Adabiyot
Turkiston jadidlarining yo‘lboshchilaridan biri Abdurauf Fitrat bundan 125 yil oldin o‘zining “Najot yo‘li” asarida “Dunyo xalqlarining nobud bo‘lishi sabablaridan biri isrofgarchilikdir”, deganida haq edi. XX yuzyillik boshlarida Turkiston jamiyati oilaviy marosimlarida misli ko‘rilmagan isrofgarchilik, dabdaba aks etgan to‘y va aza marosimlari avj olgan. O‘zini chin musulmon deb bilgan Turkiston aholisi Mahmudxo‘ja Behbudiy qayd qilganidek, Qur’oni karimda muhrlab qo‘yilgan “La’talaqqu bi yadikum ala tahlikkatihi”, ya’ni “O‘z qo‘llaringiz ila o‘zingizni tahlikaga otmangiz”, degan qoidaga amal qilmay, bor-budini to‘y va azalarga sarflash yo‘lidan borgan. Natijada ko‘plab oilalar iqtisodiy tanazzulga uchragan, uy-joyi va yerini sotishga majbur bo‘lgan. Umrining oxirigacha qarzidan qutula olmay, farzandlarining og‘ir ahvolda qolishiga sabab bo‘lganlar.
Bu davrda sunnat va nikoh to‘ylarida qand va chopon tarqatish, 6-7 xil ovqat qilish, 5-6 kun to‘y berish, to‘y kunlari uloq va ko‘pkari o‘yinlari tashkil qilish; aza marosimlarida 3, 7, 20, 40 va yil degan nom bilan turli isrofli marosimlarni o‘tkazish, azaga kelganlarga non, ro‘mol, sovun kabi tortiqlar berish urfga kirgan. Kambag‘al oilalar to‘yga 200 so‘mdan 1000 so‘mgacha, o‘rtahol xonadonlar 2000 so‘mdan 5000 so‘mgacha, boy xonadonlar 10000 so‘mdan 30000 so‘mgacha xarajat qilganlar. O‘sha paytda sigirning narxi 5 so‘m, qo‘yning narxi 3 so‘m, echkining narxi 2 so‘m bo‘lgani inobatga olinsa, kambag‘al oilalarning eng arzon to‘yi qariyb 70 ta qo‘y bahosiga teng bo‘lgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy bu haqda “Bir karra diqqat qilinsun, biror yahudiy va o‘rus hech vaqt to‘y degan balog‘a besh ming so‘m, hatto bir-ikki ming so‘m sarf qilingani eshitilmaydur. Biz bo‘lsa, yigirma ming so‘mlab sarf etarmiz. Koshki bu pul o‘zimizniki bo‘lsa, endiki yolg‘iz isrof gunohi ila qutular edik, yo‘q balki biz haq qulidin qo‘rqadurg‘on musulmonlar boshqalar aqchasini barbod etib, oxiratg‘a qarz, dunyog‘a kulfat ortdirarmiz”, deb ta’kidlab, isrofli to‘ylarga qarshi chiqqan. Turkistonda ishbilarmonlik bilan shug‘ullanayotgan rus, arman va yahudiylarning isrofli to‘ylar, aza marosimlari o‘tkazmasdan mablag‘larining bir qismini o‘z yurtida maktab va madrasalar qurish, ta’mirlash uchun sarflayotganini o‘rnak qilib ko‘rsatgan. Turkistonliklarni o‘z pullarini dabdabali marosimlarga sarflamasdan foydali amallar qilishga chaqirgan: “To‘y va ma’raka aqchasidan bolalarni hukumat maktablarig‘a bersunlar va talabalarni Makka, Madina, Misr, Istanbulg‘a va Rusiya dorulfunun va dorussanoalarig‘a yuborib, diniy va dunyoviy va zamonaviy odamlar yetishtirmoqg‘a sa’y qilsunlar”.
Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston aholisi oilada farzand tug‘ilgan kunidan boshlab to‘y uchun mablag‘ yig‘ishni boshlashi, buning uchun haftada yetti kun 18–20 soatlab ishlashi “qonun”ga aylanib qolganini afsus bilan tilga olgan: “Bechora kosibni a’moli to‘ydur. O‘zi rohat yuzi ko‘rmaydur. Kecha-kunduzni 18, balki 20 soatni mehnatga o‘tkaraturgon kosiblarimiz bordur. Haqqincha yemaydur, kiymaydur. O‘n va yigirma sanalar mehnat va mashaqqat etar va xudodan o‘g‘il tilar, to‘y qilmoq uchun. Yigirma sanalik mehnati uch kun to‘yda tamom”.
Abdurauf Fitrat Mahmudxo‘ja Behbudiy fikrini to‘ldirar ekan, uch kunlab to‘y qilish isrofdan boshqa narsa emasligini ta’kidlagan. “Oila yoki oila boshqarish tartiblari” asarida to‘ylarning o‘tkazish kunlari masalasiga diniy nuqtai nazaridan yondashib, payg‘ambarimizning “To‘yda birinchi kunning taomi haq, ikkinchi kunning taomi sunnatdur, lekin uchinchi kunning taomi riyodir... Ikki odam bir-birlaridan o‘tish uchun to‘y va ziyofat qilsalar, birontasinikiga bormanglar, ularning taomlaridan yemanglar”, degan gaplarini iqtibos sifatida keltirgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiy “Bizni kemirguvchi illatlar” maqolasida to‘y va aza marosimlarini iqtisodiy zarar keltiruvchi, qarz botqog‘iga itaruvchi, xalqni kemiruvchi illat deb baholagan: “Bizni kemirguvchi illatlar deganda, zahm-u maraznimi gumon etarsiz? Yoinki, sil, silariya va maxovliknimi dersiz? Yo‘q, andan ham yomonroq va andan ham jonxarosh, bevoya, xonavayron va g‘arib etguvchi bir dard, biz – turkistoniylarni shahri va qishloqi yoyinki yarim madaniy, yarim vahshiy sinflarimizg‘acha istilo etib, butun tirikligimizg‘a sarilgan va bizni inqirozg‘a va tahlikag‘a va jahannamg‘a yumalataturgon to‘y, aza ismindagi ikki qattol dushmanni derman”. Mutafakkir uch kunlab to‘y qilib uylangan yigitlar 10 yil, hatto bir umr qarzdan qutula olmay uy-joyini sotishga majbur bo‘layotganini, holat shunday davom etsa, turkistonliklar uyi va yeridan ajralib, gadoylikka mahkum bo‘lib qolishlariga achingan: “Bir do‘konchi, bir gulkor, bir faqirhol, bir kosib uchun bu to‘y va ta’ziyalar o‘lumdan qattig‘durki, muning uchun bechora har kun o‘lur. Har kun o‘lgon ila-da qutulmas. O‘zidan so‘ngra ahl-u ayoliga bu yo‘qsullik va bu musibatni meros qo‘yar”.
Mahmudxo‘ja Behbudiy to‘ylar odamlarni barbod qiladigan darajaga yetib kelganidan afsuslangan. Butun dunyoda Turkiston xalqi kabi isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadigan qavm yo‘qligini aytib, necha sanalardan beri taraqqiyparvarlar bu masala yuzasidan targ‘ibot qilsalar-da, kutilgan natija bo‘lmayotganidan afsuslangan. O‘zining “Tahsil va safar zamoni va taom” maqolasida to‘ylar va isrofli marosimlarga sarflangan pullar ilm uchun sarflansa, ming marta foydali bo‘lishini uqtirgan: “Aziz birodarlar, o‘g‘ul to‘ylarig‘a sarf qilaturg‘on aqchalaringizni mana shul ilmi zamoniy yo‘lig‘a sarf etingiz, sizdan o‘g‘lungizga mol meros qolmasun, balki, albatta, ilm va tarbiya meros qolsun”.
Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkistonda maktab, madrasa, mozor va masjidlar xarob ahvolga kelib qolganini aytib, vatandoshlarining to‘yga behuda sarflayotgan pullarini inshootlarning ta’miri uchun sarflashga chaqirgan: “To‘y va ma’rakag‘a sarf qilinaturgan aqchani eski madrasa va mozor va masjid hamda maktablarni shikastrextlariga sarf qilinsun”.
