Ayni damda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi butun yurtimiz bo‘ylab keng miqyosda nishonlanmoqda. Xo‘sh, bu davr mobaynida O‘zbekistonda qanday islohotlar amalga oshirildi? Oyina.uz 32 yil davomida amalga oshirilgan 32 ta eng muhim islohotlarni jamladi.
Ta’lim
1. Maktabgacha ta’lim rivojlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 30-sentabr kuni “Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Mazkur hujjat bilan esa Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi.
Vazirlik tuzilmasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Toshkent shahar maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi, viloyatlardagi maktabgacha ta’lim boshqarmalari hamda ularning shahar va tuman bo‘limlari kiritildi. Shu davr mobaynida 2017-2022-yillarda jami 1 926 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, jami 5 828,5 mlrd. so‘mlik kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi.
Mazkur vazirlik 2022-yil yakunida tugatilib, 2023-yildan agentlik sifatida faoliyat olib bormoqda.
2. Maktablarda bepul darslik hamda tekin tushlik
Mazkur islohotni ushbu ro‘yxatga kiritmaslikning iloji yo‘q. Sababi, bu ota-onalar uchun quvonchli xabar bo‘ldi. Aynan 2023-yilgi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistondagi barcha maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul tushlik beriladi. Bu haqda “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmonida belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, maktab darsliklarining ijara puli doimiy ravishda bekor qilindi. Bu haqda esa Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, rasmiyning xabarida avvaliga ijara puli faqat 2022-2023-o‘quv yili uchun bekor qilingani aytilgan, ammo keyin qaror doimiyga o‘zgargan.
3. Prezident maktablari
Ta’lim sohasida so‘nggi 10 yillikda ko‘plab islohotlar amalga oshirilgani ayni haqiqat. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 20-fevral kuni “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagani buning yorqin isboti.
Ma’lumot uchun, ilk Prezident maktablari 2019-yilda Toshkent, Nukus, Namangan va Xiva shaharlarida o‘z faoliyatini boshlagan.
Mazkur turdagi maktablar bitiruvchilariga bir qator imtiyozlar ham berilishi belgilandi. Jumladan, “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorida ana shu jihatga e’tibor qaratilgan.
Unga ko‘ra, 2021−2022 o‘quv yilidan prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilari test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz davlat OTMlariga o‘qishga qabul qilinadi.
Shuningdek, agar ushbu turdagi maktab bitiruvchilari O‘zbekistondagi xorijiy OTM va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan taqdirda to‘lov-kontrakt summasini qoplash uchun subsidiya to‘lanadi.
4. Xotin-qizlar uchun imtiyoz: kontraktdan holi magistratura
2022-yil 15-avgustdagi hukumat qarori bilan davlat OTMlarining magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt summasini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Mazkur xabardan so‘ng turli savollar yuzaga keldi. Ya’ni, ushbu imtiyoz faqat 2022-yil uchun amal qiladimi? Barcha talaba qizlar ushbu imkoniyatdan foydalana oladimi? Biroq ko‘p o‘tmay keyingi o‘quv yilida ham magistraturaga qabul qilingan qizlarning to‘lov-kontrakti to‘lab berilishi e’lon qilindi.
5. “1 million dasturchi”
Yoshlar sportdan yuqori natijaga erishadimi yoki ilm-fandanmi, hukumat va mas’ullar tomonidan e’tirof etilishi hamda esdalik sovg‘alari berilishi odatiy holga aylangan. “1 million dasturchi” loyihasi ham g‘oliblarga eski noutbuklar sovg‘a qilingani ortidan yaxshigina tanilib oldi.
Loyiha global mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan to‘rtta mutaxassislikni o‘z ichiga oladi: ma’lumotlarni tahlil qilish, Android, FrontYend va FullStack. Umumiy kurs 120 soatlik ta’lim uchun mo‘ljallangan. Har bir bosqich yakunida ishtirokchilar laboratoriya ishlarini tayyorlashadi hamda ularga maxsus sertifikatlar taqdim etiladi.
6. Innovatsiya vazirligi - ilmiy ishlanmalarni moliyalashtiruvchi ilk tashkilot
Prezidentning 2017-yildagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat asosida tashkil etilgan Innovatsiya vazirligining asosiy vazifalari ham ko‘p o‘tmay e’lon qilindi.
