Shavkat Mirziyoyev: Har qanday mukofot el-yurt eʼtirofi, Vatan ishonchidir

Saqlash
23:05 / 30.08.2022 692 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga muvofiq, davlatimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan koʻplab vatandoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlangan edi. Shuningdek, mamlakatimiz bilan hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshayotgan katta hissasi uchun bir guruh chet el fuqarolari “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi.

 

30-avgust kuni Koʻksaroyda mazkur mukofotlarni topshirish marosimi boʻldi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev yigʻilganlarni Mustaqillik bayrami va mukofotlar bilan tabriklab, ezgu tilaklar bildirdi.

 

– Davlatimizning oliy mukofotlarini siz, azizlarga topshirish men uchun ham katta sharaf. Fursatdan foydalanib, barchangizni, joylarda mukofotlarni qabul qilib olayotgan yurtdoshlarimizni chin yurakdan tabriklayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Shu kunlarda xalqimiz jonajon Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligini katta shodu xurramlik bilan kutib olmoqda. Bobo-momolarimiz buni necha yuz yillik tarixi davomida orzu qilib, ozodlikka intilib yashagan. Istiqlolga erishish – el-yurtimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan buyuk voqeadir. Bu gʻoya, bu ruh xalqimizga hamisha togʻdek tayanch boʻlib kelmoqda.

 

Bugun mamlakatimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻymoqda, ulkan reja va dasturlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz mukofotlanganlarni ana shu islohotlarning tashabbuskorlari, yangi Oʻzbekistonning bunyodkorlari deb atadi.

 

– Vatan ravnaqi, xalq farovonligi uchun mehnat qilgan odam hech qachon kam boʻlmaydi. Bugun sizlarning olijanob va mardona mehnatingizni xalq munosib baholayapti, davlatimiz qadrlayapti. Hamma sizlarga havas bilan qaraydi, – dedi Prezident.

 

Keyingi paytlarda dunyo tahlikali boʻlib borayotgani, raqobat keskin tus olib, iqtisodiy aloqalarda uzilishlar boʻlayotgani haqida fikr bildirildi.

 

– Bu murakkab sharoitda yetti marta emas, yetmish marta oʻlchab ish tutishimiz kerak. Tashqi siyosatimizni shunday tuzayapmizki, bizning yakkayu yagona muddaomiz – Oʻzbekiston manfaatini taʼminlash. Maqsadimiz – xalqimizni rozi qilish. Buning uchun imkoniyatlardan yanada samarali foydalanishimiz, jaydari qilib aytganda, borini asrab, yoʻgʻini yaratib yashashimiz kerak, – dedi davlat rahbari.

 

Bugun xalqimiz bir mushtdek jips. Hamma oʻz sohasida mamlakat rivojiga hissa qoʻshmoqda. Moʻtabar faxriylarimiz katta hayot tajribasi bilan yoʻl-yoʻriq koʻrsatmoqda. Omilkor tadbirkorlar, dehqon va fermerlar, ishchi-muhandislar mamlakatimiz taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshmoqda. Ilm-fan, taʼlim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat, adabiyot va sanʼat, sport sohasi vakillari yurtimizning intellektual va maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish yoʻlida fidoyilik namunasini koʻrsatmoqda.

 

Mahallaga tushib, ishlarni manzilli tashkil etish – davlat idoralari faoliyatining mezoniga aylandi. Mahalla faollari bu islohotlarga qanot boʻlmoqda. Xotin-qizlar yurtimizdagi demokratik jarayonlarning, xalqchil islohotlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisiga aylanib borayotir.

 

Xalqimiz umr mazmunini farzandlarida koʻradi. Shunday mehr-eʼtibor bilan ulgʻaygan yoshlarimiz bugun hamma sohada ilgʻor boʻlib, mamlakatimizga haqiqiy tayanch va suyanch boʻlib maydonga chiqmoqda.

 

Mard va jasur harbiylar mamlakatimiz sarhadlarini himoya qilish, el-yurtimizning tinchligi va osoyishtaligini saqlash yoʻlida fidokorona xizmat qilmoqda.

 

– Men sizlarni oʻzimning eng yaqin maslakdoshlarim, safdoshlarim deb bilaman. Barchamiz ahil va hamjihat boʻlib, sadoqat bilan mehnat qilib, yangi Oʻzbekistonni yaratayotganimiz bilan faxrlanamiz. Xalqimizga, sizlar kabi mard va shijoatli yurtdoshlarimizga ishonib marrani katta oldik. Biz uchun bittayu bitta toʻgʻri yoʻl, yagona maqsad bor: u ham boʻlsa, koʻpmillatli xalqimiz, jonajon Oʻzbekistonimiz manfaati yoʻlida xizmat qilishdir. Mana shu qutlugʻ yoʻlda barchangizga omad va muvaffaqiyatlar yor boʻlishini tilayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Shundan soʻng, davlatimiz rahbari mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.

 

– Har qanday mukofot bu avvalo, el-yurt eʼtirofi, Vatan ishonchidir. Bugun koʻksingizda yaraqlab turgan orden va medallar barchangizga buyursin, sizlarni yangi yutuq va marralarga chorlasin. Ilohim, mana shunday xursandchilik kunlarimiz koʻp boʻlsin! Yurtimiz tinch, osmonimiz doimo musaffo boʻlsin, – deya tilak bildirdi Prezidentimiz.

 

Mukofotlanganlar yuksak eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

 

Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, ziyolilar, ayollar va yoshlar ishtirok etdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//