20:24 / 10.09.2021
2309
0
Jasorati, har qanday sharoitda ham haq so‘zni ayta olishi, e’tiqodiga xiyonat qilmasligi hamda sokin tuyg‘ular aks etgan she’riyati bilan tanilgan shoir Shukrullo shaxslikning shonli yo‘lini bosib o‘tgan ijodkordir. Beshafqat o‘lim bir oz sabr qilganida oqsoqol shoirimiz Shukrullo bu yil yuz yoshni qarshilab, to‘liq bir asrdan ko‘proq yashagan ilk o‘zbek ijodkori sifatida tan olingan bo‘lardi. Shu holida ham Shukrullo domla mavlono Lutfiy yoshiga yetib kelgan yagona o‘zbek adibi sanaladi. Shoir bir zamonlar nafaqat O‘zbekiston, balki barcha postsovet o‘lkalarida ham mashhur ijodkor edi. Ammo oqsoqol adibimiz bugungi o‘zbek o‘qirmanlari va adabiyotshunoslari tomonidan tushunilishga muhtojdir desam, xato bo‘lmaydi. Negaki, avlodlarning almashinishi, milliy tafakkurdagi tub evrilishlar xalqning adabiy didini ham tamomila yangiladi. Natijada, kechagina binoyiday tuyulgan ifoda bugun g‘oyat g‘arib ko‘rinishi ajablanarli emas. Har qanday ijodkor ham tuyg‘u odami sifatida bitiklarida, avvalo, o‘z ko‘ngli royishlarini aks ettirsa-da, baribir o‘zgalar tomonidan ham tuyilish va tushunilishni istaydi. Chunki chin ijodkor ko‘ngil dardlari bilan o‘rtoqlashish chidab bo‘lmas zaruratga aylangandagina qo‘liga qalam oladi.Ba’zan ijodkor ham xom sut emgan bir oddiy banda sifatida adashib zararli g‘oya, chalkash mafkuraga ergashishi, noto‘g‘ri fikr aytishi mumkin. Lekin unda biror kun noto‘g‘ri yo‘ldan qaytib, to‘g‘risiga tushib olish imkoni bo‘ladi. San’atkor uchun badiiy adabiyotning bosh vazifasini noto‘g‘ri belgilash, uning ifoda yo‘sinini tayin etishda xato qilish esa fojiadir. Shukrullo aka va u kishi mansub ijodkorlar avlodi ana shunday qismatni boshidan kechirishga mahkum bo‘lganlar. Har qanday odam o‘z avlodi aurasida yashaydi. Davr qobig‘ini yorib chiqish har qanday odamning ham qo‘lidan kelavermaydi. Buning ustiga, tabiatan ta’sirchan bo‘lgani sabab ijodkor shaxsga davrning nuqsi boshqalarga qaraganda kuchliroq urishi ham bor gap. Ma’lumki, muayyan bir davrda yashab turib, undan tashqarida bo‘lish, uning ta’siriga berilmaslik deyarli mumkin emas. Ayniqsa, davr odamning fikr-u o‘ylari, his-tuyg‘ulariga ham daxl qiladigan, zug‘um o‘tkazadigan bo‘lsa. Sho‘ro tuzumida yashagan ijodkorlarning birinchi avlodi, nisbatan erkinroq zamonlarda, chin badiiy so‘zning ta’mini tuyib, adabiy izlanish lazzatlarini ta’biga singdirib shakllangan edilar. Shuning uchun ham ularning eng “qizil” bitiklarida ham kishining yuragini jiz etkazadigan nimadir bo‘lardi. Chunki ular adabiyotning, birinchi navbatda, san’at ekanligini tuyib ulg‘ayishgandi.Qatag‘on haddi a’losiga ko‘tarilgan, umuman, odamning, jumladan, ijodkorning shaxsi ham sariq chaqaga olinmaydigan, ulkan Ittifoqdagi necha millionlagan odamlar ruhan sindirilgan, yolg‘on so‘zlash axloq, yalang‘och shiorlarni qofiyaga solish poeziya, soxta tuyg‘ularni tasvirlash san’at sanalgan davrda ijodkor sifatida shakllangan butun bir avlodga ifodada yalang‘ochlik, mavzuda jo‘nlik virusi atay yuqtirilgan edi. Ular buni istamagandilar, biroq shunday bo‘lishga mahkum etilgandilar. Bu davrda asl vazifasi ko‘p ma’noni ifodalashdan, turlicha jilolanishdan iborat bo‘lgan badiiy so‘z aniq bittagina ma’noni anglatishga majbur etildi. Badiiy asar shunday yozilishi kerak ediki, undan, qanchalik istamasinlar, hech kim hech qanday ikkinchi ma’noni topolmasligi kerak edi. Bunday ifoda badiiy bo‘lmasdi, albatta, ammo xavfsiz bo‘lardi. So‘zining salgina o‘zgacha tushunilishiga yo‘l qo‘ygan o‘nlab ijodkorlar “xalq dushmani” sifatida jismonan yo‘q qilinganini ko‘rgan ijodkorlar jo‘n, ochiq va yalang‘och