Apple iPhone 14, Apple Watch Ultra va AirPods Pro 2 ni taqdim etdi

Saqlash
22:57 / 08.09.2022 935 0

7-sentabr kuni Apple oʻzining navbatdagi kuzgi taqdimotini oʻtkazdi. Unda kompaniya iPhone 14 ning toʻrtta modelini, Apple Watch Ultra va AirPods Pro 2 kabi bir qator yangiliklarni taqdim etdi.

 

Toʻrt xil modeldagi iPhone 14

 

 

Bu yil kompaniya yangi rusumdagi smartfonlarining mini-versiyalarini chiqarmaslikka qaror qildi. Bilamizki, iPhone 12 mini, iPhone 13 mini kabi smartfonlar omma eʼtiborini qozongan edi. Shu sababga koʻra, bu safar ham yangi modellarning mini versiyalari taqdim etilish kutilayotgan edi. Biroq, bu turdagi smartfonlarning savdosi oʻzini oqlamagan koʻrinadi.

 

Demak, Apple Event tadbirida iPhone 14, iPhone 14 Plus, iPhone 14 Pro va iPhone 14 Pro Max modelidagi smartfonlar taqdim etildi.

 

iPhone 14 va iPhone 14 Plus

 

 

iPhone 14 va iPhone 14 Plus modelidagi smartfonlar 6,1 va 6,7 dyuymli ekranga ega boʻlib, 1200 nitgacha yorugʻlikka va Dolby Vision texnologiyasiga ega. Ushbu ikkala smartfon oʻtgan yilgi iPhoneʻlardagi kabi A15 Bionic protsessorlari bilan jihozlangan. Yangi 12 megapikselli asosiy kamera past yorugʻlikda ham yorugʻlikni 49 foizga yaxshiroq suratga oladi.

 

Darvoqe, barchani hayron qoldirgan yangilik – AQSHda sotuvga chiqadigan yangi iPhone 14 smartfonlarida SIM-kartalar uchun slotlar boʻlmaydi. Smartfonlarda kengaytirilgan eSIM texnologiyasini qoʻllab-quvvatlash, yaʼni turli operatorlarni tezkor almashtirish imkoniyati paydo boʻladi.

Shuningdek, smartfonlarda Action Mode – ekstremal sharoitlarda olingan videolar uchun barqarorlashtirishning yangi turi mavjud. Yangi iPhoneʻlarda sunʼiy yoʻldosh orqali (Wi-Fi va internetdan foydalanmasdan) SOS ogohlantirish tizimi ham bor. Smartfon sunʼiy yoʻldoshga ulanish uchun qurilmangizni qanday tarzda ushlab turish kerak ekanligini koʻrsatadigan maxsus dasturga ega. Foydalanuvchi qutqaruv xizmatlari uchun tayyorlangan xabarlarni va oʻz manzilini yuborishi mumkin boʻladi.

 

iPhone 14 va 14 Plus smartfonlari qora, oq, pushti, koʻk va qizil ranglarda savdoga chiqariladi. AQSHdagi rasmiy narxlar:

 

  • 128 GB: iPhone 14 – $799; iPhone 14 Plus – $899;
  • 256 GB: iPhone 14 – $899; iPhone 14 Plus – $999;
  • 512 GB: iPhone 14 – $1099; iPhone 14 Plus – $1199.

 

iPhone 14 16-sentyabrdan boshlab, iPhone 14 Plus esa 7-oktyabrdan boshlab savdoga chiqadi.

 

iPhone 14 Pro va 14 Pro Max

 

Apple ushbu modeldagi smartfonlar ekranidagi “kokil oʻrnini” interfeysning yangi elementiga aylantirdi. OLED-ekranida qora piksellardan foydalanish orqali “Dynamic Island” elementi doimiy ravishda turli xil xizmat maʼlumotlarini namoyish qilish uchun kengayadi.

 

iPhone 14 Pro va 14 Pro Max ekranlarining oʻlchami 6,1 va 6,7 dyuymni tashkil qiladi va 2000 nitgacha chiqa oladigan (smartfon uchun rekord) oʻrtacha 1600 nit yorqinlik kuchiga ega. Yangi smartfonlarda hoshiyalar juda nafis va ingichka.

 

 

iPhone 14 Pro va 14 Pro Max smartfonlari mutlaqo yangi A16 Bionic protsessorlari bilan jihozlangan. Bu eng kuchli yadrolarda ham 20% kam quvvat sarf qiluvchi 6 yadroli protsessordir.