Ya’ni, u ilmiy darajali kadrlar tayyorlash tizimini muvofiqlashtirishdan tashqari yoshlarni ilmiy va innovatsion faoliyatga jalb etishning samarali mexanizmlarini joriy qilish va ularning tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ilmiy va innovasion loyihalarni amalga oshirishda investitsiyalarni jalb etish, xususiy sektor faolligini oshirish va venchurga asoslangan moliyalashtirishni rivojlantirishdan iborat edi. Shu sabab vazirlik yil davomida turli startap hamda ilmiy loyiha tanlovlarini e’lon qilib, ularni moliyalashtirib keldi.
Alohida qayd etish lozimki, vazirlik faoliyati yo‘lga qo‘yilmagunga qadar O‘zbekistonda ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirishga mas’ul bo’lgan tashkilot mavjud emas edi. Ammo mazkur vazirlikning ham umri uzoq bo‘lmadi. U ham tengdoshi, Maktabgacha ta’lim vazirligi kabi 2022-yilda tugatilib, hozirgi kunda agentlik sifatida faoliyat olib bormoqda.
Siyosat
7. Ochiq qo‘shnichilik munosabatlari
Shavkat Mirziyoyev siyosati natijasida erishilgan muvaffaqiyatli islohotlardan biri eng yaqin qo‘shnilar – Qirg‘iziston va Tojikiston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining o‘rnatilishidir. 2018-yil oktabr oyida ikki davlat o‘rtasidagi davlat chegarasi chizig‘ining 85 foizini tartibga solish bo‘yicha O‘zbekiston-Qirg‘iziston kelishuvi kuchga kirdi. Tojikiston bilan chegara va suv-energetika masalalari bo‘yicha ham muloqot davom ettirildi. 2017-yil aprel oyida 1992-yilda to‘xtatilgan poytaxtlar o‘rtasidagi havo yo‘li qatnovi qayta tiklandi. Oradan bir yil o‘tib, 2018-yilning mart oyida (yetti yillik tanaffusdan so‘ng) ikki davlatning janubiy hududlari yana temir yo‘l orqali bog‘landi. Ikki davlat fuqarolarining 30 kungacha bo‘lgan muddatga o‘zaro vizasiz sayohatlari to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuv ham kuchga kirdi.
Aynan 2018-yilning mart oyida Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari nutq so‘zlab, o‘zaro tashriflar, muntazam uchrashuvlar va muzokaralar o‘zaro manfaatli munosabatlarga aylanganini ta’kidladi. O‘zaro hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratildi. Uning natijalariga ko‘ra, bir qator dolzarb muammolarga amaliy yechim topildi. Yangi shartnoma va bitimlar imzolandi.
8. Yoshartirish siyosati
“Yuksalish” umummilliy harakati Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda e’lon qilgan reytingga ko‘ra, bugungi kunda 21 nafar vazirdan 8 nafari (38 foizi) – 35 yoshdan 45 yoshgacha, 5 nafari (24 foizi) – 46 yoshdan 50 yoshgacha, 3 nafari (14 foizi) – 51 yoshdan 55 yoshgacha. Mahalliy hokimiyat organlarining tarkibi ham sezilarli darajada yangilandi. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda hokimlarning o‘rtacha yoshi 46 yoshni tashkil etadi.
Mazkur reyting 2019-yildan buyon e’lon qilinmoqda. Shu vaqtga qadar bu mavzuda hech qanday rasmiy yoki norasmiy o‘rganishlar e’lon qilinmagan.
9. “Jasliq”ning yopilishi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 2-avgust kuni “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to‘g‘risida”gi (“Jasliq” qo‘rg‘onida joylashgan) qarorni imzoladi. Mazkur qaror barcha ijtimoiy faol qatlam tomonidan, shuningdek, xorijiy tashkilotlar hamda siyosatchilar tomonidan e’tirof etildi.
10. Yangi partiya tuzildi
2018-yil 14-noyabr kuni yangi – “O‘zbekiston ekologik partiyasi” tashkil etildi. Ta’kidlash lozimki, mazkur partiya O‘zbekiston fuqarolarining qulay sharoitda yashash huquqini himoya qilish, barqaror rivojlanish maqsadlarida iqtisodiyot, ijtimoiy soha, atrof muhitni muhofaza qilish va fuqarolar salomatligini saqlashga yo‘naltirilgan tizimli o‘zgarishlarga jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga da’vat qiladigan siyosiy kuch sifatida tuzilgan.
Ammo ijtimoiy tarmoq faollari ekologik muammolar ko‘tarilganda, partiyaning sukutini inobatga olgan holda, “nomi bor-u, o‘zi yo‘q partiya” sifatida ham e’tirof etishadi.
11. Yangi – Tabiat vazirligi
Ekopartiya mamlakatda barcha jabhalarni o‘ziga qamrab olishga intilgan 4 ta partiya bilan o‘zining ekomuhitni himoya qilish maqsadini ilgari surayotgan davrda yangi, tabiat uchun mas’ul bo‘lgan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashkil etildi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, yovvoyi hayvonlarni, yovvoyi o‘simliklarni ko‘paytirish va saqlash kabi mas’uliyatli vazifalarni o‘z zimmasiga olgan vazirlik jamoat orasida ekologik tarbiya, targ‘ibot va ta’limni, shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishni ham bajarishi lozim.
Biroq jamoat joylaridagi hali ham kuzatilayotgan salbiy holatlar, jumladan, chiqindining tashlanishi, unga bir tekisda chora ko‘rilmasligi vazirlik yuritayotgan siyosatga ijobiy qarashni biroz o‘zgartiradi. Bundan tashqari, sababsiz daraxtlarning kesilishi, o‘sish ehtimoli past bo‘lgan hududlarga ko‘chatlarning o‘tqazilishi, yovvoyi hayvonlarning esa ovlanishiga qarshi oldindan chora ko‘rilmasligi bu tizimda hali ko‘p o‘zgarishlar qilish kerakligini ko‘rsatadi.
12. Raqamlashtirish siyosati
Butun dunyoda sun’iy intellektdan foydalanish ko‘rsatkichi oshayotganiga qaramay, O‘zbekiston amalga oshirayotgan raqamlashtirish siyosatini alohida qayd etamiz. Boisi, endilikda deyarli barcha davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish mumkin. Xususan, passport olishga so‘rov, bolani bog‘chaga navbatga qo‘yish, navbatni tekshirish, viza uchun so‘rov kabilar to‘laqonli elektron tarzda amalga oshirilmoqda. Kelgusida esa 200 ta yangi elektron xizmat ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Biroq davlat rahbari sohada amalga oshirilgan ishlar yetarli emasligini, IT xizmatlar eksportini 1 mlrd. dollargacha oshirish reja qilinganini qayd etdi. Buning uchun kamida 100 ming nafar malakali dasturchi, IT arxitektorlari, operatorlari va muhandislari kerak.
13. Gender tengligi
Statistika agentligining 2023-yilning 1-yanvardagi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda ayol rahbarlar boshqaruvidagi kichik korxona va mikrofirmalar soni 39 078 tani tashkil etadi. Hozirga kelib bu ko‘rsatkich o‘sgan bo‘lishi mumkin. Qayd etilishicha, siyosiy partiyalarda xotin-qizlar ulushi 47 foizga, oliy ta’limda 40 foizga, tadbirkorlik faoliyatida esa 37 foizga yetgan. Rahbar lavozimlarda ishlayotgan ayollar ulushi esa – 33 foiz. Bugungi kunda 2 mingga yaqin davlat va jamoat tashkilotlariga ayol xodimlar rahbarlik qilmoqda.
Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda gender tengligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunonchi, mazkur islohot natijasida 2019-yil 2-sentabrda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi.
14. Kambag‘allikning tan olinishi
Ma’lumki, 2020-yilning birinchi choragida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga aylantirilishi e’lon qilindi. Ta’kidlash lozimki, o‘sha yilga qadar O‘zbekistonda “kambag‘al” so‘zi rasmiy hujjatlar yoki axborotlarda qayd etilmagan. 2020-yilning boshida davlat rahbari mamlakatimiz parlamentiga yo‘llagan Murojaatnomasida hududlar, ayniqsa, qishloqlar aholisining aksariyati yetarlicha daromad manbalariga ega emasligini ta’kidlagan edi. Barcha mamlakatlardagi kabi bizda ham aholining kam ta’minlangan qatlamlari borligi hamda gap mamlakatimizdagi 4-5 million aholi haqida ketayotganini ma’lum qilgan. Bu esa O‘zbekiston tarixida ilk bora kambag‘allik statistikasining rasmiy e’lon qilinishi edi.
15. So‘z erkinligi
Bu aslida bahsli mavzulardan biri. Shunday bo‘lsa-da, mustaqillikdan so‘ng O‘zbekistonda so‘z erkinligi borasida bir qator ishlar amalga oshirilganini tan olish kerak.
Xususan, 2019-yil may oyida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) rahbari 2000-yillarning o‘rtalaridan boshlab mamlakatda bloklangan xorijiy saytlarga kirish to‘liq tiklangani haqida ma’lum qilgan edi.
Hozirgi kunga kelib esa O‘zbekistonda so’z erkinligi hamda ochiqlik siyosatini ta’minlash maqsadida AOKA bilan qatorda Prezident Administratsiyasida ham Axborot siyosati departamenti hamda Matbuot kotibi faoliyat yuritmoqda.
16. SHHTga yaqinlik
2022-yilning sentabr oyida Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning SHHTga a’zo bo‘lib kirishi dengiz yo‘llariga chiqishda va a’zo davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlik qilishda keng imkoniyatlar yaratadi.
Ijtimoiy hayot
17. Davlat ichidagi “davlat” quladi
2020-yil “propiska” bekor qilingani bilan barchaning yodida qolgan bo‘lsa, ajab emas. Gap shundaki, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘sha yilning 24-yanvarida Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida hukumat 1-aprelga qadar “propiska” tizimini isloh qilishni nazarda tutuvchi takliflarni ishlab chiqishi lozimligini ta’kidlagandi.
“Asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish o‘rinlari yaratilayotgan hududlarimiz o‘rtasida tafovut mavjud. Buning yechimi – ichki migratsiyani erkinlashtirish. Shu bois parlament va hukumat 2020-yil 1-aprelga qadar “propiska” tizimini isloh qilish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganib, aniq takliflarni ishlab chiqishi lozim”, degan edi o‘shanda davlat rahbari.
Oradan ko‘p o‘tmay, o‘sha yilning 22-aprelida O‘zbekiston Prezidentining “Doimiy “propiska” qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi.
Ta’kidlash kerakki, bu hujjat sababli aksariyat ishsizlar ishli bo‘ldi. Uyini o’z nomiga sotib ololmagan ayrim fuqarolarning muammolari yechildi. Umuman olganda, davlat ichidagi “davlat” quladi. Ishga kirish, o‘qish, uy olish kabi masalalarni “propiska” hal qilmay qo‘ydi.
18. “Open byudjet” portali
Ushbu islohotni ba’zi faollar e’tirof etsa, ba’zilari tanqid ostiga oladi. Boisi, loyihalarga ovoz to‘plash jarayonlari bahsli shov-shuvlarga sabab bo‘lmoqda. Qaysidir loyiha faollari ichimlik tarqatsa, boshqasi yana qandaydir mahsulot bilan g‘oliblikka intiladi.
Aslida esa portal yaqin yillarda ishga tushgan bo‘lib, unda davlat byudjeti va qarzi bo‘yicha ma’lumotlar e’lon qilib borilishi rejalashtirilgan. Plaftormada “Tashabbusli byudjet” bo‘limi yaratilgan. U orqali fuqarolar infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, maktablarni ta’mirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy byudjetning taqsimlanishida ishtirok etishlari mumkin.
Shu kunga qadar “Tashabbusli byudjet”ga ajratilgan mablag‘lar kattagina summani tashkil etadi. Qayd etilishicha, shu kungacha 49 464 tashabbus kelib tushgan, undan 33 489 tasi tasdiqlangan va umumiy hisobda 8 018 539 ta ovoz yig‘ilgan.