yozishga, binobarin, imkon qadar adabiyotning joni bo‘lmish obrazli ifodadan qochishga majbur edilar.Shuning uchun ham Sharof Rashidov, Turob To‘la, Rahmat Fayziy, Shuhrat, Ibrohim Rahim, Said Ahmad, Ramz Bobojon, Asqad Muxtor, Shukrullo, Po‘lat Mo‘min, Akmal Po‘lat, Sarvar Azimov kabi yozuvchilar o‘z ijodiy imkoniyatlarini to‘la namoyon eta olmay yashab o‘tdilar. Negaki, ularning didi siyosiy xatoga yo‘l qo‘ymay, ruxsat etilgan g‘oyaviy haqiqatlarni hamma bir xil tushunadigan yo‘sinda bayon etish talabi bilan shakllantirilgan edi. Bu avlod shaxs sifatida tarkib topayotgan paytda kommunistik mafkura odamning fikr-u tuyg‘ulariga ham andishasizlarcha xo‘jayinlik qilgan bo‘lsa, ijodkor sifatida qaror topayotgan vaqtda adabiyotning missiyasi siyosatga yugurdaklik qilishdan iborat qilib qo‘yilgan edi. Bu ijodiy avlod iste’dodsizligi tufayli emas, balki talantini to‘la namoyon etish jismoniy jihatdan ham xatarli bo‘lgani uchun o‘z ijodiy imkoniyatini to‘la ishga sola olmadi.Ularning ehtiyotkorligi aslo ortiqcha emasligini o‘tgan asrning 40-yillari oxiri va 50-yillari boshida ayni shu avlodning bir qancha vakillari uzoq yillarga qamalgani ham ko‘rsatib turadi. Jumladan, shoir Shukrullo ham millatchi sifatida yigirma besh yilga hukm qilingan edi. Afsuski, ehtiyotkorlik va cho‘chish tufayli kelib chiqqan majburiy jo‘nlik faqat tashqi jihatgina bo‘lib qolmadi. Ulkan xavotir yillar davomida bu avlodning ichki mohiyatiga ham aylanib ulgurdi. Menimcha, bu hol faqat o‘zbek adabiyotigagina tegishli holat bo‘lib qolmay, umumittifoq miqyosidagi xususiyat edi. Hali adabiyotshunoslik ilmi bu avlod ijodiy taqdiridagi fojiani teran ilmiy tadqiq etishi kerak bo‘ladi.Har qanday sharoitda ham ijod g‘oyat betakror va o‘ziga xos kechimdir. Shuning uchun Shukrullo aka mansub avlodni ham birday tushunish, tushuntirish va baholash mumkin emas. Chunki qiyofasiz bo‘lishga majburlik ham ba’zan chinakam ijodkorlarni o‘zligidan mahrum eta olmasa, ba’zilarni tanib bo‘lmaydigan holatga soladi.* * *
Shukrullo 1921-yilning 2-sentabri kuni Toshkentning Olmazor mahallasida tug‘ilgan. Otasi Yusufxo‘ja nafaqat shahar, balki Turkiston o‘lkasida mashhur emchi edi. Yetti yillik maktabni tugatgan tirishqoq Shukrullo 1935-yilda pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kirib, 1938-yilda uni bitiradi. O‘n yetti yoshli yigitcha Qoraqalpog‘istonga ishga yuboriladi va u yerda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarga saboq beradi. 1939-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutiga sirtdan o‘qishga kiradi va uni 1944-yilda bitiradi. Shu yillarda o‘qish bilan birgalikda Toshkentning turli maktablarida o‘qituvchilik qiladi. Oliy ma’lumotli bo‘lgach, O‘rta Osiyo davlat universiteti (SAGU)ning aspiranturasiga o‘qishga kiradi va ayni vaqtda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi bo‘lib ishlaydi (1945−1949-yillar). 1949−1965-yillar oralig‘ida muayyan uzilishlar bilan O‘zbekiston davlat nashriyotida muharrirlik qiladi.
1949-yilda yosh shoirning “Birinchi daftar” nomli ilk kitobi bosilib chiqadi. Shu yili Hamid Sulaymon, Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat, Mahmud Murodov hamda aka-uka Alimuhamedov singari taniqli shaxslar bilan birga millatchilik va sovetlarga qarshi targ‘ibotda ayblanib, qo‘lga olinadi. O‘n besh oy davom etgan tergov natijasida Shukrullo yigirma besh yillik qamoq hamda yana besh yillik barcha huquqlardan mahrumlik jazolariga hukm qilinadi. Zulm-zo‘ravonlikka bo‘yin egishni istamagan shoir Norilsk qamoqxonasida yuz bergan isyonda qatnashadi. Shukrullo 1955-yilga kelib, Stalin vafotidan keyin ozod etilgan.
