Firibgarlar uchun oson oʻlja boʻlmang – feyk xabarlarni qanday aniqlash mumkin?


Saqlash
16:08 / 12.08.2022 1135 0

Deyarli har hafta telegram yoki instagramdan “Siz faloncha pul yutib oldingiz”, “Sizga pul tarqatilyapti, karta maʼlumotlaringizni kiriting” kabi xabarlar keladi. Yoki nomaʼlum raqamdan oʻzini bank xodimi deb tanishtirgan yigit-qizlar telefonimga keladigan toʻrtta xonali kodni aytvorishimni soʻrashadi. “Nega?” degan savolimga, goh xavfsizlik uchun deyishsa, goh yangi xizmatni ulamoqchiliklarini aytishadi. Yaxshiki, bu borada biroz bilimim bor – qandaydir xizmat koʻrsatish uchun hech qaysi bankka sizning na karta raqamlaringiz, na maxfiy kodingiz kerak boʻladi. Shunday boʻlgach, bu ochiqchasiga firibgarlik ekanini bilib, indamay qizil tugmani bosaman. Ammo afsuski, oramizda ularning tuzogʻiga tushib qolayotganlar ham koʻpchilikni tashkil qiladi.

 

Masalan, qoʻshnimiz Abdusattor aka, kecha ishdan kelayotsam, boshini changallab oʻtiribdi. Salom berib, hol-ahvol soʻrasam, oyligi kartasiga tushishi bilan qayoqqadir yoʻqolib qolganini aytdi. Soʻrab bilsam, bir-ikki kun avval telegramda tanishi yuborgan havola(link)ga kirgan ekan. “Soso sola yubileyi sabab, pul tarqatilyapti, besh yuz ming oling”, deyilganmidi, desam, “Sen qayerdan bilasan?!”, dedi hovliqib, xuddi men pulini hozir topib beradigandek. Yigʻlashniyam, kulishniyam bilmay qoldim bechora qoʻshnimning ahvolini koʻrib. “Mengayam kelgandi, kirmagandim, tekin pishloq qopqonda boʻladi, aka, militsiyaga boring”, deb uyga kirib ketdim. Ichimda bir achinaman unga, bir “shunaqayam sodda boʻladimi kishi, jazosini tortsa, keyingi safar har kelgan maʼlumotga ishonavermay, tekshirib koʻradigan boʻladi” deyman.

 

Chindan ham bizda maʼlumotlarni filtirlash, tekshirib koʻrish degan tushuncha juda kam tarqalgan. Qoʻlimizda soʻnggi rusumdagi telefonni aylantirib yurishga oshuftamiz-u, lekin unga keladigan xabarlarni saralash haqida oʻylab ham koʻrmaymiz baʼzan. Xolbuki, internet jurnalistika rivojlangan sari jahon tajribasida “faktcheking” tushunchasi keng yoyilib boryapti. Chunki ijtimoiy tarmoqlar, internetning keng yoyilishi, nafaqat oddiy foydalanuvchilarga, balki firibgar, jinoyatchilarga ham qoʻl kelyapti. Sababi internet tarmoqlarida, turli saytlar, kanallarda har qanday yolgʻon, soxta xabarlarni tarqatish juda oson. Ayniqsa, bu moddiy mablagʻ yoki taniqli shaxslar bilan bogʻliq boʻlsa.

 

 

Oʻzbekistonda ham soʻnggi vaqtlarda ayni shu koʻrinishdagi firibgarlik tez-tez uchrayapti. Misol uchun, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Единый Портал - помощь родителям в Августе” nomida sahifa yaratilib, unda Prezident nomidan har bir fuqaroga 500 000 soʻmdan pul tarqatilayotgani, buning uchun plastik karta raqamini yuborish kerakligi aytilgan.

 

 

 

Firibgarlikning boshqa bir turi bu – taniqli, rasmiy shaxslar nomidan sayt ochib, pul tarqatilishi va buning uchun faqat havolani ulashib, kartangiz raqamlarini qoldirishingiz kerakligi haqida yoziladi. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekistonning birinchi xonimi nomidan tarqatilayotgan ayni xabar bunga yaqqol misol boʻla oladi.

 

 

Yoki boshqa xabarlarda Oʻzbekiston Prezidenti farmoniga koʻra, 18 yoshga toʻlmagan fuqarolarga 650 000 soʻmdan, 1-iyun kuni munosabati bilan bolalarga 200 000 soʻmdan pul tarqatilayotgani yozilgan.

