Qo‘rqmay yashash zavqi


Saqlash
11:08 / 12.08.2022 1131 0

“Orzularim bilan qolaman!”

 

Qadimgi yunon tarixchisi Plutarxning “Iskandar Maqdunli” asarida buyuk jahongir hayotidan shunday bir misol keltiriladi.

 

Jang-u jadal bilan hind tuprog‘iga yetgan olamgir ilk marta hayratda qoldi. U o‘z lashkari bilan boshkenti-yu atrofdagi qishlog‘-u ovuli o‘ta qashshoq bo‘lgan bir o‘lkaga duch kelgan edi. Oddiy aholi nari tursin, hatto hokim ham Iskandarning oddiy o‘nboshi askaricha boylikka ega emas ekan. Boshqa joylardagidan farqli o‘laroq, bu yurt jangsiz taslim bo‘ladi. Hokim Iskandarni bir kunlik yo‘lga chiqib, izzat-ikrom bilan qarshi oladi. Atrof-javonibdagi kishilarning bunday qashshoq hayotini ko‘rgan jahongir lashkarlari bilan yarim dunyoni zabt etib orttirilgan boylikning o‘ziga tegishli qismi – yetti arava oltin-kumushni aholiga hadya qilib yuboradi.

 

Ne ajabki, hamyoni bo‘m-bo‘sh podshoh! Bu holdan hayron bo‘lgan uning yaqin a’yoni, do‘sti, ikki bor Iskandarni o‘limdan saqlab qolgan Klit shohga yuzlanib deydi:

 

– Sen qanday shoh bo‘ldingki, bir zarra oltinsizsan? Haraming va o‘zingni o‘ylamading. Endi xizmatkorlaring seni tark etadi. Kim bilan qolasan?

 

Iskandarning Iskandarligini anglatuvchi buyuk javobni tinglang!

 

Filip shohning o‘g‘li deydi:

 

– Orzularim bilan qolaman!

 

Jarayon oqimidamiz!

 

O‘zbekiston mustaqillikka erishgan pallada mamlakatning 19-20 million aholisi bor edi. Hozir 35 milliondan oshdi. Orada 30 yil vaqt o‘tdi. Toshkentga borib ko‘rmagan odamlarimiz ummon ortiga ham yo‘l tortmoqda. Rossiya, Qozog‘iston, Turkiyaga borish, ishlash, pul topib kelish esa so‘z ustasi Hojiboy atganidek, “o‘zimizning Xitoy qishloq”qa borishdek jo‘n gap bo‘lib qoldi.

 

Rus shaharlarida o‘zbeklarning mavzelari paydo bo‘ldi. Buning ijobiy yo salbiy jihatlariga baho bermoq payida emasman. Bu – dunyoni qamrab olgan jarayon. Bu – odamzotning ijtimoiy tornado sabab paydo qilgan girdobi. Bu – muzlik davrida jonivorlarning buyuk ko‘chishiga o‘xshagan hodisalar tizimi. Biz Yevropaga, Amerikaga, Osiyoning yirik megapolislariga talpinayapmiz. Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreyaga, Arabiston shaharlariga intilayapmiz. Ular esa o‘z navbatida o‘zga manzillarga ko‘z tikmoqdalar. Nega?

 

Javob bunday: odamzot hashamga mukkasidan ketdi. Odamzot bodilashdi, betoqat va qanoatsiz bo‘lib qoldi. Qizishmay gapni eshiting, azizim. Biz muhtoj yo qashshoq emasmiz. Biz bir kunlik taomi bo‘lsa, shukur qilib, ertaning iqbolini Allohga tavakkal qilgan sarzamin diyor, bobolari xudoni tanigan millat edik-ku! Bugun esa aytar og‘izga shunday bo‘lib qoldik. Biz boyiyapmiz, lekin xasis bo‘lib boyiyapmiz. Qo‘y so‘ysak, nochor qo‘shnini unutib boyni dasturxonga chorlaymiz. Rizqni Tangri taolo ulashishini unutayapmiz. U zotga munofiqlik bilan hamd aytsak ham xayolimiz hamrohimizning cho‘ntagidagi tilloning shiqir-shiqirida turadi. Shu bois XXI asr kishilarini taqdir sarson qilib qo‘ydi. Bu jarayonni hech bir davlat yo xalqaro tashkilot tartibga sololmaydi. Dunyo qorishib ketdi. Xalqlar aralashuvi haddi a’losiga chiqdi. Oyga ketishga pul yig‘ayapmiz. Ko‘hna qit’a, anchagina o‘ziga to‘q, madaniy Yevropada ham migrantlar masalasi, AQShga ko‘chib ketayotgan qit’a aholisining qismati muammo darajasiga yetilib keldi.

 

Biroq gap boshqa narsa haqida. Ya’ni, qo‘rqmay yashash xususida. Qo‘rqmay yashash deganda Afg‘onistondagi kabi hayotini asrab qolish uchun o‘zga joylardan boshpana izlashni nazarda tutmayapman. Oddiy, jimjimalarsiz, ularga intilmasdan, nafs qutqusidan ozod bo‘lib yashashni aytmoqchiman. Iskandar aytganidek, orzu bilan ham yashash mumkinligini aytmoqchiman.

 

Orzuga qorin to‘yadimi deguvchi odam ko‘p, ammo hayot qorin va uch qavatli uydan yoki ertaga nonni qaerdan topsam ekan degan qo‘rquvdan ko‘ra teran va ma’noliroq ekanini tushunib yetmoq kerak.

 

Olti yildan beri bir uyni tugal bitirolmay, o‘n besh yildan beri xorijda yurgan, onasi vafot qilganda janozaga yetib kelolmagan, ammo o‘g‘lini uylantirganda o‘sha to‘liq bitmagan uyning kelin tushadigan xonasini pardozlash uchun bir “Lasetti”ning pulini tikkan, uyining hajmi 25x18 qadam bo‘lgan bir kishini taniyman. U to‘y yo ma’raka qilsa eng katta mehmoni mahalla raisi yoki Toshkentdan borib qolsam – men bo‘laman. O‘n besh yildan beri xorijda, qo‘li gul usta, oshpaz, sartarosh, yaxshi inson, ammo o‘n daqiqa odamga o‘xshab gaplashib o‘tirolmaysiz. Tashvishi boshidan oshib-toshib yotibdi. Uyining tomiga 420 ta shifer ketibdi, kelin tushgan xonada to‘rt xil almashib yonadigan chiroqlar, xorazm gilamlari... Hammom, oshxona tomoni hali xom g‘isht holida turibdi, qumsuvoq qilish kerak, pardoz-andoz, buyog‘i qiz ham uzatadigan yoshga yetib kulibgina turibdi. Qo‘llari qadoq bu qizginani parvardigor piyoz paykalning ichida o‘t yulib yitib ketsin deb yaratmagandir!?

 

Dodlab yuborgim keladi. Odamlarimizning fe’lidagi nafs qo‘rquvining vahshatidan yuragim og‘riydi. Bechora hamqishlog‘imning qulog‘iga mening bironta gapim kirmaydi. Unga pul kerak, ko‘p pul... “Vasvasagen!”.

 

Yurtning har burjiga turli sabab bilan borib-kelib turaman. Hamma qishloq va shaharlarda ham ahvol bir xil – odamlarning kallasiga shunday bir vahima in qurib olgan. To‘g‘ri, ajoyib uylar, yaxshi mashinalar, qulay yashash tarzi... hammasi kerak. Urush yillaridan keyingi xarob hayotni men ham istamayman. Lekin bu o‘rinda juda katta, aslida eng katta xazinani boy berayapmiz. Bu – yoshlar! Qush uyasida ko‘rganini qiladi. Uyda ham, maktabda ham, ko‘cha-ko‘yda ham bolalar havas qilayotgan narsalar faqat moddiyat bo‘lib qolmasligi kerak, og‘alar!

 

– Rossiyada ikki aka-uka uch yil ishlab kelib, “Malibu” oldi. Qoyil!

 

– Farmon akaning uyiga kollejimizdan ham ko‘p pul ketgan. Qayerdan topdi buncha pulni?

 

– Ie, o‘tgan yili uch o‘g‘li oyiga 1000 dollardan pul yubordi Koreyadan...

 

– O‘g‘lim, bu yil piyozga yaxshi qaranglar, biz ham uyni yangilaylik. Bobong zamonidagi uyda qopketdik.

 

– O‘g‘lim, shu Shahnozaning ko‘nglini top, senga tegishga roziligini ol. Qaynotang tumanni ushlab turgan odam bo‘ladi. Pichog‘ing quyruq ustida deyaver keyin...

 

Bolalik, o‘smirlik, yigitlik, or-g‘urur o‘g‘irlanayapti. Sevgi suvga oqayapti, tuyg‘ular andarmon holida hisoblashilmay botin bo‘lib ketmoqda. “Xorijda hojatxona kovlasang ham mayli, katta pul topsang bo‘ldi – boshqasi bekor!”.

 

Men orzulayotgan ozod, qo‘rqmay yashaydigan odamlar qanday bo‘lsa edi?!

 

Qanoatli, g‘ururli, Haqni tanigan, pulsizlik aslo g‘amgin qilolmaydigan odamlardir ular! Yo‘qchilik ham, sinovlar ham Haqni tanimagan kimsani g‘ussaga ko‘madi. Buning ustiga bunday odam hech qachon katta boylikdan ham halovat topolmaydi.

 

Haqni tanigan odam doim shodmondir.

 

Shu asnoda ustoz Shukur Xolmirzayevning “O‘zbek xarakteri” hikoyasi esga tushadi. Naqadar bardoshli, qanoatli, kengfe’l o‘zbeklar. Menimcha, unday o‘zbeklar o‘sha hikoyada saqlanib qoldi-yov. Millatning tarix muzeyiga eksponat bo‘ldikmi hali?! Shunday tob tashlab qolayaptimi bu ulus?!

 

Sezayapman, aziz jurnalxon, ichingiz savolga to‘la. Ushbu so‘roqlarni taxminan tinglab ham turibman.

