
Xatlarning hayotimizga qachon kirib kelganini hech kim aniq aytolmasa kerak. Harqalay, xat va bunga sabab bo‘ladigan tuyg‘u odam bolasining o‘zi kabi qadimiy. Faqat maktublarning bajaradigan vazifasi, ijtimoiy ahamiyatigina davr yoki kishilarning hayotiy talablariga, inson ongiga qarab u yoki bu darajada o‘zgarib turgan. Masalan, bashar hayotining dastlabki davrlarida u har xil belgi-shakllar ko‘rinishida tabiat oldidagi kechinmalarni ifodalaydi. Keyinroq ma’lumot tashishga o‘tadi – qabila vakillari uning yordamida bir-birini xavfdan ogohlantirib, axborot almashadi. Keyinchalik katta-katta davlatlar, saltanatlar o‘rtasida diplomatik qurolga aylanib, mamlakatlar taqdirini hal etadi. Undan keyinroq san’at va madaniyat xodimlarining fikr almashish vositasi bo‘lib xizmat qiladi – ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy masalalarni hal etishda o‘ziga xos rol bajaradi. Undan ham keyinroq esa o‘zi bir san’atga aylanadi...
To‘g‘ri, yuqorida xatlarning bosib o‘tgan yo‘li haddan oshiq katta odimlar bilan sanab o‘tildi. Shu tufayli uning kechmishiga oid juda ko‘p bosqichlar qolib ketdi. Chunki xatning turli ashyolardan foydalanib jo‘natiladigan turi, hatto yozuv paydo bo‘lishidan oldin ham bo‘lgani haqida faktlar bor. Masalan, qadimgi Maya qabilalari chilvirga tugun tugish orqali bir-biriga xabar yo‘llagan. Bunda tugunlar soni va qanday tugilganiga qarab, ma’lum so‘zlarni ifodalagan.
Herodotning “Tarix” kitobida ham ashyolar yordamida yo‘llangan xat haqida qiziq ma’lumotga ko‘z tushadi. Unga ko‘ra skiflar ona zaminiga bostirib kirgan fors shohi Doroga qush, sichqon, baqa va beshta kamon o‘qi jo‘natadi. Doroning vaziri Gobriyun hukmdoriga jo‘natilgan buyumlar ma’nosini shunday tushuntiradi: “Skiflar bizga qush kabi ko‘kka uchsangiz ham, sichqonday yerni kovlab kirsangiz ham, baqaday botqoqqa qochsangiz ham o‘tkir paykonlarimizdan omonlik yo‘q demoqchi”.
Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida fors hukmdori Doroning o‘zi soliq to‘lashni istamagan Iskandarga chavgon, yog‘och to‘p va bir xalta kunjut yuborganini o‘qiymiz. Shunga o‘xshash detal o‘zbek ertaklaridan birida ham bor. O‘sha ertakda shahzoda malikaga uylanish uchun sovchi jo‘natadi. Malika shahzodaga avval biror hunarni egallasin degan talab qo‘yadi. So‘ng shahzoda gilam to‘qishni o‘rganadi. Bir kuni u qaroqchilar qo‘liga tushib, zindonda turib to‘qigan gilamiga o‘zini qanday topish mumkinligi haqidagi xabarni tilsimlaydi. To‘g‘ri, bu paytlarga kelib yozuv allaqachon kashf etilgan bo‘lishi mumkin. Biroq qadimda odamlarning bir-biriga narsa-buyum jo‘natgani va qabul qiluvchining bundan ma’lum fikrni tushunishining o‘zi maktubning yozuv paydo bo‘lishidan avval ham bo‘lganini bildirmaydimi?