Shoir sermahsul ijod qilgan. Uning “Qalb qo‘shiqlari” (1949), “Hayot ilhomlari” (1959), “Umrim boricha” (1960), “Inson va yaxshilik” (1961), “Inson − inson uchun” (1964), “Zarralar” (1973), “Suyanchiq” (1977), “Yashagim keladi” (1978), “Sening baxting” (1988), “To‘kilgan dardlarim” (2001) kabi she’riy to‘plamlari e’lon qilingan. Shuningdek, 1958-yilda bir jildlik, 1973-yilda ikki jildlik, 1981-yilda uch jildlik saylanmalari chop etildi.
Shukrulloning “Chollar” (1948), “Rossiya” (1956), “Ikki qoya” (1964), “26-tong otari” (1966), “Gul va otash” (1972), “Ko‘ngil chirog‘i” (1975), “Asr bahsi” (1985) va boshqa bir qator dostonlari o‘z vaqtida tilga tushgan edi. Shukrullo bolalarga bag‘ishlab she’r va ertaklardan iborat “Bahor sovg‘asi” (1962), “Yulduzlar” (1964) nomli kitoblar yaratgan. Uning “Xatarli yo‘l” (1962), “Tabassum o‘g‘rilari” (1964), “To‘ydan keyin tomosha” (1980), “O‘g‘rini qaroqchi urdi” (1982) singari pesalari turli teatrlarda namoyish qilingan. Adibning “Javohirlar sandig‘i” (1983) esse kitobida ustoz yozuvchilarning ijodi tajribalari to‘g‘risida bahs yuritilgan, “Kafansiz ko‘milganlar” (1989) avtobiografik romanida qatag‘on davri dahshatlari, “Tirik ruhlar” (1999) roman-xronikasida mashhur jadid Ubaydulla Xo‘jaev hayoti va faoliyati tasvirlangan. 1994-yilda shoirning “Qasosli dunyo” publitsistik maqolalar to‘plami chop etilgan.
Shukrullo Karlo Gotssining “Baxtiyor gadolar” pesasi hamda Sh.Petyofi, T.Shevchenko, Q.Quliev va boshqa ko‘plab shoirlarning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning asarlari rus, arab, turk, ozarbayjon, qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz tillarida nashr etilgan.
Shukrullo adabiyot rivoji yo‘lidagi xizmatlari uchun 1977-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, 1981-yilda O‘zbekiston xalq shoiri unvonlari egasi bo‘lgan. 1994-yilda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati, shu yili “Do‘stlik” ordeni, 1999-yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.
Shoir Shukrullo 2020-yilning 19-iyulida 99 yoshida vafot etdi.
* * *Shukrullo o‘ziga xos ovoz hamda tasvir yo‘nalishiga ega ijodkor sifatida yetmish yildan ortiqroq qalam surdi. Lekin keyingi yillarda u kishining ijodiy qiyofasida jiddiy yangilanish sodir bo‘ldi. Shukrulloning shaxs va ijodkor sifatidagi o‘ziga xosligi shundaki, o‘zi zarur deb hisoblagan vaqtda, uzoq yillar davomida amal qilib kelgan ayrim badiiy qanoatlaridan voz kechib, yangi estetik tamoyillarga tayanishga kuch topa bildi. Qartayganda ijodiy a’mollarini o‘zgartirishdan malollanmagani uchun egamanlikdan keyin shoirning bitganlarida yangi belgilar ko‘zga tashlana boshladi.Shukrullo akaning yozganlari u kishining tabiatan qiziquvchan, o‘zini jamiyat tashvishlaridan chetga tortmaydigan odam ekanini ko‘rsatadi. U hamisha adabiyotga faqat ko‘ngil ermagi, tuyg‘ular o‘yini emas, ulkan bir ijtimoiy yumush deb qarab keldi. Shuning uchun kishi ijodga o‘zini to‘liq bag‘ishlashi, ilhom otashida yonishi kerak deb hisobladi. Oqsoqolning “Javohirlar sandig‘i” asaridagi: “Ilhom qalangan ho‘l o‘tin emas, ...necha vaqtdan beri qizishib, bir shamol yelpishi bilan gurullab yongan olov”, degan fikrida ham adabiyotda iz qoldirmoq uchun ijodkor o‘zini unga to‘la bag‘ishlashi kerakligi ta’kidlangan.Adib hamisha ezgulikka intilgan va uning tantanasiga ishongan odam. Bu xususiyat uning 1941-yilda yozgan “Istayman-ki, olam hamisha Bahor chog‘i, tongotar