Toshkent metropoliteni maʼmuriyati yoʻlovchilar soni oshishi sabab murojaat bilan chiqdi

Saqlash
20:03 / 05.09.2022 681 0

Toshkent metropoliteni sentyabrdan boshlab metropolitendan foydalanuvchi yoʻlovchilar soni oshishi munosabati bilan yoʻlovchilarga murojaat bilan chiqdi.

 

Qayd etilishicha, 2022-yilning sentyabrida metropolitendan foydalanuvchi yoʻlovchilar soni oʻtgan yilga nisbatan kuniga 200 mingdan oshishi kutilmoqda. Prognozlarga koʻra, bu koʻrsatkich sentyabr oyida bir kunda 550-580 ming, oktyabr oyida esa 600 mingga yetadi. Shu sababli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tirbandliklarning oldini olish maqsadida poytaxt metropoliteni tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

 

Shu bilan bir qatorda, metropoliten maʼmuriyati yoʻlovchilarga murojaat bilan chiqib, bu borada yoʻlovchilarni ham metropolitendan foydalanish qoidalariga amal qilishga chaqirdi.

 

Xususan, harakatlanish vaqtida oʻzaro hurmatni saqlash, poyezd ichidagi yoʻlovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslik, manzilga kelgach, poyezdan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanmaslik, shaxsiy buyumlarni vagon va metro hududida qoldirmaslik talab etiladi.

 

Taʼkidlanishicha, bularning barchasi oraliq intervallarining reja asosida amalga oshirilishini taʼminlashga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

 

«Shuni alohida taʼkidlash joizki, metrodan doimiy tarzda foydalanuvchi yoʻlovchilar toʻlovni bank va transport kartalari orqali amalga oshirishsa, oʻz vaqtlarini tejashlari hamda kassa oldidagi tirbandlikni maksimal darajada kamaytirishga zamin yaratadi.

 

Yuqoridagi qoidalarga amal qilib, yoʻlovchilarga xavfsiz va madaniyatli xizmat koʻrsatishda oʻz hissangizni qoʻshasiz, degan umiddamiz», – deyiladi murojaatda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//