Jadid hukumat rahbarlari, amaldorlar va ulamolar isrofsiz to‘ylar o‘tkazib, xalqqa namuna bo‘lishlari kerakligini uqtirgan. O‘z manfaatlari yo‘lida bema’ni urf-odatlar marosimlarning rivojlanib ketishiga yo‘l qo‘yib bermasliklariga da’vat qilgan. O‘zi ham xalqqa o‘rnak bo‘lish maqsadida kamxarj to‘y qilgan. 1909-yil 15-aprelda o‘g‘li Maqsudxo‘janing sunnat to‘yini 1000 so‘mdan ham kam pul sarflab o‘tkazgan. To‘yga ketishi mo‘ljallangan ortiqcha sarf-xarajatga Samarqand shahridan bir binoni sotib olib, kutubxona ochgan va kitoblar xarid qilgan. Vadud Mahmud “Behbudiy haqidagi xotiralari”da yozishicha, mutafakkir kutubxona uchun Misr, Turkiya va Rossiyadan 6000 so‘mlik kitoblar xarid qilgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘g‘lining sunnat to‘yi xalq orasida muhokama bo‘lgani haqida yozar ekan, ayrimlarga o‘rnak bo‘la olganini, ba’zilar boyligi va obro‘sini hisobga olib, to‘y qilishi, to‘yga 2000–3000 so‘m sarflashi kerak edi, tanqid qilganlarini qayd etgan. Shu o‘rinda aytish joizki, Mahmudxo‘ja Behbudiydan o‘rnak olib, ayrim boylar dabdabali to‘ylar qilishdan voz kechgan. Jumladan, Munavvar Alifkor o‘g‘li kamxarj sunnat to‘yi qilib, qolgan pulga maktab qurgan bo‘lsa, Is’hoqjon Mirsolihboy o‘g‘li maktab o‘quvchilari uchun mevali bog‘ yaratishga 2000 so‘m bergan.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning eng yaqin va sodiq shogirdi, jadidchilikning ko‘zga ko‘ringan namoyandasi Hoji Muin ham Turkistondagi isrofli to‘ylarni ko‘p marta tanqid qilgan: “Biz Turkiston xalqi ilmsizligimiz sababli turli marosim va odatlar yuki ostinda ezilib, muning uchun axloqiy va moliy jihatdan g‘oyat ko‘b zararlar ko‘rmakda bo‘lg‘an bir millatmiz”. Taraqqiyparvar sunnat, nikoh to‘ylari va aza marosimlarini eng zararli urf-odatlar deb atagan. Ushbu marosimlarning eng yomonlariga barham berish, ba’zilarini isloh qilish kerak, degan xulosaga kelgan. Isrofli marosimlarni bilimsizlik va jaholatdan paydo bo‘lgan, deb xulosa qilgan va millat boylarini pullarni behuda, keraksiz, zararli marosimlarga sarflamay, o‘rinli joylarda ishlatishga chaqirgan: “Bizlarning boylarimiz topgan pullarini bazm, ko‘bkori, to‘ylarda isrof qilarlar. Agar o‘shal yerda isrof qilina turgan pulni shundoq o‘runli joyda sarf qilsalar, qancha bolalari nodonlikdan qutulib, dindan ham ilm va adabdan xabardor bo‘larlar edi!”.
Hoji Muin “To‘y – ta’ziya isroflari” maqolasida turkistonliklarning isrofgarchiliklarini cheklashga asosiy masala sifatida qaragan va doimiy targ‘ibot ishlari olib borish kerak, deb ta’kidlagan: “Xalqni o‘z holiga qo‘ysa, o‘zining foyda-zararini o‘ylamay, har bir to‘g‘ri kelgan ishni qilaveradi, o‘lganicha foydasiz urf-odatlarning asoratidan chiqa olmaydi. Shuning uchun xalqni o‘z holiga qo‘yish tuzuk emas. Mas’ul kishilar va yoshlarimiz bu muammolarni hal qilishda, to‘xtatishda xalqqa yo‘lboshchi va ta’minotchi bo‘lib turishlari kerak”.
