Suyug‘oyoq ayollar, bo‘shang erkaklar... – ssenariysiz seriallarning asosiy qahramonlari kimlar?


Сақлаш
01:25 / 11.01.2022 2133 0

Keyingi vaqtlarda telekanallar orqali namoyish etilayotgan "milliy" seriallar ijtimoiy tarmoqlardagi asosiy bahs mavzularidan biriga aylandi. Oyina.uz bu boradagi fikrlarini so‘rab, bir guruh ziyolilarimizga yuzlandi.

 

Zamira Begimqulova,

ssenariynavis, rejissyor:

 

– Deyarli serial ko‘rmayman, ba’zan ko‘zim tushib qoladi. Gapning ochig‘i, aktyorlar, ayniqsa, ayol obrazini ijro etayotganlarning aksariyati professional emas, o‘shalarning turqini ko‘rib g‘ashim keladi. Kipriklar ulangan, labi shishgan, qosh-ko‘z qop-qora bo‘yalgan. Ijro xaqida gapirmasayam bo‘ladi. Negadir aksariyat seriallarda ayollarni yengiltak, suyug‘oyoq qilib ko‘rsatishyapti. Sochi oppoq qaynotasiga yopishadimi-yey yoki xotini o‘lgan qaynisiga suykaladi... Bilmadim, hayotda balki bordir shunaqalar. Ammo nima uchun aynan ular bosh qahramon bo‘lishi kerak? Tomoshabop qilaman deb faqat hayotning qorong‘i tomonini bo‘rttirib ko‘rsatish shartmi? Keyin baqir-chaqir, mushtlashish sahnalari juda ko‘p. Tomoshabinlar mendan “Nega faqat yomon odamlar, urish-janjallarni ko‘rsatyapsizlar? Yoshlarga ibrat bo‘ladigan, bolalarimiz bilan bemalol o‘tirib ko‘radigan, xijolatli holatga tushib qolmaydigan voqealarni ko‘rsatmayapsizlar”, deb so‘rashadi. Men ham shu savolni xususiy telekanallarda ijod qiladiganlarga berganimda tomoshabinlarni shunaqa voqealar qiziqtiradi deb javob qaytarishadi. 

 

Yana bir jihati, seriallarda asosan Toshkent shevasida gapirishadi (MTRKning ham ba’zi kanallarida namoyish etilayotgan filmlar shevada ketyapti hatto). Davlat tili me’yorlariga amal qilinmaydi. Dialoglar juda jo‘n. Badiiylik yetishmaydi. Rejissura yo‘q. Operatorlar tasvirga olish qonun-qoidalarini buzishadi. Umumiy planlar olinmaydi. Yirik plan umumiy planga nisbatan olinadi. Yirik planlarda xatoliklar ko‘p. Bitta planda uzoq turiladi. Menga "Sevimli" kanalida namoyish etilgan "Sizsiz o‘tmas kunlarim" seriali yoqdi. Rejissyor aktyorlar tanloviga katta e’tibor bergan. Hamma rollarni professional aktyorlar ijro etgan. Ayniqsa, Shodiya Abduqodirova, Karim Mirhodiyevning ijrosi tahsinga loyiq.

 

Yaqinda “Iskanja” serialida ko‘rib qoldim, ko‘chada qiynalib yurgan bechora ayol mardikorchilik qilarkan-u, lekin tirnoqlari o‘stirilgan, har xil rangga bo‘yalgan. Nahotki, shu ko‘rinib turgan, elementar narsani rejissyor ham, aktrisa ham ko‘zdan qochirgan? Biz tanqid qilganimiz bilan seriallarni olish to‘xtab qolmaydi, chunki efirni to‘ldirish kerak. Mana, Yozuvchilar uyushmasi bor, Kinoarboblar uyushmasi bor, shu seriallarni ishlaydiganlarning ham uyushmasi bo‘lishi kerak. Xususiy kanallarda berilayotgan seriallarni rejissyorlar o‘zlari pul topib, o‘zlari tasvirga oladi, shuning uchun arzonroq yo‘llarini izlashadi. Tekinga rol ijro etib beradiganlarni qidirishadi, ko‘rgan-eshitgan voqealaridan syujet yasashadi, bularga hatto ssenariy ham yozilmaydi. Nazarimda, teleseriallarni qat’iy nazoratga olish kerak. Badiiy kengash qabul qilganidan keyin efirga berilish tartibini o‘rnatish kerak.