bo‘lsin”, degan to‘xtamidayoq namoyon bo‘lgandi. Doimo tinchlig-u xotirjamlikka intilib yashagan shoir uzoq umri mobaynida talay dolg‘ali hodisalarni boshidan kechirdi. Shu sabab asarlarida ham tinchlikka erishish orzusini ko‘p tasvirladi. Lekin u qabriston tinchligini emas, balki hayot barq urib yashnab turgan erkin hayotdan hosil bo‘ladigan sobit tinchlikni tilaydi. “Istak” she’rida shoir bu jo‘ndagi qarash-u tuyg‘ularini shu tarzda ifodalaydi:Suvlar shildirasin, qushlar sayrasin,Olam suv quygandek, mayli, bo‘lsin tinch.Zindoniy tinchlikdan lekin asrasin,G‘animlar solmasin ko‘ngilga qo‘rqinch!Negaki, “Taqdir” she’rida ta’kidlanganidek, “Qo‘rqib yashashlikning o‘zi ham o‘lim”. Shukrullo ko‘ngildagiday yashay bilmaslik yashamaslikdan yomon ekanini teran his qiladi va ta’sirli ifoda etadi.Odam ko‘p ko‘rib, ko‘p bilgani sari kam bilishini anglab boraveradi. Shuning uchun ham Shukrullo agar o‘tgan asrning 50−60-yillaridagi she’rlarida o‘quvchilariga qanday yashash va hayotni qay tarzda yo‘lga qo‘yishni o‘rgatishga uringan bo‘lsa, hozirgi she’rlarida tiriklikning barcha past-balandini ko‘rgan donishmand shoir sifatida birovga yo‘l ko‘rsatish emas, o‘zini taftish qilishga, o‘z ko‘ngil olamini qadam-baqadam tekshirishga urinadi. Shoir o‘zi kuzatgan hayot haqiqatlarini bilgichlik bilan g‘oyat sokin, lekin yuragidan o‘tkazib ifoda etadi. Shuning uchun ham uning ko‘pchilik she’rlarida poetik muddao she’rning avvalidayoq o‘rtan qo‘lday ko‘zga tashlanib turmaydi. She’rni o‘qigan kishi undagi ifodalar haqida o‘ylab ko‘rishga, tasvirdan ma’no keltirib chiqarishga majbur bo‘ladi.Shoirning “Qarg‘alar” deb atalgan she’rining na nomi va na tasvir yo‘nalishi unda gap mehr-oqibat haqida borishini anglatadi. Shukrullo she’rda qo‘rqinchli mozor va uning tegrasidagi og‘ochlar boshiga qo‘ngan qarg‘alarning ko‘ngillarga titroq solguvchi manzarasini chizadi:G‘arib oqshom cho‘kdi asta mozorga,Hatto ma’yus kabi bulutli osmon.Terak tepasida o‘ltirar qarg‘aSo‘nib qolgan shamning so‘xtasisimon.Shoirning ruhini bezovta qilib, qo‘liga qalam tutqazib, shunday sovuq manzarini chizishga undagan narsa “So‘nib qolgan shamning so‘xtasisimon” qarg‘a timsolidir. She’rda bir-biriga tiriklikda mehr ko‘rsatmay, o‘lgandan keyin qo‘rqinchli go‘ristonga ham keladigan odamlar qarg‘aga o‘xshatiladi: “Ammo o‘lganda-chi, bo‘lib mehribon, Mozorga kelamiz qarg‘a singari”. Aytish kerak-ki, bu she’rda badiiy tasvir va undan kelib chiqadigan poetik ma’no asosli uyg‘unlashtirilgan.Shukrullo aka izlanishdan bo‘yin tovlamagani, o‘rganishdan qochmagani uchun ham bugungi she’riyatga xos tasvir uslubini bir qadar o‘zlashtira bildi. Bu hol uning insoniy sezim va ruhoniy tuyg‘ularni moddiylashtirib ko‘rsatishda yangicha yo‘llar ochganida namoyon bo‘ldi. Shoir ba’zi she’rlarida sababni ko‘rsatib o‘tirmay, oqibatni tasvirlaydi. Chunki u haqiqiy sababni bilish ko‘p hollarda insonga buyurilmay faqat Yaratganning o‘zigagina ma’lumligini anglab yetadi. Shu xil anglash uning ko‘ngliga qanoat tuyg‘usini soladi. Shu bois “Iz” she’rida: “Yana bahor keldi! Qolgan umr ham O‘tadi sezdirmay, erigandek qor”, der ekan, ko‘klam kelganda, qorning sezdirmay erishini inson umrining bildirmay o‘tib borayotganiga o‘xshatadi.Shukrullo qator she’rlarida ijtimoiy tafakkuri yangilangan millatning sezimlarini, tuyg‘ularini anglashga, buning uchun o‘zgalarning hissiyotini ular kabi tuyish va ifodalashga intiladi. Bu hol undan shu vaqtga qadar o‘z ijodiy