Davlat arbobi va sarkarda Zahiriddin Boburning “Boburnoma” asari harbiy tarixni oʻrganishda alohida qimmatga ega. Unda muallif hayoti davomida sodir boʻlgan janglar va zamondosh harbiy sarkardalar faoliyati haqida ham koʻplab maʼlumotlar beradiki, ular boshqa manbalarda uchramaydi[1]. Asardagi harbiy sanʼat va holat boʻyicha berilgan harbiy-elshunoslik maʼlumotlarning ayrimlarini tahlil qilamiz.
Jangdan avval
Bobur Mirzo 4 yoshdan taʼlim olishni, 14 yoshidan boshlab esa harbiy yurishlarda qatnashishni boshlaydi, ungacha otasi Umarshayx Mirzo zamonida harbiy mashqlar, ayniqsa, kamondan oʻq uzish harbiy ilmini yaxshi oʻzlashtirgan. Buni “Boburnoma”da bir nechta jang lavhalarida, ov jarayonlaridagi harakatlardan bilish mumkin. Uning oʻsmirlik davri tahlikali, suronli davrga toʻgʻri kelgani uchun “Men hamisha tinch omonlikda ham toʻn, oʻq yoyni tashlamay yotardim”[2] — deya yozadi. Harbiy tayyorgarlik muhim ahamiyat kasb etishini bilgan Bobur Mirzo jangdan avval anʼanaviy harbiy koʻrik[3] oʻtkazgan hamda mohir jangchilarni saralash, qoʻshin sonini aniqlash, harbiy qismlarga boʻlish kabi ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, Panipat jangi oldidan “…joʻnab oʻng qanot, chap qanot va markaz qoʻshinlarini saflab koʻrikdan oʻtkazdim” (“Boburnoma”. 291-bet). Bu marosim lavhalarini “Boburnoma” asariga bagʻishlangan, bugun “Britaniya” muzeyida saqlanayotgan miniatyuralarda koʻrishimiz mumkin. Ularda qoʻmondon qoʻshinni sanalgan holatda qismlarga boʻlishi, tugʻlar belgilashi, sarkardalar tayinlanishi, jang harakat xaritasini tushuntirish va sadoqat qasamlarini ichish hamda jang natijasi xayrli boʻlishi uchun qurbonlik keltirish kabi marosimlar tasvirlangan. Qurbonlik keltirish uchun asosan yirik shoxli hayvon (miniatyurada oq rangli qoramol) tanlangan. Bu anʼanaviy amal hisoblanib, Xudoga atab qon chiqarish, jonliq soʻyish kelajakda qilinadigan ishlarni xayrli boʻlishiga ishonch sifatida amalga oshirilgan.
Ittifoqchilar bilan kelishuvlarda qoʻshinlar jang payti bir-birlarini tanib olishi va qoʻshilib jang qilishi uchun avvaldan maxsus oʻron (parol) tanlangan doim. Jang payti undan foydalanish anʼanasi haqida asarda shunday yoziladi: “Oʻron ikki xil boʻladi: har bir qavmning oʻroni bor. Chunonchi: baʼzi qavmning oʻroni “durdona”dir va baʼzisiniki “toʻqboy” yoki “lulu”; yana boshqasi: butun lashkarga jang payti ikki soʻzini oʻron qilib qoʻyadiki, zarur paytda har qayerda uchrashganda, biri bir soʻzni aytsa, yana biri oʻsha aytilishi kerak boʻlgan ikkinchi soʻzni aytadi. Ana shu yoʻsinda el yovdan ayriladi va oʻz kishisini yotdan farq qiladi. Bu yurishda rasmiy oʻron “Toshkand” bilan “Sayram” soʻzlari edi. “Toshkand” desa, “Sayram” deyilgay va “Sayram” desa, “Toshkent”. Bu jangda Xoja Muhammadali ilgariroq ekan. Moʻgʻullar: “Toshkand, Toshkand” deydi. U beixtiyor “Toshkand” deydi. Moʻgʻullar uni yov kishisi deb hayol qilib, suron solib, nogʻorachi nogʻora chalib, oʻq qoʻyadilar. Ushbu xatolik tufayli lashkar bir joyda turmay, tarqalishib ketdik (“Boburnoma”.114-bet). “Oʻron” soʻzi tarixan saqlangan harbiy soʻz boʻlib, bugungi kunda zamonaviy texnologiya til birliklari uchun ham qoʻllanmoqda.
