Darsliklarni yangilayverishdan tiyilib, sinfxonada darslarning sifatini oshirish kerak – professor Yorqinjon Odilov


Saqlash
15:50 / 24.08.2022 1332 0

Insonning aqliy takomilida fanning, ruhiy kamolotida ma’naviyatning ishtiroki muhim. Aqliy takomilga erishgan inson o‘zining moddiy olamini bekam-u ko‘st qilishi bor gap, biroq kam-ko‘stsiz bu olam ma’naviyatsiz butun bo‘lmas. Ma’naviyat qushning ikki qanotiga mengzalgani bosh sababi ham shudir. Odamiylikning chin omili sanalgan ma’naviyat odam bolasini shaxs sifatida shakllantiradi, biologik mavjudotdan insonlik rutbasiga ko‘taradi. Bu rutbaning yo‘rgagi axloqiy va ruhiy tarbiya bo‘lsa, beshigi til va adabiyotdir. Bugungi globallashgan dunyoda millat tiliga milliy o‘zlikni asrashning bosh sharti deb qaralayotgani ham shundan.

 

Biz bilgan, o‘qigan adabiyotlarda ma’naviyat katta tushuncha ekani, insonning butun axloqiy-ruhiy olamini o‘zida jam etishi aytib kelinadi. Bu to‘g‘ri, ammo uni aniq tasavvur qilish va tushunish uchun bunday talqin yaramaydi, aslida ma’naviyatni inson axloqiy-ruhiy olamining aynan o‘zi, deb tushunish maqsadga muvofiq. Ya’ni ma’naviyat kishi axloqiy-ruhiy faoliyatining mahsuli emas, insonning ayni shunday faoliyati tutumidir. Ona tili esa odam bolasining bunday olamlarini yaratuvchi, uni takomilga eltuvchi imkondir.

 

So‘nggi yillarda olimlar, jurnalistlar, keng jamoatchilik ko‘p tilga olgan mavzulardan biri davlat tili va uning amaliyotga tatbiqi muammosi. Bu borada televideniye, radio hamda matbuotda ko‘p va xo‘b chiqishlar qilindi va hozir ham davom etmoqda, biroq foydali ish koeffitsiyenti biz kutgandek bo‘lgani yo‘q. Xo‘sh, qanday takliflar ilgari surilgan, nimalar tavsiya qilingan? Eng avvalo, davlat tilining amaliyotga tatbiqi bo‘yicha ishlarni jonlantirish kerak. Tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarni lozim darajada o‘zgartirish, davlat tili tatbiqida til mutasaddilari jidd-u jahd qilishi, irodali bo‘lishi zarur. OAVda targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish bilan birga, muammolarni ochiq aytish kerak. Mazkur taklif-u tavsiyalarni biz ham qadrlaymiz, chunki ular o‘z ona tilini muqaddas bilgan yoniq qalbdan chiqqani aniq. Shuning uchun bu tarz tavsiyalarning amaliyotga tatbiqi o‘zbek tili rivojida va davlat tilining to‘laqonli amal qilishida muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi.

 

Faqat “faqat” degan ishtiboh bor. Xo‘sh, zikr etilgan choralarni ko‘rish, zikr etilgandek ish tutish bilan davlat tilining tag zamini tom ma’noda mustahkamlanadimi? Vaqt o‘tishi bilan “eski hammom, eski tos” muammolarga duch kelmaymizmi? Negaki, tobora chuqurroq globallashayotgan dunyoda “baquvvat”, “har nega qodir” deb bilinadigan tillarda ham bizdagidek muammolar paydo bo‘lmoqda. Bizningcha, davlat tilining amaliyotga tatbiqi muammosini bu tarzda yechish bilan bugunning muammosi hal qilinadi. Hechdan ko‘ra bu ham yaxshi, bu ham kerak, chunki bolalarimizga sog‘lom til qoldirishimiz lozim. Shu bilan birga, bolalarimiz ham ajdodlar tilini omon saqlashi joiz-ku?! Tilimizning ellik-yuz yillar narisini ham unutishga haqqimiz yo‘q.

 

Aslini olganda, o‘zbek tilining davlat tili sifatida amaliyotga tatbiqi, kundalik hayotimizdagi o‘rni borasidagi muammoning asosiy sababini tilimizning o‘zidan izlashimiz – nodurust yumush. Aksincha, muammoning tub ildizini shu tilni qo‘llaydigan egasidan, o‘zbek tilini ishlatayotgan odamning lisoniy tarbiyasi qanday kechayotganidan qidirganimiz – ma’qul ish. Negaki, har qanday til o‘z egasi bilan birga yashaydi, sohibi undan o‘zi xohlagandek foydalanadi, unga o‘zi xohlagandek munosabatda bo‘ladi. Tilni bu tarz qo‘llash, tilga bu tarz munosabatning biz o‘ylagandek, biz kutgandek bo‘lishi til sohibining ma’naviyatiga, lisoniy tutumiga bog‘liq. Ona tilini ich-ichidan sevish, uni har xil qutqulardan qo‘rish, qonunan himoyalangan rasmiy tilgina emas, davlat ramzi, davlatchilik sharti sifatida qabul qila olish uchun esa kishiga til ma’naviyati degan malaka zarur. Afsuski, uzoq vaqtlardan beri o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirishda til ma’naviyati va til egasi tushunchalariga baqamti qaraganimiz, o‘zbek tili sohiblarida shunday zehniyatni shakllantirishga diqqat qilolganimiz yo‘qki, bu xuddi yerga ishlov bermay mo‘l hosil kutishday gap.