tajribasida foydalanib kelgan tasvir vositalarini yangilash, ifoda yo‘sinlarini tubdan o‘zgartirishni talab qildi. Ma’naviy-axloqiy evrilishlar kesishgan davrning talabini to‘g‘ri anglagan shoir she’rlarining ifoda tarzini yangilashdan og‘rinmaydi. Quyidagi tasvirlar ana shu yangilanishlar mevasi o‘laroq paydo bo‘lgan:Quyosh botib shafaqdanOlam yonardi go‘yo.Ayriliqdan, firoqdanSenga tor bo‘ldi dunyo.Yig‘lama, ko‘z yoshingdanKo‘ksimga tushdi otash.Olam shafaqdan emas,Uni yondirgan ko‘z yosh.Bu o‘rinda shoirning ma’joz bilan fikrlayotgani, borliqni ko‘ringaniday emas, balki tuyilganiday aks ettirishga uringani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shoir “Rashk” she’rida: “Shaftoli gulining rangi oq pushti, Oshiqlar qalbiga endi o‘t tushdi”, deb yozar ekan, misralarda aks etgan holatni hamma uchun yagona universal hayotiy reallik deb da’vo qilmay, qismda butunni, tomchida daryoni aks ettirishga urinadi.Shoir ruhida nafaqat odamlar, balki bepoyon olamdagi barcha narsalar ham zohir etgani kabi o‘zini ham hech narsadan ayro ko‘rmaydi. Shu bois hech ikkilanmay, daraxtning yaproqlarini o‘zi bitgan maktublar, ularning sirli shitirlashini esa, dard-u sevinchlari sifatida taqdim etaveradi:Sen meni sog‘insang, daraxtlarga boq,Yelpingan har yaproq mening xatlarim.Quloq sol. Kuylagan yaproqmas mutloq,Mehr qo‘y, u mening sevinch dardlarim.Ma’lumki, ijodkor qanday obrazni qalamga olmasin, aslida o‘zini tasvirlaydi. Har bir odamga olam boriday emas, balki o‘sha odamning holat-u kayfiyati ko‘targaniday ko‘rinadi. Nitshe aytmoqchi: “Dunyoda mening tasavvurlarimdan o‘zga hech narsa yo‘q”. Shu bois ham insonning haqiqat haqidagi to‘xtamlari o‘ta nisbiydir. Binobarin, keksa odam nafaqat yoshligi, balki bolaligini yozayotganda ham keksaligini ifodalayotgan bo‘laveradi va aksincha. Shukrulloning “Kayf” she’ridan olingan quyidagi qatorlarda keksalikdan ozorlangan kishining yoshlikdagi go‘zallikni qo‘msagan kayfiyati muhrlangan:Qushlar ovoziga hamohang, hamroz,Qani chuldiragan tiniq ariqlar?Qani o‘sha yillar, qani o‘sha yoz?Nazarimda, qushlar kuylamas, yig‘lar.Bu parchada yoshligi olislarda qolgan kishi holati aks etgan. Shuning uchun ham bir zamon bog‘dan o‘tgan qizlar sochining hididan mast bo‘lib yurgan ta’sirchan lirik qahramonga bugun qushlarning shodon sayrashi yig‘i bo‘lib tuyuladi. Chunki u – qaytmas bo‘lib ketgan yillarni qo‘msayotgan o‘ksik qalb egasi. She’rda ijtimoiy fojia yo‘q, lekin shaxsiy yo‘qotishning juda ulkan va samimiy, ortiqcha navozishlardan xoli chin ifodasi bor.Ayni vaqtda, ko‘pni ko‘rgan oqsoqol shoir dunyoning bevafoligi, umrning o‘tkinchiligiga kayvonilarcha bag‘rikenglik bilan yondashadi. Qalamga olinayotgan tuyg‘ular g‘oyat chigal, ruhiy vaziyat qaltis, lekin Shukrullo atay sodda ifoda yo‘sinini tanlaydi. Hayotning ko‘p sinovlaridan o‘tgan tajribali odam sifatida o‘qirmanni: “Dunyo go‘yo qizil yo sariq olma, Bu yaxshi, yomon deb yonini olma. ...Ko‘ngildagin aytib baloga qolma!” deya ogohlantiradi.Shoir she’rlarida tabiatni tasvirlar ekan, avvalo, odam ko‘nglini, sezimlarini ko‘zda tutadi. Shoir uchun kuz shunchaki fasl emas, u inson umrining muayyan bosqichi ramzi. Shu bois Shukrullo kuz manzarasi tasviriga kutilmagan qo‘shimcha ma’nolar yuklaydi. Kuzning tarovatsizgina ko‘rinadigan belgilaridan go‘zal joziba, epkinli harorat topadi:Yaproqlarni to‘kdi ertangi shamol,Dimoqqa urildi kuzning havosi.So‘ramasdan kelar ba’zida ne hol?Boshlanib