 

 

Bu kabi feyk eʼlonlarning barchasi tuzoqqa tushgan odamlarning kartasidan pul yechib olish maqsadidagina qilinadi. Ammo ular mamlakat Prezidenti nomidan tarqatilayotgani bois ayrim fuqarolar, ayniqsa, internetdan odatda faqat telegram, instagram yoki feysbuk, odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadiganlar tuzoqqa tushib, pullaridan ayrilib qolishmoqda. Bu kabi holatlarga tushmaslik, Davlat rahbari nomidan tarqalayotgan xabarlarning toʻgʻri yoki feyk ekanini qanday aniqlash mumkin? Buning uchun sizga kelayotgan xabarlarni biroz tahlil qilib koʻrishning oʻzi yetarli, nazarimizda.

 

 

Birinchidan, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarga aʼzo boʻlib olish eng ishonchli yoʻl. Mamlakat Prezidentining, uning matbuot kotibi yoki rasmiy saytlarning barchasida kichik koʻk “ptichka” – ishonchlilik, haqiqiylik belgisi bor. Bu belgi ayni kanal rasmiy ekani, shu va shu kabi nomda ochilgan boshqa kanallarning feyk, yolgʻon ekanini bildiradi.

 

 

 

Ikkinchidan, sizga kelgan xabarda “pul mukofoti yutib olish” yoki “mablagʻ tarqatilyapti” kabi soʻzlar boʻlsa, bu haqidagi xabarlarni rasmiy saytlardan qidirib koʻring. Ungacha havolaga kirmang va oʻzingiz haqingizdagi har qanday shaxsiy maʼlumotlarni kiritmang. Chunki yuqorida aytilganidek, sizga chindan ham rasmiy tarzda pul mablagʻi ajratiladigan boʻlsa, bankka karta maʼlumotlaringiz kerak boʻlmaydi. Bu hokimiyat vakillari, mahalla raislari, yordamchilari orqali amalga oshiriladi va xabar rasmiy saytlarda eʼlon qilinadi.

 

 

Uchinchidan, xabar uslubiga eʼtibor bering. Unutmang, rasmiy manbalarda imlo xatolari, turli stikerlar bilan yozilmaydi.

 

 

 

Toʻrtinchidan, feyk xabarlarda odatda pullarning berib borilayotgani haqida hisobotlar, olganlarning minnatdorchiliklari yozilgan skriinlari yoki rasmlari boʻladi. Esda saqlang, bu kabi holatlar ham firibgarlik, yolgʻon xabar ekanining bir belgisi.

 

 

 

Xulosa qilib aytganda, biror rasmiy shaxs, kompaniya nomidan kelayotgan xabarda pul haqida ochiqdan-ochiq sizni jalb qiluvchi soʻzlar, pullarning rasmi yoki kimgadir havolani yuborish, karta raqami soʻrash kabi soʻzlar yozilgan boʻlsa, sergak tortishimiz kerak.

 

Dunyo tajribasida bugungi kunga kelib, feyk xabarlardan nafaqat pul ishlash, firibgarlik, balki millatlararo nizolar keltirib chiqarish, rasmiy shaxslarni obroʻsizlantirish, xalq ichida turli mavzularda vahima paydo qilib, narx-navoni oshirish, qalbaki yoki sifatsiz mahsulotni sotish kabi maqsadlarda foydalanishmoqda. Bu kabi holatlarga aldanmaslik, tinchlik va farovonlikni buzishga, yolgʻon xabarlarni tarqatishga bevosita aloqador boʻlib qolmaslik uchun ham bizga kelayotgan xabar, maʼlumotlarni filtrlash, tahlil qilishni oʻrganishimiz zaruratga aylanyapti. Zero, bu kabi yolgʻon xabarlar zanjir kabi. Agar bu zanjir sizga kelib uzilsa, yaʼni sizdan keyin boshqaga tarqalmasa, maʼlumotlaringizni olishmasa, jinoyatchi-firibgarlar shunchaki hech narsa qila olishmaydi. Biz esa oʻzimizni, yaqinlarimizni va xatto yurtimizni yolgʻonlardan himoya qilgan boʻlamiz.

 

Jahongir DAVLETOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19460
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16846
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi