Yozuvchiga o‘xshamasa...
O‘tgan asrning 60-yillari... O‘tkir Hoshimov iqtidorli, kelajagi porloq yozuvchi sifatida tanilayotgan, asarlari Abdulla Qahhorday talabchan ustoz nazariga tushgan kezlar edi.
Yoz kunlarining birida O‘tkir aka ustozlari – Subutoy Dolimov, Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatovlar hamrohligida go‘zal, xushmanzara Sarichelak qo‘riqxonasida dam olishadi. Tashqi olamdan ajralib, soqol olmay, “yovvoyi”larcha yurishadi. Safar tugaganda Yangiqo‘rg‘on tumanida to‘xtab, bir do‘konga kirishadi. Sotuvchi qiz peshtaxtaga engashgancha bir kitobni o‘qiyotgan ekan, Ozod aka qiziqsinib so‘raydi:
– Singlim, nima kitob o‘qiyapsiz?
Qiz ensasi qotib kitobning muqovasini ko‘rsatadi. Bu O‘tkir Hoshimovning kitobi edi. Yosh yozuvchi hayajonlanib ketadi. Ozod aka hazil qiladi:
– Bunaqa bema’ni kitobni o‘qimang!
– E, kitobni tushunmas ekansiz, gapirmang! – deydi tap tortmay.
Ozod aka kulimsirab, muloyim ohangda deydi:
– Bu kitobni mana shu bola yozgan, keling, dastxat yozib bersin.
Qiz soch-soqoli o‘siq, kiyimlari ham aftodahol yigitga ikkilanibroq qaragach, jahl bilan javob qiladi:
– E, bor yo‘qol, shpana!
“Yarmi kampir, yarmi chol”
O‘tkir Hoshimov (Olloh rahmat qilsin) jiddiy yozuvchi bo‘lsa-da, ijodida hajviyot muhim o‘rin tutadi. Ichakuzdi hajviyalari, g‘aroyib hangomalari kitobxonlar o‘rtasida ma’lum va mashhur. O‘zi ham quvnoq, hazil-mutoyibaga moyil inson edi.
Kunlardan bir kun kitobxonlar bilan bo‘lgan uchrashuvda shoir Turob To‘la “Bir ajoyib yurtimiz bor” deb boshlanadigan, yaxshigina qo‘shiq qilingan mashhur she’rini o‘qiydi. Undagi “Yarmi asal, yarmi bol”, “yarmi hayron, yarmi lol” degan satrlarni muxlislar astoydil olqishlaydilar. Oqsoqol shoirdan keyin so‘z O‘tkir Hoshimovga beriladi. Nogoh adibning shumligi tutadi. Turob akaga qarab shunday deydi:
– Hozir o‘qigan she’ringizni men ham bir muxlis sifatida yaxshi ko‘raman. Shu she’ringizga bir bayt qo‘shsam maylimi?
– Mayli, mayli, – deydi shoir kulimsirab.
O‘tkir aka qo‘lidagi oldindan tayyorlab qo‘ygan bir parcha qog‘ozga qarab o‘qiydi:
“Bog‘imizda bir daraxt bor,
Yarmi jiyda, yarmi tol.
Davramizda bir shoir bor,
Yarmi kampir, yarmi chol!”
Qahqaha, qarsaklardan zal larzaga keladi.
Domlaning “shogirdi”
O‘tkir aka yozda ustoz Ozod Sharafiddinov bilan Farg‘onada dam olishadi. To‘y mavsumi bo‘lgani uchun xudo bergan kuni nahorga oshga taklif qilishadi. Bazmi jamshidlardan obdan to‘yishadi.
Bir kuni to‘yxonaga kirishayotganda so‘rida o‘tirgan bir chayir, novcha, shirakayf odam Ozod akaga quchog‘ini ochgancha tebranib kelaveradi. “Umarali aka!” deya domlani dast ko‘tarib, yuz-ko‘zlaridan cho‘lpillatib o‘pa ketadi.
– Bormisiz, Umarali aka! Sog‘misiz, omonmisiz? Juda sog‘intirib yubordingiz-ku?! Xayriyat, sizniyam ko‘radigan kun bor ekan.
Domla tushmagur “Men...men...” deyishdan nariga o‘tmas, haligi odam “Umarali emasman” deyishga qo‘ymas emish.
Bir mahal u odam domlani qo‘yib, O‘tkir aka tomon gandiraklab kela boshlaydi:
– Abdullajon! Bormisiz?..
“Abdullajon” arang qochib qutuladi.
Mehmonlar alohida xonaga kirishadi. Ozod aka hali hamon o‘ziga kelolmay, entikib-entikib nafas olar edi.
– Domla, haligi odam kim? – deb so‘raydi O‘tkir aka. – Mabodo o‘zingiz o‘qitgan shogirdlardan emasmi?
Shu tobda domlaning ko‘ngliga hazil sig‘masdi. Tutoqib ketadi.
– E, tanimayman, bilmayman u odamni, bilishniyam istamayman. Gapirmang!
Ziyofatdan so‘ng tashqariga chiqishayotganda O‘tkir akaning yana andak shumligi tutadi. Domlaning qulog‘iga sekin engashib shivirlaydi:
– Umarali aka! Haligi shogirdingiz kelyapti. Siz bilan xayrlashmoqchi, shekilli.
Ozod aka shoshib o‘zini moshina ichiga uradi:
– Haydang! Tezroq ketaylik shu yerdan!
Odamlar nima deydi?..
O‘tkir Hoshimovning uyida o‘tkaziladigan bir marosimga tayyorgarlik ko‘rilardi. Yordamchilar orasida yosh qalamkash Murod Tillayev ham bor edi. Ustoz-shogird qozon olib kelish uchun qo‘shni mahallaga borishadi. Zil-zambil qozonni terga botgancha ko‘tarib kelishayotganda Murodjon nogoh ustozning “Odamlar nima derkin?” degan qissasini eslaydi-yu, o‘zicha so‘z o‘yini qilib, shunday gap qotadi:
– O‘tkir aka, odamlar bizni ko‘rsa nima derkin?
– Nimayam derdi, – qozon kerak ekan, ko‘tarib ketishyapti deydi-da.
– Yo‘q, unday demaydi-da.
– Xo‘sh, nima deydi bo‘lmasa?
– Ko‘rinishdan tuppa-tuzuk ziyoli, boyvachcha yigitlar bitta moshina yollashga qurumsoqlik qilishibdi, demaydimi?
– E, to‘g‘ri aytasiz, qo‘ying bu savilni bir chetga! – O‘tkir aka shosha-pisha qozonni yo‘lak chetiga to‘ntarib, qo‘llarini qoqadi. – Ketdik!
Ildam yurib ketayotgan ustozning ortidan kulimsirab qarab turgan Murodjon kutilmaganda yana shunday dedi:
– Shoshmang, ustoz!
– Xo‘sh, yana nima deysiz?
– El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Odamlar boshqacha deyishi ham mumkin-da.
– Nima demoqchisiz o‘zi, sizni tushunolmay qoldim-ku, Murodjon?!
– Berdisini aytishga qo‘ying-da, ustoz. Bu yerda sizni har qadamda tanishadi. Odamlar bizni ko‘rib, “Qaranglar, O‘tkir Hoshimovdek taniqli, mashhur yozuvchi birovga ish buyurmasdan, kamtarlik qilib, o‘zi qozon ko‘tarib ketyapti”, demaydimi?
O‘tkir aka kulimsirab yana qozonga engashadi.
– Gapingizda jon bor, qani ko‘tardik!
Shodmon OTABEK
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q