Oʻquvchilarni maktabga oyoq kiyimsiz kirgizgan direktor va uning oʻrinbosariga chora koʻrildi

Saqlash
19:03 / 09.09.2022 707 0

8-sentabr kuni Andijonning Paxtaobod tumanida 38-sonli maktabga oʻquvchilar oyoqyalang kirgizilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga viloyat XTB matbuot xizmati munosabat bildirdi.

 

Unga koʻra, maktab 310 oʻringa moʻljallangan, bu sigʻim hududda yashovchi bolalarni taʼlim bilan toʻliq qamrab olish talabiga javob berolmay qolgan va u yerga investitsiya dasturi asosida 300 oʻrinli qoʻshimcha bino qurilgan.

 

Maktabda toza va ozodalikni saqlash uchun bolalar binoda alohida oyoq kiyim kiyishi belgilangan. Tarmoqlarda tarqalgan video oʻquvchilar sinfxonalaridagi oyoq kiyimlari kiyilgunga qadar yoʻlakda yurgan vaqtlarida tasvirga olingan.

 

Keltirilishicha, oʻquvchilar oyoq kiyimlarini almashtirilgunga qadar yoʻlakda yurishining taʼlim sifatiga umuman taʼsiri yoʻq, qolaversa oʻquvchilar uchun noqulaylik keltirib chiqishiga sabab boʻlgan.

 

Shuni inobatga olgan holda Andijon viloyati XTB boshligʻining buyrugʻiga asosan maktab direktori O. X hamda Paxtaobod tumani xalq taʼlimi boʻlimi mudirining buyrugʻiga asosan maktabning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktori oʻrinbosari M.B.larga intizomiy chora qoʻllanildi.

 

Maktab maʼmuriyatiga esa, taʼlimga aloqador boʻlmagan “tashabbus”larni ilgari surmasliklari, taʼlim jarayonlari Xalq taʼlimi vazirligi va qonunchilikda belgilangan tartib-qoidalar asosida olib borilishi va mana shunday holatga takroran yoʻl qoʻymaslik yuzasidan qatʼiy ogohlantirishlar berildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//