Kirpich va g‘isht
Bugungi kunda rus tilida “g‘isht” ma’nosini bildiradigan kirpich so‘zining asli turkiy so‘z ekanligini ko‘pchilik biladi. Men faqat bu so‘zning qaysi qadimiy manbalarimizda qo‘llangani haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Shu bilan kirpichning aynan bizning tilimizga oid so‘z ekanligi quruq gap bilan emas, aniq manba asosida ochiladi.
Mahmud Koshg‘ariyda bu so‘z kerpich shaklida keladi. “Devonu lug‘otit-turk”ning 1-tomida shunday izoh bor: kerpich – kirpich, g‘isht. Bїshїg‘ kerpich – pishiq g‘isht.
Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” asarida ulug‘lardan Qosim Harbiy haqida shunday deydi: “Boshi ostida bir kirpich erdi va yana ostida bir pora buriyo (bo‘yra)”. Shuningdek, Navoiyning “Vaqfiya” asarida bir gap bor: “Hamonoki, ul toshni mehnat tog‘idan toshib erdilar va devori ham xom kirpichdin erdi”.
Ba’zilar kirpich so‘zini asli kirbish bo‘lgan va u kir + bish, kir “loy”, bish esa pishirilgan ma’nosidagi pish so‘zlaridan, pishirilgan loy mazmunida loy va pish so‘zlaridan hosil bo‘lgan deyishadi. Garchi bu fikrlar qiziq bo‘lsa-da, ularni aniq va asosli deyish shubhaliroq. Chunki Koshg‘ariyda bu so‘z kirpichmas, kerpich shaklida kelgan. Qolaversa, Koshg‘ariyda kir so‘zi loy ma’nosida kelmagan, “kir” va “iflos” ma’nosida kelgan. Rus tilida loyni gryaz deyishadi, lekin bizda loyga nisbatan kir va iflos so‘zlari qo‘llanmagan. Balchiqqa nisbatan shunday munosabat bo‘lgan. Holbuki loy boshqa, balchiq boshqa.
“Sirkul”ning o‘zbekchasi
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da sirkul so‘ziga pargor deb izoh berilgan. Pargor forsiy so‘z. “Farhangi zaboni tojik”da pargor so‘zi besh xil ma’noda izohlangan va bularning hammasi doira, aylana, sirkul ma’nolari atrofida aylanadi. “Navoiy asarlari lug‘ati”da bu so‘z pargor, sirkul ma’nosida izohlanib, yetti pargor – “yetti qavat osmon” mazmunida tushuntiriladi.
Xo‘sh, sirkulning sof o‘zbekchasi bormi?
“Kitob at-tuhfa”ning muallifi bu kitobdagi so‘zlarga qipchoq dialekti asos bo‘lganini o‘zi aytib o‘tgan. Xuddi shu kitobda (158-bet) sirkulni muallif baymaq so‘zi bilan ifodalagan.
Tvorogning o‘zbekchasi
Bolalik yillarimizda agar sut achib qolsa, onalarimiz “Sut irib qolibdi” deyishardi. Irigan sut iborasi tilimizda bo‘lgan. Men buni ko‘p eshitganman. Qizig‘i shundaki, irigan sut aslida tvorog edi. Men uni kichkinaligimda tatib ham ko‘rganman. Shunda garchi sut irib qolsa ham totligina bo‘lishini bilganman. Yaqinda 1884-yilda Qozonda nashr etilgan “Oltoy – Olatog‘ lug‘ati”ni o‘qib o‘tirib, unda “iritki” (irїtke) so‘zi turkiy tillarda tvorog ma’nosini anglatgani haqidagi ma’lumotga duch keldim. Men bu so‘zni “eritilgan” ma’nosidagi eritki so‘zidan bo‘lishi mumkin degan o‘yga ham bordim. Lekin tilimizda bir paytlar mavjud bo‘lgan irik sut iborasi boshqa farazga yetakladi. Lug‘atda duch kelganim “iritki” so‘zi menga onamning bir zamonlardagi “sut irib qolibdi” degan gapini eslatib yubordi. Men bu bilan tvorogni iritki deb aytishimiz kerak demoqchi emasman. Faqat tilimizda irigan sut va iritki degan ibora va so‘z bo‘lganini eslatib qo‘ymoqchiman, xolos.
Qumiqlar tilida tvorog “uvma bishlak’”, xakaslar tilida “ejigey” deyiladi.
