoshligidan tushida birovlarning taqdirini koʻrarmish, qoʻldagi chiziqlarga qarab, taqdirini aytib berarmish. Axir bu islomda taqiqlangan ishku. Nahotki, Shams Tabriziydek dinni kuchli bilgan, tushungan tafakkur egasi folbinlik qilsa?!

Ayni shu masalada bugungi kunda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf shogirdlaridan tarkib topgan “Zikr ahlidan soʻrang” hayʼatiga ham savol yoʻllanganda, «Hozirgi kunning eng katta balosi – shoir va yozuvchilar dinga tegishli qilib sheʼr va romanlar yozishi. Ular oʻzlari aqida va diniy ahkomlardan toʻliq xabardor boʻlmaganlari uchun romanlariga turli shirk va harom amallarni toʻldirib tashlashmoqda. U romanlarni oʻqiganlar uni xuddi Allohdan nozil boʻlgan oyat yoki Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadis deb tushunishmoqda. Siz aytgan gaplar ham oʻsha romanchilarning gapi. Bu Jaloliddin Rumiy va Shams Tabriziy rohmatullohi alayhimlarga qilingan tuhmatdir», deb javob berilgan ekan.

Darhaqiqat, romanda bir oʻrinda Shams Tabriziy botinidagi oʻzgarishlarga hamohang zohirida ham evrilish boʻlishini istab, soch-soqoliyu qoshini qirib tashlagani aytiladi. Boz ustiga, qulogʻiga yupqa kumush sirgʻa ham taqib yurarmish. Bilamiz, dinimizda bunday ishlar man qilingan. Shuni bila turib, Shams harom ishlarga qoʻl urishi mumkinmi?

Elif Shafaq juda koʻp odamlar kabi eʼtiqod dilda boʻlsa kifoya, boshqasi ikkilamchi, degan fikrni oʻtkazishga urinadi. Fohisha ham, mayparast ham aslida yaxshi odamlar, faqat taqdir taqozosi bilan yomon yoʻlga kirib qolishgan, ularning qalbiga quloq tutilsa, ezgulik urugʻlarini koʻrish mumkin, deb hisoblaydi.

Jaloliddin Rumiy Shamsning tavsiyasiga koʻra mayxonaga borib, u yerdagilar bilan suhbatlashib, qaytishda ikki koʻza mayni qoʻltiqlab oladi... Emishki, Rumiy Shams bilan uchrashib, mehr-muhabbat daryosi shunchalik kengayibdiki, endi hatto fohishayu piyonistalarni ham qamrab oladigan boʻlibdi. Toʻgʻri, ular ham odam, ularniyam kimdir toʻgʻri yoʻlga boshlashi kerak, biroq asarda bu kimsalarning koʻnglida ezgulik bor, shu yetadi, qilgan amali ahamiyatsiz, degan fikr uqtiriladi.

Kitobda Rumiy shaxsiyati deyarli ochib berilmagan. Uydagi kutubxonasiga xotini kirishini istamasligi (?), oʻqishga kelgan qizcha vafot etgan xotinining arvohi bilan suhbatlashishidan butkul hayajonga tushishi hech bir mantiqqa toʻgʻri kelmaydi. Romandagi koʻpgina gaplar esa shu qadar toʻqimaki, ensani qotirishga yaraydi, xolos.

Gʻarbda Rumiy haqida gap ketsa, odatda uni samo raqsi yaratuvchisi sifatida bilishadi. Bu romanda ham oʻz aksini topgan va shunday buyuk alloma allaqanday musiqaga raqsga tushib, davra aylangani, besh unsurga taʼzim aylagani yarashmagan gajakday boʻlib turibdi.

Romanda yozilishicha, Shams oʻlganda Rumiy koʻkragiga mushtlab, chinqirganmish. Rumiy kulfat yetganda sabr qilish buyurilganini yaxshi bilgan, shunday ekan, aqli noqis kimsa qilishi mumkin harakatni aniqki, sodir etmasdi. Yana bir avliyo vafot etganda esa Rumiy boshliq darvishlar koʻchalarda childirma va nay chalib, marhumni quvnoq kuy va raqslar bilan soʻnggi manzilga kuzatishibdi. Ajabo, deysiz beixtiyor, qaysi musulmon janozaga borib, kuy chalib, raqsga tushishi mumkin?

Ehtimol, biz soʻfiylik ramzlarini bilmasmiz, ammo shuni tushunamizki, chinakam soʻfiylarning xatti-harakatlari hech qachon dinimiz koʻrsatmalariga zid yoki uni buzib talqin qilish evaziga boʻlmagan.

Toʻgʻrisi, shu vaqtgacha oʻqilgan biror kitob buncha soʻroq belgilariga toʻlib ketmagandi. Boz ustiga, tarjima ham oʻziga yarasharoq ekan, bundan sakkiz asr oldin yashagan odamlar ham “poeziya”, “poema”, “individualistik”, “plash”, “real maʼnoda”, “soʻfizm”, “oshxona polini yuvish”, «aura», “aktual” degan soʻzlarni bemalol ishlataveradi, imlo xatolari ham gʻij-bij.

Bularning bari shaxsiy fikrlar. Ehtimol, Shafaq oʻta kuchli gʻoyalarni ilgari surib, asarni toʻlaligicha ramzlarga burkab tashlagandiru, biz kabi oddiy kitobxonlar buni ilgʻab ololmayotgandir?! Tagʻin kim biladi deysiz...

Bekzod SAYFIYEV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//