Internet manbalariga ko‘ra dunyodagi eng birinchi yozma siyosiy maktub Mesopotamiya davriga tegishli. U miloddan avvalgi XXIV asrda, Lagash hukmdori Enmetena tomonidan uchburchak sopol parchasiga mixxat yozuvi bilan bitilgan. Ushbu xat Lagash va Umma davlatlarining chegara nizolarini tinch yo‘l bilan hal etish haqida bo‘lib, inson tarixidagi eng birinchi diplomatik maktub deya baholanadi. Undan ham oldingi maktablar bo‘lishi mumkin, lekin bizgacha yetib kelgan eng qadimgi moziy qushi shu. Arxeologik qazishmalar natijasida topilgan mazkur tarixiy bitik bugungi kunda Britaniya muzeyida saqlanayotir. Uni Dublindagi Triniti kollejining tarix va gumanitar fanlar professori Brid Makgrad hamma davrlarning eng muhim maktubi deb e’tirof etadi. Olimning fikricha, bu xat nafaqat davlatlar o‘rtasidagi diplomatik aloqalarga yo‘l ochgan, balki odamlarni savodli bo‘lishga undagani bilan ham e’tiborga molik. Shuningdek, professor Nasimxon Rahmonovning yozishicha, miloddan avvalgi III asrda Markaziy Osiyoda hukmdorlik qilgan Botir Tangriqutning Xitoy malikasi bilan yozishmalari ham fanga ma’lum. O‘sha davr turkiy tilida ular “bildirgulik” deb atalganini aytadi olim.
Dunyoning qiyofasini o‘zgartirgan eng muhim maktublardan yana birini fizik olim Albert Еynshtayn yozgan. U natsizmga tish-tirnog‘i bilan qarshiligi sababli Germaniyani tark etgach, Amerika prezidenti Franklin Ruzveltga xat jo‘natadi. Xatda kelajakda atom bombasining yaratilish ehtimoli borligi va Germaniya bu borada ish boshlaganini ma’lum qiladi. Ayni paytda prezident vaziyatni to‘g‘ri baholashi uchun bu qurolning qanday ishga tushishi va olamshumul xavfini qisqa izohlaydi.
Nobel mukofoti sohibi, dunyodagi eng yetakchi fiziklardan biri Еynshtaynning prezidentga yozgan maktubi katta qiziqish va muhokamalarga sabab bo‘lishi tabiiy edi. Shu tariqa yadroviy qurol g‘oyasi ilm-fan tasavvuridan jamoatchilik ongiga olib o‘tiladi. Germaniya urushda bu quroldan foydalanolmagan, 1943-yilda mamlakatning yadro bazasi yo‘qotilgan, ammo endi uni yaratish mumkinligi va nimalarga qodir ekanini ko‘pchilik bilardi. Qarabsizki, bir enlik maktub dunyo tarixida atom davrini boshlab beradi. Nisbiylik nazariyasining muallifi 1947-yili Amerikaning “Newsweek” jurnaliga bergan intervyusida “Hitler atom bombasini yaratishda omadi chopmasligini bilganimda, prezidentga o‘sha mash’um xatni hech qachon yozmas edim” deb afsus chekkan. Bu xat hozir Franklin Ruzvelt nomidagi prezident muzeyida turibdi.
Xat jo‘natish usullariga kelsak, uni yugurdak yo chopar orqali jo‘natish hammasidan qadimiy. Odamlar xatlarni olis masofalarga dastlab yugurdak orqali piyoda, keyinroq ot yoki tuyadagi chopar bilan yuboradi va bu usullar asrlar davomida takomillashadi. Ma’lumotlarga qaraganda, ilk pochtaxona miloddan oldingi VI asrda ahаmoniylar Eronida paydo bo‘lgan. Keyinchalik u qadimgi Misr va Xitoy davlatlarida mukammallashtirilgan. XIII asrga kelib, mo‘g‘ul armiyasi eng uchqur, chapdast choparlarga ega bo‘lgani haqida faktlar bor. Ular tuman, viloyat, qo‘shni davlatga o‘tadigan yo‘llarda pochta bekatlariga o‘xshash yom (rabot, bekat) tashkil qilishgan. Bu yomlar bir-biridan 20–25 kilometr uzoqlikda qurilgan va ularni askarlar qo‘riqlagan.
Lekin pochta tashkil qilindi degan tushuncha bir qadar nisbiy bo‘lib, sharqda tuyalar necha ming yillar davomida xat tashish bilan shug‘ullangani, karvonsaroylar pochtaxona tashkil qilinishidan oldin ham xatni jo‘natish-qabul qilish joyi hisoblanganini unutmaslik zarur.
