Axloq mohiyatan mehvar – ma’naviy qadriyatlar uning atrofida aylanadi


Saqlash
10:08 / 16.08.2022 3469 1

Inson faoliyatining qay bir jihatiga qaramang, ma’naviyatning birlamchi poydevori bo‘lmish axloq muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’naviyat va axloq rivoji o‘zaro aloqador jarayondir. Ma’naviyatsiz axloq, axloqsiz ma’naviyat bo‘lmaydi. Ular bir-birini taqozo etadi, bir-birini to‘ldiradi. Faylasuf olim Abdurahim Erkayev ta’kidlaganidek, ma’naviyatning asosi ham, uning qubbasi ham axloqdir.

 

Axloq ham shaxsning, ham ijtimoiy guruhlar, tabaqalar, sinflar, butun jamiyatning o‘z-o‘zini idora qilish shakllari va me’yori, o‘zaro muloqot va munosabatlarini tartibga solish, boshqarish hamda ularga xos bo‘lgan ma’naviy kamolot darajasining namoyon bo‘lishidir.

 

Ma’naviyat – yaxlit bir tizim. Bu tizim o‘z navbatida ijtimoiy ong shakllariga mos keladi. Bu tizim huquq, siyosat, din, axloq, estetika, adabiyot, san’at, fan kabi nisbatan mustaqil tuzilmalardan tashkil topgan. Ularning har biri o‘z qonuniyat doirasida shakllanib, rivojlanib, bir-birini to‘ldirib boradi. O‘z navbatida ma’naviyat yaxlit tizim sifatida tarkibiy qismlariga ta’sir o‘tkazadi, shu bilan birga qismlar ham yaxlit tizim – ma’naviyatga ta’sir qiladi. Ma’naviyatga jamiyat taraqqiyotining quyi pog‘onalarida ilm-fan, adabiyot va san’atga nisbatan ko‘proq axloq, din ta’sir ko‘rsatadi.

 

Inson ma’naviy ongi axloqiy his-tuyg‘ulardan “unib” chiqadi. Ya’ni insonparvarlik, vatanparvarlik, rahm-shafqat, izzat-hurmat, burch, uyat, g‘urur, or-nomus, vijdon azobi, minnatdorlik, zavq-shavq, xursandchilik, baxt, xafagarchilik, qo‘rquv kabi his-tuyg‘ulardan axloq boshlanadi. Axloqiy his-tuyg‘ulardan tashqari, go‘zallik, erkinlik, tenghuquqlilik, nafs, hirs, shayton vasvasasi, savob-gunoh va boshqa diniy tuyg‘ular ham insonga xosdir. O‘z navbatida inson hissiyotni aql va tafakkuri yordamida boshqaradi, tahlil qiladi, baholaydi. Shu o‘rinda birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning quyidagi fikrini keltirib o‘tish joizdir: “Aslini olganda, axloq – ma’naviyatning o‘zagi. Inson axloqi shunchaki salom-alik, xushmuomalalikdan iborat emas, axloq – bu avvalo, insof, adolat tuyg‘usi, iymon, halollik degani” (Islom Karimov. Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir. Toshkent, “O‘zbekiston”, 1996. 39-bet).

 

Axloq faqat tuyg‘ular bilan cheklanmaydi. U axloqiy tushunchalar, g‘oyalar, qarashlar, ta’limotlar, me’yorlar va qoidalardan ham iborat. Ular kishilarning o‘zaro va jamiyatga bo‘lgan munosabatlarini tartibga soladi. Abdulla Avloniy yozganidek, “Axloq insonlarni yaxshilikka chaqiruvchi, yomonlikdan qaytaruvchi bir ilmdir. Yaxshi xulqlarning yaxshiligini, yomon xulqlarning yomonligini dalil va misollar ila bayon qiladurgon kitobni axloq deydilar” (Abdulla Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq. Toshkent, 1995. 15-bet). Ta’kidlash lozimki, axloqiy munosabatlar yaxlit axloqiy ong, ya’ni axloqiy his-tuyg‘ular va axloqiy tafakkur ishtirokida yuzaga keladi.

 

Masalani axloqiy ongda his-tuyg‘ular yetakchimi yoki aql tarzida qo‘yish, bizningcha, to‘g‘ri emas. Ayrimlar o‘z hayotiy tajribalariga tayanib tafakkurga ustunlik beradi, ya’ni aqlni his-tuyg‘udan ustun qo‘yadi, boshqalar esa ko‘ngilni, qalbni birlamchi deb biladi. Aslida axloq poydevorida axloqiy tuyg‘ular, kechinmalar turadi. Ammo poydevor hali bino degani emas. Shu bois axloqda va umuman, ma’naviyatda his-tuyg‘ular yetakchimi yoki tafakkur degan masala bir oz jo‘n. Aksar hollarda biror axloqiy qarorning amalga oshuvi muayyan vaqt mobaynida o‘sha qaror oqibatlari to‘g‘risida ongli ravishda xulosa chiqarishga, ularni avvaldan anglab yetishga urinish bilan bog‘liq. Odob-axloq qoidalari o‘z­o‘zidan vujudga kelmaydi, balki ularning sabablari va harakatga soluvchi omillari mavjud. Zero, har qanday axloqiy qoida muayyan tarixiy zaruriyat natijasida vujudga keladi va muayyan qonuniyatlar asosida yaratiladi, rivojlanib boradi. Mazkur jarayon falsafa, etika, pedagogika, psixologiya fanlari hamda adabiyot doirasida o‘rganib kelingan. Sharq xalqlarida axloq ijtimoiy munosabatlar markazida turadi. Uni chetlab o‘tishga intilish har qanday mafkurani tanazzulga olib boradi.