 

Mohinur Ahmetjonova,

O‘zRFA san’atshunoslik instituti doktoranti:

 

– Bugun jahonda teleseriallar rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarilib bormoqda. Milliy seriallar ham keskin ko‘payayotganini qayd etish joiz. “O‘zbektelefilm” DUK suratga olgan ijod mahsullari xorijiy davlatlarning nufuzli mukofotlariga loyiq ko‘rilgani quvonarli hol. Ammo sohada muammolar ham talaygina…

 

Davlat buyurtmasi asosida ishlangan seriallar birmuncha saviyali deya olamiz, ammo xususiy telekanallarniki haqida bunday fikr bildirish mushkul. Eng katta muammo dramaturgiya xususida bo‘lib, butun boshli serial ssenariy yozilmasdan suratga olinayotgani, afsuski, ko‘pchilikka ma’lum va bu hech kimni hayratga solmay qo‘ydi.

 

Ba’zi ijodiy jamoa a’zolari butkul tajribasiz bo‘lib, o‘ta sifatsiz "san’at" mahsullari ko‘payishiga sabab bo‘lishmoqda. Aktyorlarni taklif etib, taxminiy syujetni bayon qilgan holda improvizasiya orqali rol ijro etishni talab qilishmoqda. Senariysiz serial ishlash poydevorsiz imorat ko‘tarishga o‘xshaydi.

 

E’tirozga sabab yana bir masala bu – kurakda turmaydigan darajadagi behayolikning targ‘ib qilinayotganidir. Sharmisorlikni zamonaviylik deya tushunayotgan, seriallarni bema’ni va tuturuqsiz nomlash orqali e’tiborni jalb etishga urinayotgan “ijodkorlar” soni ortib bormoqda. Xususiy telekanallar va ijtimoiy tarmoqlarda saviyasiz, hech bir qolipga sig‘maydigan, yoshlar tarbiyasi va tomoshabin didiga putur yetkazadigan seriallar qayta-qayta namoyish  qilinmoqda.   

 

Teleseriallar haqidagi mulohazalar tor doirada aylanib yotibdi, ko‘pincha mutaxassislar fikri bilan qiziqilmayapti, o‘rinli e’tirozlar e’tiborga olinmayapti... Oqibatda esa muammolar yechimsiz qolib ketmoqda.

 

Gulchehra Umarova,

 

jurnalist:

 

– Milliy seriallarimiz tobora ko‘rib bo‘lmaydigan bo‘lib boryapti. Eng oddiy misol – “Tug‘mas” yoki “Bepusht”. Bu qanday nom bo‘ldi endi? Men aynan bu seriallarni kuzatganim yo‘q. Nomlanishining o‘ziyoq yoqimsiz hissiyot uyg‘otadi. Hozir istagan odam serial ishlab, istagan odam ekranda qo‘yyapti.

 

Turk seriallarini yomonlardik. O‘zimizniki esa ulardan ham o‘tib ketdi. Kelin qaynotaga yo qaynota kelinga, uka yoki aka bir-birining xotiniga ko‘z olaytiradi. Yalang‘och sahnalarni aytmaysizmi? Tomoshabinni qiziqtirish kerakmish... Reyting kerak ekan. Qadriyatlarimiz-chi, odob-axloq-chi! Farzandlarimizning tarbiyasi-chi? Xullas, gapirsa gap ko‘p. 

  

Muhayyo Yo‘ldosh,

adabiyotshunos:

 

– Seriallar qaysi davlatniki bo‘lishidan qat’i nazar, munosabatim yaxshi emas. Chunki davomiy bo‘lgan narsaning boshqaruvda ahamiyati katta. Odamni ergashtirish, fikrini o‘zgartirish, tarbiyasi, axloqiga ta’sir qilish yo‘li davomli jarayondir. Tomchi toshni teshadi, degan maqol bejiz emas. Mana shu seriallarni zaharli tomchiga o‘xshataman. Istalgan millatni o‘z qiyofasidan, axloqiy tutumlaridan, qonuniyatlaridan, qadriyatlaridan begona qiladi. 

