“Tahqirlangan taxt”, “Vaqt falsafasi” – “Jahon adabiyoti” jurnalining yangi sonida nimalarni o‘qiymiz?

Saqlash
17:15 / 08.06.2026 23 0

Alisher Navoiydek shaxsiyatning XV asrda paydo bo‘lishi bu millatning o‘z davri, tarix va butun insoniyat oldidagi eng yuksak jasorati edi. Alisher Navoiyga o‘xshash shaxsiyatlar tarix sahnasida o‘z­-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Alisher Navoiy fenomeni tarixiy jarayonda ko‘plab tamaddunlarni boshidan o‘tkazgan, insoniyat tarixini yuksaklarga ko‘targan ajdodlarimizga xos an’ana va qadriyatlarning, Amir Temur  misolida turkiy xalqlarning dunyo madaniyatiga qo‘shgan ulushi bilan belgilanadi.” Filologiya fanlari doktori, professor Jabbor Eshonqulning “Temuriylar davri va Alisher Navoiy fenomeni” maqolasida shoir  fenomenini anglash uchun temuriylar davridagi san’at, madaniyat, millat tafakkuridagi evrilishlar tadqiq etilgan. Maqolaning to‘liq matnini “Jahon adabiyoti” jurnalining 2026-yil 4-sonida o‘qing.

 

Asardagi mana bu o‘ringa sira chidab bo‘lmaydi. Bu – Toshkentning markaziy bog‘i darvozasi tepasiga “Sartlar va itlar kirishi man qilinur” deb yozib qo‘yilgani. Bu yozuvlarni qahramonimiz Yodgorbek o‘qiydi. U bilan birga o‘kinasiz, yurak titrab ketadi. Xayolidan kechirganlari qanchalik og‘ir bo‘lganini tasavvur etish mumkin. Ha, u boqqa kirolmadi, juda hayron bo‘ldi. Bu Rus imperiyasi davrida Turkiston o‘lkasida mahalliy aholiga nisbatan qo‘llanilgan kamsituvchi, irqchilik va mustamlakachilik siyosatini aks ettiruvchi ibora.” Ushbu parcha Ma’mura Zohidovaning “Milliy ozodligimiz solnomasi” maqolasidan olingan. Unda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonovning “Yaldo kechasi” romani tahlil qilinadi.

 

Ammo bu daraxtlarning men uchun qanchalik muhim ekanligini shu tobda o‘zimdan boshqa hech kim bilmasdi. Menga qolsa, hozir shu yerda to‘xtab o‘tardim, daraxtlardan birining tanasiga suyanib, yaproqlarning ohista tebranishiga mahliyo bo‘lardim, lekin otamga buni aytolmasdim, chunki “nega” degan savolga javob topolmas, manzilga yetay deganimizda nima uchun aynan shu yerda to‘xtamoqchi ekanligimni tushuntirishimga, shuningdek, Matteo haqida ham aytib o‘tish uchun juda ko‘p narsalarni gapirib berishimga to‘g‘ri kelardi.” Jurnalning nasr bo‘limida shveysariyalik adib Melinda Naj Abonjining “Kabutarlar baland uchadi” qissasini o‘qiysiz. Qissa bugungi kunning dolzarb muammolaridan bo‘lgan muhojirlik va migratsiya mavzulariga bag‘ishlangan. Unda vengriyalik bir oilaning musofir yurtda chekkan mashaqqatlari qalamga olingan. Nemis tilidan Mirzali Akbarov tarjima qilgan.

 

Jurnalning keyingi sahifalaridan “Navoiy saboqlari va Dilshodi Barno” (Iqboloy Adizova), “Vaqt falsafasi” (Mirsodiq Isoqov) maqolalari, “Ellik ruboiy” (Rkail Zaydulla. Tatarchadan Sirojiddin Rauf tarjimasi) nazmiy turkumi, “Bevafo ayol” (Alber Kamyu. Ruschadan Yusuf Rasul tarjimasi) hikoyasi, “Munavvar yulduzlar” (Viktor Astafev. Ruschadan Jo‘ra Fozil tarjimasi) qissasi hamda “Tahqirlangan taxt” (Aleks Raterford. Ruschadan Najmiddin Ikromiy tarjimasi) romani o‘rin olgan.

 

“Navoiy o‘z davrining farzandi, biroq u o‘z davrininggina shoiri emas. U bugunning ham, kelajakning ham shoiri, faylasufi, tarixchisi, tilshunosi, tom ma’nodagi ziyolisidir. Fikrda, tafakkurda, badiiyatda Navoiy ko‘tarilgan maqomga insoniyat hali yetib kelmadi. Yetib borish, bu merosni anglash, o‘ziniki qilish, singdirish esa har bir avlodning o‘ziga bog‘liq. Odam va olim haqidagi, inson qalbi va ruhiyati haqidagi fikrlari hamma davrlar uchun dolzarb ahamiyat kasb etaveradi”. “Temuriylar davri va Alisher Navoiy fenomeni” maqolasidan olingan ushbu parchani jurnalning mazkur soniga xulosa o‘rnida keltirdik. “Jahon adabiyoti” bilan hamma davrlarning dolzarb fikrlari ila tanishib boring.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//