Bobur Mirzo janglar uchun koʻpincha togʻalari Sulton Mahmudxon va Sulton Ahmadxon tomonidan boʻlgan moʻgʻullarni yordamga chaqirgan, shu bois ularning jang usullari, odatlari boʻyicha ham elshunoslikka oid maʼlumotlarni beradi: “Bizga koʻmakka kelgan moʻgʻul lashkarlarining urushga toqatlari yoʻq edi. Urushmoqni qoʻyib, oʻzimizning elniyoq talab, otdan tushirishga kirishdilar. Bir bu gal emas, hamisha badbaxt moʻgʻulning odati ana shunaqa. Bossa ham oʻlja oladi, bostirsa ham oʻz elini tanlab oʻlja oladi” (“Boburnoma. 99-bet). Moʻgʻullar tabiatan koʻchmanchi boʻlgani uchun ularda yagona maqsadga intilish ustunroq boʻladi. Shuningdek, ularda kelishuvga vafo qilish kabi qadriyatlar deyarli shakllanmagani uchun[4] Bobur Mirzo alam bilan zikr etadi buni.
Hind diyori fathida muhim rol oʻynagan hind rojasi Rana Sangaga qarshi Kanva jangi oldidan bir nechta harbiy anʼanaviy marosimlar oʻtkazilgan. Xususan, boburiy malika Gulbadanbegim oʻz asari “Humoyunnoma”da: “Dholpur*da ham bir pora toshdan dah dar dahi (oʻnga oʻn) hovuz qurishga farmon berdilar va dedilarki, qachonki hovuz tayyor boʻlsa, sharop bilan toʻldiraman. Rana Sanga bilan boʻlgan jang oldidan sharob ichishdan tavba qildilar va limon sharbati bilan toʻldirdilar. Anʼanaga koʻra, qoʻshin urush boshlanishidan avval qoʻrquv va xavotirni bosish maqsadida hovuzga toʻldirilgan sharopdan ichilgan va jangga kirilgan. Ammo Bobur Kanva janggi oldidan qoʻshin oldida turib, ichkilikni tashlash toʻgʻrisida farmon beradi va “mardlik, yakdillik va hamjihatlikka daʼvogar toʻrt yuz yosh yigitlar ham oʻsha majlisda tavba qildilar”[5]. Yana bir odatga koʻra, jang oldidan munajjimlarga murojaat qilinar va toʻqnashuv yulduzlar hisobida xayrli yoki aksincha boʻlishi aniqlashtirilardi. Rana Sanga qoʻshini qarshisida turgan paytda munajjim Muhammad Sharif lashkarlar orasida “Podshoh hazratlari hozir jang qilmaganlari maʼqul, sakkiz yulduz barobar turibdi”[6], — deb gap tarqatadi. Lashkar xavotirda qoladi. Shunda Bobur aqlli tadbir oʻylaydi: mast qiluvchi ichimlik ichishni tashlab, tavba qilish haqida farmon beradi. Oltin-kumush qadahlar sindirilib, kambagʻallarga ehson qilinadi. Va askarlarni shunday yoʻllar bilan ruhlantira olgan Bobur jangda gʻolib boʻladi.
Jangda
Asarda urush vaqtida dushmanga taslim boʻlish yoki u raqib safiga kirish istagini bildiruvchilar haqida qiziqarli lavha keltiriladi: “Urush asnosida Piribek turkman toʻrt-besh ogʻa-inisi bila dastor(salla)larin olib[7], yogʻiy(dushman)din yuz oʻgirib bizga qoʻshildilar” (“Boburnoma”. 226-227-bet). Bundan koʻrinadiki, dushman jangchilar sallasini yechib, qurollarining uchini yerga qaratib qoʻyishi raqibga taslim boʻlgani yoki u tarafga oʻtganini anglatadigan harbiy anʼanalardan hisoblangan.
Bobur jang usullaridan tashqari harbiy hiylalarni ham keltirib oʻtadi: “Bannuga tushgan zahotiyoq xabar topildiki, dashtdagi bir qabila shimoldagi togʻlarni singirlab turipti. Jahongir Mirzo (Boburning ukasi) boshchiligida lashkar yuborildi. Kivi(Afgʻon qabilasi nomi, hozirgi Afgʻonistonning Bannu viloyatida yashagan – D.O.)ning singiri ekan. …Bu singir olingandan soʻng kivining ulugʻlaridan Shodixon ismli kishi oʻt tishlab keldi. Asirlarni ozod qildik” (“Boburnoma”. 159-bet). Bugun matndagi ikki tushuncha – “singir” va “oʻt tishlab keldi” soʻzlari bir qarashda tushunarsiz koʻrinadi. “Boburnoma”ning oʻzida ularga shunday taʼrif berilgan: Singir lafzini Kobulga kelganda eshitildi. Bu el togʻni berkitkanni singir derlar emish. (Singir soʻzini Kobulga kelganda eshitdik. Bu el togʻni tosh bilan toʻsishni singir deyisharkan)“Boburnoma”, 160-bet. “Afgʻonlar urushmoqdan ojiz boʻlsalar dushmanlarining oldiga oʻt tishlab kelar ekan. Yaʼni bu – men sening molingman degani ekan. Bu odatni oʻsha yerda koʻrdik. Ojiz qolgan afgʻonlar oʻt tishlab keldilar” (“Boburnoma”. 159-bet).
Bobur Mirzo Afgʻoniston diyoriga yurish qilganda mahalliy afgʻon qabilalarining koʻpchiligi qarshiliklar koʻrsatgan, hatto qalʼa qamalida tunda devordan oshib tushib, Bobur qoʻshiniga koʻplab talofatlar yetkazishgan. Shuning uchun Bobur tungi qoʻriqchilikni kuchaytirishga majbur boʻladi. Koʻhatga yurish paytida shu bilan bogʻliq harbiy etnografik maʼlumot keltiriladi: “…har kecha shu yoʻsinda cherik elining hammasi navbatma-navbat (qoʻriqchilikka) chiqarilardi. Ichki kishilarimizdan (Boburning yaqin odamlari, ukalar, qarindoshlar – D.O.) uch-toʻrttasi mashʼal koʻtarib har oqshom navbat bilan aylanib kelardi. Men ham biror navbat aylanar edim. Navbatida chiqmagan kishining burnini teshib, Lashkar oʻrtasida aylantirardik” (“Boburnoma”. 161-bet). Demak, bundan koʻrinadiki, tungi navbatchilik qilish barcha uchun barobar boʻlgan va qattiq intizom talab etilgan. Yana u togʻda yashovchi afgʻonlar savdo yoʻllarini atayin tosh bilan toʻsib, karvonni oʻzlari joylashgan hududga burish va uni talashni odat qilib olganini hamda bunga chek qoʻyganini yozadi.
Bobur qoʻshini doimiy qurollangan yoki qurollanishga tayyor holatda yurgan. Afgʻon zaminiga yurishlar qilinganda aksar qoʻshin tarkibini piyodalar tashkil qilgan boʻlsa, Hindistonga yurishda otliqlar koʻp sonli boʻlganini jang lavhalari berilgan maʼlumotlardan bilib olishimiz mumkin. Lashkarning taʼminoti avval egallangan hududlar hisobidan boʻlgan. Shuningdek, harbiy yurish paytida lashkar ortidan yuradigan “uruq” nomli koʻch, yuk boʻlib, u qoʻshin chodirlari, qurol-aslahalar, hukmdorga tegishli anjomlardan iborat boʻlgan[8].
Panipat jangi oldidan qoʻshinni tayyorlash, urush taktikasini tuzish ishlarini reja asosida olib borishadi. Bobur jangda dushman uchun yangilik boʻlgan toʻfang (miltiq)dan foydalangan va qozonilgan gʻalabada buning xizmati katta edi[9]. “Shu qoʻnimjoyda (Panipatda – D.O.) butunlashkar xalqi holiga yarasha arava keltirishlarini buyurdim. Yetti yuzta arava olib keldilar. Ustod Aliquli*ga Rum usuli bilan aravalar orasida zanjir oʻrniga hoʻkizning xom terisidan arqon eshib tasma qilib bir biri bilan bogʻlashga buyurdim. Har ikkita arava oʻrtasiga olti-yetti toʻra* qoʻyiladi. Toʻfanglardan shu arava va toʻra ortida turib, toʻfang otadilar” (“Boburnoma”. 291-bet).
Rum (Turkiya) harbiy usulidan xabardorligi Boburning harbiy oʻrganuvchi ekaniga yana bir dalil hisoblanadi. Panipat jangida gʻalaba qozongan Bobur qoʻshinining yutuqlari va raqib Sulton Ibrohim qoʻshini magʻlubiyatiga izoh berib “Hindistonda shunday odat bor: agar shunday urushlar roʻy bergudek boʻlsa, belgilangan muddat uchun pulga navkar yollanadi. Yollangan kishilarni “badhandiy” deb ataydilar” (“Boburnoma”. 292-bet), deydi. Yaʼni hindlar tarkibidagi yollangan askarlar tartibsiz jang qilishi va jonini fido qila olmaydigan jangchilar Bobur qoʻshinining gʻalabasiga sabab boʻlganini yozadi.
