Buyuk bobokalonimiz imom Abu Mansur Moturidiyning islom aqidasi sofligini asrash borasidagi xizmati beqiyos. U zot butun islom dunyosida tan olingan ikki aqidaviy mazhabdan birining asoschisi hisoblanadi. Alloma “imom al-huda” (hidoyat yo‘lboshchisi), “imom al-mutakallimin” (aqida olimlarining yetakchisi) va “raisu ahlis-sunna val-jamoa” (ahlis-sunna val-jamoa yo‘nalishining rahbari) kabi sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan.
Imom Moturidiyning aqidaviy qarashlari bizga asosan “Ta’vilot ahlis-sunna” va “Kitob at-tavhid” asarlari orqali yetib kelgan bo‘lib, ularda sof islom ta’limotiga zid qarashlarga ham mantiqiy, ham ilmiy asosda mukammal javoblar berilgan.
Tarixdan ma’lumki, dahriylik, ya’ni ateistik qarashlar qadim-qadimdan turli jamiyatlarda goh oshkora, goh yashirin tarzda mavjud bo‘lgan. Turli falsafiy qarashlar, darvinizm va freydizm kabi ta’limotlar negizida vujudga kelgan dahriylik sobiq sho‘ro tuzumi davrida “ilmiy ateizm” nomli alohida fan darajasiga ham yetdi. To‘g‘ri, e’tiqod har bir kishining shaxsiy ishi, lekin o‘z e’tiqodini asoslash uchun sovet davridagi kabi, o‘zga e’tiqodni asossiz tanqid qilish, boshqa bir diniy ta’limotni buzib ko‘rsatishni oqlab bo‘lmaydi.
Dahriylikni dunyoviylik bilan chalkashtirib yubormaslik zarur. Ilm ateizmga yetaklamaydi, din esa ilm-fanni inkor etmaydi. Bu borada birinchi prezidentimiz Islom Karimovning quyidagi so‘zlarini eslash o‘rinli: “Dunyoviylik bu dahriylik degani emas. Din va diniy e’tiqod butunlay rad etiladigan hayot esa qanday g‘ayriinsoniy ekanini biz kechagi tariximiz misolida yaxshi bilamiz” (Karimov I. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2008. 93-bet).
Islom dini ham ilmga targ‘ib qilib, oxirat deb dunyoni, dunyo deb oxiratni unutmaslikka chaqiradi. Bunga Qur’on va hadisdan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Qolaversa, o‘rta asrlar tarixida “Sharq uyg‘onishi” deb atalgan davr aynan islomiy ilmlar rivoji bilan birgalikda kechgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
Imom Moturidiy davrida ham qadimgi yunon falsafasi ta’sirida kelib chiqqan ko‘plab dahriyona qarashlar mavjud bo‘lgan. Olim o‘z asarlarida bunday qarashlarni dahriylik, faylasuflik (dahriyona falsafiy qarashlar nazarda tutilgan) va mulhidlik kabi nomlar bilan ataydi.
Alloma dahriylarning turli guruhlari haqida so‘z yuritar ekan, jumladan, bunday yozadi: “Ular olam asosining azaliyligi borasida ittifoq qiladilar, lekin uning nimadan va qanday qilib vujudga kelgani haqidagi qarashlarda o‘zaro farqlanadilar” (Abu Mansur Moturidiy. Kitob at-tavhid. Bayrut, “Dar as-sadr”; Istanbul, “Irshod”, 2011. 209-bet).
Imom Moturidiyning dahriylarning esxatologik (tarixning tugashi, qabr va oxirat hayoti, borliqning taqdiri va uning sifat jihatdan yangi holatga o‘tishi haqidagi diniy qarashlar tizimi) qarashlarga bergan raddiyasiga e’tibor qilsak. Alloma Qur’oni karimning “Albatta, oyatlarimizni inkor etguvchilarni do‘zaxda kuydirgaymiz” (Niso, 56) oyati tafsirida mavzuga aloqador turli masalalarga to‘xtalar ekan, jumladan, bunday yozadi: “Dahriylar qayta tirilishni inkor etadi. Ular “Borliq u paydo bo‘lishi bilan vujudga kelgan. Bunga esa bir quvvat sabab bo‘lib, o‘sha quvvat olamni harakatga keltirgan” deyishadi. Dahriylar qanday qilib qayta tirilishni inkor etadi? Axir, olamning ibtidosi ularga qarshi dalil emasmi?” (o‘sha manba, 282-bet).
Aqida ilmi peshvosiga ko‘ra, dahriylar qanday fikrda bo‘lmasin, olam ibtidosining o‘zi intiho, ya’ni qayta tirilishga yetarli dalil bo‘la oladi. Ular olamning yaralishiga sabab bo‘lgan cheksiz quvvatni tan olmoqda, lekin o‘sha quvvat manbai nima ekani haqida asosli farazga ega emas.
Alloma “Biz kecha va kunduzni qudratimizni ko‘rsatib turadigan ikki belgi (mo‘jiza) qilib qo‘ydik” (Isro, 12) oyati tafsirida ham qimmatli mulohazalarni ilgari suradi: “Kecha va kunduz o‘zaro farqli, bir-biriga zid mo‘jizalardir. Ulardan biri kirib kelishi bilan ikkinchisi ketadi. Ular Olloh taoloning yagona ekaniga shahodat beradi. Chunki kecha va kunduzni bir qancha xudolar yaratganda ulardan har biri o‘zi yaratgan narsani dunyoda hukmron qilishga intilardi. Demak, bu – yagona Yaratuvchining ishi. Kecha va kunduzning yillar davomida davriy uzunligi o‘zgarmasdan bir maromda, o‘tgan yillardagidek takrorlanib turishi ham ularni yagona kuch idora qilishini ko‘rsatadi. Shuningdek, bu mo‘jizalarda Yaratuvchining ilmi va hikmatining beqiyosligini ham anglash mumkin. Negaki, faqat kecha mavjud bo‘lganda, uning bir o‘zidan manfaat bo‘lmas, agar faqat kunduz mavjud bo‘lganda, uning bir o‘zi hayot uchun kifoya qilmasdi” (o‘sha manba, 238-bet).
Allomaning yozishicha, bu ikki voqelik, ayni choqda qayta tirilishga ham dalolat bo‘lib, ularning biri ketgach oldingisidan asar ham qolmay, so‘ngra u yana o‘z o‘rniga xuddi avvalgidek qaytib keladi. Mazkur ikki mo‘jiza moddiyunchilar, as’hobi nujum (yulduz va sayyoralarga sig‘inuvchi guruh), dahriylar va barcha dinsizlarning da’vosiga qarshi dalildir.
Ko‘rinib turibdiki, alloma aqidaviy masalalarni dalillashda izchil mantiq va tafakkur kuchiga tayanib, aql va mantiqni da’vo qiluvchi guruhlarni ularning o‘z quroli bilan mag‘lub etgan.
Xullas, allomaning ilmiy merosi bugun ham yuksak amaliy ahamiyatga ega.
Jo‘rabek SODIQOV,
O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi
tayanch doktoranti
“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 3-son.
“Moturidiy raddiyasi” maqolasi
Ma’naviyat
Adabiyot
Mafkura
Tarix
Mafkura
Ta’lim-tarbiya
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q