Pochta tizimi haqida gap ketganda, kaptarlarni eslamay iloj yo‘q. Chunki eski davrning eng tezkor chopari aynan u edi. Kaptarlar orqali xabar yo‘llash usuli bundan uch yarim ming yilcha avval Misrda paydo bo‘lgan deyishadi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, kaptarlar faqat bugungi “sms”ga o‘xshash qisqa xabarlar tashigan. Misrliklar undan Nil daryosidagi toshqinlardan o‘z vaqtida boxabar bo‘lish va harbiy topshiriqlar olishda foydalangan. Keyinroq bu usul Mesopotamiya va Eronga ham yoyiladi. Ammo yunon va rimliklar patli pochtalionlardan yanada unumli foydalanish yo‘lini topishdi. Ular hatto Olimpiya o‘yinlarining natijalarini ham shu jonivorlar yordamida uzoq shaharlarga yetkazishar edi. XIV asrda Fransiya qiroli Henrix IV kaptarlarning ilk pochtaxonasini tashkil qilgani haqida ma’lumot bor. Ular keyinroq Hindiston va Osiyoning boshqa davlatlarida ham paydo bo‘lgan.
Shunisi qiziqki, inson zamonaviy davrlarda ham tezkor pochtachi sifatida kaptarlardan voz kechmadi. 1800-yilda ham Nyu-yorklik jurnalistlar ulardan qisqa xabar tashishda foydalangan. XX asrga kelib, urushlar davrida – boshqa aloqa usullarini qo‘llash imkonsiz bir paytda – u hamon harbiy sohaning yaqin dastyori edi. Hatto Birinchi jahon urushida, yaralanganiga qaramasdan, britan armiyasiga dushman chizig‘i bo‘ylab muhim xabarni yetkazib kelgan kaptar Cher Ami[1] jasorati uchun medal va harbiy unvon bilan taqdirlanadi.
Xatning asar tusiga kira boshlashi esa Yunon-Rimga borib taqaladi. Yunon faylasufi Platon va Rim notig‘i Sitseron birinchi bo‘lib maktub shaklidagi risolalar yozgan. Xristianlarning muqaddas kitobi Injil va Homerning “Iliada” dostonida ham butun-butun maktublar uchraydi. XIV asrlarga kelib, bu sharqda ham ommalashadi. Adabiyotning nomachilik degan alohida yo‘nalishi shakllanadiki, bugungi kunda uni epistolyar janr deb ataymiz. Jaloliddin Rumiyning “Maktubot”, Nosir Xisravning “Noma va risolalar”, Alisher Navoiyning “Munshaot” kabi asarlari noma janrining sharqdagi dastlabki namunalaridir. Ammo uyg‘onish davridan keyin Yevropa uni romanchilikning ham alohida yo‘nalishi sifatida adabiyotga olib kirdi.
Internetda romanchilikning bu yo‘nalishi paydo bo‘lishi bilan bog‘liq qiziq ma’lumotga duch keldim. Ma’lum bo‘lishicha, 1600-yillarda Angliya qiroli Charlz I mamlakat aholisi uchun pochta tizimini joriy qiladi. Lekin bu vaqtda o‘zaro xat yozishish faqat qirollik vakillari va birov-yarim zodagonlarning odati edi. Xat-savodli odamlarning ko‘pchiligi maktub yozish ko‘nikmasidan bexabar edi. Shunda Londondagi bosmaxonalarga xat yozish qo‘llanmasi yaratish topshirig‘i beriladi. Husnixat ila bitilgan maktublarni yig‘ishga kirishib ketgan nashriyot xodimlari kutilmaganda epistolyar janrdagi ilk romanga tartib beradilar. Ularni maktub uslubiyatidagi yolg‘izlik, ayni paytda o‘ziga boshqa birovning nigohi bilan qarash kabi original ruhiy manzaralar jalb etgan bo‘lsa ajab emas.