 

48 megapikselli sensorli asosiy kamera 13 Proʻnikidan 65 foizga kattaroq. Koʻpincha asosiy kamera sensorning piksellarini 4 ta blokda birlashtirib, 12 megapikselli suratlarni oladi. Yangi sensor 0,5X, 1X va 3X dan tashqari 2X kattalashtirish bilan aniq suratga olish imkonini beradi.

 

iPhone 14ʻdagi kabi Photonic Engine texnologiyasi 2−3 baravar aniqroq past nurli kadrlarni suratga olish imkonini beradi. Bu smartfonlar ham tasvirga olishning Action Mode rejimiga ega.

 

iPhone 14 Pro va 14 Pro Max smartfonlari 16-sentyabrdan boshlab kosmik qora, kumush, oltin va qoramtir binafsha ranglarda savdoga chiqariladi. AQSHdagi rasmiy narxlar:

 

  • 128 GB: iPhone 14 Pro – $999; iPhone 14 Pro Max – $1099;
  • 256 GB: iPhone 14 Pro – $1099; iPhone 14 Pro Max – $1199;
  • 512 GB: iPhone 14 Pro – $1299; iPhone 14 Pro Max – $1399;
  • 1 TB: iPhone 14 Pro – $1499; iPhone 14 Pro Max – $1599.

 

Apple Watch Series 8

 

 

Apple Watch Series 8 dizayni boʻyicha oldingi avlod Apple soatlaridan deyarli farq qilmaydi. Ammo soatlar yangi funksiyalarga ega. Birinchi yangilik – bu ayollarga oʻz sogʻligʻini kuzatishga yordam beradigan ikki tomonlama harorat sensori.

 

Shuningdek, soat oʻz foydalanuvchisining avtohalokatga uchraganini aniqlashni oʻrgandi, bu funkitsiya Crash Detection deb nomlanadi. Buning uchun takomillashtirilgan giroskop va avvalgisidan toʻrt barobar tezroq ishlaydigan yangi akselerometr, shuningdek, mikrofon va GPS ishlatiladi. Voqea sodir boʻlgan taqdirda, soat tez yordam xizmatlarini, shu jumladan manzilni koʻrsatgan holda xabardor qiladi.

 

Taʼkidlanishicha, soat batareyasi normal rejimda 18 soat yoki yangi Low Power Mode rejimi yoqilganda 36 soatgacha ishlaydi. Ushbu rejim Apple Watch Series 4 va undan keyingi versiyalarida watchOS 9 ga yangilanishi orqali mavjud boʻladi.

 

 

Apple Watch Series 8 ning alyuminiy versiyasi Midnight, Starlight, oltin, qizil ranglarda, poʻlatdan yasalgan versiyasi esa kumush, oltin va grafit ranglarida ommaga taqdim etiladi. Wi-Fiʻli versiyaning rasmiy narxi LTEʻli model uchun 399 dollar va 499 dollarni tashkil qiladi.

 

Watch Series 8 Ultra

 

 

“Aqlli” soatlarning asosiy modellaridan tashqari, Apple kattaroq ekranga ega, ishonchliligi va avtonomiyasi 60 soatgacha (normal foydalanishda 36 soat) yuqori darajali Ultra modelini ham taqdim etdi.

 

Korpusning oʻlchami 49 mm, ekran oynasi sapfir, korpusi titandan yasalgan. Displey yorqinligi – 2000 nit. Korpusning bir tomonida toʻq sariq rangdagi qoʻshimcha sozlanishi mumkin boʻlgan tugma va karnay uchun teshik, boshqa tomonida esa kattalashtirilgan Digital Crownʻni himoya qiluvchi va quvvat tugmasini oʻz ichiga oluvchi panel mavjud.

 

GPS va eSIM modullariga ega Apple Watch Series 8 Ultra soatlari 799 dollarga baholanadi.

 

AirPods 2 Pro

 

 

Yangilangan Apple AirPods 2 Pro quloqchinlari simsiz minigarnituralari yaxshilangan zaryadlash qutisi, yangi boshqaruv imo-ishoralari texnologiyasiga ega boʻldi.

 

Eshitish vositalarining ichida yangi H2 chipi oʻrnatilgan boʻlib, u tovushni qayta ishlash uchun javob beradi va Spatial Audio effekti bilan ovoz sifatini yaxshilaydi. Taʼkidlanishicha, Active Noise Cancelation rejimi avvalgi avlodga qaraganda ikki baravar yaxshi ishlaydi.

 

Apple kompaniyasining taʼkidlashicha, AirPods 2 Pro bir marta quvvatlanganda olti soat va korpus bilan 30 soat ishlaydi. Korpus takomillashtirildi – endi uning quvvatini Apple Watch quvvatlantirgichi orqali ham toʻldirish mumkin.

 

AirPods 2 Pro ning AQSHdagi rasmiy narxi – $249.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//