Mixail Gorbachyov vafot etdi

Saqlash
14:57 / 31.08.2022 1431 0

30-avgust kuni Mixail Gorbachyov uzoq davom etgan ogʻir xastalikdan soʻng 92 yoshida Moskvada vafot etdi. Maʼlumotlarga koʻra, u oʻtgan yil davomida doimiy ravishda kasalxonada boʻlgan.

 

Mixail Gorbachyov KPSS Markaziy Qoʻmitasining oxirgi bosh kotibi, shuningdek, SSSRning birinchi va yagona Prezidenti edi.

 

BBCʻning qayd etishicha, Gorbachyov “Sovuq urushni tugatish uchun hammadan koʻra koʻproq harakat qilgan odam sifatida dunyoda chuqur hurmat qozongan. Ammo sobiq Ittifoqda umrining oxirigacha koʻpchilik uni mamlakatning parchalanishida aybladi”.

 

Gorbachev Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori va qayta qurish, shuningdek, Rossiya va jahon tarixi muammolarini oʻrganish bilan shugʻullanuvchi Gorbachev jamgʻarmasi asoschisi.

 

Fond saytidagi tarjimayi holida 1978-yil noyabr oyida Mixail Gorbachev KPSS Markaziy Qoʻmitasi kotibi, 1985-yil mart oyida esa KPSS Markaziy Qoʻmitasi bosh kotibi etib saylangani aytiladi.

 

“SSSRda Gorbachyovning hokimiyat tepasiga kelishi bilan „qayta qurish“ (1985−1991) deb nomlangan demokratlashtirish jarayoni boshlandi. Qayta qurishning harakatlantiruvchi kuchi shaffoflik edi. Iqtisodiyotni ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor asosiga oʻtkazish dasturi ishlab chiqildi. SSSRda totalitar tuzum barham topdi. 1990-yilda hokimiyat KPSSdan sovet tarixidagi muqobil ravishda erkin demokratik saylovlarda saylanadigan hamda birinchi parlament boʻlgan SSSR xalq deputatlari qurultoyiga oʻtkazildi. 1990-yil 15-martda qurultoy Gorbachyovni SSSR prezidenti etib sayladi”, – deyiladi tarjimayi holda.

 

“1985−1991-yillarda Gʻarb va SSSR oʻrtasidagi munosabatlarda tub oʻzgarishlar roʻy berdi – harbiy va mafkuraviy qarama-qarshilikdan muloqot hamda sheriklik munosabatlarini shakllantirishga oʻtildi. Gorbachyov faoliyati Sovuq urushni tugatish, yadroviy qurollanish poygasi va Germaniyani birlashtirishda hal qiluvchi rol oʻynadi”, – deya qayd etiladi biografiyada.

 

SSSR parchalanganidan keyin 1991-yil 25-dekabrda Mixail Gorbachyov davlat rahbari lavozimini tark etdi. 1996-yilda u Rossiyada boʻlib oʻtadigan prezidentlik saylovlarida oʻz nomzodini ilgari surdi, ammo 1 foizdan kam ovoz oldi.

 

“Men siyosatni ilm-fan, odob, axloq, odamlar oldidagi masʼuliyat bilan uygʻunlashtirishga intildim. Men uchun bu prinsipial masala edi. Hukmdorlarning avj olgan istaklariga, ularning zulmlariga chek qoʻyish kerak edi. Men hamma narsada muvaffaqiyatga erishmadim, lekin bu yondashuv notoʻgʻri boʻlgan deb oʻylamayman. Busiz siyosat oʻzining beqiyos rolini bajara oladi, deb kutish qiyin, ayniqsa, biz yangi asrga qadam qoʻygan, keskin muammolarga duch kelayotgan bugungi kunda”, – deb yozgandi Gorbachyov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//