Adabiyotshunoslar epistolyar romanning janr talablariga muvofiq ilk namunalari sifatida Gabriel-Jozef Giyerag ismli muallifning to‘qima obraz – rohiba ayol ishqiy xatlaridan iborat “Portugal maktublari” va Afra Ben degan yozuvchining “Dvoryan va singlisining sevgi maktublari” asarlarini aytishadi. Bugungi kun kitobxoni uchun ham ma’lum-mashhur epistolyar romanlarga esa Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari”, Dostoyevskiyning “Bechora odamlar” asarlari misol bo‘la oladi. Verter ismli yigitning sevgilisiga yozgan xatlaridan iborat birinchi romanda pok, ta’sirchan qalb bilan yashash qanchalik mashaqqatli ekanini anglasangiz, Makar bilan Varvaraning yozishmalaridan tashkil topgan ikkinchi asarda xatlar o‘z davrining ijtimoiy muammolarini, hayot adolatsizliklarini ochib beruvchi vosita bo‘lib xizmat qilganini ko‘rasiz.
Zamonaviy o‘zbek adabiyotida epistolyar janrdagi birinchi romanni 1998-yilda Abduqahhor Ibrohimov yozgan. Lekin asar ichida bevosita maktublarga murojaat qilish ming yil narisidagi xalq og‘zaki ijodi namunalaridayoq uchraydi. Shulardan biri “Alpomish” dostonidir. Esingizda bo‘lsa, dostonda alplarning qistovida qolgan Barchin Hakimbekka “Olti oychilik yo‘lga keldim, qalmoqning eliga keldim, zo‘r yovning qo‘lida qoldim, olti oyga muhlat oldim, mendan umidi bo‘lsa Alpomishi kelsin, bo‘lmasa, javobimni bersin” deb xat bitib yuboradi. Shuningdek, xalq ijodiyotining boshqa namunalari, jumladan gap boshida eslab o‘tganimiz singari ertaklarimizda ham xatning xaloskor yoki ilinj sifatida tasvirlanganini ko‘ramiz.
Biroq xatning xaloskorga aylanishi faqat xalq ijodiyotiga xos emas. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida Otabekning hayotini otasidan kelgan xat saqlab qoladi. Umuman, Qodiriy asarida xatlardan juda unumli foydalangan. Romanga jami 16 ta xat kiritilgan bo‘lib, ishga, shaxsiy hayotga, davlat boshqaruviga oid bu xatlar qahramonlarning ma’naviy olamini yoritib, asarda o‘ta muhim funksiya bajaradi. Sir emaski, yaqin-yaqinlargacha uyiga xat jo‘natgan askarlar o‘z so‘zini “Ushbu yozgan xatim tez yetib ma’lum va ravshan bo‘lsinkim, ul so‘lim falon qishloqdagi...” degan an’anaviy jumlalar bilan boshlar edi. “O‘tkan kunlar” romanida ham xatlar boshlanma va yakunga ega. Faqat yozilgan davri madaniyatidan kelib chiqib, ular islomiy ko‘rinishda. Qolaversa, boshlanma va yakuniy qismlar qahramonning ruhiy holati bilan umumlashtiriladi. “Duoyi salom bilan”, “Kumush emas, Tuproqbibi yozdim” singari.
Xatlarning qabul qilib oluvchi yoki jo‘natuvchining o‘zini xarajatga tushiradigan turlari ham bo‘lgan. “Qorxat” deb nomlangan ular. Birinchi qor yog‘ishining xursandchiligini ifodalagan bunday xatlarda jo‘natuvchi o‘z shartini bayon qilgan. Xatni olgan odam qo‘lidagining qorxat ekanini kech tushunib, bergan odamni quvib yetolmasa, o‘sha shartni bajargan. Yetsa, yozilgan vazifani bajarish xat egasining bo‘ynida qolgan. Shartlar ham yengil bo‘lgan: ziyofat uyushtirish, qorni kurash, do‘ppi yo belbog‘ olib berish singari. Shundan u qiziqarli o‘yin sifatida zavq uyg‘otgan, ko‘ngillarni yaqinlashtirgan. Biroq xatlarni faqat munosabatlarning mustahkamlanishiga xizmat qilgan, qaynoq kechinmalar, yaxshi gaplar tashigan deyishimiz xato. Kezi kelganda u o‘ta sovuq xabarlar ham keltirgan. Kirib borgan uyiga qora kunlarning, aniqrog‘i, o‘lim musibatining daragini ham yetkazgan. Xalq ularni “qora xat” deya atagan.