qoladi tarnov navosi.She’rda kuzga o‘zbek dehqonining nazari bilan qaralganligi uchun yomg‘ir bevaqt yoqqanday tuyulgani aks etadi. Shukrullo ayrim she’rlarida yilning xazon fasli bo‘lmish kuzni inson umrining xazon pallasiga muvoziy sanamaydi. Uni g‘oyat jozibali, tarovat-u husnga to‘la bir fursat tarzida tasvir etadi. Zero, nafaqat yilning, balki umrning kuzi ham o‘ziga xos go‘zallikka to‘la ekanidan bo‘lsa kerak, odamning yashagani sari yashagisi kelaveradi.Shoir g‘oyat ingichka bir nigoh bilan og‘ochlarni tark etishga tayyor bo‘lib turgan omonat yaproqlarni ketayotgan qo‘noqqa o‘xshatadi:Tizilishib turar kuzgi yaproqlar,Go‘yo bular yo‘lga otlangan karvon.Yozgi safarini tugatdi ular,Bog‘larimda bo‘lib yoz bo‘yi mehmon.Nekbin tuyg‘uli shoir ketish fasli bo‘lmish kuzning tarovati tasviriga hayotga muhabbat, kechirilayotgan kundan rozilik tuyg‘ularini joylay biladi: “Bezanish, muhabbat, atrof oltin rang, Bir nafas quvonib kim olmas bahra? Kuzgi yaproqlarda bir dunyo ohang, Go‘yo olam qo‘shiq, rang to‘la sahna”.Shukrullo ayriliq tufayli chekkan chuqur iztiroblarini ham ta’sirchan yo‘sinda poetik ifodalay biladi. Chunonchi, shiorning “Rasul Hamzatovni xotirlab” deb nomlangan she’rida odam odamga tirgak, suyanch ekani g‘oyat samimiy tarzda ifoda etilgan. Shoirning bu she’ri yaqin do‘stini yo‘qotgan odamning ko‘ngilni bo‘shatish istagi sifatida tabiiy ravishda tug‘ilgani uchun ham undagi har bir tashbih nishonga aniq tegadi. Unda Shukrulloning samimiy shaxsiyati to‘la namoyon bo‘lgan:Kechagina, Rasul, salomatlikkaQadah ko‘targandik qoldirmay yuqin.Mana endi menga qoldirib ketdingSog‘inch, ayriliqning tog‘dek zil yukin.So‘nggi misradagi “tog‘dek” so‘zi o‘quvchiga ayriliq yukining zalvorini sezdiradigan o‘xshatish ekanidan tashqari, Rasul Hamzat bir umr kuylagan tog‘larni esga tushirishi, ya’ni dunyodan o‘tgan shaxsning ramzini anglatgani bilan ham ayricha poetik ahamiyat kasb etgan.Oqsoqol shoir uncha-muncha poetik eksperimentlardan cho‘chimaydi. Undagi bu xususiyat Rasul Hamzatning “Nabiram Shahrizodga” nomli nasriy she’ri tarjimasida namoyon bo‘ladi. Xayoliy savol-javobga qurilgan bu mansurada bobo bilan nevaraning taqdirlari muvoziy qo‘yib tasvirlanadi. She’rda yig‘loqi nevaraga uzun hayot yo‘lini bosib o‘tgan boboning ota-ona haqida gapira turib: “Axir sening otang bor, onang bor. Men allaqchon otamdan ham, onamdan ham ayrilganman, Sen emas, men yig‘lashim kerak”, do‘stlar xiyonatiga to‘xtalib: “...necha marta do‘stlarim xiyonat qildi, Mening dushmanlarim bor. Men yig‘lashim kerak”, urush dahshatlarini boshidan o‘tkazganini aytib: “Sen urush dahshatini, odamlarning qanday o‘lganlarini ko‘rmagansan. Qancha do‘stlarim u yerlarda qolib ketishdi, Men yig‘lasam arziydi”, tuhmatga qolganidan zorlanib: “Senga hech kim bo‘hton ham qilmaydi, Sen hali yolg‘on nimaligin bilmaysan, qalbing pok. Sen uxlaganingda hech kim seni bezovta qilmaydi, Men yig‘lashim kerak-ku”, degan ta’kidlari o‘ta ta’sirli ifoda etilgan. She’rning birgina so‘nggi, asarning poetik mohiyatni o‘zida aks ettirgan bandi seryig‘i nevara tilidan beriladi:Buvajon, sen hammasini boshdan kechirib bo‘lding, shukr qil.Mening boshimda hali bular turibdi.Sen aytganingdek, yolg‘on, xiyonat, urush yana takrorlansa-chi?Buvajon, sen shunday qilgin-ki, sira-sira takrorlanmasin.She’rda yosh avlodning zimmasida ham o‘ziga yarasha ijtimoiy-ma’naviy yuk borligi ta’kididan tashqari, kattalarning kelajak oldidagi