Toshkentda uy sharoitida narkotik moddalar tayyorlab kelgan shaxs qoʻlga olindi

Saqlash
17:17 / 05.09.2022 675 0

Toshkent shahri Chilonzor tumani Algoritm mavzesida yashovchi fuqaro  A.T. xonadonida narkotik moddalar tayyorlab, ularni sotishi aniqlandi.

 

IIV rasmiy saytida maʼlum qilinishicha, fuqaro A.T. 6 ta boʻlak (51 gramm) boʻlgan qora rangli sellofan paketga oʻralgan, qoramtir, oʻtkir hidli giyohvandlik moddasini xolis xaridorga sotayotgan vaqtida xodimlar tomonidan ushlangan.

 

Tadbir ishtirokchilari tomonidan tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilib, ushbu shaxsning giyohvandlik moddalarni tayyorlagan joyi va asosiy manbalari aniqlangan.

 

Jumladan, A.T. yashash xonadonida ushbu moddani tayyorlaganligi, kannabis oʻsimligini Toshkent shahar Uchtepa tumanida yashovchi X.Z. ning yashash xonadoni tomorqa yeridagi oʻsimligidan foydalangan holda tayyorlab, sotib kelayotganligi maʼlum boʻldi.

 

Olib borilgan surishtiruv davomida X.Z. yashash xonadoni tomorqa yerida boʻyi 185 sm balandlikka teng jami 9 (toʻqqiz) tup kannabis oʻsimligini ekib, parvarish qilib qoʻyganligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olib qoʻyildi.

 

Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

 

Aniqlanishicha, ushbu fuqaro muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan ham uch marotaba sudlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//