Shunday qilib, insoniyatning ham shaxsiy, ham ijtimoiy hayotida muhim hodisa sanalgan, qariyb uch ming yildan beri goh u, goh bu ko‘rinishda yashab kelayotgan maktublar bugun elektron shaklga ham kirib ulgurdi. Endi uni soniya ichida dunyoning u chetidan bu chekkasiga jo‘natish imkoni bor. Ammo xatlar mazmuni anchayin torayib, hajmi ixchamlashgan. Asosan ish, ijtimoiy soha ko‘makchisiga aylanib, shaxsiy hayotdagi o‘rnini bo‘lak zamonaviy vositalarga bo‘shatib bermoqda. Davr shiddatiga xos qisqa va lo‘nda “sms”lar xatlarning hozir eng ommalashgan ana shunday turlaridan biri. Ular bugungi kun odamini ham hissiy, ham jismoniy urinishlardan yaxshigina ozod qilgan, qog‘oz maktublarga qaraganda, xarajatni ancha kamaytgan...
Maktublar inson hayotida paydo bo‘lganidan boshlab o‘zida ma’naviy olamimizni, hayot tarzimizni, ong darajamizni ifodalab keladi. Ularning bosib o‘tgan yo‘liga qarab insoniyatning bugunga dovur nimalarga erishib, nimalarni yo‘qotganini anglash mumkin. Shuning uchun ham xatning yana qaytib bir vaqtlar kaptar tashiganga o‘xshash qisqa xabarlarga aylanishi va ular o‘zida faqat ma’lumot tashiyotgani bizni sergaklikka chorlashi lozim. Demak, inson o‘zining ruhiy qismiga oid allanarsani boy berdi. Nimagadir ishonmay, nimanidir axtarmay qo‘ydi. Bu dunyo adabiyotining eng ko‘p e’tirof etilgan asarlaridagi – “Yolg‘izlikning yuz yili”, “Qiyomat” kabi – sivilizatsiya oldidagi xavotirni, tasavvuf ahlining ruhni o‘stirish bilan bog‘liq qarashlarini yodimga soladi. Axir odamzotni g‘orlardan bilak kuchi emas, aynan ongi yetaklab chiqqandi. Shu ong, shu idrok unga avvalroq tabiatning, keyinroq avlodlarning oldidagi mas’ullikni birma-bir anglatgandi.
Aristotelning dono bir iborasi bor. U mantiqning to‘g‘ri ishlash texnikasini tushuntirar ekan, “Hamma odamlar o‘limli bo‘lsa va Zayd odam bo‘lsa, demak Zayd ham o‘limlidir” deb yozadi. Olimning nazariyasi bo‘yicha fikr yuritadigan bo‘lsak, toki odam bolasini g‘ordan aynan ong, idrok yetaklab chiqqan ekan, uning orqaga qaytishi bizni tag‘in g‘orlar sari yetaklaydi. To‘g‘ri, u qadimgi inson yashagan, ya’ni tog‘ bag‘rini o‘yib yasaladigan sovuq g‘or bo‘lmasligi mumkin. Ammo qorni uchun yashayotgan, imkon qadar ko‘proq yegulik zaxiralarini yig‘ayotgan, munosabatlarni manfaat ustiga qurib, hamma narsani o‘ziniki, o‘ziniki va faqat o‘ziniki qilishga urinayotgan odamlarning Yer sayyorasidagi yashash tarzi o‘sha ibtidoiy hayotdan mutlaqo farq qilmay qoladi...
Bayram ALI
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 1-son.
“Sopol qushlar va “sms”lar” maqolasi
Адабиёт
Санъат
Маънавият
Адабиёт
Адабиёт
Тарих
Таълим-тарбия
Тарих
Дин
Жараён
Ватандош
Санъат
Таълим-тарбия
//
Изоҳ йўқ