 

– Nima, o‘zbekning uyida hammom bo‘lmasligi kerakmi? Odamga o‘xshab mashina minmasinmi?

 

– O‘zbek uch qavatli uy qursa, nima ayb?

 

– Katta pul topsa nimasi yomon?

 

Javobim bitta:

 

– O‘zbek hashamdan oldin g‘ururini tiklasin! Yillab yiqqanini 500 kishilik to‘yda sovurmasin! Bir xonali uyning pardozi uchun ketadigan pulga mashina berayotgan bir paytda poyezdga osilib Rossiyaga bormay, mashina olsin! Oilasini mindirib, Imom Buxoriyga ziyoratga kelib ketsin! Hayotning zavqini tuysin! O‘zbek jonigayam achinsin axir!

 

Hozir ustadan ko‘pi yo‘q! Qo‘shni bilan og‘izbirlikda hasharlashib, mo‘jaz hammom tiklasin! Ishni tugatgach, loy supaga chiqib olib kelin suzib kelgan oshni yesin! O‘tgan-ketgandan gurungni ursin! Mayli, biror to‘rt-besh qo‘l shaxmat ham o‘ynasin. Birining uyidan ikkinchisi peshonasi terlab, lo‘mbillab chiqsin!

 

O‘zbek “Ertaga nima qilamiz, bir qop bug‘doy qopti, o‘g‘lim? Toshkentga borib bir oy ishlab kel, maktab ham bir gap bo‘lar” demasin!

 

Aksincha, “Bolam, o‘qishga zo‘r ber! Tejabroq ishlatsak, bug‘doy o‘rimga yetamiz. Oyqashqa sigirimiz ham hademay tug‘adi – sut-qatiq mo‘l bo‘ladi. Sen o‘qi! Katta odam bo‘l! Elga nafing ko‘p bo‘lsin!” desin!

 

 

“Shuncha yiqqan boyligim – dang‘illama uyim, mashinalar – hammasi seniki! Otangning davrida qandingni ur!” demasin!

 

Buning o‘rniga yangi o‘zbek puldori “Sharoitni qildim! Endi sizdan talab – o‘qish va hunar o‘rganish! Dunyoga chiqadigan odam bo‘lish! Kunlik hisob berasiz bizga!” desin!

 

“Ha, bu vatan masalasi” desin! Deyolsin!

 

O‘zbek haqqini tanisin. Huquqini bilsin! Haq bo‘la turib ham merovlanib, yelkasini qisib turmasin! Mahalla raisi bekorga mahalla raisi emas yoki hokim baribir hokim-da deb xushomadga yuz burmasin! O‘zini tanisin! Umummanfaati degan muqaddas tushunchani kir oyoq bilan toptamasin! Mustaqillik voqeasiga shubha bilan qaramasin! Bobolari uy emas, davlat qurgan xalq farzandi ekanini unutmasin!

 

Bir-birimizni sog‘inaylik...

 

Men o‘qishga kirgan 1999-yilda o‘nta talaba shartnoma asosida o‘qishga kirdi. Shularning oltitasi o‘qimadi, o‘qishni tashlab ketdi. Qiyin edi, pul yo‘q edi. Non anchagina totli edi. Hozir oltita talabaning pulini superkontraktga to‘layotgan ota ham zamondan noliydi.

 

“Zamondan nolimang! Zamonning egasi menman!” degan parvardigor! Biz o‘tgan yigirma yilda “pul bo‘lsa – changalda sho‘rva, pulsiz hech narsa bitmaydi” degan aqidani miyasiga singdirgan avlodni jamiyatga chiqarib yubordik. Bu – fojia! “Pul bo‘lmasa o‘qishga kirib bo‘lmaydi. Pul bo‘lmasa ishga joylasholmaysan. Pul bo‘lmasa birov qizini bermaydi!”. Shu fikrlar bilan ulg‘aygan avlod bugun ota bo‘ldi, ona bo‘ldi. Va gangib qoldi. Ko‘zi och bo‘lib katta bo‘ldi ular. Endi esa kimo‘zar boshlandi. Gaplashadigan odam qolmayapti.

 

Axir hashar bilan uylar bitar, to‘yona bilan to‘ylar o‘tar, bir qozon osh hammaga yetar edi-ku?

 

Qani o‘sha o‘zbek? Men o‘sha o‘zbekni, erkin, ozod, kengfe’l, har qanday holatda millati sha’ni uchun kurasha oladigan, yengilsayam bosh egmaydigan o‘zbekni sog‘indim.

 

Xulosa

 

Bolalarni, o‘smirlarni qo‘rqitmaylik! Bu sarzamin diyorda, ikki daryo oralig‘ida qanchalar ocharchilik, qahatchilik bo‘lsa ham odamlarga mehr-oqibat tayanch va quvvat bo‘lgan. Temur bobo bekorga Samarqand shahriga Doniyol alayhissalomning jasadini keltirib ko‘mmagan! Xalqni Ollohning payg‘ambari yer ostidan turib ham duo etib turadi.

 

Biz endi g‘ururi bo‘yidan baland avlodlarni tarbiya qilaylik!

 

Shodmonqul SALOM

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2022-yil 2-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19262
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16147
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi