Toshkentdagi maktabning kiyinish xonasiga kameralar oʻrnatilishi bilan bogʻliq mojaro kelib chiqdi

Saqlash
21:36 / 09.09.2022 687 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Mirobod tumanidagi 110-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi kiyinish xonasiga video kuzatuv kameralari oʻrnatilgani va bundan ota-onalar norozi ekani haqida xabarlar tarqaldi.

 

Toshkent shahar XTBB matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar xalq taʼlimi ishchi guruhi oʻrganish olib bordi. 

 

Unga koʻra, haqiqatan maktab maʼmuriyati oʻquvchilar kiyinish xonasiga video kuzatuv kamerasi oʻrnatgan. Bildirilishicha, bu etika va axloq qoidalariga zid boʻlsa-da, ushbu holatni maktab direktori keyingi paytlarda oʻquvchilar oʻrtasida oʻgʻirlik va shunga oʻxshash holatlar oldini olish, ular oʻrtasida tartib-intizom oʻrnatish, nazoratni kuchaytirish hamda oʻquvchilar hushyorligini oshirish maqsadida ota-onalar kuzatuv kengashi taklifiga koʻra, kamera oʻrnatishga majbur boʻlgani bilan izohlagan. 

 

Maʼlum qilinishicha, oʻquvchilar jismoniy tarbiya darsi mashgʻulotlariga chiqqan paytda bir necha marotaba mobil telefon, taqinchoqlar, pullar yoʻqolgan. Bu kabi noxush holatlar boʻyicha bir necha marotaba ichki ishlar idoralari vakillari, ota-onalar ishtirokida bayonnomalar tuzilgan. 

 

“Bu kamera orqali faqat yuqoridagi kabi koʻngilsiz holat sababchilarini aniqlash koʻzda tutilgan, xolos. Unda kamera tasvirga olgan lavhalar jamoatchilikka taqdim etilmagan, video kuzatuv faqat direktor xonasida oʻrnatilgan “pult” orqali amalga oshirilgan. Nafaqat, kiyinish xonasidagi, balki taʼlim muassasasidagi mavjud 250 ta video kuzatuv kameralari faqatgina maktab direktori nazoratida boʻlishi qatʼiy belgilab qoʻyilgan”, deyiladi xabarda.

 

Taʼkidlanishicha, kecha maktab maʼmuriyati tomonidan kiyinish xonasidagi kamera olib tashlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//