mas’ulligi ham aks etgan. She’rda shoir Shukrulloga ham o‘rtoq tuyg‘ular tasvirga olingani uchun mansuraning tarjimasi original yanglig‘ jaranglaydi.Shukrullo she’riyati faqat ko‘ngil navozishlari ifodasi emas. To‘g‘rirog‘i, shoirning poeziyasi ko‘ngil to‘lg‘onishlarini aks ettiradi, lekin uning ko‘ngli faqat o‘zigagina tegishli bo‘lmay, ko‘plarning qalbi bilan tutashib ketgan. Bu hol shoirning manzara she’rlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shukrullo chizgan poetik manzaralar aniq, ta’sirchan va ko‘pma’noli ekani bilan e’tiborli:Chirt-chirt uziladi bog‘larda yaproq,Daraxtlar yuk tashlab tortibdi yengil.Maysalar ichida suvlar qo‘ng‘iroq,Bir orom kayfida yayraydi ko‘ngil.She’rdagi hosilidan qutulgach, qomatini tiklagan mevali og‘ochlar, maysalar ichida shoda-shoda qo‘ng‘iroq bo‘lib jilvalangan kuzgi shudring tasviri o‘z holicha ham ta’sirli. Lekin shoir uchun kuz manzarasini chizishning o‘zi muddao emas. U mevali og‘ochlarning bu holatidan hayotiy ma’no chiqaradi:Tevarak bog‘larda to‘kilar yaproq,Mehnatkash daraxtlar tiklaydi qaddin.Yo‘lovchi, bir nafas sen ularga boq,Sening gerdaymakka bormikan hadding?!Agar oldinlari Shukrullo o‘z she’rlarida barcha fikrini ochiq aytgan bo‘lsa, keyingi yillarda ishora qilish, imlash, o‘quvchining tasavvuriga ishonish mayli ustuvorlik qilmoqda. She’rlarining birida yozgi bog‘da sayragan bulbullar, og‘ochlar soyasida rohatlangan mehmonlar obrazlari shunchaki yo‘l-yo‘lakay tilga olinadi. Bir qarashda, she’rning zamirida hech qanday tagma’no yo‘qday tuyuladi:Yoz ketdi. Daraxtlar so‘lg‘in tus oldi,Neningdir dardida rangi za’faron.Sayragan bulbullar qayga yo‘qoldi?Qani soyasida bo‘lganlar mehmon?Ko‘m-ko‘k liboslari yerga to‘kildi,O‘g‘ri urgan kabi qoldi yalang‘och.Bulbullar o‘rniga qarg‘alar keldi,Endi soya solmas mevasiz og‘och.Bu tasvirlar shoir bilan birga o‘qirman ruhini ham bezovta qiladi. Chunki u “soyada mehmon bo‘lganlar” va “sayragan bulbullar” ko‘rgan yaxshiliklariga yarasha oqibat qaytarmagan kishilar ramzi ekanini sezganday bo‘ladi.Shukrulloning ayrim she’rlarida bilmay qilingan gunoh uchun ham javob berish kerakligi ta’kidlanadi. Shoirning “Daraxt qaydan bilsin dor bo‘lishini” satri bilan boshlanadigan “Qarg‘ish” she’rida shu holat aks ettirilgan. Uch bandlik she’r quyidagi ayanch manzara tasviri bilan nihoyalanadi: “Qo‘nalg‘a qilmasdi, qo‘nmasdi qushlar, Go‘yo qon isidan bezib qochardi. Yog‘ayotgan yomg‘ir go‘yo qarg‘ishlar, Begunoh ko‘zyoshlar bo‘lib oqardi”. Bu satrlar go‘yo og‘och haqida. Lekin shoir tabiatni odamdan ayri ko‘rmaydi. Chindan ham atrof javonibning qanday ko‘rinishi, uning o‘zidan ham ko‘ra ko‘proq, bizning tasavvur va kayfiyatimizga bog‘liqdir. Qachonlardir qilingan yomonlikka vosita bo‘lgani uchun hamon jazo tortayotgani tasvirlangan og‘och og‘ochdan ko‘ra, odamdir. Lekin shoir buni ochiq aytmaydi, qissadan hissa chiqarishga, o‘git berishga urinmaydi.Shukrullo – hayotda ham, ijodda ham samimiy edi. Bu fe’l uni she’riy haqqoniyat yo‘lidan yurgizadi. Shu bois bitganlarida pardoz, jimjima kam uchraydi. Shoirning keyingi yillarda yozilgan she’rlaridan biri “Mendan gina qilma, mendan ranjima”, deb boshlanadi. Menga ushbu chaqiriqning qanday hayotiy asosi borligi, she’r nima munosabat bilan yozilgani ma’lum emas. Zero, she’rxon uchun muayyan bir she’rning kim va nima uchun yozilganidan ko‘ra, qanday yozilgani muhimdir. Menga bu she’r o‘zining hozirgi holi va imkoniyatini juda yaxshi biladigan hamda bundan xijolat chekmaydigan o‘tog‘asi kishi kayfiyatining chin manzarasi bo‘lib ko‘rindi:Qarib oqibati qolmabdi dema,Sen ko‘rgan daryolar ayqirib tindi.Yetdi qirg‘oqqa ham omonat kema,Afsus va nadomat ortilar endi.Umrining shomi sari borayotgan shoir tuyg‘ularining samimiyligi, bu izhori dilda zarra bo‘lsin yolg‘on, xo‘jako‘rsinlik, donishmandlik da’vosi yo‘qligi kishini rom etadi. Bu satrlarda qirg‘oqqa yaqinlashgan omonat umr kemasiga afsus-nadomat yuklari ortilajagi g‘oyat samimiy, ulkan bir insoniy dard, qoim bardosh hamda sokinlik bilan ifoda etilgan.Shunisi e’tiborga loyiqki, shoir she’rlarida unar-unmasga kayvonilik qilmaydi, yo‘l ko‘rsatishga urinmaydi. Ba’zan shoirona nigohi ilg‘agan biror poetik manzarani chizish bilan kifoyalanadi. Uning bir qator bitiklari lahzani mangulikka muhrlay olganining o‘zi bilan poeziyadir. Chunonchi, Shukrullo bir she’rida tabiatning o‘ta aniq va qo‘rqinch manzarasi tasvirini quyidagicha beradi:Osmonda boshlandi bulutlar jangi,Birdan tevarakni bosdi gulduros.Hatto, cho‘chib o‘chdi quyoshning rangi,Bo‘ron olib kelgan dahshatdan bexos.Oldinlari shoir bunday vahimali daromaddan so‘ng biror ijtimoiy parallelni keltirgan va undan xulosa chiqargan bo‘lardi. Shukrullo bu gal she’rni peyzaj tasviri ekanicha qoldiradi va asar yakunida: “Bulutlarni yorib balqidi quyosh, Shodlikdan barglarda miltilladi yosh” tarzidagi go‘zal holat manzarasini beradi.Shoir “Bahor kechasi” deb atalgan she’rida ko‘klam tunini hech bir ijodkor nazari ilg‘amagan yo‘sinda tasvirlaydi: “Quyosh botib ketdi. Bir tutam nuri Varrak dumlariga ilashib qoldi”. Milliy poeziyamizda Toshkent ko‘klamining bundan ham samimiy va koloritli qilib chizilgan she’riy manzarasi yo‘qdir. Shoir bu she’rida poetik kayfiyatidan kelib chiqib, ko‘klamgi tafsillarning hammasi va har birida go‘zallik, nur, ezgulik ko‘radi va o‘z tuyg‘usini o‘quvchilarga ham yuqtiradi. She’rni: “Qanday odam sevmas umr bahorin! Qalblarni bir umr tark etma, sevgi!” − tarzidagi da’vat bilan tugatadi. Bu ifodada yalang‘och chaqiriq bo‘lmagani uchun ham o‘quvchiga kuchli ta’sir qiladi.Shukrullo ko‘p qirrali shaxsiyat egasi edi. Demakki, uning ijodi ham serqirra bo‘lgan. Adibning dostonlari, romanlari, publitsistik maqolalari, esselari, son-sanoqsiz suhbatlari atroflicha ilmiy tahlilga munosib. Biz otaxon shoirimizning birgina she’riyati yuzasidan o‘z qarashlarimizni bayon etdik. O‘ylaymizki, umrining so‘nggi daqiqasiga qadar faqat Haq va xalqni degan, har qanday sharoitda ham adolat va haqiqatga xiyonat qilmagan ijodkorning barcha qirralari tadqiq etiladi. Zero, Shukrullo manfaatga egilmagani, o‘z iste’dodini nafsiga xizmat qildirmagani bilan Qaysin Quliev, Mustay Karim, Rasul Hamzat, Chingiz Aytmatov singari badiiy so‘z gigantlarining hurmatiga sazovor bo‘lgan, 2015-yilda Turk dunyosining yil odami deb rasman tan olingan yirik shaxsiyat egasi edi.Shukrullo ijodini o‘rganish, adabiyot tanuv ilmi uchun foydali bo‘lganidek, juda uzoq yillar taqiq va cheklovlar sharoitida yashagan san’atkorning bitiklariga xos qirralarni anglab yetish o‘qirmanlarga yoqimli tuyg‘ular bag‘ishlaydi va keksa adibning navqiron poetik bog‘i mevalaridan bahramandlik ularda shaxslik tuyg‘ularini kuchaytiradi. Haq yo‘lida bir asr yo‘l bosgan shoir Shukrullo shaxsiyati va ijodi bilan avlodlarga o‘rnak bo‘lajak.Qozoqboy YO‘LDOSH,pedagogika fanlari doktori, professor
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q