Siyosat
Oliy Majlis Senatining oʻttiz ikkinchi yalpi majlisida senatorlar “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda soʻnggi 5 yilda elektron tijorat sohasida yalpi ishlab chiqarish hajmi 48 barobarga oshib, 1,1 trln. soʻmni tashkil qilmoqda. Lekin, “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi 2015-yilda qabul qilingan amaldagi Qonun ishlab chiqilgan davrda bu imkoniyatlar yetarli darajada rivojlanmagan edi.
Qolaversa, jahon boʻylab koronavirusning keng tarqalishi dunyo aholisining elektron tijoratga boʻlgan talabini yanada oshirdi. Natijada onlayn savdo qilish tizimi yil sayin oʻsib bormoqda. Birgina 2020-yilda elektron tijorat savdo hajmi Xitoyda 24,9 foizga, Janubiy Koreyada 25,9 foizga, AQSHda 14 foizga va Singapurda 11,7 foizga oshgan. Oʻzbekistonda esa elektron tijorat hajmi 80 foizga oʻsgan.
Majlisda qayd etilishicha, amaldagi qonunda sohaning rivojlanishi uchun yetarlicha shart-sharoitlar koʻzda tutilmagan. Xususan, barcha elektron tijorat subyektlari qamrab olinmagan, elektron tijoratga oid hujjatlarni almashish, toʻlov mexanizmlari va tovarlarni qaytarish masalalarini amaliyotda qoʻllashda tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda.
Yangi tahrirdagi “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi Qonun “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar asosida ishlab chiqilgan boʻlib, unda elektron shartnomalarni tuzishning aniq tartibi belgilanmoqda. Jumladan, elektron hujjatlarning yuridik kuchi, ofertaga qoʻyiladigan talablar, elektron hujjatlarni saqlash xususiyatlari, elektron bitimni amalga oshirish tartibi hamda elektron shartnomalarni tuzish shartlari huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyilmoqda.
Senatorlarning soʻzlariga koʻra, qonun amaliyotda koʻplab qulayliklarni yaratadi. Xususan, Qonun bilan elektron tijoratda xaridorning shartlari toʻliq qondirilmaguncha axborot tizimida pul mablagʻlarini ushlab turish imkoniyatini beruvchi pulni deponentlash tizimi (eskrou) joriy qilinmoqda. Yana bir muhim jihat, yuridik shaxslar bilan bir qatorda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga elektron tijoratda ishtirok etish huquqi berilmoqda.
Senatorlar “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi Qonun yaqin kelajakda shaffof va ochiq holda sotuvchilar va xaridorlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomaviy munosabatlarni oʻrnatish, xalqaro standartlarga javob beradigan texnologik bozor infratuzilmasini yaratishga koʻmak berishini taʼkidlab oʻtdilar.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q