 

“Tutash taqdirlar”, “Turmush chorrahalarida”, “Fidokorlar”, “Opa-singillar” kabi seriallar durust, rivojlanishimizga xalaqit beradigan jihatlarimizni ko‘rishga yordam beradi. Seriallarning ta’sir kuchi badiiy filmnikidan salmoqli bo‘lgani bois ssenariysiga, kim rejissyorlik qilishiga, kim ishtirok etishiga jiddiy e’tibor berish kerak. O‘zbek millati vakili kim deganda ko‘z oldimizga keladigan, mehmondo‘st, andishali, birovning manfaatini o‘zinikidan ustun qo‘yadigan, bag‘rikeng, ota-onasiga mehribon kabi sifatlarga ega odam bo‘lishi kerak rejissyor. Lekin, afsuski, kinoijodlarimiz unchalik ham o‘zbekona ruhiyatga ega bo‘lmagan insonlar. Shu bois ular ishlayotgan seriallarda o‘zbekona ruh yo‘q.

 

Hozirgi seriallarni ko‘rib, nahotki qaynota bilan kelin o‘rtasida shunday suhbat bo‘lishi mumkin, deb o‘ylaysan. Aka-singilning o‘rtasida ham qandaydir masofa saqlanishi kerak-ku. Biz shunday millat bo‘lganmiz: eng yaqin odamlar ham bir-biri bilan munosabatda odob-axloq chegarasidan chiqmagan. Eng yaxshi asarlarimiz “Alpomish” va “O‘tgan kunlar”ni olsak, insonlar orasidagi nozik pardani ko‘rishimiz mumkin, hozir ana shu parda yo‘qolgan. Rejissyorlar buni bilmaydi yoki bilsayam keraksiz deb o‘ylaydi. Ular tanlagan mavzu, aktyorlar, yechim, albatta, milliy emas. Shuning uchun bizda milliy seriallar yaratilmayapti, deb ayta olaman. 

 

Mehriniso Qurbonova,

jurnalist:

 

– O‘zbek telekanallarida berilgan birinchi milliy serial “Ko‘ngil ko‘chalari” edi. Shundan beri qanchadan-qanchasi efir yuzini ko‘rdi, imkon boricha kuzatib boraman. O‘zi, milliy serial nima degani? Afsuski, buni rejissyor va ssenariynavislar anglab yetgani yo‘q. Ko‘p qismli filmlarning 98 foizida biz o‘rnak oladigan milliy qahramonlar yo‘q. Masalan, boshqa davlatlar o‘z seriallarini milliy deb aytmaydi, biroq biz ularni tomosha qilganimizda turkning, amerikalikning, koreysning kimligi yaqqol ko‘rinib turadi-ku? 

 

Yana bir holat ko‘p kuzatilyapti: qamoqxona sahnalarida mahkum ayollarning labi boteks, qoshi tatuaj, yuzi tarang. Jurnalist sifatida qamoqxonalardagi haqiqiy muhitni ko‘rganmiz-ku. Bundan tashqari, seriallarimizda jamoa bo‘lib ishlash yo‘q. O‘nta qismini bir muallif, qolganini boshqa odam yozadi. Shuning uchun ayrim obrazlar serial o‘rtasida yo‘qolib qoladi. Kelinining ovqatni sho‘r qilishini poylab, javonini titadigan qaynonalarni ekranga olib chiqish shart emas, menimcha.

 

Yaqinda bir xususiy telekanalda ko‘rdim: qaynota kelinining yotog‘iga kirib kelyapti. Mayli, boshqa davlat seriallarida bordir bunaqa epizodlar. Ammo otaxonlarimizning orini pastga urishdan maqsad nima? Uch-to‘rtta shunday bo‘lmag‘ur odamni deb butun boshli o‘zbek qaynotalari yuzini yerga qaratish shartmi?.. Asosiy maqsad – ezgulikka chorlash bo‘lishi shart. Ssenariy mualliflariga yetarli darajada qalam haqi to‘lanmayotgani bois ham saviyasiz asarlar to‘lib ketdi. Bu ishga professionallarni jalb etish kerak! 