19. Prezident Xalq qabulxonasi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 28-dekabr kuni “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti devoni ishlar boshqarmasining Fuqarolar qabulxonasi negizida O‘zbekiston Prezidentining Xalq qabulxonasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Qabulxonaning tashkil etilishi 2017-yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingani bilan bevosita bog‘liqdir.
So‘nggi ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, 2017-2021 yillar davomida Prezidentning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga 5 mln 780 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan. Shundan 3 mln 288 mingdan ortig‘i qanoatlantirilgan.
20. O‘zbek pasportlari berilishi yoxud o‘zbekistonliklarning O‘zbekiston fuqarosi deb tan olinishi
2020-yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida mamlakatda 15 yildan beri doimiy yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga bevosita fuqarolik maqomini berish tartibini joriy etish taklif qilingan edi.
Mazkur taklif tasdiqlanib, shu yildan e’tiboran O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri 15 yil davomida mamlakatimizda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga fuqarolikni qabul qilish tartibi joriy etildi.
Ma’lumot uchun, 2019-yilning o‘zida mamlakatga 1995-yilgacha kelgan 50 ming nafardan ortiq kishi fuqarolik pasportlarini olishgan.
“Kelgusi yilda mamlakatimizga 2005-yilgacha kelgan va bu yerda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri O’zbekiston fuqaroligini beramiz”, deya e’lon qilgan edi davlat rahbari 2019-yildagi nutqida.
21. Mahallaning “qulashi” yoxud hokim yordamchisi lavozimi
2021-yil mahallalarga e’tibor kuchaytirildi. Xususan, yoshlar yetakchilari hamda hokim yordamchilari lavozimlari joriy etildi. 2022-yildan esa rasman hokim yordamchilari o‘z faoliyatini boshladi.
Ularga eng mas’uliyatli vazifalardan biri – tadbirkorlikni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditga tavsiya berish huquqi berildi. Shu sabab mahallalarda hokim yordamchisining obro‘si oshdi. Mahalla raislari esa tilga deyarli olinmay qo‘ydi.
Iqtisodiyot
22. Milliy valyutani tasdiqlash
Har qanday davlatning tasdiqlovchi asosiy atributi uning milliy valyutasidir. Tan olish kerak, bu islohot tezlikda amalga oshmadi. Ya’ni, 1993-yil noyabr oyida vaqtinchalik valyuta (so‘m-kupyura) tasdiqlanib, 1994-yilning o‘rtalarigacha to‘lov vositasi sifatida foydalanildi. Hozirgi davrdagi so‘m 1994-yil 1-iyulda O‘zbekiston Prezidentining 1994-yil 16-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasini muomalaga kiritish to‘g‘risida”gi farmoni bilan muomalaga kiritilgan.
23. Paxta islohoti
Hech kimga sir emaski, 1950-1990-yillarda SSSRning paxta mustaqilligini ta’minlash vazifasi O‘zbekiston zimmasiga yuklatilgan edi. Ma’lumki, 1950-yilda 1,1 million gektarga paxta ekilgan bo‘lsa, 1985-yilda paxtazorlar qariyb ikki barobarga kengaygan. 1990-yilga kelib esa paxta O‘zbekistonda barcha sug‘oriladigan yerlarning 65 foizini egallagan.
Paxtachilikda kimyoviy vositalardan faol foydalanganligi sababli aholi salomatligiga ham zarar yetgani bor gap. Bu muammolar ekologiyani ham chetlab o‘tmadi.
Ta’kidlash joiz, 2017-2022-yillarga mo‘ljallangan dastur doirasida O‘zbekistonda paxta hosilini qisqartirish boshlandi. 2017-2018-yillarda ekinlar 140 ming gektardan ortiq maydonga qisqardi. Natijada, paxtaga bo‘lgan siyosiy qarash o‘zgardi. Maktab o‘quvchisi ham, talaba yoki o‘qituvchilar, umuman olganda, hech kim majburiy mehnatga (paxta terimiga) jalb etilmaydigan bo‘ldi.
24. Valyuta bozorini liberallashtirish
2017-yil sentabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilingan bo‘lib, unda yuridik va jismoniy shaxslar valyutani erkin konvertatsiya qilishlari mumkinligi ta’kidlangan. Ushbu farmon O'zbekistonda qora bozor ("valyutchik"lar)ning ma'lum ma'noda yo'qolishi hamda plastik kartalardagi pullarni foizsiz naqd qilish imkoniyatini yaratdi.
25. Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish
2019-yil O‘zbekistonda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb e’lon qilindi. Shu yildan e’tiboran, mamlakatga xorijiy kapitalni jalb qilish masalasiga jiddiy e’tibor berila boshlandi. Shundan so‘ng, Prezidentning 2020-yil 28-dekabrdagi qarori bilan 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.
26. Xususiylashtirish jadallashdi
Hozirgi kunga kelib barcha sohalarda xususiylashtirish bilan bir qatorda xususiy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga ham alohida e’tibor berilmoqda. Xususan, O‘zbekistonda xususiy OTMlar, xususiy bog‘chalar bilan birga xususiy TVlar, xususiy banklar ham tashkil qilinmoqda. Davlat rahbari tomonidan “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Shuningdek, davlat rahbarining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida ham 2023-yilda eng yirik 10 ta kompaniya va tijorat banklarining aksiyalari aholi uchun ochiq va shaffof savdoga chiqarilishi belgilangan.
27. “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish
Mamlakatimizda bu boradagi ishlar 2019-yil oktabr oyida “O‘zbekiston Respublikasining 2019-2030-yillarda yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha strategiyasi” qabul qilinganidan keyin boshlangan. Strategiya energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni ko‘paytirish, resurslar samaradorligini oshirish va ekinlar hosildorligini ta’minlash, yerlarning degradatsiyasini pasaytirish orqali mamlakatda issiqxona gazlari-chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan. 2020-yilda Strategiyani amalga oshirish bo‘yicha ishlar COVID-19 pandemiyasining avj olishi munosabati bilan sekinlashdi. Global sog‘liqni saqlash inqirozi aholi salomatligi, iqlim va tabiat o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirdi. Hozirgi sharoitlar yashil iqtisodiyotni qurish uchun eng yaxshi turtki bo‘lishi mumkin (iqlim o‘zgarishiga javoban yashil va aylanma iqtisodiyotga global tarzda o‘tish uchun).
28. Energetika mustaqilligi
Ushbu islohot bahsli bo‘lsa-da, bari-bir ro‘yxatga qo‘shdik. Sababi, XXI asrda mehnat samaradorligi, tinch-totuv hayot, aholiga yaratilgan shart-sharoitni elektr ta’minoti belgilaydi.
Shu bois, hukumat energetika sohasini yaxshilash bo‘yicha ko‘plab qarorlar qabul qildi. Xalqaro energetika agentligining 2022-yilgi hisobotida shunday deyilgan: “2019-yilda boshlangan energetika sektorini isloh qilish barqaror sur’atda davom etmoqda. Uning ko‘lami va qamrovi boshqa mamlakatlarga nisbatan juda katta va Xalqaro energetika agentligi (XEA) O‘zbekiston hukumatining energetika sohasida bugungi kungacha erishgan yutuqlarini yuqori baholaydi”.
29. Transport-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish
O‘zbekistonda quruqlik va havo transporti, avtomobil yo‘llari tarmog‘i kundan kunga rivojlanib bormoqda. Temir yo‘l zichligi bo‘yicha O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinni egallaydi. Transport vazirligining taqdim qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil yanvar-dekabr oylarida temir yo‘l, havo, avtomobil transportlarida jami yuk tashuvlari hajmi 1,34 mlrd tonna (o‘tgan-yilning mos davriga nisbatan 98,6 foiz), yuk aylanmasi 45,5 mlrd tonnani (103,5 foiz) tashkil etdi. Barcha transportda yo‘lovchi tashish hajmi 6,17 mlrd (102,3 foiz), yo‘lovchi aylanmasi kilometriga solishtirganda 144,7 mlrd (105,6 foiz)ga yetdi.
O‘zbekiston Respublikasi bilan xorijiy davlatlar o‘rtasida ham havo qatnovi sohasida davlatlararo va hukumatlararo harakterdagi 52 ta xalqaro shartnomalar imzolandi.
30. Yerusti metrolari qurilishi
Toshkentda aholining katta qismi jamoat transportidan foydalanadi. Ayniqsa, noqulay ob-havoda metro barcha uchun qulay hisoblanadi. Tobora ortib borayotgan aholi soni sabab fuqarolarning jamoat transportiga talabi oshib borar ekan, transport tizimi qayta-qayta islohotga muhtoj bo‘lib boraverdi.
Shuni inobatga olgan holda, mamlakat Prezidenti 2016-yilning 29-noyabrida “Toshkent metropoliteni Sergeli liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarorini imzoladi. Natijada, O‘zbekistonda ilk yerusti metrosi ishga tushdi.
Ko‘p o‘tmay yerusti metrosining “Do‘stlik” liniyasi ham qurib bitkazildi. Ayni vaqtda ikki tomondan ochilgan yerusti metro bekatlari tutashtirilib, aholiga xizmat ko‘rsatish yanada qulaylashdi.
Ammo ijtimoiy tarmoq faollarining aksariyati yangi metro bekatlariga hali hamon ishonchsizlik bildiradi. Bu bejizga emas. Masalan, 2021-yil Sergeli yo‘nalishida texnik muammo sabab metro harakati 6 soatga to‘xtab qolgan edi.
31. Mahalliy va xalqaro turizmni rivojlantirish
Prezident turizm islohotlarini tezlashtirish bo‘yicha yangi qarorni imzoladi. Xususan, turoperator va aviatashuvchilarning ayrim xarajatlari uchun subsidiyalar ajratilib, yangi qurilgan mehmonxonalar uchun xarajatlarining bir qismi qoplab beriladigan bo‘ldi. Shuningdek, besh qavatdan past bo‘lmagan mehmonxona 2026-yilning yakunigacha foydalanishga topshirilsa, mehmonxona toifasi tasdiqlangach, investorlarga qurish va jihozlash uchun ketgan xarajatlarining bir qismi ko‘rsatilgan miqdorlarda qoplab berilishi belgilandi. Shu bilan birga, 2026-yilning oxirigacha dunyo mehmonxona brendlaridan (mehmonxona brendlarining top-50 va mehmonxona tarmoqlarining top-5 reytingiga kirgan) foydalanuvchi uchun O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan tashkilotlarning royalti xarajatlari franchayzing to‘g‘risidagi shartnoma kuchga kirgan vaqtdan boshlab 3 yil mobaynida belgilangan miqdorda qisman moliyalashtiriladigan bo‘ldi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, so‘nggi yillarda turizm milliy iqtisodiyotning o‘sish nuqtalaridan biriga aylandi. Jumladan, endilikda dunyodagi 91 ta mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga kelish uchun vizasiz tartibdan foydalanishi mumkin. Bu esa turizm sanoatini yanada rivojlantirishga yordam beradi. Isbot tariqasida, 2022-yilda O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni 2021-yildagiga nisbatan 3,4 mln kishidan oshgan hamda o‘sish 2,8 barobardan ortiqni tashkil etgan. Natijada, turizm xizmatlari eksportida ham sezilarli o‘sish bo‘lgan. 2017-yilda turizm xizmatlari eksporti 546,9 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 2,9 barobar oshib, 1,6 mlrd.ga yetgan.
32. Natijasi sezilmayotgan islohot
Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi global koalitsiya bo‘lgan “Transparency International” tashkilotining dunyo bo‘yicha bergan ko‘rsatkichlarida 2019-yil korrupsiya indeksi bo‘yicha O‘zbekiston 25 ballik ko‘rsatkich bilan jahon reytingida 153-darajani egallagan. Albatta, bu juda yomon ko‘rsatkich.
Shu sabablidir hukumat tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida potensial ahamiyatga ega bo‘lgan qonun hujjatlari bazasi yaratilgan. Xususan, bugungi kunga qadar mazkur illatga qarshi kurashish uchun 10 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi. Ammo bunday kurashlarning natijasi tez fursatlarda ko‘rinmaydi, balki uzoq davr chora-tadbirlarning samarasini ko‘rsatib beradi.
Shaxnoza TO‘RAMURODOVA,
оyina.uz
Tarix
Adabiyot
Tarix
Tarix
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q