Irtish daryosi haqida
Uzunligi 4 248 kilometr bo‘lgan, Xitoy, Qozog‘iston, Rossiya hududlaridan o‘tadigan, dunyoda oltinchi o‘rinda turadigan Irtish daryosini hamma biladi. Xo‘sh, bu ulkan daryoning nomi qanday paydo bo‘lgan va uning ma’nosi nimani anglatadi?
712–716-yillarda toshga o‘yib yozilgan Qutlug‘ (To‘nyuquq) bitiktoshida shunday gap bor: “Ertish daryosini kechigsiz kechdik, tun to‘xtamadik, Bo‘luchga tong ottirib yetdik”. Shundan so‘ng 732-yilda toshga yozilgan Kultigin bitigida yana shunday bir jumla keladi: “Ertis daryosini kechib yurdik. Turgash xalqini uyquda bosdik”. Ko‘rinib turibdiki, qadimgi turkiy yodgorliklarda ham bu daryoning nomi Ertish (Ertis) shaklida keltirilgan.
Mahmud Koshg‘ariy “Devon”ida Ertish so‘zi “daryodan o‘tish” ma’nosida, ertti so‘zi esa “o‘tdi” ma’nosida izohlangan va “Bu so‘z suvdan o‘tishda “kim tez o‘tar” ma’nosida qo‘llanadigan ertїsh(mӓk) so‘zidan olingan” deyilgan.
Tovar
Rus tilida ham faol qo‘llanadigan tovar so‘zining asli ruscha emas, turkiy ekanini bugun ko‘pchilik biladi. Shuning uchun bu haqda ko‘p to‘xtalmasdan, bir nechta aniq misolni keltirib o‘tmoqchiman.
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”ida shunday satr bor:
Chig‘ayqa ulӓdi ӱkӱsh neh tavar.
Ma’nosi:
Kambag‘allarga ulashdi ko‘p mol-tovar.
Ko‘rib turganimizdek, bu yerda tovar so‘zi mahsulot, mol ma’nosida kelayapti.
Mahmud Koshg‘ariy jonli-jonsiz mol, mato va poraning ham tavar so‘zi bilan ifodalanishini ta’kidlab o‘tgan. Koshg‘ariy tovarning ko‘chma “pora” ma’nosida ham kelishini quyidagi misolda ko‘rsatgan:
Tavar tamu qapug‘in achar.
Ma’nosi:
Pora do‘zax eshigini ochadi.
Yusuf Xos Hojibda urunch so‘zi ham pora ma’nosida qo‘llangan:
Urunchin ya malin etilmӓs ishim.
Ma’nosi:
Pora yoki mol bilan ishim bitmaydi.
Koshg‘ariyda ham urunch so‘zi shu ma’noda kelgan.
Ba’zilar rus tilidagi tovarish so‘zining ildizini ham turkiydagi tovar so‘ziga bog‘lashadi. Bu alohida mavzu.
Fartuq va partuq
Bolalik yillarimda ayollar etagi oldiga tutadigan maxsus tutqichni partuq deyishganini eshitganman. Paxta terishda taqiladigan etakni ham partuq deyishardi. Keyinroq men bu so‘zni rus tilidagi fartuk so‘zining o‘zgargani bo‘lsa kerak deb yurardim. Lekin Mahmud Koshg‘ariyda bu so‘zga duch keldim. “Devonu lug‘otit-turk” indeksida shunday izoh bor:
partu (bartu) – partuq, bir qavatli ustki to‘n – fartuk, syurtuk. 1, 393 – 21, ar. 348 – 16.
1-tomda Koshg‘ariyning izohi shunday:
partu – yaxtak, bir qavatli ustki to‘n, partuq.
Devonning 1-tomidagi partu so‘ziga Solih Mutallibov shunday izoh beradi:
“Shayx Sulaymon lug‘atida partuq degan so‘z bor. Bizda hozirgi orqasi bog‘ichli, ish va ovqat mahalida tutiladigan partuq so‘zi kabi”.
Semyonov lug‘atida fartuk so‘zi rus tiliga nemis tilidan polyak tili orqali XVII asrda kirgan, bu so‘z ko‘ylak ustidan kiyilgan kiyim turi yoki boshqa ust kiyim, “perednik” deb izohlangan.
Holbuki, rus tilida XVII asrda paydo bo‘lgan bu so‘z Koshg‘ariy lug‘atida (XI asr) qayd qilingan.
Xaltura va o‘liklar
Men mansub avlodga bu so‘z yaxshi tanish. Uni ko‘p ishlatganmiz. Xalturani ruscha so‘z deyishadi-ku, lekin bu so‘z ruscha ham emas, asli lotincha – chartularium. “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”da bu so‘zning lotin tiliga taalluqli ekanligi haqida aytilmagan.