Hoji Muin matbuotda 10 yil davomida (1914–1924-yillar) isrofli marosimlarni tanqid qilgan. Bundan tashqari “To‘y” dramasini yozgan va sahnalashtirgan. Ushbu sahna asari 1915-yil 21–24-yanvarm kunlari Toshkent va Namangan ko‘ngilli teatr jamoalari tomonidan namoyish etilgan.
Yillar davomida dabdabali to‘ylar va marosimlarni tanqid qilgan Turkiston jadidlari 1917-yil 14-martda “Sho‘royi Islomiya” siyosiy tashkilotini tuzganlarida isrofgarchilikka barham berishni asosiy vazifa qilib belgilab olganlar. Jumladan, “Sho‘royi Islomiya” tashabbusi bilan 1917-yil 16–23-aprelda bo‘lib o‘tgan Umumturkiston musulmonlarining birinchi qurultoyida to‘y va ma’rakalarni tartibga solish to‘g‘risida Qarornoma tasdiqlangan. Shuningdek, Said Ahror Mahsum, Murodxo‘ja Eshon, Hamidxo‘ja Eshon, Abdulsami’ qoridan iborat ishchi guruh tuzilib, ularga to‘y va ma’rakalarni dabdabasiz, isrofgarchiliksiz o‘tkazish tartiblarini xalqqa yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Qarornomada nikoh to‘ylarida kichik to‘y, qozon qaytarish, katta to‘y-bazmlar, yuz ko‘rar, hayitlarda mol so‘yib kelin ko‘rish, qiz oshi berish, ayollarning har biriga alohida non va osh tortish, sandiqda yillar davomida saqlanadigan gulko‘rpa va boshqa foydasiz mollar, aravalarga g‘alla va boshqa narsalar ortib to‘y yuborish, qalin olish kabi isrofli xarajatlarga barham berish ta’kidlangan. Shuningdek, ushbu hujjatda to‘y marosimida kuyov bilan boradigan odamlar 20–40 tadan, kelin bilan boradigan soni 10–20 tadan oshmasligi belgilangan. To‘ydan keyingi chorlari bir marta qilinib, unda ikki tomondan 10 tadan ortiq kishi qatnashmasligi tayinlangan. Beshik to‘yi va chillagurezonlarni butunlay yo‘qotishga qaror qilingan. Qarornomada o‘g‘il to‘ylarini cheklash ham nazarda tutilgan bo‘lib, 3-4 kishini chaqirib, bolani sunnat qildirish belgilangan.
“Sho‘royi Islomiya” boylarga murojaat qilib, mavludlarni ham tejamkorlik bilan o‘tkazish, mavludga atalgan pul va g‘allalarni mahallalaridagi kambag‘allarga, uy-joysiz va bechoralarga, maktab va madrasalarga, xayriya jamiyatlariga berishlari maqsadga muvofiq deb ta’kidlagan. Qarornomada ko‘zda tutilgan tartiblarga amal qilmaganlarning to‘ylarini to‘xtatish, o‘zlarini qoziga topshirish va jazolash belgilab qo‘yilgan. Afsuski, Turkiston aholisi isrofli marosimlaridan voz kechmagan. Kim o‘zarga dabdabali to‘ylar qilgan, turli oilaviy marosimlarni o‘tkazishda isrofgarchilik qilgan.
Xullas, bugun ham shu an’analarga sodiq qolgan “zamonaviy avlodlar” to‘ylarni ixcham o‘tkazish, tejamkorlik qilish fikridan ancha uzoqda bo‘lib, yangi urf va odatlarni o‘ylab topmoqdalar. Ayniqsa, hukumat rahbarlari, amaldorlar, san’atkorlar hashamatli to‘y va marosimlarni o‘tkazish bo‘yicha “xalqqa o‘rnak bo‘lmoqdalar”. Agar jadid bobolarimizning 100 yillar oldin ixcham va kamxarajat to‘y marosimlarini o‘tkazishga oid da’vatlari, targ‘ibotlari hukumat darajasida amaliyotga joriy qilinsa, millat taraqqiyoti yo‘lidagi eng muhim qadamlardan bo‘lardi, deb hisoblayman.
Dilnoza JAMOLOVA,
Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari,
tarix fanlari doktori
Adabiyot
San’at
Tarix
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q