 

Til ma’naviyati til egasini lisoniy tarbiyalashdan boshlanadi va bunda quyidagilar muhim.

 

Ma’naviyatning bosh ustuni bo‘lgan tarbiya oiladan boshlanadi, til ma’naviyati ham oilada kurtak otib, gulga kiradi, meva beradi, ta’lim-tarbiyaning keyingi bo‘g‘inlari uni takomilga tortadi. Shu jihatdan, avvalo, oilada tilga munosabatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olish kerak. Ota-onaning o‘zi farzandiga to‘g‘ri til tarbiyasi borasida ibrat bo‘lishi zarur, chunki “qush uyasida ko‘rganini qiladi”. Oilada til tarbiyasi noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishining tipik namunasi bu – lisoniy muhitning g‘ayrio‘zbekchaligi. Oila boshlarining g‘arbcha tutumi, ota-onaning qurama nutqi, muomalada yot tilni afzal ko‘rishi farzandni ham shunday tutumni mahkam tutishga, shunday lahjada chuldirashga o‘rgatadi. Bunday muhitda o‘sgan bola olamni o‘ta milliy andozada emas, o‘ta g‘arbcha qolipda ko‘radi. Eng achinarlisi, farzand o‘z tutumlarining g‘ayrimilliyligini mutlaqo idrok etmay qo‘yadi, olam va odamga milliy nigoh yo‘qoladi. Bundan ta’lim maskanining mashaqqati ortadi, xolos. Agar ota-ona farzandiga o‘zbekcha tutum, o‘zbekcha muomala namunasini ko‘rsata bilsa, bolada bunday ko‘nikmalar shakllanadi.

 

Donishmand shoir Furqat o‘z she’rlaridan birida bejiz “Mening maktab aro buldur murodim, Xatimdek chiqsa imlo-yu savodim”, demagan edi. Maktab ta’limi, xususan, ona tili darslari til ma’naviyatini kamol toptirishi “haqqast rost”. Ona tili darslari bolaning oilada shakllangan til sezgilarini, milliy tutumlarini tarbiyalaydi, o‘z tiliga aql ko‘zi bilan qarashni o‘rgatadi. Bunga maktablarda til darsi sifatini oshirish bilangina erishiladi. Afsuski, bugun maktab ta’limida ona tili darsi sifati va samaradorligi ta’lim standartlarida belgilanganidek emas (albatta, biz sidirg‘asiga shunday demoqchimasmiz!). Mavridi keldi deb darsliklarni yangilayverishdan tiyilib, sinfxonada darslarning sifatini oshirish payida bo‘lish kerak. Qolaversa, ta’lim muassasalarida ona tili o‘qituvchilarining o‘zaro dars tahlillariga kirishini jonlantirish lozim. Bir o‘qituvchining boshqa hamkasbi darsini kuzatishi, yutuq va kamchiliklarini tahlil qilishi muallimning darsga puxta tayyorlanishiga, sidqidildan dars o‘tishiga tabiiy majburiyat uyg‘otadi. Agar biz tilimizni yigirma yildan keyin qanday ko‘rishni istasak, bugundan o‘sha mo‘ljalga mos ona tili ta’limini yo‘lga qo‘yishimiz joiz. Bordi-yu shunday qilinmasa, davlat tomonidan ko‘rilgan choralar ora yo‘lda qolib ketaveradi. Axir keyingi uch-to‘rt yilning badalida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash, uni rivojlantirish, til siyosatini takomillashtirish borasida o‘ndan ortiq qonunchilik hujjati qabul qilingani til muammosining yanada dolzarblashayotganini ko‘rsatadi.

 

Til ma’naviyatini shakllantirishda kitobning, adabiyotning ta’siri favqulodda muhim. Prezidentimiz davlat rahbari sifatida ish boshlagandayoq bolalarni kitobga oshno qilish, xalqimizga xos kitobxonlik madaniyatini tiklash yo‘lida tashabbus ko‘rsatishi til ma’naviyatini kamol toptirishdek yumushda ham qo‘l keladi. Davlatimiz rahbarining: “Men shunga aminman – kitobsiz taraqqiyotga, yuksak ma’naviyatga erishib bo‘lmaydi. Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi  yo‘q”  tarzida  jaranglagan pandi – til ma’naviyatini adabiyot orqali shakllantirishda zo‘r dastak. Negaki, adabiyot kishining ruhiy olamini boyitadi, odamni olamga milliy nigoh bilan qarashga o‘rgatadi, so‘z boyligini oshiradi. Ona tili sezgisi, til tarbiyasi, lisoniy malaka-yu ko‘nikmalarni milliy adabiyot tarbiyalaydi.

 

Inson aynan milliy adabiyot orqali borliqni o‘zbekcha ko‘rishni, o‘zbekcha tushunishni o‘rganadi. Turli hayotiy-nohayotiy tushunchalarning o‘zbek tilida qanday ifodalanishi bilan tanishadi. Xullas, milliy adabiyotning til ma’naviyatini shakllantirishi – bir tomon, kishini vatanparvar qilib tarbiyalashi – yana bir tomon. Buyuklar aytganidek, biz bolalarga kitob o‘qishni o‘rgatib qo‘ysak bo‘ldi, qolgan hammasini, hatto til ma’naviyatini ham kitobning o‘zi o‘rgatadi.

 

O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqei oliy ta’lim davrida teran anglanadi. Shu ma’noda, O‘zbek tilini 20202030-yillarda rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab oliy o‘quv yurtlarining ta’lim boshqa tilda olib boriladigan guruhlarida davlat tili  saboqlari  berib  kelinmoqda. Mazkur konsepsiyada 2025-yilga qadar davlat maktabgacha ta’lim tizimida o‘zbek tilli guruhlar qamrovini 72 foizga, 2030-yilgacha esa 80 foizga, 2030-yilga qadar umumta’lim maktablarida o‘zbek tili fanini haftasiga 84 soatdan 110 soatgacha yetkazish lozimligi ta’kidlangan. Bu yaxshi, ammo ushbu darslar sifati talab darajasidami? Ana shu narsa – muammo. Hatto 2021-2022-o‘quv yilidan ayrim oliy o‘quv yurtlarida davlat tili ta’limi bilan bog‘liq dars soatlarini qisqartirish boshlangani til ma’naviyatini shakllantirish ishlarini sekinlashtirishi aniq. Shu bois, ta’limning bu bo‘g‘inida ham ona tili va davlat tili bo‘yicha darslarni bo‘shashtirmaslik, lingvistik bilimlarni lisoniy madaniyatga, lisoniy ma’naviyatga aylantirishimiz kerak.

 

Bugun dunyoning aksar davlatlarida til bilan bog‘liq muammolar dolzarblashgan. Katta davlatlarning katta tillari hayot sur’atlarining g‘oyat tezlashuvi bilan boshqa xalqlar tillariga ba’zan obyektiv, ba’zan subyektiv omillar o‘laroq ta’sirini o‘tkazmoqda. Asosan, milliy tillar lug‘ati tarkibida chet so‘zlar ko‘payib ketishi fonida kuzatiladigan bunday ta’sirlar bora-bora milliy tillarning ichki imkoniyatlaridan foydalanish mexanizmlarini ishdan chiqarishi mumkin. Yangi paydo bo‘lgan tushuncha uchun tayyor leksemani o‘zlashtirish zinhor tendensiyaga aylanmasligi lozim. Bugun oliy ta’lim talabalari nutqini qo‘ya turaylik, hatto markaziy nashrlarimizda ham “hesh-teg”, “kreativ”, “chellenj”, “post”, “feyk”, “platforma”, “tyutor”, “vaksinatsiya”, “kompetensiya”, “trening”, “messenjer”, “kontent” kabi olinmalar soni ortmoqda. Tabiiyki, tilning o‘zi bunday tashqi ta’sirlarga qarshi turolmaydi, chunki hech bir tilning fitratida shunday xususiyat yo‘q. Tilni chet so‘zlar bosqinidan milliy lisoniy immunitetli egasi qo‘riydi. Komillikning bosh shartlaridan bo‘lgan til ma’naviyati insonni ana shunday immunitetga sohib qiladi.

 

Xullas, til ma’naviyati davlat tili bo‘yicha mavjud muammolarni bartaraf qilishda ham, o‘zbek tilining chorak yoki yarim asrdan keyingi taqdirini tayin etishda ham asosiy dastakdir. Bunday ma’naviyatni shakllantirishga til ilmi ham, til ta’limi ham birday mas’ul. Fan esa til amaliyotiga yelka tutishi lozim.

 

Yorqinjon ODILOV,

O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bo‘lim mudiri,

filologiya fanlari doktori, professor

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2022 yil 21 avgust, 170-son.

Til ma’naviyati

yoxud milliy lisoniy immunitet hosil qilishimiz zarur!” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23614
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//