“Ziyolilar forumi”, “Sharq ayoli maʼrifati”, ijtimoiy loyihalar – Surxondaryoda oʻtkazilayotgan “Maʼnaviyat festivali” qanday davom etyapti?

Saqlash
17:11 / 13.09.2022 1031 0

Shu kunlarda Surxondaryo viloyatida davom etayotgan “Maʼnaviyat festivali” doirasida yuzdan oshiq ziyolilar, qoʻshiqchi-sanʼatkorlar, teatr va kino arboblari ishtirokida qator tadbir, forum hamda uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.

 

 

Shunday tadbirlardan biri Termiz davlat universitetida boʻlib oʻtdi. Viloyat maktablarining ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilari uchun tashkil etilgan “Ziyolilar forumi”ni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov ochib berdi. Anjumanda taniqli yozuvchi-shoirlar, sanʼatkorlar “Maʼnaviyat, zamonaviy tarbiya uslublari va auditoriya bilan ishlashda psixologik yondashish”, “Omma bilan ishlashning yangicha usul va metodlari, targʻibotchilarning notiqlik mahorati” mavzularida maʼruzalar qilib, ishtirokchilarning savollariga atroflicha javob berishdi.

 

 

 

Forum davomida “MaʼrifatZiyo” mobil ilovasi va “Maʼnaviyat. Asosiy tushunchalar lugʻati” kitobining taqdimoti ham oʻtkazildi. Yakunda qatnashchilarga sertifikat va kitob jamlanmalari topshirildi.

 

 

Festival davomida Surxondaryo ayollari, qizlariga alohida eʼtibor qaratilib, “Sharq ayoli maʼrifati” tadbirlari hamda seminar-treninglar oʻtkazilyapti. Ularning orzulari, kelajak rejalari haqida suhbatlashilib, tavsiyalar, yoʻllanmalar berilmoqda.

 

 

 

Viloyatning soʻlim goʻshalaridan biri hisoblanadigan Boysun tumanida esa “Milliy qadriyatlar” loyihasi boʻlib oʻtdi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari ishtirok etgan anjumanda vohaning koʻp yillik tarixi, koʻhna sanʼat namunalari, ming yillik qadriyatlariga toʻxtalib oʻtildi.

 

 

 

Aytish kerakki, tadbirlar qatorida ijtimoiy loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Xususan, aholida kitobxonlik madaniyatini oshirish, yosh avlodni mutolaaga boʻlgan qiziqishini oʻstirish maqsadida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamkorligidagi 5 000 dan ziyod nusxadagi kitoblarni oʻz ichiga olgan “Kitob karvoni” vohaning 14 ta tumaniga yoʻl oldi.

 

 

 

Festival ishtirokchilari Angor tumanida joylashgan “Nurli maskan” maktab internatida ham boʻlishdi. “Mehr-muruvvat va saxovat” loyihasi doirasida bolajonlar bilan mustaqillik, ota-onaga hurmat koʻrsatish, kelajak kasblari haqida suhbatlashilib, sovgʻalar ulashildi. Shuningdek, loyiha davomida Muzrabot tumanidagi Duoba, Gulobod, Anorzor, Yakkatol, Fidokor mahallalarida boʻlib, “Temir daftar”da turuvchi oilalarning farzandlariga ham oʻquv qurollari topshirildi.

 

 

 

Shuningdek, maʼnaviyat kunlari doirasida “Maʼrifat soati”, “Oila – maʼnaviyat qoʻrgʻoni”, “Maʼrifat ulashib” aksiyalari, “Mehr-muruvvat va saxovat”, “Maʼnaviyat kubogi” tadbirlari oʻtkazilmoqda. Har bir uchrashuvdagi maʼrifiy suhbatlar, taniqli sanʼatkorlar tomonidan kuylangan qadrdon qoʻshiqlar voha ahliga xush kayfiyat ulashib, yangi marralar sari ruhlantirishga xizmat qilyapti.

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//