 

Obidjon Ro‘ziboyev,

ssenariynavis:

 

– Mutaxassis so‘zim, hozirgi seriallarda son ko‘paydi-yu, sifat umuman qolmadi. 80-90 foizida syujet liniyalari xatolarga to‘la, boshi oxiriga yetmaydi yoki o‘rtasida yangi personaj paydo bo‘lib qoladi va bosh qahramon darajasiga chiqib ketadi. Seriallarning yomon ishlanganini ko‘rmay turib ham bilish mumkin. Masalan, nomini sanab o‘tsak: "Bokira", "Bepusht", "Tug‘mas"... Men tomoshabin bo‘lsam, ota yoki onamga qarab: "Bokira"ni ko‘ryapsizlarmi, qalay kino ekan", deyishim g‘alati. Yoki maktab yoshidagi bola serialni ko‘rib, ota-onasidan bepusht nima deb so‘rashi mumkin-ku? Serial ishlashning ham o‘z qonun-qoidasi bor. Syujetlar juda jo‘n, qaytariqlar ko‘p, aktyorlar jamoasi bir-biriga juda o‘xshash, rang-baranglik yo‘q.

Serialning butun boshli bir qismi uch-to‘rt epizod bilan o‘tadi. Tun va kun masalasi ham to‘g‘ri emas. Masalan, "Mardikor ayol"da kun bilan tun voqealari aralashib ketgan: uch-to‘rt kun avval ko‘zim tushdi, bir vaqtning o‘zida bir epizodda tun, narigi epizodda kun bo‘lib qolgan. Seriallarimizda, shuningdek, janrlar rang-barangligi yetishmaydi. Komediya yo‘nalishida deyarli hech qanday serialimiz yo‘q. Turklardan syujet o‘g‘irlashlar ko‘p uchraydi. Ochiq mavzular seriallarda ham, ko‘rsatuvlarda ham ko‘payib ketdi. "Qaynotam erim bo‘ldi", "Qaynakam tegajog‘lik qildi", "O‘gay akam nomusimga tegdi"... bularni aytishga ham uyalaman, ammo ko‘rsatuvlargayam shu mavzular olib chiqilyapti, seriallarimizda ko‘rsatilyapti. Telekanallardagi seriallardan ko‘ra "Yutub" kanallaridagisi tuzukroq bo‘lib qoldi. 

                                                                       

Abdumajid Azim,

shoir:

 

– Bugungi kunda suratga olinayotgan aksariyat seriallarga keyingi yillarda ishlangan va bir marta ham ko‘rishga arzimaydigan ayrim badiiy filmlarda ko‘tarilgan bachkana, maishiy mavzular: qashshoq yigit boyning qizini sevib qolishi yoki boyvachchaning yetim qizga ishqi tushishi, shuningdek, qaynona-kelin, ovsinlar mojarolari, farzandsizlik, aka-ukaning meros talashib, bir-biri bilan qirpichoq bo‘lishi kabi siyqa mavzular ko‘pirtirilgan, bo‘rttirilgan holda olib kirilmoqda.

 

Aksariyat serial qahramonlari voqealar jarayonida biror tayinli ish bilan shug‘ullanmaydi. Qaynona-kelinlar esa bekorchilikdan janjallashayotgandek. Eng yomoni, seriallardagi firibgar, yolg‘onchi, hatto   do‘stining ayolini ham yo‘ldan urayotgan olchoqlarni ko‘rib, qanday zamonga tushib qoldim, deya boshingizni changallashingiz turgan gap. Bir so‘z bilan aytganda, bu seriallar inson ma’naviyatini yuksaltirish, unga hayotiy motivasiya berishga xizmat qilmayapti. Aksincha, uni ko‘rganingizdan keyin hayot faqat negativdan iborat, insonlar bir-biriga yov, hech kimga ishonmaslik kerak, degan xulosa paydo bo‘ladi. Darvoqe, ushbu seriallarni aslo oila davrasida tomosha qila ko‘rmang, aks holda, uyatdan yerga kirib ketishingiz hech gap emas.

