Kuni kecha oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari boshlandi. Bu yil sinovlarda 1 mln 146 ming 744 abituriyent ishtirok etyapti. Yakuniy natijalar esa oy oxirida eʼlon qilinishi aytilmoqda. Demak, sentyabr arafasida yuqori ball toʻplagan abituriyentlar talabalik baxtini his qiladilar. Ammo omadi kelmay, imtihondan yiqilganlar koʻpincha tushkunlikka tushib qolishadi. Bu esa notoʻgʻri fikrlar natijasidir. Bilasizmi, hatto hokimu vazirlar ham bir urinishda institut yoki universitetga kira olmagan. Misol uchun, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ham toʻrt yil deganda talabalik baxtiga muyassar boʻlgani haqida oyina.uzʻga soʻzlab berdi.
Juman buva degan ustaga shogird tushganman
Talabalikkacha boʻlgan davrim ogʻir oʻtgan. 1985-yili oʻrta maktabni tugatgandan keyin Samarqand pedagogika institutiga kirishni niyat qilgandim. Hujjatlarimni rus tili fakultetiga topshirganim uchun Kirovograd pedagogika institutida oʻqishimizni aytishdi. “Ha, nasibamiz oʻsha yerda ekan-da”, deb turganimda taʼlim yetti yil davom etishini eshitib ikkilanib qolganman. Keyingi qabulgacha vaqtimni zoye ketkazmaslik maqsadida Jomboy tumanidagi 17-SPTUda suvoqchi-boʻyoqchi, durodgor mutaxassisligi boʻyicha bir yil oʻqidim, qurilish brigadasida ishladim. Juman buva degan kishiga shogird tushib, ustachilik ham qildim.
Keyin esa yigitlik burchimni bajarishim kerak, deb armiyaga ketdim. Harbiy xizmat uchun Germaniyaga joʻnatishdi. Oddiy askarlikdan asta-sekin kichik serjant, serjant, katta serjant, boʻlinma komandiri hamda vzvod komandirining oʻrinbosari darajasigacha koʻtarildim. Yigit uchun armiya ham bir maktab ekan. Eslashga arzigulik, juda koʻp qiziqarli voqealar boʻlgan, xizmatdosh doʻstlar, tanishlar orttirganman.
Xizmatdan qaytganimdan soʻng Toshkendagi xalq xoʻjaligi institutiga hujjat topshirdim, yana omad kelmadi. “Podkurs”ga ham kirolmaganman, ishonsangiz. 1989-yili toʻrtinchi marotaba urinishda talabalikka muyassar boʻldim. Uch oydan soʻng dekan auditoriyaga kirib, meni guruh sardori etib tayinlagandi. Oʻqishni bitirgandan keyin Moliya vazirligida amaliyot oʻtaganman. Keyin toʻgʻridan-toʻgʻri Samarqand viloyat moliya boshqarmasiga ishga yuborishgan.
Birovning haqi buyurmas ekan
Haligacha eslasam, ibrat olaman. Talabalik davrimizda Arnasoy tumanida paxta terardik. Oktyabr oyining oxiri edi, bir kursdoshim yarim kechasi uygʻotdi: “Suv oqib kelyapti, qop-qora narsa ustimizga bostirib kelyapti, turinglar”, deb baqirdi. Hammamiz tashqariga chiqdik. Qoʻrqib qarasak, choʻponning qoʻylari suruvdan adashib qolib, bizga qarab kelayotgan ekan. Qisqasi, yoshlik qilib, bitta-bittadan qoʻyni ushlaganmiz. Kursdoshlarim orasida hech kim jonliq soʻyishni bilmas ekan. Uchtasini oʻzim boʻgʻizlab, terilab oldim. Keyin barakning oldidagi tolning tepasiga osib tushganmiz.
Ertalab tursak, qor yoqqan. Dekan keldi-da, bugundan paxta terim tugadi, narsalaringni yigʻishtiringlar, dedi. Shu payt choʻpon kelib, yoʻqolgan qoʻylarini soʻradi. U tolning tagida turib ham, yuqoriga osilgan goʻshtlarni koʻrmayapti. Qon izlarini ham qor yopib yuborgan ekan. Xullas, ketar chogʻimizda goʻshtlarni taqsimlab, koʻrpaga oʻrab, yoʻlga chiqqanmiz. Endi taasavvur qiling, yarim tunda Toshkentdagi ijara uyga yetib kelganmiz. Charchaganimiz bois esimizdan chiqqanmi, xullas, ertalab koʻrpani ochsak, goʻsht shu darajada sasib ketganki... Bir boʻlak ham yemaganmiz. Oʻshanda birovning haqi buyurmasligini tushunib yetganman.
QVZda “Sartarosh” qoʻshigʻini aytganman
Kursdoshlar bilan jamoat tadbirlarida juda faol qatnashganmiz. “Quvnoqlar va zukkolar” koʻrik-tanloviga ham borar edik. Gʻani Aʼzamov ijro etgan “Sartarosh” qoʻshigʻini aytib, bosh rolni ham oʻynaganman. Dastlab Toshkent til-adabiyot instituti, keyin Samarqand davlat universiteti, soʻngra Madaniyat instituti jamoasini yutib, finalga chiqib, gʻolib boʻlganmiz. Umuman, talabalik davrim qiziqarli voqealarga boy boʻlgan. Hozircha yodga tushgani shu.
Shahnoza TOʻRAMURODOVA
yozib oldi.
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q