Qoʻshinning jangga kirish usullari
“Boburnoma”da qoʻshin boshqaruvi va tuzilishi haqida ham batafsil maʼlumotlar beriladi. Qoʻshinning asosiy qismi otliq askarlar va piyodalardan iborat boʻlib, har bir boʻlimning oʻziga xos vazifalari boʻlgan. Qoʻshindagi qoʻmondonlik zanjirining aniq belgilangani ham janglarda samaradorlikni oshirgan. Asarda, shuningdek, “Koʻli Malik” (Shayboniyxon), “Gʻijduvon”(shayboniy sultonlar), “Panipat”(Ibrohim sulton), “Kanva” (Rana Sanga) kabi Bobur Mirzo hayoti bilan bogʻliq muhim, yirik janglar va ulardagi harbiy tuzilishlar ham bayon qilingan.
Bobur Mirzo temuriylar jang usullaridan tashqari, shayboniylar, moʻgʻullarning ham jang sanʼati yutuqlaridan keng foydalangan. Ularga qoʻshimcha oʻt ochuvchi – toʻplar, miltiqlardan keng foydalanishi janglarda gʻalabalar olib kelgan[10]. Turon uchun yangilik boʻlgan jangovar fillardan ham oqilona foydalanish gʻalabaning muhim omillardan edi. Shabixun (tungi hujum qilish usuli. Afgʻon va Hindiston hududlaridagi muhim janglar oldidan qoʻllangan – D.O.) dan unumli foydalanish ham Mirzo qoʻshinining yashirin jang qilish uslublaridan hisoblangan[11].
Bobur hayotining aksar qismi harbiy holatda, janglar bilan oʻtdi. Barcha gʻalaba va magʻlubiyatli janglar kelajakda markazlashgan davlat barpo qilish yoʻlida unga muhim tajribalar berdi. Zamonasining yirik sarkardalari – Ismoil Safaviy, Shayboniyxon, Ibrohim Loʻdiy, Rana Sanga kabilar bilan ittifoqda yoki qarshi janglardan Bobur koʻp bilimlarni oʻzlashtirib, keyingi harbiy yurishlarida undan foydalanganini “Boburnoma” asari orqali bilamiz.
Xulosa qilib aytganda, “Boburnoma”da harbiy tarixning elshunoslik jihatlarini oʻrganish muallif davri jamiyatining madaniy xususiyatlarini ochib beradi. Bobur qoʻshinining tuzilmasi, qurol-yarogʻlari va harbiy odatlari uning nafaqat harbiy isteʼdodini, balki madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan yondashuvini ham koʻrsatadi. Uning harbiy usullarini zamonasining eng yaxshi va sinovdan oʻtgan tajriba namunasi, deyish mumkin bemalol.
Davronbek OLIMJONOV,
Tarix instituti “Etnologiya va antropologiya”
markazi tayanch doktoranti
[1] D.Olimjonov. “Boburnoma” asarida harb ishi bilan bogʻliq maʼlumotlar // OʻzMU xabarlari. – №1/2. – 2024. – B.30.
[2] Z.M.Bobur. Boburnoma. – Toshkent: Oʻzbekiston, 2019. – 116-bet. (“Boburnoma” asaridan olingan havolalar matn ichida (“Boburnoma”. …-bet) shaklda beriladi).
[3] Bobirnoma rasmlari. – Toshkent: Fan, 1979. – 20-bet.
[4] P.Searles. Tactics in the Time of Babur // The Military Engineer. – 1927. – Vol. 19. – P.315.
* Agradan 57 km janubda joylashgan Dholpur hokimi Muhammad Zaytun 1526-yil ardogʻida Bobur hukmronligini tan olgan va Bobur Muhammad Junayid barlosni u yerga hokim etib tayinlagan.
[5] Gulbadanbegim. Humoyunnoma. – Toshkent: Fan, 2021. – 20-bet.
[6] Oʻsha betda.
[7] Salla (bosh kiyimlarini) yechib demoqchi. Jang paytida dushmandan ajralib turish va oʻz odamlarini tanish uchun bir xil rangdagi kiyim kiyish lozim boʻlgan.
[8] Chand Singh Kadiyan. Panipat in history: a study of inscripitons // Proceedings of the Indian History Congress. – 2003. – Vol. 64. – P. 405.
[9] P.Searles. Tactics in the Time of Babur // The Military Engineer. – 1927. – Vol. 19. – P.313.
* Ustoz Aliquli – Boburning oʻqotar jangchisi va qurolsoz ustasi.
* Odam boʻyli qalqon
[10] Chand Singh Kadiyan. Panipat in history: a study of inscripitons // Proceedings of the Indian History Congress. – 2003. – Vol. 64. – P. 408.
[11] N.Manucci. (trans. by W.Irvine) A Pepys of Mogul India. – London: John Murrey, 1913. – P.121.
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
San’at
Tarix
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q