Oʻqituvchilar “Tashbbusli budjet” loyihasida ovoz yigʻish uchun majburlanyaptimi? Vazir javob berdi

Saqlash
15:34 / 24.03.2023 1374 0

Ijtimoiy tarmoqlarda oʻqituvchilar “Tashbbusli budjet” loyihasida ovoz yigʻish uchun majburlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova ushbu xabarlarga munosabat bildirdi.

 

Vazirning taʼkidlashicha, portalga joylanayotgan ijtimoiy loyihalar orasida maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalarini taʼmirlash ishlari yetakchilik qiladi. Ammo ayni vaqtda “Vazirga murojaat” portaliga oʻqituvchilardan ovoz yigʻish uchun majburlash mazmundagi murojaatlar kelib tushmagan.

 

“Ushbu jarayonda oʻqituvchilar, oʻquvchilar hatto ota-onalar ham tashabbus koʻrsatib, oʻzlari mehnat qilayotgan, taʼlim olayotgan yoki farzandlari tahsil olayotgan taʼlim dargohini obod qilish uchun ovoz berishda shaxsiy tashabbus koʻrsatmoqda.

 

Biroq ijtimoiy tarmoqlar orqali joylarda baʼzi oʻqituvchilarga ushbu loyihada ovoz yigʻish uchun majburiy topshiriq berilayotgani, topshiriqni bajarishga beeʼtibor qarayotgan oʻqituvchilarga kerakli chora koʻrish bilan tahdid qilinayotganligi toʻgʻrisida xabarlar tarqalib, ular Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan jiddiy oʻrganilmoqda.

 

Ayni vaqtda “Vazirga murojaat” portaliga oʻqituvchilardan ushbu mazmundagi murojaatlar kelib tushmagan.

 

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-avgustdagi tegishli qaroriga koʻra, pedagoglarni xizmat majburiyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.

 

Hurmatli oʻqituvchilar, maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalari xodimlari!

 

Agar sizning taʼlim maskaningizda oʻqituvchilarni ushbu loyiha doirasida majburiy ovoz yigʻishga jalb etish holatlari kuzatilsa, vazirlikning Ishonch telefoni 71-202-09-09 ga qoʻngʻiroq qilishingizni soʻraymiz. Sizning murojaatingiz asosida ushbu yoʻnalishda qonun buzilish holati aniqlansa, tegishli masʼul xodimlarga zarur taʼsir choralari koʻriladi.

 

“Tashabbusli budjet” loyihasi faqat tashabbusga asoslanadi, bunda hech kimni majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi!

 

Maʼlumot uchun shuni ham qoʻshimcha qilishni joiz deb topdim, yaqinda Oliy Majlis Senati tomonidan “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonun maʼqullandi.

 

Unda oʻqituvchilarni majburiy mehnatga jalb etganlik uchun jinoiy javobgarlikkacha boʻlgan jazo nazarda tutilmoqda. Yaʼni pedagog xodimni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yohud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilanmoqda.

 

Shuningdek, pedagog xodimlarni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlaganlik uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma Jinoyat kodeksiga kiritilmoqda.

 

Shunday ekan, oʻqituvchilarimizning kasbiy huquqlari Davlatimiz nazoratida ekanligini, ularni majburiy mehnatga jalb qilishga yoʻl qoʻyilmasligini unutmasligingizni soʻraymiz”, — deyiladi vazir munosabatida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//