Turizm va madaniy meros vazirligining vazifalari belgilandi

Saqlash
12:29 / 30.08.2022 1269 0

Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 25-avgustidagi qarori bilan Turizm va madaniy meros vazirligi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.

 

Nizomga koʻra, vazirlikning asosiy vazifalari:

 

– turizm turlarini koʻpaytirish, eng avvalo, ichki va ziyorat turizmi, ekologik turizm, etnoturizm, ishbilarmonlik turizmi, sport, gastronomik, tibbiy, taʼlim va ilmiy turizmni har tomonlama rivojlantirish, tashqi va ichki turizmni har tomonlama kengaytirish, yangi turizm yoʻnalishlarini ishlab chiqish;
– turizm xizmatlarining tashqi va ichki bozorlarida marketingini olib borish, mamlakatning turizm imijini yanada rivojlantirish, mamlakatimizning bebaho turizm salohiyatini ommalashtirish va targʻib qilish;
– turizm infratuzilmasini shakllantirish, shu jumladan turizm obyektlarini joylashtirish uchun salohiyatli hududlarda rejalashtirish va loyihalashtirish ishlarini tashkil etish, ularga investorlarni jalb qilish, turizm sohasida tadbirkorlik faolligi oshishiga har tomonlama koʻmaklashish;
– turizm va moddiy madaniy meros sohalari uchun kadrlar tayyorlash boʻyicha takliflar kiritish, turizm faoliyati va moddiy madaniy meros subyektlari xodimlarini muntazam qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni yuqori sifatli darajada tashkil etish;
– turizm sohasida yagona davlat siyosatini olib borish maqsadida turizmni rivojlantirishning yaxlit konsepsiyasini shakllantirish va amalga oshirishni taʼminlash;
– turizmning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash, yangi turizm mahsulotlarini yaratish, ularni pasportlashtirish, turizm sohasidagi yagona reyestrlarni shakllantirish va boshqalar.

 

Nizom quyidagilarni nazarda tutadi:

 

•    Vazirlikning maqomi, huquqlari va javobgarligi;
•    funksiyalari, faoliyatini tashkil etish tartibi;
•    Vazirlikni moliyalashtirish tartibi;
•    uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish.

 

Shuningdek, qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

 

– Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom;
– Oʻzbekiston Respublikasi hududida turistik (mehmonxona) yigʻimni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.

 

Byudjetdan tashqari Jamgʻarma davlat maqsadli jamgʻarmasi hisoblanadi va Oʻzbekistonning konsolidatsiyalashgan byudjeti tarkibiga kiritiladi. Nizom jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari va tushgan mablagʻlarni vazirlik tomonidan ochiladigan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari va xorijiy valyutadagi bank hisobvaraqlarida jamlash tartibini belgilaydi. Jamgʻarma mablagʻlaridan Moliya vazirligi bilan kelishilgan daromadlar va xarajatlar smetasiga qatʼiy muvofiq ravishda foydalaniladi.

 

Turistik (mehmonxona) yigʻim joylashtirish vositalari tomonidan Oʻzbekiston fuqarolaridan (16 yoshgacha boʻlgan bolalardan tashqari) BHMning 0,4 foizi miqdorida, xorijiy fuqarolardan – Nizomga ilovaga muvofiq miqdorlarda, ular yashagan har bir kun uchun undiriladi. Toʻliq boʻlmagan yashash kuni uchun turistik (mehmonxona) yigʻim toʻliq yashalgan kun miqdorida undiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//