Xullas, pala-partish, naridan beri, soxta, mendan ketguncha, egasiga yetguncha qabilida xo‘jako‘rsinga qilingan ish yoki shu taxlit yozilgan siyqa asarni xaltura deyish udum bo‘lgan. Shunday ishlaydigan odamlarni xalturachi deyish ham urfga kirgan edi. Bir paytlar bu so‘z bizda keng yoyilgan. Xaltura so‘zi ustida to‘xtalishimga sabab boshqa. Bu so‘zning tub ildizi g‘aroyib ma’noga ega ekanki, uni sizga aytib o‘tmasam bo‘lmas. 1965-yilda “Fan” nashriyotida chop etilgan “O‘zbek tilidagi ruscha-internatsional o‘zlashtirma so‘zlar izohli lug‘ati”dagi ma’lumotga ko‘ra, xaltura so‘zi lotinchada chartularium – “ruhoniy e’lon qiladigan o‘liklar ro‘yxati” ma’nosini anglatgan ekan. G‘aroyib-a? Haqiqatan ham xaltura kitoblar o‘lik kitoblar emasmi?
Jir va moy
Alibek Rustamovning “So‘z xususida so‘z” kitobida ta’kidlanishicha, jir so‘zi tilimizda “yog‘”, “moy” ma’nosini anglatadi. Ozg‘in kishiga nisbatan “Bunga hech jir bitmayapti” yoki “Buning hech jiri yo‘q” degan iboralar shu mazmundan kelib chiqqan (o‘zbek tilidagi jirda jar so‘zidagi kabi “j” talaffuz qilinadi). Shunisi qiziqki, rus tilidagi jir so‘zi asli bizning tilimizdagi ayni shu jir so‘zining o‘zidir. Chunki jir so‘zining turkiy so‘z ekanligi Mahmud Koshg‘ariyning lug‘atida qayd etilgan.
O‘zbaki palto
Bolaligimizda otamning to‘qsariq rangli qalin jun chepkani bo‘lardi. Bu chepkan sof jundan qo‘lda to‘qilgan bo‘lib, qishning har qanday sovug‘idan saqlay olardi. U paytlarda belbo‘yi qorlar yog‘ardi. Tunlari qattiq ayoz qisardi. Otamni qahratonning qahridan o‘sha chepkani asrardi. Shungami hozir ham o‘sha chepkanni aniq-tiniq, choklari-yu to‘qimalarigacha eslayman. Men bilgan chepkan adabiy tilimizdagi chakmonga to‘g‘ri keladi. “Kitob at-tuhfa”da (XIV asr) bu so‘z chӓkmӓn shaklida berilgan (Mahmud Koshg‘ariyda yopinchiq qilinadigan bo‘z to‘qilma chek deyilgan). Qadimda bobolarimizning paltosi shu chepkan bo‘lgan. Palto o‘zbekchasiga nima bo‘ladi deyishsa, chepkan yo chakmon bo‘ladi desam ko‘pam xato bo‘lmas. Chepkan ham aslida astarsiz paltoday gap. Rus tilidagi “palto” so‘zi ham asl rus so‘zimas, u fransuz va lotin tillariga oid bo‘lib, “yengsiz, xalatsimon kiyim, rido” degan ma’nolarni anglatar ekan. Bu so‘zning biz bilgan ma’nosi keyin paydo bo‘lgan.
Chepkan so‘zi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da yo‘q. Men buning boisi bu so‘zning tor doiradagi sheva so‘zi ekanligida bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Keyinroq bilsam, chepkan faqat mening qishlog‘imda emas, ozarbayjon tilida ham bor ekan. Qarachay-malqar tilida bu so‘z juda faol ekan. Hatto qarachay-malqar chepkanining o‘nlab turlari mavjud ekan.
Bushqirmoq va “bushevat”
Qadimgi tilimizda g‘azablanmoq va qahrlanmoq bush//push so‘zi bilan ifodalangan. Yusuf Xos Hojibda shunday qator bor:
Bushub aydi elig sözi.
Ma’nosi:
G‘azablanib aytdi elig so‘zini.
Bu so‘z qadimgi tilimizda faol qo‘llangan bo‘lishi kerak. Chunki “Qutadg‘u bilig”ning birgina 170-betida (1971-yilgi nashri) bu so‘z olti marta ishlatilgan.
Bushar ödtӓ beglӓrkӓ barma yag‘uq.
Ma’nosi:
G‘azablangan paytda beklarga yaqin borma.
Xullas, “Qutadg‘u bilig”da bushi so‘zi g‘azabli, qahrli ma’nosida kelgan:
Bushi bolsa beglӓr buzar beglikni.