 

Shu o‘rinda axloqning ma’naviyat tizimidagi “o‘zak”lik xususiyati haqida batafsilroq to‘xtalmoq joiz, deb o‘ylaymiz. Negaki, axloqni mohiyatan mehvarga o‘xshatish mumkin, qolgan ma’naviy qadriyatlar uning atrofida aylanadi, undan uzoqlashdimi, bas, mehvardan chiqib ketgan sayyoradek halok bo‘ladi. Masalan, G‘arbda kapitalistik munosabatlarning rivojlanish jarayonida an’anaviy axloqiy qadriyatlar ikkinchi o‘ringa tushib qoldi. Bunga sabab, G‘arb olimlarining ta’biri bilan aytganda, industrial jamiyatda tizginsiz beshafqat raqobat, yovvoyi tabiat qonunlariga o‘xshash kurash, “yulg‘ichlik” tadbirkorligining yuzaga kelishi bo‘ldi. Insonlarning mol-mulkka bo‘lgan hirsi oshib bordi. “Ishbilarmonlar” iqtisodiy zo‘ravonlik, qalloblik, yolg‘on kabi turli-tuman yo‘llar bilan ishchilarni ekspluatatsiya qilib, foyda olardi. Inson hayoti, qadr-qimmati bilan hisoblashmay qo‘ygandi. Natijada jamiyatda axloqiy me’yorlarga e’tibor susayib ketdi. Mumtoz axloqiy me’yorlarga odamlarda ishonch susaydi. Shafqatsiz ekspluatatsiya sharoitida maoshlarni oshirish, ish kunini qisqartirish, taqsimotdagi adolat, ishchi-xizmatchilar huquqi masalalari birinchi o‘ringa chiqdi. Industrial jamiyatda huquq, ko‘p hollarda formal tushuniladigan inson huquqlari, ijtimoiy ong va ma’naviy hayotda axloq o‘rnini egalladi. Bu esa oila, nikoh, gender tengligi, inson huquqlari va boshqa masalalarda kuchli ziddiyatlar, salbiy holatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Buning oqibatida jamiyatning ma’naviy qiyofasida qora dog‘lar paydo bo‘ldi. Ijtimoiy hayotning ayrim sohalari – iqtisodiyot, fan-texnika taraqqiyoti, siyosat kabilarning axloqiy qadriyatlardan mustaqilligi haqidagi iddaolarning xatoligini urush o‘choqlarining ko‘payib borishi, texnokratik qarashlarning hukmron mavqeini egallash, inson huquqlarini biryoqlama talqin qilish oqibati o‘laroq vujudga kelgan ma’naviy inqirozlar – giyohvandlik, ichkilikbozlik, uyushgan jinoyatchilik, millatchilik, shovinizm, birjinsli nikohlar, xalqaro terrorizmning avj olishi va shu kabi boshqa illatlar tasdiqlab turibdi.

 

Ba’zi mutaxassislar (chunonchi, mashhur rus axloqshunosi A.Titarenko) axloqshunoslikning eng umumiy fundamental tushunchalarini (kategoriyalarini), axloqiy me’yor va tamoyillarni axloq tuzilmasi tarzida taqdim etadi. Bizningcha, bu fikr biryoqlama. Chunki mazkur tushuncha, tamoyil va me’yorlar nafaqat amaliy axloqqa, shuningdek, uni o‘rganadigan fanga – axloqshunoslikka ham taalluqlidir. Buning sababini mazkur fanning boshqa fanlarga nisbatan alohida xususiyatga egaligidan, unda ko‘p hollarda ilmiy, nazariy jihatlarning amaliy tomonlar bilan omixtalashib ketganidan qidirish lozim.

 

Axloqiy ongning inson hayotida, faoliyati davomida predmetlashib, ya’ni amaliyotga aylanib, faoliyatining ajralmas qismi bo‘lib qolishi natijasida axloqiy madaniyat yuzaga keladi. Axloqiy madaniyat inson xulq-atvorida, uning amaliy va ijodiy faoliyatida, o‘zgalar bilan munosabatida yuzaga chiqadi.

 

Xulosa qilib aytganda, axloqiy ong va axloqiy madaniyat inson ma’naviy kamolotining yetakchi omilidir.

 

Gulzoda Rahmonova

 

“Tafakkur” jurnali, 2017-yil 4-son.

Ma’naviyat va axloq” maqolasi

1 Izoh

Husan

17:01 / 07.01.2024

Raxmat mustaqil ish yozishimda ancha asqotdi

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19258
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16121
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi