Hali dunyoqarashi yetmaydi, bu natijaga oʻqituvchilar zoʻrgʻa erishadi-ku, deganlar ham boʻldi – Prezident maktabiga kirolmagan, IELTSdan 7 ball olib, muallimlariga ingliz tilini oʻrgatayotgan 11 yosh qiz


Saqlash
15:09 / 15.08.2022 1460 0

Buxorolik 11 yosh maktab oʻquvchi Sabrina Nurillayeva til bilish darajasini belgilovchi xalqaro IELTS imtihonidan 7 ballni qoʻlga kiritdi. Oyina.uz muxbiri uning oyisi Surayyo Roʻziyeva bilan bogʻlanib, farzandining oʻqishga boʻlgan favqulodda qiziqishi, ota-ona va atrofdagilarning bunga munosabati haqida suhbatlashdi.

 

 

Besh yilda toʻrtta maktabda oʻqidi

 

Uch farzandim bor, turmush oʻrtogʻim ichki ishlar xodimi, oʻzim esa tarix fani oʻqituvchisiman. Sabrina toʻngʻichimiz, hozir 11 yoshda. Asli qorakoʻllikmiz, erimning xizmat vazifasi sabab yashash manzillarimizni tez-tez oʻzgartirib turamiz. Shu bois qizimiz 5-sinfgacha toʻrtta maktabda oʻqigan.

 

Sabrina goʻdakligidanoq boshqacha edi. Tili juda erta chiqqan, hali bir yoshga toʻlmasidan gapirishni, soʻzlarni bir-biriga ulab jumla tuzishni bilardi. Oʻyinchoq oʻynashga qiziqmagan, unga ruchka, daftar boʻlsa boʻlgani edi. Alohida shugʻullanishni boshlab, kitoblar oʻqib berar, sheʼrlar yodlatardim. Har kuni bogʻchaga ketguncha bitta, qaytishda bitta sheʼrni yodlab olardi.

 

 

Farzandlarimiz bor eʼtiborini oʻqishga qaratishi uchun uyda chalgʻituvchi narsalardan voz kechgandik, oddiy telefon ishlatardik, televizorimiz yoʻq edi (yaqinda sotib oldik). Sabrina toʻrt yoshida “Alifbe” va “Bukvar”ni tugatdi, ham krill ham, lotin alifbosida yozish va oʻqishni oʻrgandi.

 

 

 

Maktabga boraman deb xarxasha qila boshladi

 

Qizim 1-sinflarning darsiga bir-ikki marta kirib koʻrsin, deb rahbariyatdan iltimos qildim. Erkin tinglovchi sifatida qatnashishiga ruxsat berishdi. Nari borsa, bir-ikki oy qatnab qiziqishi kamayadimi, deb oʻylagandik, yil boʻyi darslarni qoldirmadi, bir kun ham. Besh yoshida 1-sinf dasturini toʻliq tugatdi, ammo oʻqidi degan hujjati yoʻq, ismi jurnallarga qayd etilmagan edi.

 

Kelasi yil maktabga rasman beramiz dedik. 1-sinfga qaytadan bormayman, deb yigʻladi. Oʻquv dasturi boshqacha, deya ilojsiz rus maktabiga berdik. 2-sinfda oʻzbekcha taʼlimga qaytdi. Imtihon olishdi, barchasidan aʼlo bahoga topshirdi.

 

 

Hamma uning Prezident maktabiga kirishiga ishongandi, biroq...

 

Sabrina Nukusda Prezident maktabi ochilganini eshitganida 1-sinfda oʻqirdi. Yillar davomida imtihonga tayyorlandi. Qizimni qaysi fanga yoʻnaltirsangiz, oʻzlashtirib keta oladi. Oʻzim pedagogman-ku, bilaman, bolamda shunday qobiliyat bor. Matematika va ingliz tilidan qoʻshimcha darsga bora boshladi. Oʻqituvchilari uning bilimiga shubha qilmasdi, barcha uning Prezident maktabiga kirishiga ishonardi...

 

 

Kirish imtihonining birinchi bosqichidan 90 foizlik yaxshi natija bilan oʻtdi. Ikkinchi bosqichda ingliz tili, tanqidiy-mantiqiy fikrlashdan test topshirdi. Hammasi yaxshi boʻldi, deya mamnun kayfiyatda chiqqandi. Afsuski, natijalarga koʻra 25-oʻrinda edi. Undan yuqorida turganlar orasida qizim bilan bir xil ball toʻplaganlar ham bor. Nizomga koʻra, natijalar teng kelib qolsa, tanqidiy-mantiqiy fikrlashdan koʻproq yechgan nomzod tanlanarkan. Sabrina ingliz tili boʻyicha 480 oʻquvchi orasida eng yuqori ball toʻplagan (35 ta toʻgʻri). Xullas, Prezident maktabiga qabul qilinmadi. Hammasi shundan keyin boshlandi... 

 

 

 

Tushkunlik ortidan hatto reanimatsiyaga tushib qoldi

 

Qizim natijaga ishonmadi, tinimsiz yigʻladi, hatto ovqat yemay qoʻydi. Eslasam, oʻsha kunlar biz uchun juda ogʻir oʻtdi. Tushkunlik, siqilish... Ahvol shu darajaga yetdiki, bolam hatto reanimatsiyaga tushib qoldi. Buvisi, bobosi, dadasi, men – hammamiz qoʻrqib ketdik, tepasidan jilmadik. Oʻshanda onalik qanchalar mashaqqatligini yana bir bor anglaganman. Farzanding bu ahvolda boʻlsa, senga hech narsa tatimas ekan.

 

Biz qanchalik tushuntirishga harakat qilmaylik, Sabrina tushunishni istamasdi. “Bu menga nisbatan nohaqlik. Nega men bilan natijasi bir xil boʻlganlar oʻqishga kirdi-yu, faqat men yiqildim. Nega unda menga pastroq ball qoʻyishmadi?” derdi tinimsiz, bolalarcha alam bilan.

 

 

Kimgadir nimanidir isbotlash uchun oʻqidi

 

Shundan soʻng ingliz tili oʻqituvchisi Malohat Akromovaning maslahati bilan IELTSga tayyorlanishni boshladi. U bilan muallimining qizi Hilola Mustafoyeva shugʻullandi. Agar qizim xalqaro daraja olsa, oʻziga boʻlgan ishonchi yana qaytadi, tushkunlikdan chiqib ketadi, degan fikrda edik.

 

Kechayu kunduz bosh koʻtarmay oʻqidi, kimgadir nimanidir isbotlash uchun. Ixtisoslashgan maktabdagi barcha fanlardan bahosi besh, birorta toʻrt yoʻq. Darsdan soʻng matematikadan qoʻshimcha mashgʻulotga qatnashishi kerak. Kechga esa IELTSga tayyorlanishga ketardi. Sutkasiga nari borsa toʻrt soat uxlaydi. Bunday tigʻiz tartibda oʻqishi bizni xavotirga solgan. Dadasi ham tanbeh berardi, biroq yana kasal boʻlib qolsa-chi, deya qoʻrqib qattiq gapirmasdik.

 

Maktabimiz direktori Sabrinadan tashvishlanib, bir tomondan rahmi kelib, ozroq dam ol, darslardan ruxsat beramiz, dedi. Bolam esa istamadi. U magʻlubiyatdan qoʻrqadigan boʻlib qolgandi, maktabdagi oddiy testlardan ham pastroq ball olishdan choʻchirdi. Avval unaqa emasdi.

 

Bu orada xususiy xalqaro tanlovlarga qatnashdi. ELPC (English Language Proficiency Competition), Amerika xalqaro matematika olimpiadasi va “Writing World Cup” – ingliz tili insholar tanlovida oltin medallar oldi.

 

Badiiy kitoblarni ham koʻp oʻqiydi. Shu bois fikrini chiroyli va tushunarli ifoda qiladi, dunyoqarashi shakllangan, inshoni yaxshi yozadi. Yana bir nechta musobaqalarda qatnashmoqchi boʻldi, ammo yoshi 12 ga toʻlmagani bois ruxsat tegmadi. Tezroq ulgʻayishga shoshilyapti.

 

 

Qandaydir darajalari emas, sogʻligʻi kerak

 

IELTSga imtihon uchun roʻyxatdan oʻtish payti bildikki, talabgor kamida 11 yoshga toʻlgan boʻlishi kerak ekan. Bolam kun sanab 5-iyulni kutdi. Ertasigayoq registratsiya qildi. U sinovlarga qanchalik intiqqan boʻlsa, men hammasi yaxshi tugashini, avvalgi holiga qaytib qolmasligini Xudodan shunchalik tinimsiz soʻradim. Onaga farzandining qandaydir darajalari emas, eng avvalo, sogʻligʻi kerak.

 

Nihoyat, imtihon kuni keldi. Inshoda biroz vaqt yetmay qoldi, shuning hisobiga baho pastroq boʻlishi mumkin, deb ichini urdi. IELTS boʻyicha yakuniy natijasi 7 ball chiqdi, bu uning yoshiga nisbatan havas qilarli natija.

 

 

Dadasi “Hechqursa uch kungina darslaringni toʻxtat, biroz dam ol”, dedi. Charchamadim, shart emas, deya bungayam koʻnmadi. Pulimiz yoʻq, deb bahona qilib koʻrdik. Rosa yigʻladi, IELTS sertifikat olganim uchun 2 million soʻm qaytarishadi, oʻshani olib kelib sizlarga beraman, deb.

 

Aslida dadasi va bobo-buvisining xavotiri bejiz emas. Sabrinaning ilm olishga mukkasidan ketgan amakisi muttasil oʻqishdan miyasi charchab, qattiq kasal boʻlib qolgan, doktorlar kitob oʻqishni ham man etishgan. Bu holat Sabrinada ham takrorlanmasin deya xavotirdamiz. Chalgʻitish, toʻxtatishga urinish esa befoyda.

 

Qizim IELTS boʻyicha natijasini bundan ham yaxshilash harakatida, sentyabrda yana imtihon topshiradi.

 

 

Oʻqituvchilariga ingliz tilini oʻrgatishni boshladi

 

Oʻzim Prezident maktabida ham pedagog-tarbiyachi boʻlib ishlayman. Qizim IELTSdan imtihon topshirishi, C1 daraja olmoqchiligini aytganimda hamkasblarim ishonmagan. Hali dunyoqarashi yetmaydi, bekor qilibsizlar, pastroq ball toʻplasa, battar tushkunlikka tushadi, bunday natijaga maktab oʻqituvchilari zoʻrgʻa erishyapti-ku, deyishgan. Shundan soʻng koʻngilsiz vaziyatning oldini olaylik, deb psixologga koʻrsatdik. Qizim shifokor qabulidan yigʻlab chiqdi, menga ishonmayapsizlarmi, qattiq tayyorlanyapman-ku, deya. Xudoga shukr, oʻzi istagan C1 darajani oldi. Shu oydan hatto toʻrt oʻqituvchiga ingliz tilini oʻrgata boshladi.

 

Aytganimdek, Sabrina nimanidir isbotlash payida qattiq oʻqidi. Hozir bu daraja Prezident maktabida taʼlim oladigan tengdoshlarida ham yoʻq. Bir magʻlubiyat kattaroq gʻalabaga yetaklaganmikin, deb oʻylab qolaman. Ayting, meni yana imtihon qilishsin, deya dadasidan oʻtinaveradi. Bolaga xos alamzadalikka yoʻyamiz, unga tengdoshlaridan kam boʻlmagan sharoit yaratishga tirishamiz.

 

Hozir biologiyani ingliz tilida oʻqib oʻzlashtiryapti. Prezident maktabida oʻtiladigan Kembrij kitoblaridan olib berganmiz. Doim aytadi, bir marta boʻlsa-da, shu maktab darslarida qatnashsam, menga ularning shahodatnomasi ham, imtiyozlari ham kerak emas, shunchaki sinfxonasida oʻtirsam, qolganiga oʻzim erishaman, deydi. Xorijlik oʻqituvchilarning qanday saboq berishiga qiziqadi.

 

 

Endi A-Level sertifikatini qoʻlga kiritish niyatida. Bilishimcha, bu dunyoning TOP oʻntalik universitetlarida grant asosida oʻqish imkoniyatini beradi. Sabrinaning maqsadi – Kembrijda oʻqish va kuchli shifokor boʻlish.

 

 

 

Qizim IELTS imtihoniga qatnashishi uchun tillalarimni sotganman

 

Ukalari ham Sabrinaning ortidan ketyapti. Olti yoshli oʻgʻlim oʻquv markaziga qatnaydi, oʻzbek, rus, ingliz tillarida oʻqish-yozishni boshlangʻich darajada biladi, shaxmatda ham yaxshi. Kenjatoyimiz hali erka, juda kichkina.

 

Qoʻshimcha darslar xarajati oilaviy byudjetga ogʻirlik qilmaydimi, deb koʻpchilik soʻraydi. Toʻgʻri, buning uchun chakana pul ketmaydi. Mayli, boshqalardan bitta kam koʻylak kiyarmiz, goʻshtsizroq ovqat yermiz, hashamatda yashamasmiz, lekin bolalarimiz kelajagi uchun harakatdamiz. Dadasi ikkimiz ham dabdabani yoqtirmaymiz, oddiylik maʼqul.

 

Qiyinchiliklar boʻlmagan, deya olmayman. Qizim IELTS imtihoniga borishi kerak, otasi hali oylik olmagan edi, koʻzimni chirt yumib, tilla taqinchoqlarimni sotdim. Farzanding quvonchi, ilm olishi oldida zeb-ziynat nima boʻlibdi?! Oʻzimizdan tejaymiz, lekin bolalarimizning oʻqishi uchun borimizni beramiz.

 

Inobat AHATOVA

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//