Mahmud Koshg‘ariy bushg‘an so‘zini “asabiy”, bushug‘ bushdї (pushug‘ pushdi) iborasini “qahr qildi” ma’nosida izohlagan. Solihqori Mutallibovning izohiga ko‘ra “Hibat ul-haqoyiq” (Ahmad Yugnakiy)da bush so‘zi “achchiq”, “g‘azabli” ma’nosida qo‘llangan. Alisher Navoiyda bushmak “ozorlanmoq, xafa bo‘lmoq”, bushurg‘anmoq “g‘azablanmoq, achchiqlanmoq” ma’nosida qo‘llangan.
Hozirgi tilimizda g‘azab mazmunidagi “bush” so‘zi yo‘q. Bu so‘zning biror so‘zda o‘zgarishlar bilan saqlanib qolganini ham ko‘rmadim. Faqat menga pishqirdi so‘zi bushqirdiga yaqinday tuyuldi. Ba’zan g‘azablanib baqirishni pishqirdi so‘zi bilan ham ifodalaymiz. Pishqirish pishillashdan bo‘lishi ham mumkin. Lekin tilimizda p va b tovushlarining almashinish hodisasi ko‘p uchraydi.
Shu o‘rinda yana bir mulohaza meni o‘ylantirib qo‘ydi. Rus tilida bushevat degan fe’l bor. “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”da bu so‘z shunday tarjima qilingan: “Bushevat, -shuyu, -shuesh nesov. 1. qattiq to‘lqinlanmoq, avjiga olmoq, quturmoq, shiddat bilan ko‘tarilmoq. 2. hamma yoqni boshiga ko‘tarmoq, quturmoq, to‘s-to‘polon qilmoq”. Ko‘rib turganingizday, rus tilidagi bushevat fe’li ham bizning qadimgi tilimizdagi kabi “g‘azablanish va qahrlanish” ma’nosini anglatadi. Shakl va ma’nodagi bu qadar o‘xshashlik shunchaki tasodifmikin?.. Buyog‘i zukko olimlarimizga havola.
Ura! Ura! Ura!
“Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”da “Ura” so‘ziga “qichqiriq, ura, ura deb atakaga kirish, ko‘tarinki ruh bilan, qizg‘in” deb izoh berilgan. Anton Semyonovning “Rus tilining etimologik lug‘ati” kitobida ura so‘zi nemis tilidagi “hurra” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “tez harakatlanish” ma’nosini anglatadi va bu so‘z rus tilida XVIII asrdan keng qo‘llana boshlagan deb izohlanadi.
Biroq ura so‘zi turkiy so‘z ekanligi haqida ko‘pgina manbalarda aytilgan. Bu so‘z bizning tilimizda X-XI asrlarda ham faol qo‘llangani haqida ma’lumotlar bor. Mahmud Koshg‘ariy “Devon”da uri so‘ziga shunday izoh beradi: “Uri – tovush, baqiriq, hurish, faryod”. Koshg‘ariyning bu izohi “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”dagi qichqiriq degan izohga to‘g‘ri keladi. Koshg‘ariy “urї qobsa og‘ush aqlїshur”, ya’ni, “uri ko‘tarilsa, urug‘lar to‘planadilar” degan misolni keltirib o‘tadi. Bunda ura bilan uri so‘zlari har jihatdan naqadar yaqinligini sezayotgandirsiz. Ba’zilar “ura” so‘zini tilimizdagi “urho-ur”dan kelib chiqqan deyishadi.
Ozarbayjon olimi Mamadali Qipchoq o‘zining “So‘z olamiga sayohat” kitobida ura so‘zini qadimgi shumerlarda urush ma’budining nomi bo‘lgan Ur so‘zidan kelib chiqqan deydi va jangchilar jangga kirishdan oldin urush ma’budi Urning nomini aytib baqirib-chaqirganlar va undan g‘alaba qilishlari uchun yordam berishini so‘raganlar deya izohlaydi. Semyonovning bu so‘z ildizini nima uchun turkiy tillardan izlab ko‘rmaganining sababini bilmadim-u, lekin yuqorida keltirilgan misollar ura so‘zining turkiy ekanligini dalillaydi.
Kofta va qaftan
Ayollar kiyimi kofta so‘zi tilimizga kirib kelganiga yuz yildan oshdi. Bu so‘z tilimizga rus tilidan XX asrning birinchi choragida kira boshlagan va keyin ommalashib ketgan.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, kofta so‘zi asli tilimizga boshqa tildan kirmagan. Balki tilimizdan ketib, yetti yuz-sakkiz yuz yil jahongashtalik qilib, yana o‘zimizga qaytib kelgan. U qaytib kelganida hatto ona tilning o‘zi ham uni taniy olmay qolgan edi.
“Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”da kofta so‘ziga shunday izoh berilgan: “Ayollarning qisqa paltosi”.
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da kofta so‘ziga “kalta ko‘ylak yoki plash” deb izoh beriladi va bu so‘z nemischa kuft – uy kiyimi so‘zidan kelib chiqqan deb ta’kidlanadi. Lekin boshqa manbalar bu so‘z asli turkiy bo‘lib, keyin nemis tiliga o‘tganini ta’kidlaydi. Turkiy tillardagi kaftan, arab tilidagi qaftan so‘zlari o‘zimizdagi chakmon ma’nosini anglatgan. Kofta so‘zining ildizi xuddi shu kaftan so‘ziga borib taqaladi. Endi biroz orqaga qaytsak-da, Mahmud Koshg‘ariy bobodan gap so‘rasak. “Devonu lug‘otit-turk”da qaftan so‘ziga shunday izoh beriladi: “To‘n, ustki kiyim”. Agar turkiyda “qop, idish” ma’nosidagi qap so‘zi va “gavda” ma’nosidagi tan so‘zining qo‘shilishidan qaftan so‘zi hosil bo‘lgan deb tasavvur qilsak, unda qaftan “tan qopi” (qo‘lqop, oyoq qopi kabi) mazmunini ifodalashi mumkin. Bu shunchaki bir taxmin. Bunday bo‘lmasligi ham mumkin.
Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da yozadi: “...so‘rdilarki, Abdurrahim Istahriy ne uchun sag‘bonlar bila dashtqa borur va qaptan kiyar? Dedikim, ustidagi og‘irlik yengillaydi”.
Bu so‘z rus yozma manbalarida XV asrda paydo bo‘lgan. “Bolshaya sovetskaya ensiklopediya”ga ko‘ra kaftan so‘zi asli turkiy bo‘lib, hozirgi qozoq tilidagi “yopmoq”, “qoplamoq”, “qaptau” so‘zi bilan aloqador.
Lazar Budagov lug‘atining 2-tomi 60-betida bu so‘zga shunday izoh bor: “тур. каз. кафтанъ, дж. кафтань, армяк, верхнее платье, въ кр. Деревенская народная одежда, надъевамая сверхъ камзола”.
Tabulg‘a va tavolga
Bir tabulg‘a yuz bo‘ldi,
Yuz tabulg‘a ming bo‘ldi,
Ming tabulg‘a tuman bo‘ldi,
Bilib qo‘ying: foydasi bor, bu yaxshi.
Yuqoridagi she’r eramizning IX asri boshlarida yaratilgan “Irq bitigi”dan keltirildi. “Qadimiy hikmatlar” kitobida berilgan izohga ko‘ra, Zahiriddin Muhammad Boburning yozishicha, tabulg‘a qizil po‘stloqli daraxt bo‘lib, Farg‘ona tog‘laridan boshqa yerda uchramaydi. Mahalliy aholi undan o‘q va tayoq yasashadi. Mahmud Koshg‘ariyda tabulg‘a so‘ziga duch kelmadim, biroq tavilqu degan so‘z bor. Bobomiz tavilqu so‘ziga “qizil tol daraxti” deb izoh bergan. Bobur ham qizil po‘stloqli degan. Rus tilida bu so‘z таволга deyiladi. “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”da tavolga so‘zining tarjimasi “tobulg‘i, tubulg‘a” deb ko‘rsatilgan. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da esa “Tobulg‘i, to‘bilg‘i – ra’noguldoshlarga mansub, tog‘li yerlarda, jarliklarda uchraydigan buta o‘simlik” deb izohlangan.
XIV asrda tabulg‘a so‘zining tilimizda tavlug‘ach shaklida qo‘llangani haqida “Kitob at-tuhfa” lug‘atida ma’lumot bor.
Samarqandliklar, qashqadaryoliklar va boshqalardan tabulg‘a daraxti haqida so‘raganimda aniq bir gap aytisholmadi.
Andijondan Durbek Qo‘ldoshev yozadiki, “Hozirgi paytda (Bobur Mirzo hazratlari mehr bilan qalamga olgan) o‘sha “tobulg‘u yig‘ochi”dan ikki tupini Andijon davlat universitetining “Botanika o‘quv tajriba maydoni”da ko‘rishingiz mumkin”.
Eshqobil SHUKUR
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2022-yil 2-son.
“Dunyo kezgan so‘zlarimiz” maqolasi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q