 

Seriallarimizning ko‘zga tashlanadigan yana bir qusuri – real hayotdan mutlaqo uzoqlik yoki hayotga bir tomonlama qarashdan iborat. Shu ma’noda seriallarni yaratishga professional adib va dramaturglarni jalb etishni jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz lozim. Mahoratli muallif o‘rta maktabda  vijdonan saboq berayotgan oddiy o‘qituvchi yoki bemor hayotini jonfidolik bilan asrab qolayotgan shifokor-jarrohning hayotini ham maroqli qilib tasvirlashiga shubha yo‘q. Yana bir iltimosim, rejissyorlar real voqealarni ham uydirmaga aylantirib yubormasin. Qimmatbaho koshonada nimadandir norozi, qiynalib yashayotgan qaynonayu kelin, tagida "Malibu" bo‘lsa-da, bo‘ynigacha qarzga botgan personajlarni  ko‘rib, mantiqsizlik,  shakl va mazmun nomutanosibligidan ensamiz qotmasin. 

 

Anvar Namozov,

yozuvchi:

 

– Teleserial. Nima uchundir bu muammoli mavzu bizda. Hamma gap oila davrasida ko‘rishga borib taqaladi. Vaholanki, teleserial namoyishida +12, +16, +18 belgilari turadi. Oila davrasida tomosha qilishni istasangiz, boshqa nimadir ko‘ring. Axir, teledasturlar ko‘p-ku! Ochig‘i, bugun "qizil" gaplar, "sof" tuyg‘ular, jimjimador iboralar bilan tomoshabinni jalb qilib bo‘lmaydi. Tomoshabin zerikdimi, mehnatingiz  chiqitga chiqdi, deyavering. Shartta boshqa kanalga o‘tib ketadi. Tomoshabinsiz serialning esa keragi yo‘q! Qolaversa, TVda reyting tushsa, kanalni bo‘shatib qo‘yishga to‘g‘ri keladi.

 

Ming afsuski, hozirgi manzara shunday! Tomoshabinni orqamdan ergashtiraman, deb ham o‘ylamang. To‘g‘ri, buni uddalash mumkin. Ammo tomoshabinning yo‘rig‘iga yurib, qandaydir kelin-qaynonani va yana chirkin voqealarni albatta kiritishingiz kerak. Odamlar seriallar oldi-qochdi bo‘lib ketdi, deyishi mumkin, biroq aynan shu mavzuni tomosha qilaveradi. Homiy, prodyuserlarga, ayniqsa, rejissyorga qanchalik qiyinligini anglayapsizmi?

 

Dangal gap: xalqimizning saviyasi tushib ketyapti, o‘smayapti. Kitob o‘qilmagach, boshqa nimayam bo‘lsin, axir?.. Ammo teleseriallarni ko‘rmay turib baho berishimiz ham insofdan emas. Birorta qismini tomosha qilmay, "O‘zbek seriallari bir tiyinga qimmat", deymiz. Xolis bo‘laylik, xato-kamchiliklarni keltirib o‘taylik, ammo bunday keskin xulosa chiqarmaylik.

 

Aslida o‘zbek tomoshabini injiq. Turk seriallari bo‘lmag‘ur, o‘zimiznikini qo‘yinglar, deydi. O‘zimizning seriallar namoyish etilsa, teskarisini gapiradi. Eng avvalo, tomoshabinda tuturiq, did-farosat bo‘lishi kerak-da! Didi nozik bo‘lsa, saviya sayqallashib borsa, seriallar mazmun-mundarijasida ham o‘sish kuzatiladi.

 

Nodira IBROHIMOVA,

Oyina.uz   

 

 

Изоҳ йўқ

Изоҳ қолдириш

Сўнгги мақолалар

Барчаси

Адабиёт

16:11 / 22.11.2024 0 51
Мактаб амма





Кўп ўқилган

Барчаси

Тарих

17:05 / 05.05.2023 0 10439
Мучал нима? Туркий тақвим тарихи

//