Blogerlarning qanday huquqlari bor? Majburiyatlari-chi?

Saqlash
22:38 / 09.09.2022 2113 1

Bugungi kunda blogerlar, ijtimoiy tarmoq faollari va inflyuenserlar faoliyati jamiyatimiz axborot maydonida katta ahamiyatga ega. Ular axborot tarqatish orqali yuz minglab, millionlab kuzatuvchilarga maʼlumot yetkazadilar va u yoki bu holat toʻgʻrisida jamoatchilik fikrining shakllanishiga hissa qoʻshadilar. Pirovardida, jamiyatda ochiqlik, shaffoflikni taʼminlash, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda blogerlikning va xalq jurnalistikasining oʻrni muhim.

 

Soʻnggi vaqtlarda Adliya vazirligiga blogerlikning huquqiy asoslari, ularning huquq va majburiyatlari haqida koʻplab savollar kelib tushmoqda.

Shunga koʻra Adliya vazirligi sohaga oid muhim savollarni umumlashtirib, amaldagi qonunchilik normalari asosida quyidagi javoblarni eʼlon qiladi.

 

1. Bloger kim? Blog nima? Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar ham blog oʻrniga oʻtadimi?

 

Taʼkidlash joiz, blog yuritishni tartibga solish boʻyicha alohida qonun hujjati mavjud emas. Faqatgina “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunda bloger tushunchasi yoritilgan, ayrim normalar keltirilgan.

 

Bloger Internetda oʻz veb-sayti, veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs hisoblanadi.

 

Demak, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisiga tegishli boʻlgan, maʼlum bir mavzu doirasida yangilik yoki sharh chop etiladigan, shaxsiy onlayn kundalik sifatida foydalaniladigan har bir sahifa blog oʻrniga oʻtadi.

 

Misol uchun, Telegram messenjerida ochilgan kanal, guruh yoki Feysbuk, Instagram, Odnoklassniki, Tvitter, Vkontakte va h.k. ijtimoiy tarmoqlarida ochilgan shaxsiy sahifa, guruhlar ham blog hisoblanadi. Chunki u yerga joylashtirilgan maʼlumotlarni koʻpchilik koʻradi, eshitadi. Demak, ushbu sahifalar axborot tarqatuvchi manba hisoblanadi. Bunday sahifani yurituvchi odam blog egasi deyiladi. Unga nisbatan qonunchilikda maʼlum huquqlar va masʼuliyatlar belgilangan. Har bir fuqaro internet tarmogʻiga maʼlumot joylash, ulashish yo tarqatishda mazkur huquq va majburiyatlarni yaxshilab bilib olgani foydalidir.

 

2. Blogda har qanday maʼlumotni chop etish mumkinmi?

 

Soʻz erkinligi Konstitutsiya darajasida belgilangan boʻlib, barcha fuqarolar kabi blogerlar ham axborotlarni qidirishi va tarqatishi mumkin. Yaʼni ular uchun alohida huquq yoki cheklovlar yoʻq.

 

Biroq axborot tarqatishning oʻziga yarasha talablari hamda qonunchilikda belgilangan qoidalari ham mavjud.

 

Bloger oʻz veb-sayti va (yoki) veb-sayt sahifasida yoxud boshqa axborot resursidan qonunda taqiqlangan maʼlumotlarni tarqatish maqsadlarida foydalanishi mumkin emas.

 

Xususan, Oʻzbekistonning mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat etish, urush, zoʻravonlik, terrorizmni, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm gʻoyalarini targʻib qilish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatuvchi, fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻyuvchi va boshqa axborotni tarqatish mumkin emas. Toʻliq roʻyxat bu yerda.

 

Umuman olganda, tuhmat va haqorat uchun javobgarlik bizning internet texnologiyalari asrimizga kelib yoki faqat Oʻzbekiston hududida joriy qilingan tartib emas.

 

Ijtimoiy tarmoqlar paydo boʻlishidan avval ham tuhmat yoki haqorat uchun javobgarlik mavjud boʻlgan. Misol uchun, XX asr mobaynida amalda boʻlgan milliy qonunchiligimizda oʻzgani ogʻzaki yoki yozma ravishda haqorat qilish, tuhmat, yaʼni qasddan yolgʻon, boshqa shaxsning shaʼnini kamsituvchi, uydirmalarni tarqatganlik uchun toʻgʻridan-toʻgʻri javobgarlik mavjud boʻlgan.

 

Xorij tajribasiga murojaat qilsak:

 

Germaniyada “Ijtimoiy tarmoqlarda huquqni qoʻllashni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun (“Facebook toʻgʻrisida”gi Qonun deb ham ataladi) amal qiladi. Qonunda konstitutsiyaviy tuzumga, millatlar oʻrtasidagi ahillikka zid boʻlgan, natsizm gʻoyalarini targʻib etuvchi, shaxs, uning shaʼni, qadr-qimmatini kamsituvchi, shaxsiy hayot daxlsizligiga daxl qiluvchi, bolalar pornografiyasi bilan bogʻliq maʼlumotlarni targʻib qilish, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish taqiqlanadi. Shveysariyada ham tuhmat va haqorat (Defamation) uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

 

 

Albatta, xatodan hech kim kafolatlanmagan. Axborotlar va ularga sabab boʻlgan vaziyatlar oʻzgarishi, yangi tafsilotlar oydinlashishi mumkin. Shunday sharoitda xatoni tuzatish, toʻgʻri maʼlumotni berish, hatto oʻz-oʻziga raddiya berish ham mumkin. Xato tuzatilsa va qilingan xato ustidan hech kim daʼvo qilmasa, blogerga javobgarlik kelib chiqmaydi.

 

3. Jurnalist tekshiruvi bor, bloger tekshiruvi-chi?

 

“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasi jurnalist tekshiruvi deb ataladi. Unga koʻra, jurnalist axborot toʻplash va tekshiruv oʻtkazish huquqiga ega.

 

Milliy qonunchiligimizda blogerlar ham xuddi jurnalistlar kabi tekshiruv olib bora olishini yoki blogerlar jurnalistlarga oid huquqlardan foydalana olishini nazarda tutuvchi qoida mavjud emas.

 

Shunday boʻlsa-da, Konstitutsiyamizning 29-moddasiga muvofiq, har kim oʻzi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega. Demak, bloger ham oʻzi istagan axborotni izlashi, olishi, chuqur oʻrganishi va oʻrganish natijalarini ommaga eʼlon qilishi mumkin.

 

4. Notoʻgʻri maʼlumot tarqatganlik uchun qanday javobgarlik belgilangan?

 

Qonunchilikka koʻra, tarqatilgan har qanday noqonuniy axborot/maʼlumotlar, daʼvat, haqorat va tuhmat yuzasidan tegishli javobgarlik belgilangan. Bunda noqonuniy maʼlumotlar blogerlar tomonidan tarqatilganida, ular boshqa barcha uchun belgilangan umumiy normalar asosida javobgarlikka tortilishi mumkinligini bilishlari lozim.

 

 

Olaylik, fuqaro A. fuqaro S. bilan oralarida nizo borligi sababli oʻzining telegram tarmogʻidagi kanali (guruhi) orqali S.ni sharmanda qiluvchi uydirmalarni (tuhmat) tarqatgan, haqorat qilgan yoki shaxsiy hayot daxlsizligini buzgan. Mazkur holat birinchi marotaba sodir etilganida, fuqaro A. Maʼmuriy javobgarlikka, maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilganda esa jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

 

Javobgarlik miqdori BHMning 50 baravari (15 mln soʻm)dan 400 baravarigacha (120 mln soʻmgacha) yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash boʻlishi mumkin.

 

5. Shaxsiy fikr sifatida berilgan materiallarga axborot tarqatish masʼuliyati va javobgarligi tatbiq etiladimi?

 

Shaxsiy fikr bu shaxsning u yoki bu fakt yoki hodisani oʻz nuqtayi nazaridan talqin qilishi yoki taassurotini bayon etishi hisoblanadi. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarning hayotimizga faol kirib kelishi natijasida fuqarolar tomonidan oʻz fikr-mulohazalarini erkin bildirish imkoniyati kengaydi.

 

Ayni paytda ushbu mulohazalarni koʻpchilik koʻrishini ham hisobga olish kerak. Shunga koʻra, shaxsiy fikr ham koʻpchilik koʻradigan manbalarda yozilganida, qonunchilik talablariga muvofiq, shaxsning shaʼni va qadr-qimmatiga daxl qilmaydigan, tuhmat va yolgʻondan xoli tarzda ifodalanishi lozim. Qonunchilik talablarida shaxs qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan, jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internetda tarqatish mumkin emasligi belgilangan.

 

 

Axborot tarqatilayotganda axborot tarqatuvchiga uning haqqoniyligini tekshirib koʻrish majburiyati qonun bilan yuklangan. Bu butun dunyoda tan olingan standartdir.

 

Koʻp hollarda ijtimoiy tarmoqlarda anonim profillar orqali noqonuniy axborot tarqatilishi kuzatiladi. Bunda profil egalarini topish imkoni boʻlmasligi mumkin. Lekin ushbu axborotni tarqatgan yoki ulashgan (“repost”) egasi aniq sahifalar va profillar egalari yoki guruh maʼmurlari javobgarlikka tortilishi mumkin.

 

Shuning uchun, shaxsi noaniq, anonim yoki shubhali profillar orqali tarqatilayotgan axborotlarga blogerlar, sahifa (guruh)lar egalari hamda maʼmurlari alohida ahamiyat berishlari zarur, chunki axborot mazmuni boʻyicha masʼuliyat ularga ham qonun bilan yuklangan.

 

Albatta, yuqoridagilardan oʻqib umuman fikr bildirishdan choʻchish yoki hech bir maʼlumotni ulashmay oʻtirish kerak degan xulosa chiqmasligi lozim. Shunchaki, bloglarni ulashayotganda uning mazmun-mohiyati toʻgʻriligi va haqqoniyligini tekshirib koʻrish, maʼlumotlar ishonchli manbalar bilan tasdiqlanmagan hollarda postni tarqatmaslik lozim.

 

6. Tarqatilgan xabarga qarshi tomon munosabat/raddiya berishi majburiymi?

 

Baʼzan tekshirilmagan maʼlumot tarqatib, post yakunida “bu boʻyicha tegishli shaxsning munosabatini kutamiz” degan mazmundagi jumlani qistirib oʻtish hollari uchraydi.

 

Tarqatilgan maʼlumot, axborotga raddiya berilishini talab etish jismoniy yoki yuridik shaxsning majburiyati emas, balki huquqi hisoblanadi. Shuning uchun tashkilot yoki qaysidir shaxs raddiya bermasdan turib, toʻgʻridan toʻgʻri sud yoki boshqa huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilib, axborot tarqatuvchining javobgarlik masalasini koʻrib chiqishni soʻrashi mumkin.

 

 

Fuqarolik kodeksiga koʻra, fuqaro oʻzining shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar yuzasidan basharti bunday maʼlumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga toʻgʻri kelishini isbotlay olmasa, raddiya berishni hamda ularni tarqatish oqibatida yetkazilgan zararlar va maʼnaviy ziyonning oʻrnini qoplashni sud orqali talab qilishga ham haqli. Yaʼni, maʼlumotning toʻgʻriligini isbotlash majburiyati axborot tarqatuvchi zimmasiga yuklangan.

 

7. Aybsizlik prezumpsiyasi nima, unga rioya etilishi shartmi?

 

Konstitutsiyamizning 26-moddasiga koʻra, “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora koʻrib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi”.

 

Aybsizlik prezumpsiyasi oʻzida 3 ta asosiy qoidani mujassamlashtirgan.

 

  • Birinchisi, shaxsning aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi.
  • Ikkinchisi, shaxs oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emas. Shaxsning aybsiz yoki aybdor ekanligini isbotlash masalasi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuklatilgan.
  • Uchinchisi, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim.

 

Axborot tarqatuvchi anglashi zarurki, inson huquqlari oliy qadriyat deb topilgan hech bir davlatda hatto odam oʻldirgan shaxs ham sudning hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar aybsiz hisoblanib, unga nisbatan “jinoyatchi”, “aybdor”, “firibgar” “oʻgʻri”, “poraxoʻr”, “ekstremist” kabi soʻzlarni qoʻllash mumkin emas.

 

Oddiy qilib aytadigan boʻlsak, sudning qarori qonuniy kuchga kirmaguncha hech kimning biron bir shaxsni aybdor deb malakalashga, hukm oʻqishga mutlaqo haqqi yoʻq.

 

8. Blogerning reklama faoliyati bilan shugʻullanish huquqi bormi? Boʻlsa, qanday tartibda?

 

Reklama tarqatuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs boʻlishi mumkin. Reklama ishlab chiqarish va joylashtirish litsenziyalanadigan faoliyat turi hisoblanmaydi, shu sababli ushbu xizmatlarni koʻrsatish uchun litsenziya talab etilmaydi. Demak, bloger ham reklama faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga ega.

 

Reklama faoliyati shartnoma asosida amalga oshiriladi. Taraflar shartnomada reklama boʻyicha barcha shartlarni kelishib olishlari, qonunchilikda taqiqlangan narsalarni reklama qilishdan tiyilishlari lozim.

 

Oʻzbekistonda daromad topuvchi har qanday shaxs soliq toʻlovchi hisoblanadi. Xususan, reklama qilib daromad topgan jismoniy shaxslar daromadlaridan 12 foiz miqdorida daromad soligʻi toʻlaydi. Toʻlangan soliqlar toʻlaligicha davlat byudjetiga tushadi.

 

Shu bilan birga, ayrim faoliyat turlari Soliq kodeksiga muvofiq daromad soligʻidan ozod qilingan. “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga asosan, oʻzini-oʻzi band qiladigan shaxslar axborot kommunikatsiya sohasida xizmat koʻrsatish – ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat (PR-menejer, internet-marketolog, ijtimoiy tarmoqlarda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ilgari surish va reklama qilish (SMM), ijtimoiy tarmoq sahifalari administratori, akkaunt-menejer, marketolog, link-menejer, targetolog, kontekst-reklama boʻyicha mutaxassis, direktolog, media rejalashtiruvchi, SMO mutaxassisi) turi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, daromadlari jami daromadlari tarkibiga kiritilmasligi uchun daromad soligʻidan ozod qilinadi.

 

9. Bloger postlariga yozilgan sharhlar uchun ham javobgarmi?

 

Bloger sahifasida joylashtirilgan axborotga foydalanuvchilar tomonidan qoldirilgan sharhlar matnida, shuningdek ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlarda noqonuniy maʼlumotlar aniqlansa, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) tomonidan blogerga taqiqlangan axborotlarni olib tashlash toʻgʻrisida xabarnoma yuboriladi.

 

 

Axborot resursi egasi, shuningdek bloger xabarnomani olgan vaqtdan boshlab 24 soatdan kechiktirmasdan taqiqlangan axborotni olib tashlashi, shuningdek, bu toʻgʻrida AOKAni xabardor qilishi lozim.

 

Agar tarqatilishi taqiqlangan axborot 24 soatdan kechiktirmasdan bloger tomonidan olib tashlanmasa, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) tomonidan ushbu axborotni olib tashlash boʻyicha ijtimoiy tarmoq yoki messenjer maʼmuriga yoki daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilinishi mumkin.

 

Shuningdek, manfaatdor jismoniy va yuridik shaxslar ham oʻzlarining huquqlarini himoya qilish maqsadida blogpost egasidan oʻzlariga oid postlarga qoldirilgan tuhmat, haqorat yoki qonunchilikda taqiqlangan boshqa holatlarga oid sharhlarni olib tashlashni talab qilish huquqiga egadirlar.

 

Chunki Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 27-moddasida har kim oʻz shaʼni va obroʻsiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega ekanligi belgilangan.

 

10. Bloger istalgan odamning tasvirini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirishi mumkinmi? Tasviri joylashtirilayotgan shaxsdan ruxsat olishi kerakmi?

 

Qonunga koʻra, shaxsning tasvirga boʻlgan huquqi ajralmas va daxlsizdir. Tasvirga boʻlgan huquqi buzilgan deb hisoblagan shaxs Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilishi mumkin.

 

 

Qonunga koʻra, shaxsga doir maʼlumotlar — muayyan jismoniy shaxsga taalluqli boʻlgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qogʻozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot. Shaxsning tasvirga boʻlgan huquqi qonunchilik bilan himoyalanadi.

 

Quyidagi hollarda shaxsga taalluqli maʼlumotlarni tarqatish uchun uning roziligi talab qilinmaydi:

 

  • ushbu tasvirlardan foydalanishdan davlat, jamoat yoki boshqa ommaviy manfaatlar koʻzda tutilsa;
  • shaxsning tasviri insonlar erkin kelib ketishi mumkin boʻlgan jamoat joylarida tushirilgan boʻlsa (masalan, namoyishlarda, bayramlarda, koʻchalarda, ommaviy sayllarda, ochiq majlislarda, sport musobaqalarida va h.k.);
  • shaxs huquqbuzarlik sodir etayotgan boʻlsa.

 

Adliya vazirligi bugungi kunda blogerlarning aholi muammolarni yechishda koʻrsatayotgan faolligi, fuqarolik pozitsiyasi, ijtimoiy masʼuliyati va qizgʻin, samarali faoliyatiga muvaffaqiyat tilaydi.

 

Mazkur tushuntirishlar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari asosida tayyorlandi. Blogerlar oʻz faoliyatida duch kelayotgan aniq huquqiy muammolar yuzasidan qoʻshimcha huquqiy yordam olish tavsiya etiladi.

1 Izoh

sirli shaxs

12:01 / 01.01.1970

zo'r yoritibsiz raxmat

Izoh qoldirish

//