Madaniyat
Kuni kecha Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasining tantanali ochilish marosimi boʻldi. Marosimga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurib, jamoatchilik vakillari bilan birgalikda haykalni ochdi.
Mamlakatimiz rahbari oʻz nutqida sarkardaning shaxsiyati, tarixda tutgan oʻrnini alohida eʼtirof etdi.
Oydin Abdullayeva, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi aʼzosi:
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Koʻhna Xorazmning Urganch shahrida bunyod etilgan Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasi yurtimiz ozodligi uchun kurashgan shaxslarning mardligi va el-yurtga boʻlgan sadoqati ramzi sifatida shahar markazini chuqur mazmun-mohiyatga, qalbimizni faxru iftixorga toʻldirdi.
Darhaqiqat, sulton Jaloliddin jangovar faoliyati bilan nafaqat oʻz yurtini, balki oʻz davridagi oʻnlab mamlakatlarni ham bosqinchilar hujumidan himoya qilgan. Uning nomi, oʻlmas jasorati xalq orasida, turli millat va elatlar oʻrtasida afsonaga aylangan.
Istiqlol yillarida bu ulugʻ ajdodimizning xotirasi abadiylashtirildi. Davlatimizning yuksak mukofotlaridan biri – “Jaloliddin Manguberdi” ordeni taʼsis etildi. 2017-yilda Oʻzbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov Manguberdi va uning tarixiy jasoratiga bagʻishlab yorqin musiqiy kompozitsiya hamda videoklip yaratdi. 2020-yilda esa turkiyalik kinoijodkorlar bilan hamkorlikda “Mendirman, Jaloliddin!” nomli koʻp qismli tarixiy film suratga olindi. Shuningdek, ulugʻ sarkardaga munosib vatanparvar oʻgʻlonlarni tarbiyalash maqsadida Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi nomida harbiy akademik litsey tashkil etildi.
Xorazm markazida barpo etilgan yodgorlik haykaltaroshlik sanʼatining yorqin namunasi boʻlib, goʻzal kompozitsiyani gavdalantiradi. Oʻzining oliy maqsadi sari shiddat va shijoat bilan talpinib, ot surayotgan qahramon qalblarimizni allanechuk chulgʻab olar ekan, hayotimiz va aziz vatanimizning hech narsaga almashib boʻlmas qadr-qimmatini yana bir bor anglatgandek boʻladi.
Bu haqiqatni bizga chuqur anglatgan va vataniga, xalqiga boʻlgan muhabbati bilan xalqimiz qalbidan Jaloliddin kabi chuqur joy egallab ulgurgan Prezidentimizning zakiyligiga qoyil qolmay iloj yoʻq.
Olim Toshboyev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, filologiya fanlari nomzodi:
Mustaqillik bayrami arafasida buyuk vatanparvar Jaloliddin Manguberdi xotirasiga bagʻishlab bunyod etilgan yodgorlik majmuasining ochilish marosimi boʻlib oʻtgani bugun yurtimizda inson qadrining ulugʻlanayotganiga, Vatan erki uchun jonini tikkan mard zotlarning hamisha el ardogʻida boʻlishiga yaqqol dalildir.
Marosimda qatnashgan Prezident Shavkat Mirziyoyev “Jaloliddin Manguberdi el-yurt istiqloli uchun kurashgan, bunga oʻz hayotini bagʻishlagan ajdodlarimizning buyuk namoyandasidir. Ona yurtga muhabbat va sadoqat, or-nomus va shon-sharaf bobida unga teng keladigan ulugʻ shaxslar dunyoda kamdan-kam uchraydi” deya bejiz taʼkidlamadi.
Ushbu majmuada sarkarda oti bilan tillarda doston boʻlgan, Chingizxonni hayratga solgan holda tasvirlangan. Eng katta gʻalaba, aslida, berahm raqibning tan berishi. Yodgorlik, nazarimda, yurt himoyasiga otlangan har bir er yigit mana shunday jasur boʻlmogʻi shartligini uqtirayotgandek tuyuldi. Haykalga yaqin kelgan har qanday odamda havas va hayrat bilan birga kuchli shijoat ham uygʻonishi shubhasiz.
Darvoqe, sarkarda va saman ot. El-yurt nomusi va ori uchun jonini tikkan elparvarni otsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Tengsiz sarkardani balo-qazodan xiyonatkor, munofiq, badbinlar emas, Yaratganning xohishi bilan sodiq yoʻldosh – ot eson-omon olib chiqadi.
Bugun yurtimizda tugʻilayotgan chaqaloqlar orasida jaloliddinlar koʻp ekaniga shubha qilmayman. Xalqimizda “Oqqan daryo oqaveradi” degan purhikmat naql bor. Biz xalq va davlat tarixiga, ajdodlar ruhiga hurmat bajo keltirayotgan ekanmiz, bugungi bunyodkorliklar, albatta, ertaga ehtirom bilan tilga olinadi. Tarix qonuniyati shunday.
Rahimboy Jumaniyozov, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi:
Dunyoda har bir xalqning, millatning ulugʻvor gʻoyalari, “qoya”lari boʻladi. Unda shu mamlakat ahlining maqsad-intilishlari, orzu-umidlari aks etadi.
Oʻz vatanini jonu tani deb bilgan, koʻz qorachigʻiday asrashni sharaf va qalb amri deb anglagan, matonat va jasoratning ramziga aylangan, milliy qahramonimiz Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasining tantanali ochilish marosimida davlatimiz rahbarining ishtiroki va oʻgitlari chin maʼnoda burchdorlik, bunyodkorlik, aniqrogʻi, vatanparvarlik tuygʻusini his etishga xitobdir.
“Ona yurtga muhabbat va sadoqat, or-nomus va shon-sharaf bobida Jaloliddin Manguberdiga teng keladigan ulugʻ shaxslar dunyoda kamdan-kam uchraydi,”– deydi Prezidentimiz.
Darhaqiqat, qisqa umri mobaynida tarixda unutilmas iz qoldirgan qahramon insonning moʻgʻullar qoʻshiniga qarshi borishi matonat muhri va xalqiga mehrining nishonasidir. 21 yoshida qoʻrqmasdan maydonga chiqish oʻn bir yil davomida moʻgʻul bosqinchilariga qarshi uch yuzdan ortiq janglarda ishtirok etishi, hatto yov boʻlgan Chingizxondek hukmdorning ham tan berishi, havas qilishi Jaloliddinning qanday ulugʻvor shaxs ekaniga dalildir.
Shu bois Jaloliddin Manguberdi hayoti va jasoratini ilmiy asosda chuqur oʻrganish muhim vazifadir. Davlat rahbarining daʼvati ham asli shu. Zeroki, oʻtmish kelajakning ustozidir.
Dilorom Bobojonova, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Oʻzbekiston tarixi kafedrasi professori, tarix fanlari doktori:
Prezidentimiz yaqindagina Urganch shahrida buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdining mahobatli haykalini oʻrnatish, shaharda 1000 oʻringa moʻljallangan zamonaviy sanʼat saroyini qurish tashabbusini bildirganlari yodimda.
Bugun esa ana shu ezgu niyatlarning roʻyobini koʻrib turibmiz. Jaloliddin Manguberdi haykalining ochilish marosimini kuzata turib, ozodlik va hurlik uchun kurashgan Jaloliddin Manguberdi hayoti va faoliyati koʻz oldimda namoyon boʻldi.
XIII asr boshida Chingizxon boshliq moʻgʻullar olib borgan shafqatsiz va dahshatli bosqinga qarshi qahramonona kurashgan jasur sarkarda, davlat arbobi Jaloliddin Manguberdi yurtimiz yoshlari uchun ulugʻ vatanparvarlikning yorqin namunasi boʻlgan. Uning otda oʻtirgan, bronzadan tayyorlangan 25 metrlik mahobatli haykali goʻyo orqada turgan xalqini himoya qilish uchun yovga qarshi otlangandek, “Mendirman oʻsha” deb turibdi.
Manguberdi singari ona Vatanimiz uchun qalqon boʻla oladigan buyuk zotlar bor ekan, yurtimiz hech qachon oʻzgalar qoʻlida xor boʻlmaydi.
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q